OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xurshid Davron (1952)

Xurshid Davron 1952 yil Samarqandda tug'ilgan. Oliy ma'lumotli, O'zbekiston Milliy Universiteti jurnalistika fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyatini 1969 yilda qurilishda oddiy ishchilikdan boshlagan. U 1971-73 yillarda harbiy xizmatda bo'lgan. 1974-1992 yillar mobaynida turli nashriyotlarda xizmat qildi. Xurshid Davron 1994-96 yillar mobaynida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat jamoatchilik markazini rahbarining birinchi o'rinbosari bo'lib ishladi. 1996 yildan boshlab O'zbekiston televideniyesida faoliyat yuritdi. 1998 - 2005 yillarda "Yoshlar" telekanalining bosh direktori sifatida faoliyat yuritdi. Hozirda u "O'zbekiston" telekanalining rahbaridir.

Xurshid Davron iste'dodli shoir, ma'rifatchi adib, bilimdon tarixshunos va  publitsist,mohir tarjimondir.1980 yildan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a'zosi.Uning asarlari 1992 yildan maktab darsliklariga kiritilgan.

U Bolgariya, Polsha,Gruziya, Yunoniston, Turkiya va Rossiyada o'tkazilgan she'riyat anjumanlarining, AQSHning Vashington shahrida bo'lib o'tgan Osiyo adiblari kongressining qatnashchisidir.

Xurshid Davron el-yurt oldidagi xizmatlari uchun 1997 yilda "Do'stlik" ordeni, adabiy faoliyati uchun 1999 yilda "O'zbekiston Respublikasi Xalq shoiri" unvoni bilan taqdirlangan.

Xurshid Davronning butun ijodi ona Turkiston va Samarqand tarixi bilan yo'g'rilgan.Uning "Samarqand xayoli", "Sohibqiron nabirasi", "Shahidlar shohi yohud Shayx Kubro tushlari" asarlari Amir Temur,Mirzo Ulug'bek,Mirzo Bobur hayoti va faoliyaning ayrim bosqichlariga,Turkiston tasavvuf maktablari tarixiga bag'ishlangan.

Xurshid Davron dramaturgiya sohasida ham ijod qiladi. "Bobur sog'inchi", "Alg'ul yulduzi" (Mirzo Ulug'bek) p'yesalarining muallifi. "Bobur sog'inchi" asari 2003 yilda Muqimiy nomidagi musiqiy-drama teatri va 2004 yilda O'zbekiston san'at institutining talabalar teatri sahnasida qo'yilgan. 


***

Moviy rangli osmonga boqdim,
Osmonimga aylandi osmon.
Zumrad dala meniki bo'ldi
Boqqanimda cheksizlik tomon.

Pishib yotgan bog'larga boqdim
Va ko'ksimga boshin qo'ydi kuz.
Tong nurining to'lqinida jim
Yuragimda chaqnadi yulduz.

Ichdim o'tli shamollarni men,
Shamollarga aylandi bag'rim.
Sevdim gulu ayollarni men
Va hayotni yonib kuyladim.

Har kimning ham bo'lsin osmoni,
O't gullari bo'lsin qalbining.
Erkday ulug' O'zbekistoni,
Cheksizligi bo'lsin har kimning.

1973

* * *

Tabiatdir mening davomim,
Tutash erur bag'rim bag'riga.
Umrim bog'liq oyu oftobi,
Daryo, dala, daraxtlariga.

Yalpizlarni quchoqlab sarxush,
Muhabbatga chulg'anar qalbim.
Boshim uzra uchib o'tar qush
Xayolimning davomi kabi.

Tunlar nafas olmay yotaman,
Meni quchar quvonchu alam -
Daraxt kulgusini ko'rganman,
Ko'rganman ko'z yoshlarini ham.

1978

* * *

Hammani unutib qo'yibman...
Hech kimni tanimay va bilmay
Qishloqni men kezib yuribman.

Bu men-ku,qadrdon jo'ralar!
Bu men-ku,onajon,dadajon!
Ovoz yo'q... Ko'ksimda yig'lar qon.

Va shunda boshimda aylanib,
Gulga qo'ngan kapalak kabi,
Kaftimga qo'ndi bir za'far barg.

'Men seni taniyman' - dedi u -
Ko'zimdan tirqirab ketdi yosh,
Bag'rimga bosdim men entikib...

1977

* * *

Bu dunyoda orzu qilish soatlari bor -
Ayniqsa,tunda, yulduzlar ostida,
Yam-yashil sayxonlikda,o'tlar ustida
Hayratni quchoqlab yotganda.

Bu dunyoda azoblanish soatlari bor -
Ayniqsa,tunda, yulduzlar ostida,
Yam-yashil sayxonlikda,o'tlar ustida
Hasratni quchoqlab yotganda.

Bu dunyoda sevish,sevilish soatlari bor -
Ayniqsa,tunda, yulduzlar ostida,
Yam-yashil sayxonlikda,o'tlar ustida
Xayolni quchoqlab yotganda,
Hayotni quchoqlab yotganda,
Ayolni quchoqlab yotganda...

1976

* * *

Eshiklar to'satdan bir quchoq nurni
Sochib yuboradi tunning ko'ksiga.
Eshikni yopaman,
Tinch ko'chalarni
Kezib termilaman oyning raqsiga.

Keyin dalalarga chiqib ketaman,
Men bilan bog'larda tentiraydi tun.
Bulutlar oqadi.
Ko'zni tutaman -
Poyimda maysalar shivirlar afsun.

Tun shaharni quchgan.
Baxtli ayollar
Erkaklar ko'ksiga qo'yadilar bosh -
Uxlar choyshablarga o'ralgan gullar,
Ko'rpani toblashib mushukday yuvvosh.

Faqat uzoqlarda,
Tungi qirlarda
Ko'zlari qora qiz, qoshi qora qiz
Yigitning ko'ksiga emas,dalada
Uvatga bosh qo'yib uxlaydi yolg'iz.

1977

* * *

Sen kelasan...
Sel kelganda
Toshgan daryo bo'laman.
Beda ortgan aravaday
Xushbo'ydirman sen bilan.

