OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zuhriddin Ismoil (1962)

Zuhriddin Ismoil 1962 yilda tug‘ilgan. Dnepropetrovsk Meditsina institutini tugatgan. “Ko‘zmunchoq”, “Ko‘klam qo‘shig‘i”, “Muharrir”, “Ey, gul...” she’riy to‘plamlari chop etilgan.

BINAFSHA OLAMI

Shaftoli gulini suyaman-da, men,
Binafshani yodga soladi doim.
Gulzorlarga bormay qo‘yaman-da, men,
Xayolim egasi o‘sha guloyim.

Indamay turaman tilimni yutib,
Kutganim – ko‘klamning visollarida.
Bundan qish quturar tutqanoq tutib,
Ayozlar qiynashning xayollarida.

Yuzlar qizaradi, yuzlar xijolat,
Chimchillangan qo‘llar ming bitta tilim.
Faqat yuragimda fidolik – sabot,
Qor tagida uxlab yotganda gulim.

Elak to‘n yirtilib, teshiklaridan
Boshin ko‘taradi titragancha gul.
O‘zining ohorlik ko‘shklaridan
Ko‘kka talpingandek bo‘ladi duldul.

Erta-indin gullab qolar shaftoli,
Binafsha rangiga cho‘milar olam.
Shunda gaplasharmiz g‘amlardan xoli,
Shu kunga yetkazsin bizlarni har dam.

BOLALIKKA QAYTISH

Bugun chaqirmoqda devorga minib,
Bolalik, ko‘zlari chaqnagan tulpor.
Dumi yulingan qush terakka qo‘nib,
Juftidan xijolat, turar xokisor.

Ko‘chalar kengaydi ko‘ngillar kabi,
Bosgan izlarimiz ustida toshlar.
Mung‘ayib turibdi sevgi maktabi,
Bir-birin izlasin deb sinfdoshlar.

Chinobodsoy ko‘rsin qulochlarimiz,
Zambarko‘l bo‘yida gurlasin olov.
Ko‘zalardan toshsin ayronu qimiz,
Kuldirgichlar surtib, yuraylik yayov.

Faqat bir iltimos, telefonni qo‘y,
Qamchiq dovonida adashtir uni.
Manfaat o‘ylarin birdam unut, qo‘y,
Agar qaytsin desang yoshlikka meni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.