Yo‘ldosh Sulaymon 1935-yili Qo‘qonning Oydinbuloq qishlog‘ida tavallud topgan. Farg‘ona Davlat pedagogika institutini tugatgan.
Uning ijodi 50-yillardan boshlangan bo‘lib, shu kungacha o‘n beshdan ortiq she’riy, nasriy to‘plamlari hamda «Subhidam» (1973), «Vafo» (1979) kabi romanlari, "Dardim sig'mas dunyoga", "Farg'onaning quliman", "Farg'onanoma", "Hirotga sayohat", "Marg'ilonnoma", "Osmonga sig'magan muhabbat","Qo'qonnoma" kabi she'riy to'plamlari chop etilgan.
Yo‘ldosh Sulaymon publitsist, ocherknavis va hikoyanavis sifatida «Katta yo‘lga chiqquncha», «Da’vatingni eshityapman, hayot» (1967-1971) kabi ocherklari va «Boqiy umr» kabi hujjatli qissalarini yaratgan. Yo‘ldosh Sulaymon 2004 yili vafot etgan.
JOZIBA
Yuzidan ro‘molin ko‘targan chog‘da
Hamma qushlar sayrab yuborsa bog‘da,
Qora bulut bexos so‘kilib ketsa,
Quyosh nuri erib to‘kilib ketsa —
Bu qanday joziba, bu qanday chiroy,
Bu yangi quyoshmi yoki yangi oy?!
Farishtalar suyib yo uni jondan,
Olib kelganmikin yo Shabistondan?!
Yo «Bog‘i eram»ning parisimikin,
Manzili undan yo narisimikin?!
Qo‘l yetmas yulduzim o‘shamikin, deb,
Chaqirsam yonimga tusharmikin, deb —
Bezovta bo‘lmas hech o‘yu xayolim,
Sendan rashk qilmaydi sevgan ayolim,
Butun erib bitdi g‘uboru g‘amim,
Ey, mening sog‘inchim, dilbar ko‘klamim!
KURASH
Izma-iz poylaydi o‘lim sharpasi,
Hayratdan ushlayman ba’zan yoqani:
Kimlar hadikdanu kimlar qo‘rquvdan
Makon etyaptilar doril baqoni!
Fitnayu fasodlar zug‘mida qolib,
Tahlika ichida umrim o‘tsa-da —
Tun nurdan qochganday qochyapti o‘lim,
Boisin so‘rsalar yangrar bir sado:
Kurashganing sari yashaging kelar,
Muhabbat yo‘lida tashlanar qadam.
Bekor kelib, bekor ketmoq fojea,
Ikki marta kelmas dunyoga odam!
DARDIM SIG‘MAS DUNYOGA
Dardim sigmas dunyoga,
Sig‘vlay qoldim o‘zim h.am.
Xayolimda bir-birin
Aldar ikki ko‘zim ham.
Kim do‘stimu kim dushman
Bila olmay men halak.
Ikkisi ham shirin so‘z,
Tushintir o‘zing, falak.
Onaning oq sutini
Kimdir o‘lchar pul bilan,
Kimdir kimga choh qazir
Qo‘lidagi gul bilan.
Salomdan ham naf izlar,
Gap tagidan gap izlar.
Yorni yordan ayirdi
Niqob tutgan shu yuzlar.
Ular biri-birini
Tez topadi hamisha.
Qaerda siz yaxshilar,
Manzilingiz qay go‘sha?!
Ko‘zingni och, ey Yo‘ldosh,
Yurak o‘tsiz bo‘lmasin.
Kuyga to‘ldir dunyoni,
Odamiylik o‘lmasin!
UMID
Bu dunyoning poyoni yo‘q,
Aniq-ravshan bayoni yo‘q,
Nomardlarning imoni yo‘q,
Do‘stingman deb kelganlarning
Nigohida ayoni yo‘q,
Shirin lutfim ochiq bo‘ldi,
Tinglaganim achchiq bo‘ldi.
Umrim bo‘yi sochgan mehrim
Yuragimga sanchiq bo‘ldi,
Ko‘ngil kuyib bir cho‘g‘ bo‘ldi!
Savollarim «netayin»mi,
Yo bosh olib ketayinmi?
Vafo desang jafo kelar,
Yo bu hukm atayinmi,
Dunyo shunday betayinmi?
Ishlamagan ezilmagan,
Olam odil tuzilmagan,
Hali tugal buzilmagan!
«Yo haq» degan sado keldi,
Umidlarim uzilmagan!
Izzat talab topmas izzat,
Qani, Yo‘ldosh, dildan kuzat»,
O‘z yo‘lingni o‘zing tuzat.
Zulmatdan ham nur qidirgin,
Umidvorga qo‘ling uzat!
QANI O‘TLI NIGOHLAR
Yolg‘on-yashiq so‘zlardan,
Niqob tutgan yuzlardan,
Hayosi yo‘q ko‘zlardan
Yuraklarim bezillar,
Qachongacha ezilar?!
Ko‘ngillarim buzilgan,
Nimalardir uzilgan,
So‘zlarim ham cho‘zilgan.
Uchganmikin yo cho‘g‘lar,
Muhabbatni kim yo‘qlar?!
Sog‘inganman yonishni,
Shirin-shirin xonishni,
Yo‘ldosh, yig‘ib ol hushni,
Qani quyoshu mohlar,
Qani o‘tli nigohlar?!
OYDIN KECHA
Oydin kecha, oy kecha,
Malohatga boy kecha.
Osmonda oy, yerda oy,
Oy tun bo‘yi soy kechar.
Tog‘larimiz lol unga,
Bog‘larimiz dol unga.
Ko‘zlar boqar porillab,
Shunday shirin xol unga!
Oy ko‘ringan ko‘chada
Ko‘ngil qushday uchadi.
Oqbadan tun nozlanib
Mayingina quchadi.
Boshim uzra suzadi,
Qo‘llarini cho‘zadi.
Yo‘llarimga nur to‘kib,
Xayolimni buzadi.
Bir ma’yuslik ichida
Ishq sharobin ichadi.
Aytolmagan so‘zlari
Tillarining uchida.
Oy, sha’ningga she’r o‘qiy,
Endi meni xoli qo‘y.
Yorim sendan ham xushro‘y,
Kela qol, ey, shirin o‘y:
Sodiqman o‘z roximga,
Ergashaman mohimga!
Yiqilaman poyiga,
Yetar bo‘lsa ohimga!
Sha’ning uchun she’r o‘qiy,
Oyjon, meni xoli qo‘y.
Yorim sendan ham xushro‘y,
Kela qol, ey, shirin o‘y!