Sen ketasan...
Ortingdan men
Boqarman cho'l yo'lida -
Aravadan tushib qolgan
Xushbo'y beda guliday...

1978

MIRTEMIR XOTIRASIGA

Shahar uzra yog'ilardi qor,
Tuyar edik muz nafasini,
Uzoqlarda kezardi bahor,
Biz yo'qotib qo'yganda seni.

Yig'ilishdik. Jiddiy va mahzun -
Ulg'ayganin sezdim do'stlarni.
Kuy oqardi g'am kabi uzun,
Qo'zg'atgancha dilda hislarni.

Dafndan so'ng qaytdik bukchayib,
Ezar edi ko'rinmas tobut.
Qor suvida yuzlarni chayib,
Shivirladik: "Yurak, yodda tut!"

Shahar uzra yog'ilardi qor,
Tuyar edik muz nafasini,
Uzoqlarda kezardi bahor,
Biz yo'qotib qo'yganda seni.

Shunda kimdir, kim u, esda yo'q,
Dedi g'amgin egganicha bosh:
"Mayitini ko'targan palla
Qabog'ida ko'rdim tomchi yosh.

O, do'stlarim, yuragim sezdi,
U kuzatar edi bizlarni,
Qaboqda yosh, u yig'lar edi,
Qiynab qo'ydim, deya, sizlarni".

1978

* * *

She'riyat - bu qiyin ish emas,
Yozsang agar yurakni asrab.
Biroq she'rning bir satrini deb
Qon tupurgan tunlari Mashrab.
She'riyat - bu qiyin ish emas,
Yetar topsang qofiya: 'yoz', 'soz'.
She'rda ba'zan havodek zarur
'Erk' so'ziga qofiya 'qasos'.

Sen qo'rquvni qanchalik yashir,
She'r qiladi bari bir oshkor.
Qo'rqoq bo'lsang, qo'rqoq bo'lar she'r,
'Mardman!' - deb jar solmog'ing bekor.
Ona yurtni kuylamoq uchun,
Xuddi she'rga bergandek yurak,
Uni yurtga bermoq uchun ham
Mudom tayyor turmog'ing kerak.
To'marisdek ayol qo'llarin
Qadoqlarin tilarkan kech kuz,
Qog'ozdagi she'rim yo'llari
Yuragimda qon qoldirgan iz.

Zahar ichib o'lgan aktyordek
Pardadan so'ng tirilmoq bekor -
Shoir she'rning oldidan tirik,
She'r so'ngida o'lmog'i darkor.
She'r - tuymoqdir nogahon dildan,
Sen qo'lingga olganda nonni,
Bug'doy qoni yerdan simirgan
Erk deb jangda to'kilgan qonni.

1979

* * *

Rassom Shuhrat Abdurashidovga

Biz shunday yashaymiz!
Sevib may,chog'ir,
Qonunu rusmga telba-teskari -
Biz ming yil kutishga rozimiz,axir,
Daraxt shoxlarida bargdek o'sgani...

Sapchib turadi u -
Kech kuz,yarim tun.
Sog'inchmi,armonmi, yurakni qiynar.
Ko'zini ochgancha yotadi mahzun,
Yurakni qiynaydi bezovta o'ylar.
'Sizni tushunmayman' - deydi xotini,
U javob bermaydi, shoshmay qimirlar,
Yelkasiga ilar yomg'irpo'shini,
Ostonada to'xtab g'amgin shivirlar:
'Kechirgin,o'rtanar yurak necha kun,
Necha kun-ki,axir,men qiynalaman.
Albatta,borishim kerak.Men bugun
Xayrlashmog'im shart turnalar bilan'.

1978

* * *

Sahna uzra porladi chiroq,
Notalardan qo'zg'aldi Motsart
Va aktyorning dilida titroq
Ko'zin ochdi -
Endi o'lmoq shart!
Yosh rejissor xudoday yakka,
Dushman kabi beshafqat,beqalb.
U aktyorni tirab devorga
'Ishontirgin!' - deb qilar talab.
'Shunday o'lmoq kerakki... ' Qo'lin
Silkib-silkib uqtiradi u.
Sahna uzra boshlandi o'lim -
Zulmat kabi zolim, betuyg'u.
Yana Motsart va yana o'lim
Takrorlanar - o'nmi, o'n uchmi...
Aktyor faqat sezar vujudda
Sovuyotgan qo'llarin uchin.
So'ng ravoqda barmoqlarini
Toblar ekan quyoshda bir-bir,
O'z-o'ziga aktyor shivirlar:
'Qo'rqinchlidir o'lmoq bari bir...'

1978

QIZ VA SHAMOL HAQIDA ERTAK

Dardlarimday uzun ko'chani
Oyoqlaring sasi o'padi.
Uxlab qolgan oydin ko'chani
Uyg'otadi sochlaring hidi.
Uzoqlardan senga izma-iz
Oshiq shamol ergashib kelar,
Yolvoradi u senga unsiz,
Yolvoradi tungi maysalar.
Ko'zlaringga oy boqar qonib,
Ko'zlaring oy nuriday toza.
Mana kelding -
Bo'g'ilib, yonib,
Seni yutar ko'hna darvoza.
Shamol esa ko'chada qolar,
Qilt etmaydi,qanotlari tinch.
Parcha-parcha bo'lib sinadi
U ko'tarib yugurgan sevinch.
Va labdagi bo'sa hididan
Mast bo'lgancha chayqalib behol,
Qayrag'ochga ko'ksini bosib,
To'lib-to'lib yig'laydi shamol.

1978

SAMARQAND HAQIDA ODDIY SATRLAR

Ukam Jamshidga

Men bilaman,
U meni juda yaxshi ko'radi.
U mening tushlarimga kirmoq istaydi,
U meni bag'riga bosmoq istaydi,
Ko'rmoq bo'lar mening sog'inchimni.

U bobolarim tushini so'ylab bermoqchi,
Faqat qo'rqar sig'armikan ular bag'rimga.
U mening barcha orzularimni bilmoqchi,
Faqat qo'rqar sig'armikan ular bag'riga.

