OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umid Ali (1978)

http://ziyouz.com/images/stories/umid_ali.jpgUmid Ali 1978 yili Samarqand viloyati Samarqand tumanida tug‘ilgan. 2001 yili Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan. 
2001-2003 yillarda tumandagi 23-o‘rta maktabda ona tili va adabiyot o‘qituvchisi, 2003-2012 yillar mobaynida «Bekajon» gazetasida musahhih, muxbir, bo‘lim mudiri, «A’lo kayfiyat» jurnali bosh muharriri lavozimlarida ishlagan. Hozirda «Afrosiyob» gazetasida faoliyat yuritmoqda.
«Dilmohim», «Ko‘kka yo‘l», «Salom, shirin tuyg‘ular» she’riy va nasriy kitoblar muallifi. 2009 yilda ellikdan ziyod o‘zbek ijodkorlari bilan uyushtirgan suhbatlari «Ko‘ngilga sayr» nomi bilan chop etildi.


RANGLAR FALSAFASI

I

OPPOQ - 
Tongning qo‘llarida eritilgan tosh.
QORA - 
Tun ko‘zida balqib, tomib tushgan yosh.
SARIQ -
Kunning yuragini o‘payotgan nur.
QIZIL -
Quyosh botar chog‘i chertilgan tanbur.
YASHIL -
Bu sachranib ketgan maysaning qoni.
KO‘K -
U - so‘nggi manzil (ruhlar qabristoni).

II

Begard kulgi - OQ,
Yig‘ilar - QORA.
Tabassum - OPPOQ,
Ko‘z yosh - QOP-QORA.
Tuyg‘ular - YASHIL,
Hislar - QIRMIZI.
Sevgi - YAM-YASHIL,
Ko‘ngi - NUR (o‘zi)
Hayot - bu - MOVIY,
Umr - TILLA RANG.
Ruhchi - SAMOVIY,
Jon esa... BERANG.

***

Men sog‘indim
Ishq yo‘lagida
Kuz to‘shagan xazon barglarni.
Sen-la kezgan munglug‘ dunyoda
Suygan edim azon-dardlarni.
Har bitta barg-
Kuzning surasi,
Muhabbatday qo‘nar yurakka.
Men hur oshiq-ishqning sarasi-
Mahkum edim jonni bermakka.
Tiyramohnig yaldolarida
Tanu jonim qilardi toat.
Sayd-ruhimning sadolarida
Yangrar edi: «Sevgi-ibodat».
Men sog‘indim ishq yo‘lagida
Kuz to‘shagan xazonbarglarni...

***

Safga qo‘shilmayman,
Mudom yakkaman,
Umrim nihoyasiz-
Yolg‘izlikka teng.
Shunday yolg‘izmanki...
Shamolday tanho,
Tanholik ichra zuv
Shimaraman yeng.
Demang siz hech qachon:
«Men ham yagona»,
«Bu qismat muallaq
Tangriniki», deng.
Men esa haqliman
«Yolg‘iz» deyishga,
Chunki yolg‘izligim
Haqiqatga teng.

***

Betxovenga

Sen kuyingda mastu alastsan,
Ohanglardan taralar tal’at.
Yuragingga burov solgan ne-
Ohanglarning tortig‘i- san’at.
Kuy. Musiqa- hayotning koni,
Jon rishtasi navodir asli.
Navolardan taralgan xushbo‘y-
Bahormi-yo‘q. Bu... hur- kuy fasli.
Jozibaki... gullayotir kuy,
Osmonlardan balandsan bu payt.
Men tushunmay halakman hanuz,
Baxt quchdingmi yo baxt seni, at?..


DUO

Birlashgan hur kaftlar - havoda qayiq.
Men unda o‘zimni avaylab turib,
Sizni ham avaylash ilmin o‘rgandim.

***

Soat...
Ingroqlarga to‘ladi xona.
Lahzalar bo‘ysunmas, devona.
To‘rt devor ichida mung‘ayar
Hayot - o‘z-o‘ziga begona.
Sukunat shift uzra o‘rmalar-
Havoga qorishar tanu jon.
«Oh»larga limmo-lim bu dayr
Yorilar,
Yorilar,
Lek qachon?
Yurak...
Ingroqlari limmo-lim.

***

Idishmas, idishning ichidagi suv bo‘l
Bryus Li.
Bir hovuch suv...
To‘ksang giyohga aylanar,
Yer bag‘ri to‘lar maysaga.
Ichsang...
Ruhingda unar giyohlar.
Shu asno xohlagandirsan
Bir hovuch suv bo‘lib qolishni?!

