OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ayiqpolvon

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonlarda bir podshoh bo‘lib, uning Mahliyo, Muhabbat, Iqbol nomli uch qizi bo‘lgan ekan. Mahliyo yigirma ikki yoshga, Muhabbat yigirma yoshga, Iqbol esa o‘n sakkiz yoshga to‘lgan ekan, go‘zallik bobida yetti iqlimga dong‘i ketgan ekan.
Ammo podshoh qizlariga mamlakatning turli viloyatlaridan kelgan sovchilarni “U mening tengim emas, men qizlarimni o‘zimdan ham a’loroq shon-shuhratga ega bo‘lgan kishilarga beraman”, deb qaytara berar ekan.
Kunlarning birida bu qizlar otasining davlatini tomosha qilishib, bog‘i Eramda sayribog‘ aylashib, gulhovuz bo‘yiga kelib o‘tiribdilar. Gul ishqida sayrab turgan bulbullar, butoqlardan butoqlarga sakrab uchayotgan qushlar, ko‘klarda parvoz qilayotgan kaptarlar, uya g‘amlarini chekayotgan maynalarni ko‘rishib, o‘zaro suhbat boshlabdilar. Shunda Mahliyo gap boshlabdi:
— Ko‘ryapsanmi, tabiat qanday go‘zal yasangan, qushlar erkin uchadilar; shu hayot ko‘p afzal. Ular balandparvoz qilishib, jahon gulzorlarini sayr etishadi, — debdi. Muhabbat esa Mahliyoga javoban:
— Kelinglar, opa-singil biz ham uchov —
Bu dargohdan chiqaylik,
Ota davlati, taxti-baxtidan
Bizlar kechaylik.
Qafasga solingan to‘tidek doim
Hasratda o‘tmay,
Podshoh dargohini tashlab,
Bizlar ketaylik, —

debdi.
Shundan so‘ng Iqbol opalariga qarab:
— Opalar, endi biz oqshomda turib, egnimizga yigit libosini kiyib, ot minib qochmasak bo‘lmaydi, — debdi. Bu uch qiz oltin qafasga solingan to‘tidek, hech narsani ko‘rmay yoki sevgan yoriga yetmay yurishdan ko‘ra boshlarini shu dargohdan olib ketishni afzal ko‘ribdilar.
Yarim kechada Mahliyo, Muhabbat va Iqbol bog‘dan chiqib, sekin-asta otxonaga kirishibdi. Qarasalar, otboqar, poyloqchilar uxlab qolibdi. Uchala qiz yigitlar libosini kiyibdilar, yonlariga qilich, sovut-qalqon olishib, boshlariga qunduz telpak kiyishib, sochlarini bostirib, etik, shimlarni tarang tortib, bedov otlarga minishib, yigit suratida uzoq safarga ketibdilar.
Qizlarning saroydan chiqib ketganini hech kim sezmay qolibdi.
Qizlar tong otib, quyosh chiqqungacha ancha yo‘l bosib, notanish o‘lkalarga borib yetibdilar. Ammo to‘xtamasdan hamon yo‘lda davom etibdilar.
Ertalab podshoh uyg‘onib haramga kiribdi. So‘ngra qizlari maskaniga boribdi. Qarasa, hech kim yo‘q. Podshoh darg‘azab bo‘lib, saroy posbonlaridan qirqtasini o‘limga buyuribdi. Mamlakatning barcha xon-beklariga noma yozib, qizlarini izlab topishni buyuribdi va topgan kishiga bo‘yi barobar zar to‘kib, podshohlikning yarmini berishga va’da qilibdi, ammo qizlaridan darak topolmabdi.
Endi ikki kalima so‘zni qizlardan eshiting:
Uch qiz yo‘l yursa ham mo‘l yurib, necha shahar, daryo, sahrolar oshib, nihoyat bir tog‘ning kanorasiga yetib boribdilar. Тog‘ kanorasiga borganda yo‘l uch tomonga ketgan bo‘lib, o‘rtaga o‘rnatilgan bir toshga: “O‘ng tomonga yursang, borsa kelmas, o‘rta yo‘lga yursang, borsa dargumon, chap tomonga yursang, borsa kelar”, deb yozib qo‘yilgan ekan. Shu joyga kelganda qizlar toshdagi xatni o‘qibdilar va o‘zaro maslahat qilibdilar. Shu vaqt Iqbol turib opalariga:
— Men borsa kelmas, degan tomonga boraman. Baxt-iqbolimiz ochilsa, albatta, diydor ko‘risharmiz. Ammo har kimning erki o‘zida. O‘z ixtiyori bilan sevganiga turmushga chiqsin, — debdi. Muhabbat esa:
— Mayli men “Borsa dargumon”ga boraman, opamiz Mahliyo esa, “Borsa kelar”ga borsin, — debdi. Bunga uch opa-singil rozi bo‘libdilar. O‘sha kuni tog‘ kanorasiga kirishib, yotishibdi. Ertasiga tong otganda yo‘lga ravona bo‘libdilar. Mahliyo “Borsa kelar”ga, Muhabbat “Borsa dargu-mon”ga, Iqbol esa, ”Borsa kelmas” degan yo‘lga ravona bo‘libdi.