U mening onamga o'xshaydi -
Ko'zlari ma'yusdur uning ham.
U mening bolaligimga o'xshaydi -
U ham menga yozolmaydi xat.

1978

* * *

Tunda silkitarkan daraxtni shamol,
Daraxtlar titrarkan mahzun, bukchayib.
Daraxtzor qo'niga kirar bir ayol,
Nozik oyoqlarin shabnamga chayib.

U gullar sochadi hovuch-hovuchlab,
Hayratga to'ladi armonli bog'lar.
U kuylay boshlasa,gullarni tishlab,
Uyg'ona boshlaydi qurigan shoxlar.

1978

SHUKUR BURHON HAQIDA QO'SHIQ

Shukur Burhon ham qarib qoldi,
O'xshab qoldi qadim qal'aga.
Cho'kkan devor qaddin tiklaydi,
Shukur Burhon chiqqach sahnaga.
Endi undan kuchli odam yo'q,
Yengar man-man degan yigitni.
U kuyladi misoli qo'shiq
So'zlar aro yotgan sukutni.
Tanaffusda yana horg'inlik
Yelkasiga tashlaydi kuchin.
Yuragida uxlar Ulug'bek
So'ng sahnada hayqirmoq uchun.

... Shukur Burhon tunda tush ko'rar,
Tongga qadar cho'ziladi tush.
Abdullatif sarmast o'kirar,
Abbos xanjar o'qtalar emish.
Yolg'iz fonus nur tarar siniq,
To'kilarmish yulduzlar g'ujg'on.
Yuragidan qayg'udek tiniq
Sochilarmish zax tuproqqa qon.
Shukur Burhon cho'chib uyg'onar,
Bosolmaydi u hayajonni
Va baquvvat qo'llari bilan
Ko'kragidan artadi qonni.

1978

* * *

Qachon bo'lar, bilmayman, biroq,
Ketganimni sezmay qolar bog'.
Mening sovuq xonamga esa
O'zga kelib yashar beg'ussa.
U ham balki men sevgan go'sha -
Bog' to'rini sevib qoladi.
Mayus tortib qolganda o'sha
Burchaklarda yig'lab oladi.
Balki mendan esliroq chiqib
Mebel bilan bezar xonasin.
Balki mendek tunlar ichikib,
Sog'inadi qari onasin.
Yo mendan ham botir chiqar u -
Qorovul ham sezmas,tun payti
Ma'shuqasin olib kelaru
Lablaridan o'pib to'ymaydi.
Balki yolg'iz mixga osilgan,
Men suygan ul yalpiz gullarin
Uloqtirar qorning ustiga
Uning baxtdan kuchli qo'llari.

1977

* * *

Men ertaga juda erta
Tinch uyqumni buzaman,
Oq ko'ylagim kiyaman-da,
Dalalarni kezaman.

Yashilgina maysalarning
Barglariga bosib lab,
Erkalayman qizalog'day,
Qulog'iga shivirlab.

Keyin oyning elkasiga
Qo'limni qo'yib beun -
Yuragimni ochaman -
Oydin bo'lar o'sha tun.

* * *

Sayxonlikning xilvat chetida,
Maysalarga ko'milib olib,
Yashayapman o'tlar ichida
Men ham yashil,oddiy o't kabi.

Tun cho'kadi bag'rimga sokin,
Oy cho'milar - sochlari to'zgin.
Mehmon bo'lib keladi shamol,
Yalpiz hidin bosib bag'riga.

O, o'sha on istayman juda,
Maysalarga qo'yib bishimni,
Mangu yashay o'tlar ichida
Yalpizlar hidiga ko'milib.

* * *

Oppoq edi boshda bu dunyo -
Ko'cha oppoq,kechalar oppoq,
Qanday yaxshi ekan,bolalik,
Oppoq ranglar bilan yashamoq.

Yashillandi keyin birma-bir
Dala,chorbog',omonat ko'prik.
Dovuchchadek mo'ltirab boqdi
Qo'shni boqqa tushgan bolalik.

Moviylandi keyin barchasi:
Bolaligim termuldi mahzun:
Qorachig'i - tunning parchasi,
Ilk sevgisi kiprikdek uzun.

Keyin asta xira tortdi nur,
Aralashdi oq,yashil,moviy,
Bolalikdan keyingi umr
Daryodek tinch oqa boshladi.

Faqat ba'zan bu aziz ranglar
Tushlarimga solar qasirg'a,
Oppoq bolish ustida yonar
Ko'zdan oqqan tomchi - isirg'a.

* * *

Bolaligim o'g'irlab sekin
Yillar daryo kabi oqdilar.
Kecha do'stlar sochimdagi oq
Tolalarga hayron boqdilar.

Kimdir so'kdi yillar sur'atin,
Kimlar burdi bog'lar tomon yuz.
Men esam-chi,sening siyrating
Ko'zlarimda uyg'otdim ma'yus.

Kunlar xazon kabi sarg'aydi,
Uchib ketdi yaproqlar kabi.
Ul kun qalbga dunyo sig'ardi,
Bugun sig'mas o'zimning dardim.

O, bolalik,mening quvonchim,
Ey,ko'z yoshi tuymagan ochun,
Kecha do'stlar bilan men ichdim,
Sening boqiy qudrating uchun.

* * *

Jiyda gulin isladim
Bolalarday entikib,
Bolaligim izladim
Dalalarga ko'z tikib.

Huv, oils-olislarga
Quyoshday singib ketay,
Biroq,o'tga ko'milib
Yig'lagim kelsa, netay?

Yig'lama, deb shivirlab,
Yupata boshlar ajib,
Mittigina boychechak
Titroq qo'llarim ushlab...

* * *

U ayolning qo'llari dag'al,
U ayolning ko'ylagi dag'al,
Uni har kun kaltaklar eri,
Har kun yuzda ko'karar dog'lar.