***

Osmonda osmonday yashaysan,
Men esa tuproqda tuproqday.
Qop-ora yulduzlar tashlaysan-
Daraxtdan uzilgan yaproqday.
Sen oyni quchoqlab uxlaysan,
Men yerga beraman bag‘rimni.
Muz havo taratib, «uh»laysan,
Chidayman- sochmayman qarimni.
O‘ylaysan: «osmonman-omonman»,
Shuning-chun seningmi ko‘ngling to‘q?
Lekin hech bilmaysan, tamoman
Osmon-er, Yer esa cheksiz ko‘k.
Ey mening adashgan «osmonim»,
Baribir bir kuni qaytasan.
Faryoding to‘zitar samoni- 
O‘sha dam yerga ne aytasan?!

***

«Seni xudo suysin, mening suyganim...»
Eshqobil Shukur


Hislaringni avayla, biroq
Yuragingga inmasin og‘riq.
Bilasanki taqdirda firoq
Bitilgandir har nedan ortiq.
Hali yo‘ling olisdan-olis,
Ko‘z oldingda pastu balandlar...
O‘z-o‘zingni aylasang xolis,
Yuragingni go‘zallik bandlar.
O‘z-o‘zingga ishon mukammal,
Orzularga erk bergin bu payt.
Hali hayot bo‘lmaganku hal
(Qismatinga bitilmagan bayt).
Ishonaver, qalbga quloq tut:
Baxtdan sira etmagay judo.
Faqat kutgin, kutgin, yana kut-
Seni suyib oladi Xudo.

***

Sen uchun to‘qib she’r, bitsam g‘azallar,
Ko‘nglingni qitiqlab, iforlar sochsam.
Poyingga to‘shasam gullar, gulbarglar,
Shivirlasam ishqdan, yuragim ochsam...
Kulsang, ko‘zlaringda barq ursa hayot,
Umidlar cho‘g‘ olsa ol yuzlaringdan.
Nigohing men uchun tuzsa dil bayot,
Nigohing porlasa yulduzlarimdan.
O‘ylaring yozsa gar qanotlarini,
Mendan o‘zgasiga bermasang imkon—
Sevgi xayr etgan mamotlarini
Senda kechirsam bas, baxtliman jonon.

Shum hayotning xayrimi yo
Kuldimi makkor taqdir?!
Quv ko‘ngilning sayrini-yo
Azal dedi — bu haqdir!
Yurak botib ishq xuniga,
Firoqda topdi makon.
Muhabbatning sho‘r kuniga
Bo‘lmadi najot, imkon.
Diydor nasli qiyomatdir,
Visol zavol, hijron shon.
Sevilmoq ham bir omaddir.
Sevmoq — ko‘ngilli armon.

***

Seni suymaganmidim...
Aytmaganmidim—
Senga atab qo‘ygan so‘zlarni?!
Ishq tuymaganmiding...
Aytmaganmiding—
Faqat men-chun kulsin ko‘zlaring?!
Qovushtirib kaftlarimizni,
Sayr etmaganmidik—
Baxt tuhfa etgan pallalar?!
Taratib dil taftlarimizni,
Xayr etmaganmidik
Bir-birimizga ishq— 
Tillalar?!
Yonib yig‘lamasmidim—
To‘zg‘itolmay zarang dardlarni,
Beun... 
Sog‘inib yig‘lamasmiding...
Alamiingdan tishlab lablarni,
Tun... kun...
Sevgim tillamasmidi?!
Sen-chun yashab berdim bir umr—
Yolg‘iz...
Sevging qo‘llamasmidi,
Ko‘nglim etmaganda ilohiy amr,
Hur qiz...
Meni suymaganmiding?
Sen deb kuymaganmidim?!

TAQDIR SO‘QMOG‘I

Mening yo‘llarim ko‘p: toshli, adashli,
Tovonlarga tikan mixday qadashli.
So‘ngsiz yo‘llar aro ko‘zlar ham yoshli,
Bu taqdir so‘kmog‘i, taqdir so‘qmog‘i.

Ko‘ngil aldansa gar yolg‘onlari bor,
Qalbga gina, kudrat solg‘onlari bor.
Yarim yo‘lda sendan tolg‘onlari bor,
Bu taqdir so‘qmog‘i, taqdir so‘qmog‘i.

Mehr gadosiman. Gado ko‘kda moh,
Umring so‘nggi qadar bo‘g‘zigda ming oh,
O‘pkangni to‘ldirar paydo bo‘lgan dog‘-
Bu taqdir so‘qmog‘i, takdir sukmog‘i.