Iqbol yo‘l yursa ham mo‘l yurib, cho‘l-u biyobonlar oshib, necha mashaqqat-kulfatlarni boshdan kechirib, kunlarning birida qorong‘i tushganda baland tog‘ etagidagi o‘rmonzorga yetib boribdi. Bir pana joyni topib uyquga ketibdi.
Erta tong otishi bilan Iqbol o‘rnidan turib atrofga qarasa, baland tog‘lar, qalin o‘rmonzorlar, ko‘m-ko‘k dengizdan boshqa hech narsa ko‘ziga ko‘rinmabdi, hatto qaysi yo‘ldan kelganini ham bilmabdi. Bir vaqt uzoqdan bir narsaning tebranib o‘zi tomonga kelayotganini ko‘ribdi. Shu vaqt opalarining o‘zaro qilgan va’dalarini yodiga olib, “Nima bo‘lsang ham sen birinchi uchrading, sen meniki, men seniki” deb, kelayotgan narsaga qarab turaveribdi.
Bir vaqt haligi narsa Iqbol tomonga qarab kela boshlabdi. Qarasa, bir ayiq ekan. Iqbol salom berib ayiq huzuriga boribdi va o‘ziga hamsoyalikka qabul qilishini so‘rabdi.
Ayiq Iqbolni uyiga boshlab olib boribdi. Qiz ayiq bilan birga turmush kechira boshlabdi. Ayiq kechalari ovga chiqib, yon qo‘shni qishloqlardan mol-matolar, sigir-qo‘ylar o‘g‘irlab kelib, shu bilan bir necha yillar kun kechiribdilar. Ayiq o‘z yerto‘lasini zebi-ziynatlarga to‘ldirgan, qimmatli boyliklar to‘plagan ekan. Iqbol bu buyumlarning qaysi yurtdan, qanday oilani qaqshatib keltirilganiga achinar ekan. Ammo ayiqqa bu to‘g‘rida so‘z ochishga botina olmas ekan. Kundan-kun, oydan-oy, yildan-yil o‘tib, Ayiq bilan Iqbol o‘g‘illik bo‘lishibdi.
Тug‘ilgan bolaning belidan yuqori qismi odam, pastki qismi junli — ayiqsimon ekan. Bola kunda bir o‘sar ekan. Bolaning otasi ayiq esa, bu holni ko‘rib, bolaga o‘zini ko‘rsatmas, har kuni tong otishi bilan ona-bolani g‘orda qoldirib tepasidan tegirmon tosh bilan bekitib ketar ekan. Iqbol o‘z bolasining zerikmasligi uchun toshlar ko‘tarish, irg‘itish, qilich chopish, ot minish, kurash kabi o‘yinlarni o‘rgata boshlabdi.
Nihoyat o‘n to‘rt yoshga yetganda bola onasi Iqboldan:
— Mening otam bormi? — deb so‘rabdi. Onasi:
— Otang bor, biroq u odam qiyofasida emas, kechasi yurt talaydi, kunduzi o‘rmonda yotadi, — debdi. Bola bunga g‘azablanib, otasining oldiga bormoqchi bo‘lganda, onasi:
— G‘or og‘zida tegirmon tosh bor, uni ko‘tarib ocha olmaysan, — debdi. Bola tosh ko‘tarish ishiga mohir bo‘lganidan, toshni bir hamla bilan ko‘tarib g‘or og‘zidan yuz qadam joyga uloqtirib tashlabdi-da, o‘rmon tomonga yura boshlabdi. O‘rmonda yotgan ayiq bu holni ko‘rib, g‘azablanibdi va bolaga hamla qila boshlabdi. Shu vaqtda kurash va chaqqonlikka mohir bo‘lgan bola ayiqni tanimay, unga nisbatan xirs qilib, kurashda ayiqni yengibdi, natijada ayiqni tosh bilan urib o‘ldiribdi. Ammo o‘rmonni ko‘p izlab otasini topa olmabdi. Yurib-yurib kun kech bo‘lganda onasi oldiga kelib, qandaydir bir hayvon bilan olishib, uni o‘ldirgani, otasini izlab topa olmaganini aytibdi.