Kecha nogoh yo'lning chetida,
Ko'rib qoldim o'sha ayolni -
U hidlardi men sezmay o'tgan
Mittigina marvaridgulni.

* * *

Dunyoning bezavol tongida
Entikib ko'z ochding,yalpizim,
Kun botdi.Tun bo'yi dunyoda
Yalpizim,men seni izladim.

Yulduzlar qush bo'lib uchdilar,
Kiprikka qo'ndilar yosh bo'lib,
Ko'zlarim tun rangin ichdilar,
Ko'z yoshim to'kildi tosh bo'lib.

Qaylarga bekitdi izlaring
Bog'larda mudragan saraton,
Tun bo'yi qush bo'lib bo'zladim,
Bo'g'zimga tiqilib qoldi tong.

YOZ ERTAGI

Dalalarning qoq o'rtasida
Yeru osmon aro bir ertak -
Yulduzlarning mayin sasidan
Tebranadi oppoq belanchak.

Uxlab qolar horigan ota,
Uxlab qolar terimchi suluv,
Uxlab qolar chorbog' ortida
Ariqchada jildiragan suv.

Faqat qora ko'zlarin ochib,
Hayratlarga to'ldirib quchoq,
Onasiga o'xshatib oyni
Tamshanadi oyday chaqaloq

Va mehrdan iyib ko'ksini
Chaqaloqqa Oy tutar xushhol.
So'ng allalar aytib, o'ksinib,
Belanchakni tebratar shamol.

KUZ ERTAGI

Terimchi qizlar -
shoxlardagi qushlarday yengil,
qomatlari - xayol,
quyosh isi anqir chehralaridan.
Ular -
to'lib ketgan armonlar kabi
egatlarga sochilgan.
Orzulari mezonlar kabi
oppoq-oppoq uchib yurguvchi
oydin shamollarga osilgan.
Huvv... bo'g'ilib sayragan
qushdan ham uzoq,
Qishlog'imning cheksiz dalalarida,
oppoq shiyponlarda ko'ksini titroq,
iliq,moviy shamollar o'pib,
uxlab yotar terimchi qizlar
tushlarini quyoshga ko'mib...

KUZGI GULXANLAR

Ko'z o'ngimda bepoyon bog'lar,
Yaproqlarda tillarang g'ubor.
Yaqinlashib qolgandek tog'lar,
Havo shunday tiniq, beg'ubor.

Shitirlagan tungi yomg'ir ham,
Tumanlarni quchoqlagan tong,
Qop-qoraygan dala-yu qir ham,
Bari, menga tanish, qadrdon.

Daraxtlarda lovillar gulxan,
Yuragimda uning tafti bor.
Bog'chalarda xazonlar bilan
Uchib yurar kechagi bahor.

Meni tashlab ketmoqchi do'stni
To'xtatmoqchi bo'lganday,
bu on
Men jimgina qo'lim cho'zaman
Yonayotgan gulxanlar tomon.

* * *

Bitta ko'z bor bu dunyoda -
Sehrli,oddiy.
Bitta so'z bor bu dunyoda -
Nurli,abadiy:
Men u ko'zga yetaman,ammo,
Men u so'zni aytaman,ammo
Bu dunyoda bitta qabr bor,
U meni kutadi umidvor.

So'roqlaydi meni yellardan,
So'roqlaydi meni yo'llardan -
Bu dunyoda bitta qabr bor,
U meni kutadi umidvor.

Poyida jim cho'kkalab olib,
Ko'zlarimga yig'ilgan dardni
Uning za'far maysalariga
Sochib, sochib, sochib yig'lasam...

SINGLIM MAKTUBI
(Harbiy xizmatda yozilgan she'r)

'Samarqandda o'rik gulladi,
Maysa bosdi otam qabrini:'
Men maktubni to'yib hidladim,
Men izladim bahor atrini.

'Samarqandda gul qulf uradi,
Gullar qo'ydik otam qabriga.
Yangamullam ko'zi yoridi,
Siz jiyanlik bo'ldingiz,aka'.

* * *

Deraza - beshafqat chegara -
Parchagina osmon ko'runur.
Deraza,sen ko'ksimda yara,
Deraza - qora tun,oydin nur.

Deraza qanotin qayirsang,
Qalbimni qurshasa doira.
Bir parcha umiddan ayirsang,
Men kimga ishonay, hamshira!

Deraza ertaklar so'ylaydi:
Gohi oy ko'rinur,goh quyosh.
Yalpizlar hidini bo'ylaydi,
Ko'zimdan tirqirab oqar yosh.

Ko'zimni kesadi chegara,
Parchagina osmon - ko'k larza.
Tunlari osilar kiprikka
Tomchiga aylangan deraza.

* * *

Chidolmay bahorning ilk larzasiga,
Uyg'ongan daraxtlar nurga ko'milib,
Uchinchi qavatning derazasiga
Egilar dardlarin aytmoqchi bo'lib.

Uchinchi qavatda,
Tor va zax uyda
Bir odam yastanib uxlar xotirjam.
Daraxtlar ko'nglini bo'shatmoq istar,
Daraxtlar biladi... u yaxshi odam.

* * *

Imkon bering,
Uxlay daraxtlar bilan...
Hayratga ko'milgan kechada
Uxlay mungli daraxtlar bilan.

Imkon bering,
Qon talashgan qo'llarimni
Yaproqday ko'kartiray,
Novdalarning gullarini
Uxlay mahkam ko'ksimga tirab...

Bag'rimga yashiray,
Hovuchimga olay
Cho'g'dayin tun qushlarini...
Keyin sizga so'zlab beraman
Daraxtlarning tushlarini...

* * *

Daryolarni ko'rmoq mumkin birgalashib,
Birgalashib boqmoq mumkin qora tunga.
Do'stlar bilan birin-ketin o'ralashib
Boqmoq mumkin botayotgan so'lg'in kunga.

Olomonga qo'shilgancha safsar gulga,
Kruiffga, Tiyon-Shonga tikkin ko'zing.
Biroq,qabo yechayotgan sho'x ayolni
Kuzat faqat hayrat bilan yolg'iz o'zing.

