OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zuhra Aliyeva (1952)

Zuhra Aliyeva 1952-yilda Quva shahrida tavallud topgan, Farg‘ona pedagogika institutini tamomlab, shahardagi 17-maktabda o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan.
She’rlari viloyat va jumhuriyat matbuotlarida chop etilgan.


ODAM BOLASI

Osmon o‘shal osmon, yulduz, oy o‘sha,
Suvlari shalola, toshqin soy o‘sha,
Tuprog‘u maysalar, yeru joy o‘sha,
Biroq o‘zgachadir Odam bolasi.

Kimlar oxiratning savobin o‘ylar,
Allakim boshliqning javobin o‘ylar,
Birov ekkan yerin tanobin o‘ylar,
Shunday, o‘zgachadir Odam bolasi.

Narxu navo degan ofatga qurbon,
Molu dunyo degan kulfatga qurbon.
Ne mardlar bitta past ulfatga qurbon,
Eh, bugun o‘zgadir Odam bolasi.

Ne-ne ajab zotlar aylandi qulga,
Sajdagohlar topib tillo-yu puldan,
Olloh bakor kelsin bunday mushkulga,
Ko‘ring, o‘zgachadir, Odam bolasi.

Hozircha, ba’zi bir baholar baland,
Yog‘och, tuproq, toshning bahosi baland.
Shukrkim, ko‘ngilning bahosi baland,
Voh, bugun o‘zgacha Odam bolasi.

Men bugun bahorni gulni sog‘indim,
Mehribon, dardkash bir dilni sog‘indim,
Zuhroday xokisor elni sog‘indim,
So‘zlarim anglasin Odam bolasi.


MASOFA

Umringiz yo‘llari uzundan-uzoq,
Hayot Sizga mangu berilgan go‘yo.
Farqiga bormaysiz, nimadir gunoh,
Yolg‘onlar to‘qiysiz, so‘zlaysiz ro‘yo.

Siz bo‘lgan davrada soxta tabassum,
Ma’nisiz kulgular, ig‘volar kezar,
Yurakda bir og‘riq sezgilar sim-sim,
Ko‘ngilda turfa xil g‘avg‘olar kezar.

Siz o‘zni sanaysiz olamda tanho,
Oy ham Sizga bo‘lsa, quyosh ham Sizga,
Oling: dunyo sizga, sizga shu ma’vo,
Faqat bir yulduzni koldiring bizga.

Ul tanho yulduzda Siz tuymagan dard,
Siz hech qachon sezmas alamlar bordir.
Ul bir mo‘‘jizadir tilsimga monand,
Sizga eshik ochmas olamlar bordir.

Sizga bu dunyoyu bizga u dunyo,
Demak Siz o‘zgayu biz o‘zga olam.
Masofalar olis, tosh otmang aslo.
Boshimiz yorilmas tosh tekkanda ham...


KO‘NGIL

Mardim, meni ma’zur tuting, fe’lim Sizga ayondir
Bu dunyoda suymaganim — xiyonatu yolg‘ondir.
Siz beparvo ag‘yor tutgan yolg‘onlarni ichdingiz,
Mehrim sindi. Endi uning tuzalmog‘i gumondir.

Xayr, dedim, hech tolmasin yotga bergan ko‘lingiz,
Qalbingizning devorlari tosh bo‘libdi, yor, endi,
Zanjir bo‘lgan o‘rim-o‘rim qaro sochlar dor endi.
Yo‘llarimni yoritmoqni bir egamdan so‘rayman,

Yolg‘on yo‘lda suyanganim nomus endi, or endi.
Xayr, dedim, hech tolmasin yotga bergan qo‘lingiz,
Tikanlardan xoli bo‘lsin, yorim, bosar yo‘lingiz,
Sizga omad tilay-tilay bir qayrildim ortimga:
Podshohim... Qurbaqaga tushgan ekan ko‘nglingiz...


EY DIL

Yaxshi so‘z bor bo‘lsin dunyoda,
So‘z ichra yomoni bo‘lmasin.
Rost bo‘lsin, oshkora bo‘lsinu
Va lekin nihoni bo‘lmasin.

Bol tutgan tillaring ostida
Og‘uli zaboni bo‘lmasin.
Dushmaning bo‘lsa ham mard bo‘lsin,
Qo‘rqog‘u nodoni bo‘lmasin.

Mehribon, sodiq deb bilganing
Ko‘nglida gumoni bo‘lmasin.
Do‘stona hol so‘rab kulganning
Ko‘ksida iloni bo‘lmasin.

Tong chog‘i lab ochgan g‘unchaning
Bemavrid xazoni bo‘lmasin.
Ey dil, sen sig‘ingan ko‘ngilning
O‘zga bir jahoni bo‘lmasin.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.