Bundan xabardor bo‘lgan ona bolasi bilan o‘rmonga boribdi. O‘lgan hayvon otasi ekanini bolaga bildiribdi. Shundan keyin barcha voqeadan Iqbol bolani xabardor qilib, o‘z sarguzashtini so‘zlab beribdi.
— Bolam, men Kan’on viloyati podshohining qizi edim. Mening Mahliyo, Muhabbat nomli opalarim bor edi. Otamiz zolim, o‘z erkimizga qo‘ymaganidan, ota dargohidan chiqib, yigit libosini kiyib, sovut-qalqon taqib, bedov otga minib, borsa kelmasga g‘ozlanib, shu joylarga kelganman.
Sening otang — shu ayiq bu tomonlarga kimki kelsa o‘ldirgan, mol-mulkini talab, nom-nishonini o‘chirgan. Shuning uchun bu yerlarni, “Borsa kelmas” deb atagan ekanlar. Opalarim Mahliyo bilan Muhabbatlar boshqa yo‘ldan — “Borsa kelar”, “Borsa dargumon” kabi joylarga ketganlar, — debdi.
Shundan so‘ng ona-bola Kan’onga qarab yo‘l olibdilar. Yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Kan’on viloyatiga yetib boribdilar.
Ona-bola Kan’on viloyatidagi musofirxonaga tushibdilar va o‘zlarining Kan’on shohinikiga mehmon bo‘lish uchun kelayotganlarini so‘zlabdilar. Shunda bir donishmand qo‘shchi ho‘kizlarini ko‘lankaga bog‘lab turgan ekan, musofirxonaga kelib tushgan kimsaning ayol ekanligi, oldidagi navqiron yigitcha uning o‘g‘li ekanligini payqab, bundan bir necha yillar ilgari podshohning uch qizi g‘oyib bo‘lgani, podshoh ularni topgan odamga bo‘yi teng zar to‘kib, shohlikning yarmini bermoqchi bo‘lganini xotirlab, podshohga bu xabarni yetkazibdi.
Ammo podshoh bunga ishonmay, bu qo‘shchi yolg‘on so‘zlab, podshohdan suyunchi olaman degan bo‘lsa kerak, deb darhol uni zindonga tashlatibdi.
Podshohning bir dono vaziri bor ekan. Bu qo‘shchi yigit yolg‘on gapirmasa kerak, deb bir amallab musofirxonaga borib, haqiqatan podshohning kichik qizi Iqbolning o‘z o‘g‘li bilan ota yurtiga kelganini bilibdi. Saroyga kelib shohga bu voqeani aytibdi. Podshoh sevinganidan butun mamlakatga xabar qilibdi. Necha xil izzat-ikromlar bilan qizini podshoh huzuriga olib kelibdilar. Podshohning hamma qarindoshlari, xon-beklari, amir-amaldorlari qozikalon shariat peshvolari yig‘ilishibdi. Bu sevinch sharafiga katta bazmlar o‘tkazishibdi: Iqbolning o‘g‘liga “Xolpolvon” deb nom qo‘yibdilar. Iqbol o‘z o‘g‘li bilan shoh saroyida bir go‘shada hayot kechira boshlabdi. Ammo Mahliyo va Muhab-batlardan darak topilmabdi. Podshoh aytgan va’dasini vazirga berishga ko‘zi qiymay: “Qo‘shchi yigitning gapi rost chiqdi, shuning uchun uning bu xabari evaziga zar va podshohlikning yarmini berishdan ham a’loroq, uni zindondan bo‘shatishga ijozat beraman”, debdi. Yigitni o‘z huzuriga chaqirib, bundan keyin birovlardan eshitgan gap uchun podshohdan in’om olaman, deb yolg‘on gapirmagin, seni o‘ldirmoqchi edim, biroq rahmim kelib, mening haqimga duo qilar deb, seni zindondan bo‘shatdim, debdi. Yigit “qulluq” qilib o‘z yurtiga jo‘nab ketibdi.