SPITAMEN QO'SHIG'I

Qo'limda bir qilich bor erdi,
Ul qilich qonimga zor erdi.
Ayro bo'ldim ul qilichimdan,
Na bo'lg'aydur ahvolim endi?

Qo'limda bir qilich bor erdi,
Tig'ida yov qoni xor erdi.
Ayro bo'ldim ul qilichimdan,
Na bo'lg'aydur ahvolim endi?

Qo'limda bir qilich bor erdi,
Uni menga bergan yor erdi.
Ayro bo'ldim ul qilichimdan,
Na bo'lg'aydur ahvolim endi?

Yot qilich qonimga zor endi,
Yot qilichda qonim xor endi,
Ul xo'b qiz o'zgaga yor endi,
Qo'limda bir qilich bor erdi.

* * *

O'layotgan otning qorachig'ida
Cheksiz-cheksiz yam-yashil qirlar.

O'layotgan otning qorachig'ida
Yag'rinini yuvgan yomg'irlar.

O'layotgan otning qorachig'ida
Miltir-miltir yonadi yulduz.

O'layotgan otning qorachig'ida
Chayqaladi shudringli yalpiz.

O'layotgan otning qorachig'ida
Moviy osmon so'nib boradir.

O'layotgan otning qorachig'ida
Bir qayg'u bor - zamindan og'ir...

* * *

Musavvir Baxtiyor Boboyevga

Qorning hidi kelar...
Ora-oralab
Shikasta olomon qirga o'rmalar - 
Uzoqdagi yakka tolni qoralab,
Yelkalarda tobut.
Qorning hidi kelar...

Yo'lning chetidagi ko'k kiygan ayol,
Chirog'ing o'chdimi, nuring so'ndimi?
Yo'lning chetidagi ko'k kiygan ayol,
U aslo qaytmagay - 
Ne qildik endi?

Qor nafasi bilan kechmoqda bu kun,
Qorayib turibdi kimningdir qabri.
Kattalardek jiddiy bolalar bugun,
Kattalar yig'lashar bolalar kabi...

RAUF PARFI SHE'RIGA NAZIRA

Qor yog'ayotgan oqshom
shaharni kezsang,
g'ira-shira ko'chalarni kezsang,
qo'laringni cho'ntakka tiqib -
qor esa erisa lablaringda jim.

O'ylasang olis-olislarda
qolgan kimnidir,
shu qorni o'ylasang,qalbing entiksa...
Ayniqsa, o'zing sevgan qizni o'ylasang,
ayniqsa, o'ylasang onangni...

Qor esa bo'ralab yog'aversa jim,
jimlikda tinmasa qadaming,
o'zing ham qor uchquniday
singib ketsang tunning bag'riga...

Kimgadir yo'l bersang,kimgadir salom,
ammo,o'zing bilmasang buni.
Qor esa bo'ralab yog'aversa jim,
adashsang-da,sezmasang adashganingni...

* * *

Eshik ochiladi,
Daydi it kabi
Orqaga chekinar nim qorong'ulik...
Bir erkak chiqadi ko'chaga esnab,
Go'dak yig'isini yashirar eshik.

Erkak qora rangli yomg'irpo'shining
Ezilgan yoqasin ko'tarib olar,
Erinib izlaydi papirosini,
Shoshmasdan tutatar,o'ylanib qolar.

* * *

Bugun tunda yana tirildim...
Sen eshikni ochding shoshmasdan -
Shivirladim: Mana,men keldim,
Nega pardalarni ochmaysan?

Nimanidir izlardi ko'zlar,
Nimanidir izlardim...
Shu tob
Ko'rib qoldim yostig'ing uzra
Yotar edi men sevgan kitob.

* * *

Bilasanmi,tush ko'rdim seni,
Esda qoldi ko'zlaring faqat.
Ko'rsatmoqchi bo'lib ko'zingni
Olib ketdi yo'llar beshafqat.

Seni topdim.Labingda titroq,
Shivirlading: 'Tinchimni buzding...'
O'rtamizda qiynaldi chiroq,
Uyqusirab yig'ladi qizing.

Sen bo'shliqqa tikib ko'zingni
Shivirlading ohista, karaxt:
'Bilasanmi,tush ko'rdim seni,
Esda qoldi ko'zlaring faqat...'

URUSHDA HALOK BO'LGAN NURIDDIN TOG'AMGA

...Sovuq shamol meni quvadi,
Sokin shahar ko'chalarida.
Qizlar esa meni sevadi
Olis bahor kechlarida.

Sizni sevgan u qiz tirikmi?
Qiynaydimi muhabbat rasmi?
Tunlar uning boshi egikmi?
Nuriddinmi o'g'lining ismi?

* * *

Bizlar juda aqllimiz,
Ming o'lchab,bir kesamiz.
Yashasin,deb,xalqimiz,
Mansablarda o'samiz.

Bizlar juda aqllimiz,
Qiynalmaymiz dil titib,
Cho'milmaymiz daryolarda
Cho'kib ketish mumkin, deb.

'Uzilganda yashil yaproq,
Titrama,evini qil,
Hayajondan bo'l,- der,- yiroq' -
Oq xalat kiygan aql.

Bizlar juda aqllimiz,
Ba'zan kun-tun o'ylaymiz,
'Bu buyumni qayga qo'ysak
Go'zal bo'lar uyimiz'.

Garchi kutar,qalbda o'kinch
Olislarda onamiz.
Qo'msamaymiz - chunki sog'inch
Egovlaydi umrimiz.

'Sog'inibdi?! . O'tar-ketar,
Bir kun borib kelamiz'.
Boshqa ishga qo'l uramiz,
Chunki biz aqllimiz.

Oydek toza qizni sevib,
Termilib gul yuziga,
Keyin esa uylanamiz
Amaldorning qiziga.

Raqibga tig' bilan chiqmoq -
Dahshat!
Nima qilamiz?!
Axir bizlar aqllimiz,
Makr bilan yanchamiz.

...Bir kun o'lsak,ustimizga
Ulkan toshni qo'yishar
Va albatta o'sha toshga
Aqlli so'z o'yishar.