Yuraging qiynama, qo‘l silta yo‘ldosh,
Ikkimizga yetar Haq bergan bardosh.
Bu yo‘lning boshi ham, oxiri ham tosh-
Bu taqdir so‘qmog‘i, taqdir so‘qmog‘i


***

Mendan ketgan yor, hey!
Mendan ketgan yor!
Ayirmasin sizni baxtdan ixtiyor.
Sizni unutmoqqa yo‘q menda sabot,
Unutmay yashamoq-eng go‘zal hayot.
To‘zimingiz bersin, yig‘lamaysiz ham,
Nahot sizda bari beko‘stu bekam?
Omad poyingizga to‘shalyaptimi,
Orzular nur sochib ushalyaptimi?
Hamon bahordaysiz, iforli, gulli,
Yo‘lingizni bersin zafarli, nurli.
Faqat sizdan tilov-menga achinmang,
Men baxtga gadomas, baxtga yo‘lchiman.
Buzsa yov-xayollar oromingizni,
Asrang qizg‘anmas do‘st-qarog‘ingizni.
Mayli nur bo‘ling siz, mayli zo‘r bo‘ling,
Ko‘ngilga boshlovchi oppoq yo‘l bo‘ling.
Faqat unutmang siz bu sho‘rish-boshni,
Sevib... sevmay qolgan g‘o‘rgina yoshni.
Mendan ketgan yor, hey!
Mendan ketgan yor!
Ayirmasin sizni baxtdan ixtiyor!


***

ENG BAXTLI AYOL

Bu ayolning ko‘zlari o‘zga,
Bu ayolning dunyolari mo‘l.
Bu ayolning horimas gashti,
Bu ayolning qalbi-ko‘kak yo‘l.
Bu ayoldan horg‘inlik xoli,
Bahorlari gullar beomon.
Bu ayolning shavqu shonida
Ko‘rinmaydi hech qanday armon.
Bunchalar ham masrur bu ayol,
Ulg‘ayadi baxtu iqboli.
Vujudining tarovatidan
So‘nib qolar kuzning zavoli.
O‘ylari ham balki shonga liq,
Kezar shodon baoriy xayol.
Siz bilmaysiz, ayni shu tobda
U hammadan eng baxtli ayol.


***

Sizni unutmoqqa urindim ming bor,
O‘zni chalg‘itmoqqa nelar qilmadim.
Aslida men kimman-bir ko‘ngilga zor,
Ayting, ko‘nglingizga nechun sig‘madim?
Tonglar otaverdi besabrlikda,
Ishqning tutquniga aylandim bot-bot.
Kunim o‘taverdi beqadrlikda,
Yurakka tushmasdi gullagan hayot.
Sizdan tuhfa bldi yonayotgan dard-
Hajrning kuylari o‘rtanmay qo‘ymas.
Men mardman, ishq deya jon berguvchi mard,
Sevgidan qonmagan bir ko‘ngil-to‘ymas.
Yorijon, ketyapsiz ko‘zda yosh bilan,
Men esa tosh qotgum hur izingizdan.
Dilga tortiq qilib g‘am, sitam, alam,
Kechib bormoqdasiz umidingizdan...


***

Yor bo‘ldi,
yor-yor bo‘ldi,
Kelinchak tayyor bldi.
Mening telba yuragim
Bir qalbga sayyor bo‘ldi.
Vujud o‘rtar, qalb xasta,
Qotib qolgan ko‘zlarim.
Men hamon gul ishida
Gul g‘oyib-ayyor bo‘ldi.
Yor bo‘ldi,
yor-yor bo‘ldi,
Kelinchak tayyor bo‘ldi.
Mening o‘z uzar gulim
Boshqaga dildor bo‘ldi.
Ey malagim, eshitgin,
Qalb pora-porasini.
Menga endi yer emas,
Osmo-on
Diyor buldi.
Yor bo‘ldi
yor-yor bo‘ldi,
Kelinchak tayyor bo‘ldi.
Kelinchak tayyor bo‘ldi-
Essiz,
U ayyor bo‘ldi.


***

Ko‘zlaringga qamab qo‘ysam umidlarni,
Terib bersam dasta-dasta orzugullar.
Dimog‘ingga sochib qo‘ysam gul hidlarni
Baxt yashnaydi, baxt yashaydi, orzu gullar.
Yuzlaringga naqsh solsa gar bahor tafti,
Tabassumlar silab tursa-tegsa kafti,
Lablaringga bol ulashsa sevgi rafti
Baxt yashnaydi, baxt yashaydi, orzu gullar.
Boshing uzra yog‘ilsa dur, marvaridlar-
Ishonch, vafo, ishq anqigan dil yorliqlar,
Ko‘ngil senga atab qo‘ysa ish, sog‘liqlar,
Baxt yashnaydi, baxt yashaydi, orzu gullar.
Mening gulim, faqat men-chun ungan suygul,
Navolarin menga atab tuygan kuygul,
O‘yna, kulgin, shod bl, aziz, shunda ey gul
Baxt yashnaydi, baxt yashaydi, orzu gullar

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.