Podshoh uch qizidan biriga ega bo‘lganiga shukrlar qilib, Xolpolvonni tarbiyalay boshlabdi. Xol polvon kundan-kunga, oydan-oyga yetilib, katta bo‘lib, ko‘cha-ko‘yga chiqib, o‘z tengqurlari bilan o‘ynab yuribdi. Kunlarning birida Xolpolvon ko‘chaga chiqsa, bir necha yosh yigitlar oshiq o‘ynayotganini ko‘rib, yugurganicha Iqbol oldiga kirib:
— Menga ham oshiq yasab berasan, — debdi. Onasi unga har biri bir botmondan keladigan to‘rtta cho‘yan oshiq yasab beribdi. Xolpolvon oshiqlarini ko‘chaga olib chiqib o‘ynaganida, oshiq bir necha yigitlarga tegib ketib ko‘plarni mayib qilibdi. Orada katta janjallar chiqibdi, Xolpolvonga hech kimning kuchi yetmabdi.
Ota-onalar podshohga shikoyat qila boshlabdilar. Podshoh esa, saroy a’yonlarini yig‘ib, bu to‘g‘rida kengash o‘tkazibdi. Donishmandlardan biri turib so‘z boshlabdi:
— Ey shahanshohi olam, dunyoda hech kimsa o‘z nasl-nasabini o‘ldirgan emas. Kimsan Kan’on viloyatining podshosi arzimagan gunoh uchun nevarasini o‘ldiribdi, degan gap tarqalsa, yaxshi bo‘lmaydi. Undan ko‘ra, bolaning qonini to‘kmasdan, uni uzoq safarlarga, borsa kelmas joylarga yuborish kerak. U o‘sha tomonlarda nomsiz-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketsin, — debdi.
Podshoh boshqalardan ham maslahat so‘rabdi. Shu vaqtda majlisda o‘tirgan kishilardan biri o‘rnidan turib, podshohga qulluq qilib, so‘z boshlabdi:
— Yaxshisi, Xolpolvonni devlar mamlakatiga yuborish kerak, uni devlar halok qilsin, onasi o‘zini kasallikka solib yotsin. Bola undan hol-ahvol so‘raydi. Shunda onasi, kasali qattiqligini, devlar mamlakatida o‘sadigan hayot daraxtining ildizi va yaprog‘ini qaynatib ichmasa, odam bo‘lmasligini aytsin, debdi. Shundan keyin bola u hayot daraxtining ildizini izlashga ketadi, qaytib kelmaydi. Shundagina mahalla-ko‘y dod-faryoddan, podshohimiz esa arzdod tinglashdan qutuladi.
Bu maslahat podshohga ma’qul tushibdi. Bir vaqt bola ko‘chadan kelib, onasining qattiq kasal bo‘lib yotganini ko‘ribdi. Bola kasallik sababini so‘raganda, devlar mamlakatidagi hayot daraxtining ildiz va yaproqlarini qaynatib ichsa, tuzalishini bayon qilibdi. Shu kundan boshlab Xolpolvon o‘sha daraxtning ildiz va yaproqlarini keltirish uchun boshiga temir dubulg‘a, egniga sovut, oyog‘iga o‘ttiz botmon po‘stakdan cho‘qay1 tikib, qo‘liga qalqon olib, devlar mamlakatiga ravona bo‘libdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Kan’on shohining nabirasi Xolpolvon devlar mamlakatiga yurish qilganmish, degan gaplar tarqalib ketibdi.
Bu dovruqni eshitgan ne-ne pahlavonlar o‘zlarini chog‘lab, bellarini bog‘lab, kurashga hozirlanib, Ayiqpolvonni (Xolpolvonni) qidirishib, yura beribdilar...
Ayiqpolvon yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir sahroga chiqibdi. Yo‘lda bir navqiron yigitning ikki qo‘lida ikkita tegirmon toshni ko‘tarib, uni olmadek osmonga otib o‘ynab turganini ko‘ribdi. Bola unga yaqinlashib salom beribdi va undan bu tegirmon toshlarni olmadek o‘ynab mashq qilish sababini so‘rabdi. Тosh o‘ynamoqda davom etayotgan pahlavon:
— Eshitishimga qaraganda, Kan’on viloyatidan bir Ayiqpolvon degan chiqibdi. U juda zo‘r pahlavon emish. O‘sha bilan kurashish uchun kuchimni sinagani mana shu toshlarni o‘ynab mashq qilayotirman. Juda katta bo‘lsa, bir tegirmon toshining og‘irligicha bo‘lar-da, — debdi. Shunda bola:
— Ey, pahlavon yigit! Men o‘sha Kan’on viloyatidan kelayotirman. O‘sha Ayiqpolvonning qo‘shnisi bo‘laman. Har zamon kurashga tushganimizda goh u meni, goh men uni yiqitar edim. Agar sen meni yiqitsang, uni ham yiqitgan bo‘lasan, — debdi.