* * *

Shunday yashil mening Vatanim -
Bahorning ilk bargiday yashil.
Shunday go'zal mening Vatanim -
Vatanim gul atridek yoshdir.

Vatan,sensan bag'rimga monand,
Bag'rim kabi musaffo, yorug'.
Sen onamga o'xshaysan, Vatan,
Onam kabi tabarruk, ulug'.

Shunday yorug' mening Vatanim -
'Men sevaman' so'zidek yorug'.

1976

* * *

Men sizni sevaman yalpizlar atri,
Qushchalarning sarxush sayrog'I bilan.
Men sizni sevaman terakzor sayri
Daryolar to'lqini,qayrog'I bilan.

Men sizni chorbog'lar ko'ksimga bitgan
Tip-tiniq kayfiyat bilan sevaman.
Men sizni yaproqlar rangiga uyqash
Bokira muhabbat bilan sevaman.

Men sizni qorlarning ajoyib raqsi,
Yomg'irlar shiviri bilan sevaman.
Sevaman hovuzda cho'mgan oy aksi,
Shoxlarning shitiri bilan sevaman.

Men sizni sevaman O'zbekistonning
Abadiy yoshligi, haybati bilan.
Men sizni sevaman Afrosiyobda
Ko'kargan maysaning hayrati bilan.

1980

BOLALIK HAQIDA SHE'R

Hali unutganimcha yo'q
daraxtlarning tilini,
qushlar bilan lug'atsiz so'zlasha olaman -
Hali unutganimcha yo'q.
Haliyam ishonaman va qayg'uraman
yulduz uchsa tungi osmondan.
Maysalarni majaqlamayman -
maysalar daraxtga aylanishiga
ishonchimni yo'qotmabman hali.
Hamon qo'rqaman -
bolalikda qo'shnimizning itidan,
ertak kitoblarim tugab qolishidan qo'rqardim.
Bugun esa onamning oppoq
sochlariga boqib qo'rqaman...

1980

ERIB KETAR XIRA TUMANLAR

Erib ketar xira tumanlar,
Kapalakday uyg'onar yalpiz.
Osmon ummon bo'lib tuyular,
O'tlar uzra chopqillaydi ko'z.

Qayrag'ochning guli - mitti jom
Jaranglaydi - taralar atir.
Tushlarimga kiradi oqshom
Maysalarni quchoqlab adir.

Shamol yelar erkin, quturib,
Quriy boshlar tomlar to'sini.
Gullayotgan olchani ko'rib
Derazalar ochar ko'ksini.
Yoritgancha to yurak ichin
Sabza o'tlar shabnamga qonar.
Vatanini sog'inmoq uchun
Yer ostida jangchi uyg'onar.

1980

DERAZANING RAXIDAN QORNI...

Derazaning raxidan qorni
Kuzatadi tuvakdagi gul.
Tashqarida yoqqanida qor,
Uyda kitob o'qigan ma'qul.

Tashqarida yoqqanida qor,
Bu o'y surib ingramak demak
Va chiroqni o'chirib qo'yib,
Oppoq shamni yondirmoq kerak.

Tashqarida yoqqanida qor
Ko'chadagi chiroqda porlab,
Qanday yaxshi,mayus, baxtiyor,
Qiz tashrifin o'tirsang poylab.

Qanday yaxshi - kuztmoq to'yib
Tashqarida yoqqan oq qorni,
Hech bo'lmasa oldingga qo'yib
O'tkir sharob, bir burda nonni.

Biroq,nechun chidamas yurak,
Kiyinaman asta, bemador -
Qiyin ekan uyda o'tirmak
Tashqarida yoqqanida qor.

1980

KERAK BO'LSA...

Kerak bo'lsa qilich uchida
Yasha,sevgin sen Majnun bo'lib!
Sariq rangli gullar ichida
Ochil keyin qizil gul bo'lib!
Dilingdagi so'zni ayt faqat,
Baxtli qilgin suygan ayolni.
Unga sen zar,tillani emas,
In'om etgin oyni,shamolni.
O'chingni ol yovdan, zulmatdan,
sotqinlardan, eng oxir maydan.
Son-sanoqsiz teraklar aro
Eng baquvvat chinorga aylan.
Atrof yolg'on bilan to'lganda,
Ichga yutib titroq nolani
Chollar soqov bo'lib qolganda,
Olqishla chin so'z aytgan bolani.

1980

MEN SEVAMAN...

- Men sevaman, - shivirlar ayol, -
kirlaringni yuvib beraman,
dazmollayman ko'ylaklaringni
seni quchgan qo'llarim bilan.

Faqat bir kun yoningda yotib
jilmaygancha shivirlasam bas:
'Yuragimning ostida kimdir
xuddi sendek olmoqda nafas'.

1979

BO'LDI, YETAR, TERMILMANG OYGA...

Bo'ldi, yetar, termilmang oyga,
Ha, bilaman, oy juda go'zal -
To'yib bo'lmas bunday chiroyga.

Yetar endi, termilmang ko'kka,
Garchi oils yulduzlar xuddi
Sirdosh kabi yaqin yurakka.

Yetar, aytmang: - O, hilol botar!
O, kahkashon, sap-sariq tulpor
Dumi kabi sochilib yotar.

Yerga boqing: xuddi shu chog'da
Yulduzlardan ulkan maysalar
Bosh ko'tarib chiqib kelmoqda.

1980

SO'Z - QUSHDIR...

So'z - qushdir,
avayla qushni.
Avayla, ko'ksingda unga sen in qur.
Qanotlarin sila, erkala,
o'z qoningdan ichirgin qushga.

She'r uchayotgan qushga o'xshaydi,
quyoshga talpinar u uchib-uchib.
She'rning to'rt satri -
qafas bo'lmog'i,
osmon bo'lmog'i mumkin so'z uchun.

1979

DARYO YO'QDIR SOCHINGDAN BOSHQA...

