* * *
Dunyoning yo‘q bizga hamon parvosi,
Arzirmi dardimiz to‘ksak qorlarga.
Chorlab turganida osmon parvozi –
Osilmak istasak yuksak dorlarga.
Arzirmi bahorda qaytgan qushlarga
Ko‘zlardan yoshlarni laysonday quysak.
Yusuf ta’birini aytgan tushlarga
Ishonsak, boshlarni ostonga qo‘ysak.
Mog‘or go‘shalarga, arzirmi, habib,
Hur shamol singari hur-hurlab borsak
Adirin tanigan turnalar kabi
Zaminga tushmay qur-qurlab yuborsak.
Qora bulutlarni yashinday yorib,
Chamanga tikilmoq farz emasmi, ayt.
Umidni xunbor ko‘z yoshinda qorib,
Vatanga yiqilmoq arzimasmi, ayt...
* * *
Sochlaring buncha ham qora, suyuklim,
Yaldo kechasini qo‘shib o‘rdingmi?
Ko‘zlaring undan ming bora, suyuklim,
Koradir...
Men ko‘rgan kunni ko‘rdingmi?
O’zga rangni qandoq topay ulgurib
Hayot-mamot degan vaqt orasinda.
Sochingu ko‘zingta termulib turib
Kuylamoq qiyindir baxt borasinda...
* * *
Ishq - junun, so‘ngandan keyin anglangan,
Na iloj, ishq – Hakdan tortiq deganlar.
Avjlanar suv sepgan sayin alanga,
Qattiqroq kuyadi qattiq sevganlar.
Qanday savdolarga belandi boshim,
Oh, qachon bu yurak toshga aylanar.
Ichimdan bir isyon keladi toshib,
Bu isyon ko‘zimda yoshga aylanar.
Oshiqning ahvoli fe’lidan ayon,
Ko‘rganlar achinib ketadi nari.
Bu sho‘rlik qavmga ming yildan buyon
Yolg‘on bir tasalli: «O’tadi bari...»
Ohimdan muhit bir siltanadi-da,
Tog‘dan pastga qaqshab quyilar toshlar.
Ishqning bu zulmkor saltanatida
Yolg‘on rostga o‘xshab tuyila boshlar...
* * *
Tomosha shavqi bor edi royimda
O’n sakkiz ming olamlaringni.
Nechun o‘rmalatib qo‘yding poyimda
Chumolidan mayda odamlaringni.
Bu o‘sha -
yo‘lidan hamisha ozg‘on,
Deb meni osiyga yo‘yding-ku doim.
Erk desam...
boshimga bu shisha qozon -
Osmonni to‘ntarib qo‘yding, Xudoyim.
* * *
Sayeh!
Endi mendan ranjima,
Goh mag‘lub, goh g‘olib keldim men.
So‘ramayman sendan ganjina,
Shu joygacha olib keldim men.
Qolganiga omading bersin,
Bu sarhaddan o‘tmasman zinhor...
O’zing ketavergin,
jin ursin,
Yolg‘onning ham...
chegarasi bor...
* * *
Hisobsiz emasdir suvi ummonning,
Yulduzlar hisobsiz emasdir, bolam.
Hisobda har qiylu qoli zamonning,
Hisobda har shodlik, o‘kinch, g‘am-alam.
Borar manzilimu o‘tar ko‘prigim
Chizilgan - xarita kabi - kitobda.
Qay lahza uzilar qay bir kiprigim –
Hisobda turibdi, hisobda...
* * *
Zamin to‘zon sochar. Osmon - alanga...
Qizarib boqadi oftob ham ufqdan.
Quduqlar ko‘milgan... Karvon talangan...
Shom tushar... Boshlanar aftoda xufton...
Yolg‘iz o‘zi qoldi. Panoh - Xudodan.
Omon qolganini saodat bilar.
Sahroda qiblasin yo‘qotgan odam
Duch kelgan tomonga ibodat qilar...
* * *
Moviy dunyolardan bir nasim kelur,
Manim bu nasimga havasim kelur.
Jismim bunda mening, ruxim undadir –
Moviy dunyolardan nafasim kelur.
Mening xotirotim - zamindek qadim,
Yoshim barobardir Quyosh yoshiga.
Lekin hech beparvo qaray bilmadim
Xilqatning har bitta gulu toshiga.
Gullar o‘zligini angladimi, bas,
Tosh ham toshligiga iqrormi bugun?..
Chap ko‘krakda sanchiq hamon bosilmas,
Ikki qosh o‘rtasi tugundir, tugun.
Toshlar chatnay boshlar, gullarda titroq,
Segoh ohangida esadi nasim...
Hali bu dunyoda yashayman uzoq,
Hali bu dunyodan qaytmas nafasim.
Usmon Qo‘chqor (1953)
Usmon Qo‘chqor 1953 yil 15 iyulida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1975). «Hayajonga ko‘milgan dunyo» (1982), «Akssiz sadolar» (1986), «Uyqudagi minora» (1987), «Og‘ir karvon» (1991), «Chamangul» (1996), «Shirq» kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. «Quvg‘un» dostoni va «Imom Buxoriy» she’riy dramasining muallifi. Husayn Jovidning «Amir Temur» va «Shayx San’on» dramalarini, Yusuf Samado‘g‘lining «Qatl kuni», Anorning «Besh qavatli uyning oltinchi qavati» romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.