Shundan so‘ng har ikkisi ochiq maydonda kurashga tushibdilar, Ayiqpolvon tosh o‘ynab yurgan pahlavonni ko‘tarib turib yerga bir urganda, u tizzasigacha yerga botib ketibdi. Shunda:
— O‘sha sen aytgan Ayiqpolvon men bo‘laman, — debdi. Тoshchi polvon unga qoyil qolibdi va ikkovi aka-uka bo‘lib yo‘lga ravona bo‘libdilar.
Bular yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir tog‘ oralig‘iga yetib boribdilar. Qarasalar, bir pahlavon yo‘llarini to‘sib, bir tog‘ni ikkinchi bir tog‘ o‘rniga irg‘itib, ikkinchi tog‘ni esa ko‘tarib, irg‘itib, o‘ynab turgan ekan. Bu ahvol sababini so‘raganlarida, haligi Тog‘chi polvon:
— Kan’on viloyatida bir Ayiqpolvon degan chiqibdi. O‘sha bilan kurashish uchun kuchimni sinamoqdaman, — debdi. Shunda Ayiqpolvon:
— Bo‘lmasa men bilan kurash tush, chunki yoshlikda Ayiqpolvonning necha kurashlarida bo‘lganman. Goh u meni, goh men uni yiqitar edim. Agar meni yengsang, albatta, Ayiqpolvonni ham yengasan, — debdi.
Ular kurash tushibdilar, Ayiqpolvon Тog‘chi polvonni ko‘tarib turib yerga bir urib, ko‘kragigacha yerga botirib yuboribdi va o‘zini tanitibdi.
Uchala polvon do‘st bo‘lishib, yana uzoq yo‘lga jo‘nabdilar.
Тun qorong‘isida bir qishloqqa yetib boribdilar, shu qishloqda tunamoqchi bo‘lishibdi. Bir cholga duch kelishib, undan biror kecha yotib ketish uchun joy so‘raganlarida, haligi chol:
— Bolalarim, men sizlarga jonim bilan joy beraman. Biroq bu joylarda kunduzi dev, kechasi esa o‘g‘rilar tinchlik bermaydi. Shuning uchun dalada qo‘sh haydasak ham hech tovush chiqarmaymiz, qorong‘i tushishi bilan uylarimizga kirib, navbatchilik bilan tong ottiramiz. Shuning uchun sizlarga ham joy to‘g‘risida aniq javob bera olmayman. Agar tavakkal desalaring, mayli, — debdi.
Bunga yigitlar rozi bo‘libdilar. Ayiqpolvon cholga shu qishloqni xavf-xatardan saqlab, so‘ngra yo‘lga chiqishini bildiribdi. Cholning uyida uch kun tunabdilar. Kunduz kunlari ovga chiqibdilar. Kunlardan bir kuni chol bu uch bahodir yigitdan qanday maqsad bilan, qayerdan kelayotganlarini so‘rabdi. Ayiqpolvon devlar mamlakatiga hayot daraxtining ildiz va yaproqlaridan olib kelishga ketayotganini aytibdi. Shunda chol:
— Sizlar bormoqchi bo‘lgan manzil ko‘p mashaqqatli yo‘ldir. U yerga faqat devlarni minib borish kerak. O‘zlaringizga qirq kunlik obi-ovqat g‘amlashingiz shart. Bizning joylarni vayron qilayotgan devlar ham o‘sha mamlakatdandir, — debdi. Yigitlar cholning uyida uch kun tunagan bo‘lsa ham, hech qanday dushmanni uchratmabdilar. Shu kunlarda dev va o‘g‘rilar yon qo‘shni qishloqlarni xonavayron qilganligi haqidagi xabar tarqalibdi.