Daryo yo'qdir sochingdan boshqa,
To'lqinida oqay desam.
Ko'zingdan boshqa yulduz yo'q,
Qaray desam,boqay desam.
Ismingdan boshqa bir so'z yo'q,
Aytay desam, to'yay desam.
Ko'zingdan boshqa yulduz yo'q,
Olovida kuyay desam.

Mehringdan boshqa kunduz yo'q,
Suyaklarim toblay desam.
Ko'zingdan boshqa yulduz yo'q,
O'zga yo'ldan ketay desam.

1980

ZA'FAR QIRDA

Za'far qirda saman otning
Kokilini oy o'par.
Oy nurlari sukunatni
Cho'miltirar, yayratar -
Za'far qirda saman otni
Kechaga hadya etar.

Qorongida yaltiraydi
Saman otning ko'zlari.
Tun qo'rqadi, qaltiraydi,
Tun ko'zida shubha bor:
Olib qochib ketmasmi deb
Sukunatni bu tulpor...

1980

BIR MIZG'IB TURSAM...

Bir mizg'ib tursam, bahor kiribdi,
Keyin yoz, keyin kuz...
Keyin qahraton...
Qancha uxlab turma, kuraging
Uzilmaydi yerdan hech qachon.

Kirib kelmas faqatgina erk,
Uning uchun uyg'onmoq kerak...

1986

U HAMMADAN OLDIN OSHIQDI...

U hammadan oldin oshiqdi -
dahshatdan titragan barmoqlarini
qo'yniga yashirib ko'chaga chiqdi.

Chiqdi-yu bo'g'ziga tiqilib qolgan
qo'rquvni baqirdi - cho'chib uyg'ondi
olis-yaqindagi barcha qo'rqoqlar...

1986

* * *

'Devorning qulogi bor' - deydi kar odam,
Tongni kutib o'tirgan ko'zi ko'r odamga...

1986

TABASSUMING YODIMDA HAMON...

Tabassuming yodimda hamon,
Yodimdadir xandon ko'zlaring.
Kulgularing eslayman, bu on
Unutilgan yolg'on so'zlaring.

Atirgulning bargiday qizil,
Alvon edi tabassuming ham -
Ey ko'zlari xandon urgan qiz,
Nahon sendan qoldi faqat g'am?!

Men bilaman,eng so'nggi palla
Jonsiz qolib,sirg'alsa qo'lim,
Sening:sening tabassuming-la
Ko'zlarimga boqadi o'lim.

1986

SODDA SHE'R

Shoirlardan ayrilmasin g'am,
Yaprog'idan ayrilmasin tol.

Ayrilmasin bayroqdan shamol,
Ayrilmayin sendan hech men ham.

Tong quyoshni osmonga bersin,
Quyosh gulga baxsh etsin yaproq.

Ishqim dilda bir umr tursin,
Dunyo tursin mangu va titroq...

1986

ERTAKLARDAN BIRI

Men Garsia Lorka...
yo'q-yo'q, Pol Elyuar...
yo'q-yo'q, Pablo Neruda...
menimcha, Abdulhamid Cho'lpon
she'rini o'qiyotgandim -
nigohimni to'xtatdi
so'zlarning biri...

Ko'z oldim yorug'lashdi.
'Nahot, eshitmagan bo'lsang meni', - dedi
so'zlarning biri.

'Yo'q',-deya bosh chayqasam,
qiqirlab kuldi
so'zlarning biri.

'Demak,hali dunyoni bilmas ekansan',- dedi
so'zlarning biri.

So'ng qo'limdan ushlab,
etaklab ketdi
so'zlarning biri...

Tog' oshdim, daryo kechdim,
ufqlar tomon shoshdim -
sovuq qotsam, isitdi,
och qolsam,nonga aylandi
so'zlarning biri...

Yuksak-yuksaklarga talpinib bordim -
Qo'llarimdan ushlab boraverdi
so'zlarning biri...

'Olis-olislarda bitta vodiy bor -
unda quyosh bor,
mehr bor,
muhabbat bor.
Qalbing o'sha yerda',- dedi
so'zlarning biri...

1986

* * *

Bu odamlar hasratga to'lib,
Qanday o'yni surib borurlar?
- Tongni olib kelmoqchi bo'lib,
Tun qo'ynida yurib borurlar...

Bu odamlar yuragi kuyib,
Qay manzilni ko'zlab borurlar?
- Ular oson yo'llarni qo'yib,
'Xalqim' - deya bo'zlab borurlar...

Bu odamlar ko'ksi-bo'g'zidan,
Ko'zlaridan nega oqar qon?
- Bu odamlar to'kkan qonlardan
Tun qo'ynida ko'karadi tong!

1986

* * *

Tishlangan olmasi,
Bitmagan she'ri -
Ortda qoldirgani shu bo'ldi faqat.
Uni yutdi birdan zulmatning qa'ri,
Pichirlab qoldilar: 'Zamon beshafqat!'

Xotini qornida bolasi qoldi,
Ko'zlari ko'r bo'lib onasi qoldi.
Uni olib ketdi temir bir qafas -
Bir odam dunyodan izsiz yo'qoldi.

Bitmagan she'rini o'tda yoqdilar,
Beva ham ko'k rangli libosin echdi.

1987

* * *

Dardlarimni aytsam tunlari,
- Jim o'tiring,- deydi xotinim.
Qo'shiq aytsam, xirgoyi qilsam,
- Jim bo'ling! - deb baqirar qo'shnim.

Jaranglab ketsa kishanim,
- Jim bo'l, - deydi qari dushmanim.
Gulzor aro sayrasa bulbul,
- Jim bo'l! - deydi so'lgan atrgul.

Raqs tushsa, xandonlar otsa,
- Jim o'tirgin, - deyman bolamga.
- Jim bo'l,etar, - deb baqiraman
Dilimda bo'zlagan nolamga.

Jimlik - mening umrim hayotim,
Jimlik - mening so'nggi faryodim.
Jimlik aro aqlga basma-bas
Faqat yurak...
yurak jim emas...

2001

KUZ

Yana tinmay shitirlar yomg'ir,
Yana dilda bir mung titraydi.
Yana qora tortdi dala-qir,
Yana olam birdan kichraydi.