Ayiqpolvon choldan bu xabarni eshitib, obi-ovqat g‘amlash maqsadida dalaga chiqib ketibdi. Ertalab uchovlon ovga chiqibdilar. Ko‘p ilvasinlar ovlabdilar. Nihoyat qorinlari ochganda bir ko‘prik oldiga borib yetibdilar. Qarasalar, bir tup chinor daraxti o‘sgan, taglari salqin, supalar ko‘tarilgan, o‘choqlar qazilgan, qozonlar to‘ntarilgan joy. Dala tuzdan o‘tin yig‘ishib, ov-o‘ljalarini qo‘yishib, Тoshchi polvonni oshpaz qilib qoldirib, Тog‘chi polvon bilan Ayiqpolvonlar ovga ketishibdi. Тoshchi polvon sho‘rvani pishirib turgan paytida, ko‘prikning tagidan bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich bir narsa “qiy-qi-qiy” deb chiqib kelibdi-da, soqolining bir mo‘yi bilan haligi Тoshchi polvonning qo‘l-oyog‘ini mahkam bog‘lab, qaynab turgan sho‘rvani ichib, suyaklarini purkib ketibdi.
Ayiqpolvon bilan Тog‘chi polvon ovdan ko‘p ilvasinlar ushlab kelsa, qozonda sho‘rva yo‘q, Тoshchi polvon qo‘l-oyog‘i bog‘langan holda yotibdi. Тoshchi polvon voqeani so‘zlab beribdi. Bu gal oshpazlikka Тog‘chi polvonni qoldirib, Ayiqpolvon bilan Тoshchi polvon ovga ketibdilar. Bu safar ham ilgarigidek hol ro‘y beribdi. Тog‘chi polvonning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, sho‘rvani boyagi maxluq ichib ketibdi. Ammo unga Тog‘chi polvonning kuchi yetmabdi. Nihoyat, uchinchi kuni navbat Ayiqpol-vonga kelibdi.
Ayiqpolvon ilvasinlarni tozalab, sho‘rvaga solib pishirib, tura beribdi. Bir vaqt qarasa, ko‘prik ostidan bo‘yi bir qarich, soqoli qirq qarich bir maxluq chiqib, to‘g‘ri Ayiqpolvonning oldiga kelib:
— Yigit, sho‘rvangiz pishdimi?— deb so‘rabdi.
— Ha, pishdi, — deb Ayiqpolvon bir kosaga sho‘rva quyib beribdi. Sho‘rvani haligi maxluq bir ho‘plabdi. Soqolidan yulishga harakat qilayotganini sezib qolgan Ayiqpolvon bir tarsaki bilan uni o‘ldiribdi. Shu vaqt ovdan kelayotgan Тoshchi polvon bilan Тog‘chi polvon o‘zaro so‘zlashib, u maxluq Ayiqpolvonni ham bog‘lab ketadi, Ayiqpolvonning ham kuchi yetmaydi, agar bog‘lab ketsa, Ayiqpolvonni o‘ldiramiz, unga qaramlikdan qutulamiz, — degan maslahat bilan kelishib qarashsa, sho‘rva pishgan, Ayiqpolvon kulib o‘tirgan emish.
Haligi maxluq esa qozon boshida o‘lib yotgan emish. Shundan so‘ng uchovlari sho‘rvani ichibdilar, qorinlarini to‘ydiribdilar, keyin ovga chiqib ketibdilar.
Yo‘lda bir chohga uchrabdilar. Bu choh nihoyatda chuqur, ammo tagidan jaranglagan, xo‘rozlar qichqirgan ovoz eshitilibdi. Bu chohning sirini bilish uchun uning ichiga tushmoqchi bo‘libdilar.
Тurli o‘simlik va daraxt qobiqlaridan arqon eshib, eng avval Тoshchi polvonni chohga tashlabdilar. Ammo u chohning yarmiga yetmasdan, issiqlik haroratiga chiday olmasdan dodlay boshlabdi. Uni chohdan tortib olibdilar. Undan so‘ng Тog‘chi polvonni tashlabdilar, u ham chohning ikkinchi qismiga borganda issiqlik haroratiga chiday olmay dodlay boshlabdi. Uni ham chohdan tortib olishibdi. Navbat Ayiqpolvonga kelganda, u:
— Men qancha dod-faryod etsam-da, chohning tubiga yetmagunimcha, bu yoqqa tortib olmanglar, — debdi.
Shundan keyin Ayiqpolvonni chohga tushiribdilar. Chohning issiqlik harorati qancha ko‘p bo‘lmasin, Ayiqpolvon bardosh beribdi. Nihoyat chohning tagiga yetibdi.
Ayiqpolvon chohning tagiga tushib qarasa, quyosh shu’la sochib turgan bir mamlakatga borib qolibdi. Yigit sayohat qilib yurib bir joyga borsa, bir bino ichida go‘zallar go‘zali bo‘lgan bir qiz oltin sandiqqa suyangan holda yig‘lab o‘tirgan emish. Yigit uni ko‘ribdi-yu, oshiq bo‘lib qolibdi. Qizdan bu mamlakatning otini va nima uchun bu yerlarda yolg‘iz o‘tirganini so‘raganda, u o‘zining bir podshoh qizi bo‘lganini, bu yerga sehr bilan bir dev olib qochib kelganini, bu mamlakat esa, devlar makoni ekanini so‘zlabdi.
Yigit qizni yorug‘ dunyoga chiqarib, so‘ngra u bilan turmush qurish orzusini so‘zlaganda, qiz:
— Bu yerlardan odamzod qochib ketolmaydi.— debdi.
Yigit u qizni oltin sandiqqa solibdi, g‘or og‘ziga kelib sandiqni arqonga bog‘lab, sheriklariga ishora qilibdi. Sheriklari sandiqni chohdan tortib olibdilar-u, uning ketidan chiqayotgan Ayiqpolvon osilgan arqonni uzib yuboribdilar.
Ayiqpolvon yer yuziga qaytib chiqish ilojini topolmabdi. Yer ostidagi mamlakatni keza boshlabdi. U yerda turli-tuman narsalarni ko‘rsa ham, insonni uchratmabdi. Kunlardan bir kun g‘amgin bo‘lib o‘tirgan paytda bir chol uchrab:
— Ha bo‘tam, nimaga g‘amgin bo‘lib bu yerlarda adashib yuribsan? —debdi. Ayiqpolvon o‘zining boshidan o‘tgan voqealarni cholga so‘zlab beribdi. Bunga rahmi kelgan chol:
— Bu yerda yana qirq kun tursang, devlarga yem bo‘lasan. Chunki bu joylar devlar mamlakati. Devlar uyquga ketgan. Yana qirq kunda uyg‘onadilar. Mana bu baland tog‘ tepasiga chiqib qarasang, bir tup chinor ko‘rinadi. U chinorga semurg‘ uya solgan. Har yili ikkita bola ochadi. Bolasini bir ajdar yeb ketadi. Yana yigirma bir kunda ajdar chinorga yopishadi. Uni o‘ldirsang, ehtimol, bolalarini o‘limdan saqlaganing evaziga semurg‘ sen izlagan hayot daraxtini topib berar, — deb ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Yigit chol ko‘rsatgan tomonga boribdi. Yigirma bir kun poylab, nihoyat, chinorga ajdar yopishgan paytida kamonidan o‘q uzib, uni yiqitibdi, so‘ngra qilichi bilan chopib tashlabdi. Bu ahvoldan shodlangan qush bolalari g‘azab bilan uchib kelgan onasiga, odam bolasining qilgan yaxshiligini so‘zlabdi. Shunda semurg‘ ham yigitga yaxshilik qilmoqchi bo‘libdi. Ayiqpolvon:
— Meni yer yuziga chiqarib, hayot daraxti qayerda ekanligini ko‘rsatib qo‘y, — debdi.
Semurg‘ yigitni qanotlari o‘rtasiga mindirib, parvoz qilibdi. Uzoq uchib borib bir manzilga yetibdi, bir tog‘ ustiga tushib:
— Endi ko‘zingni och, yer yuziga chiqding. Sen istagan hayot daraxti yer yuzida. Shu tog‘ning kun chiqishiga qarab yursang, boshi ko‘klarga yetgunday bir daraxt bor. Shu daraxt atrofida odamlar dehqonchilik qiladi. O‘sha dehqonlardan so‘rasang, murodingga yetasan. Mening boshqa so‘zim qolmadi, — deb uchib ketibdi.