Yurak sharob ichgisi kelar -
Sarmast bo'lib dildagi armon
Quvonch istab uchgisi kelar
Quyoshi yo'q osmonlar tomon...

2003

* * *

Olis-olislarga ketmoq istayman,
Havoli joylarga,yuksak joylarga.
Bitta she'r yozmoq istayman -
O'xshasin kuzdagi to'lin oylarga.

Bahorgi qirlarda chechak shiviri
She'rim so'zlarini senga etkazsin,
Mening armonlarim,
Mening dardlarim
Sen kezgan bog'larni intizor kezsin.

Bir paytlar sochlaring silagan shamol
Tunlarning qa'ridan yonimga qaytsin.
Daryo bo'yidagi so'nggi majnuntol
Qirq kecha dardimni suvlarga aytsin.

Men ham o'sha daryo ortidan boray,
Bo'linib-bo'linib ketay soylarga.
Men ham o'sha suvlar ortidan boray,
Havoli joylarga,oydin joylarga.

O'sha olislarga etib borsam men -
Chekkan hasratlarim tamom bitarmi,
Xuddi anordayin qalbim yorsam men -
O'sha bitta she'rga qonim etarmi?!:

2001

SAMARQAND XOKKULARI

Buyuk Rauf Parfi xotirasiga bag'ishlayman

1

Shohizinda uzra yuksaladi oy.
Zinalardan pastga tushirar
Xazonlarni ishqdan mast shamol.

2

Afrosiyob bo'ylab kezaman -
Ko'rmaymanu yonimda kimdir
Nafas olayotganin sezaman.

3

Erta bahor. Qabriston.
Qabr uzra o'sgan qizg'aldoq
Bilan o'ynar rangin kapalak.

4

Sukunat yolg'izligi,
Yolg'izlik sukunati
Aro sarson kapalak.

5

Afrosiyob uzra oy
Balqib chiqib uyg'otdi
Siniq sopol parchasin.

6

Oy nuri jilvalandi
Qo'limdagi qadahga -
Yurakdagi qayg'uday...

7

Nega buncha zirqiraysan, dil?
Nega buncha xirasan, hilol?
Hamdard bo'lay qay biringizga?..

8

Bu o'choqda qachonlardir o't gurkiragan.
Hozir esa faqat qayg'u
Uyg'otar dilda.

9

Kechagina yer teshib chiqib
Menga nimalarni shivirlaysan
Ey ertaga so'lguvchi chechak?

10

Ey,Boburning sog'inchli bayti
Yuragimni qiynamoq uchun
Kelaverasanmi qaytib-qaytib?..

11

Shamollarga bo'ysunding
Bo'ysunding bo'ronlarga
Nega menga bo'ysunmaysan,dil?..

12

Meni qiynash shuncha rohatmi?
Labingning chetida turadi mudom
Sovuq tig'ing - nim tabassuming.

13

Oyga uzoq termilib qoldim -
Ketolmadim bir qadam bosib.
Hatto seni,ey yuragim, unutib qo'ydim.

14

Tog' shamoli,yuragimni
Olib ketgin o'zing bilan.
Shasharda olchalar gul to'kib bo'ldi.

15

Tushlarimga kirdi bahorda
Bargixazon boshlangan kunlar.
Yuragim - bezovta qush...

16

Tengdoshlari urushsa -
Nima qilishni bilmay
Ko'zyosh to'kardi o'g'lim.

17

Kimni eslayapsan, kimni sog'inding,
Ey egalari ko'chib ketgan hovlida
Necha yil gullamay gullagan olcha?

18

Afrosiyob tepaligida
Kimning nafasini yer yuziga
Olib chiqding, lolaqizg'aldoq.

19

Havo tiniq, beg'ubor.
Bulutlarning karvoni
Go'ri Mir uzra suzar.

20

Bahorgi yomg'irlar tindi -
Yarqiradi osmonda
Go'ri Mirning gumbazi.

21

Sen shunchalar rostgo'ysan,
Mana shu rostgo'yliging
Aldab keladi meni...

22

Uzoqlarga ketdi kuz -
Xuddi ma'yus daydi qiz.
Endi u qaytarmikan?

23. GUL BARGIDA SHABNAM TOMCHISI

Bunchalar chiroylisan,
Bunchalar ham shaffofsan -
O'limdan qo'rqmay qo'ydim!

24

Bog'larda bargixazon.
Hassaga suyangancha
Chol nimani kutmoqda?

25

Ostonada to'xtab qoldim.
Birinchi qor qoplagan
Yo'lak bunchalar go'zal!

26

Sen shunchalar rostgo'ysan-ki,
Yurakdagi sirlarim
Qiyin senga ochmog'im.

27. DO'STIM SHAVKAT RAHMONGA

Hamdard izlagan chog'im
To'satdan seni eslab
Zirqiradi yuragim.

28

Dardlarimni aytay deb
Seni izlab borgandim -
Derazang qop-qorong'u.

29

Kelib-kelim men hali
Senga dardim aytdimmi,
Bulutlarga yashiringan oy?!

30

Koshki meni tushunsang,
Koshki dardimni bilsang,
Mendan xafa yurgan do'st!

31

'Duk-duk' urishdan boshqa ishi yo'q -
Seni unutdi yuragim,
Tamom unutdi.

32

Olis tog'lar aro yastangan dala.
Poda boqib yurgan qo'ychuvon bola
Falakda suzib yurgan kemadan ko'zin uzmas.

33

U hayotdan to'ydi dedilar,
U sevmasdan qo'ydi dedilar -
Buyuk qalbli inson haqida.

34

Uzilgan atirgul
Hali o'lgani yo'q -
Hali bo'y taratar umidvor.

35

Qorga baribir -
Gullab turgan chechaklarni ham,
Jonsiz toshlarni ham bir tekis yashirmoqda.

36

Shaftoli gullari to'kilar
Rauf Parfi qabri ustiga -
Qanchalik mehribonsan,bahor!

2000-2005 yillar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.