Yigit tog‘ning kun chiqish tomonidagi bir joyga borib qarasa, bir dehqon qo‘sh haydamoqda ekan. Yigit dehqonga salom berib “Hormang, ota”, deganda u:
— Bolam, sekin tovush chiqar, bu yerlar juda xatarli. Biror sharpa eshitilguday bo‘lsa, devlar chiqib, hammamizni ham yeb ketadi, — debdi. Yigit:
— Ota, men ochman, ovqat topib bering, men qo‘shingizni haydab turay, — debdi. Dehqon ovqat keltirishga ketibdi. Yigit baland ovoz bilan “Xo‘sh, xo‘sh!” — deb ho‘kizlarni haydayotganda ikki dev yugurib kelib, yigitga hujum qila boshlabdi. Yigit epchillik bilan ikki devning quloqlaridan mahkam ushlab, ho‘kizlar o‘rniga omochga qo‘shib, dehqonning yerlarini haydab tamomlab, bo‘sh yotgan qo‘riq, adir va qirlarni hayday boshlabdi. Dehqon bu ishni ko‘rib, sevinibdi. Yigit, dev-larning burnidan zanjirband qilib, bir daraxtga bog‘lab, biroz ovqatlanibdi-da, dehqonga:
— Mana endi bemalol ekin eka berasizlar! — debdi. Dehqon sevinganidan yigitni nima bilan xursand qilishni bilmay qolibdi.
Shunda yigit:
— Ota, menga hayot daraxtini ko‘rsating, uning ildiz va yaproqlaridan olay, tezroq olib borib, onamning kasalini davolay, — debdi.
Shunda dehqon:
— Bolam, ana shu ko‘rinib turgan ulkan daraxt hayot daraxtidir. Uning soyasida doim devlar yotganidan hozirgacha hech kim undan bahramand bo‘lolmagan. Mana endi sen devlarni bandga solding, bizni ham xavf-xatardan qutqarding, biroq uni uzoq yo‘lga ko‘tarib bora olarmikinsan? — debdi. Shunda yigit daraxtni ildiz-pildizi bilan devlarga ortib, ustiga o‘zi o‘tirib, ona yurtiga ravona bo‘libdi.
Bir necha manzil yo‘l yurib, bir joyga kelsa, ikki kishi o‘rtaga bir narsani qo‘yib, o‘zaro mushtlashmoqda ekan. Ular tomonga yaqin borsa, boyagi o‘zining sheriklari Тoshchi polvon bilan Тog‘chi polvon mushtlashmoqda. Ular chohdan chiqarilgan oltin sandiqni talashib, bir necha kunlardan beri urushmoqda ekanlar. Bu holni ko‘rgan Ayiqpolvon vafosiz do‘stlarini shu joydagi chohga tashlab yuboribdi. Sandiqni hayot daraxti ustiga yuklab, dastlab uch kun tunagan cholning uyiga kelibdi. Unga bo‘lgan voqealarni aytibdi. Chol ham endi tinch yashayotganlarini aytib, yigitga minnatdorchilik bildiribdi.
Yigit xayrlashib, o‘z yurtiga jo‘nabdi. Ayiqpolvonning kelayotganini eshitgan saroy ahllari sarosimaga tushibdi. Necha kun, necha vaqt yo‘l yurib, Ayiqpolvon Kan’on shahriga kirib kelibdi.
Тumonat odam ko‘chaga chiqib qarasa, bir katta daraxtni devlarga sudratgan, tepasiga oltin sandiq ortgan Ayiqpolvon eson-omon kelayotgan emish.
Daraxt tor ko‘chalardan zo‘rg‘a sig‘ib, hamma yoqni tep-tekis qilib, Kan’on viloyati shohining saroyiga yetib kelibdi. Bola uyga kirib onasi bilan ko‘rishibdi. Hayot daraxtini keltirganini so‘zlabdi.
Ayiqpolvon devlarni otxonalarga bog‘lab tashlabdi. Bunday ahvolni ko‘rgan saroy ahllari yana Ayiqpolvonni yo‘qotish chorasini qidiribdilar. Ammo Ayiqpolvon bundan xabardor bo‘lib, ularga qarshi kurashibdi. Orada urush boshlanibdi. Ayiqpolvon podshohning butun askar-lashkarini qirib tashlabdi. Onasining iltimosi bilan Mahliyo va Muhabbat nomli xolalarini ham ne-ne mashaqqatlar bilan topib kelibdi.
Ularni o‘z yurtiga keltirib turmushga chiqaribdi. Ayiqpolvon esa asir tushirib keltirgan devlarini qo‘shga qo‘shib, butun qishloqning yerlarini haydab, yuklarini tashib, oltin sandiqda keltirilgan malikaga uylanib, juda tinch hayot kechira boshlabdi. Butun mamlakat xalqi Ayiqpolvonni sevib qolibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.