Bir dehqon qo‘sh haydab turgan ekan, podshoning qushbegisi ot minib katta yo‘ldan o‘tib qolibdy. Dehqonga ko‘zi tushib:
— Hormang! — debdi.
Dehqon eshitsa ham o‘zini eshitmaganga solib, "xo‘sh, jonivor!" deb ho‘kizlarini qaytarib, yerni hayday beribdi. Bek "Qulog‘i karmi buning, nega indamaydi, yoki bu chol meni pisand qilmayaptimi", deb o‘ylabdi va yana unga qattiqroq:
— Hormang! — debdi.
Dehqon boshini bir qimirlatib, yana ishini davom ettiraveribdi. Bek g‘azablanib jo‘nab ketibdi. Qo‘rg‘onga borib, xizmatkorlariga buyruq beribdi.
— Boringlar, o‘sha dehqonning qo‘lini orqasiga bog‘lab, shu yerga haydab kelinglar.
Girandalar dehqonni ushlab, qo‘lini orqasiga bog‘lab, bek qoshiga olib kelishibdi. Dehqon bekni ko‘rib:
— Assalomu alaykum, bor bo‘ling, bor bo‘ling, — debdi.
Bek:
— Ey ahmoq chol, qo‘ling orqangga bog‘landi, oldimga kelding, endi o‘lishingni bilding. Dalada ikki marta "Hormang", desam ham "Bor bo‘ling", demading, — debdi. Shunda dehqon:
— Taqsir, o‘sha vaqtda ekadigan yerimning obi-tobi joyida edi, "bor bo‘ling" deyishga ham vaqtim yo‘q edi. "Tobidan qochmasin", dedim. Endi oldingizga keldim qancha "bor bo‘ling" kerak bo‘lsa, olavering, — debdi.
— Bir botmon yerdan qancha g‘alla olasan?—debdi bek. Dehqon:
— Taqsir, agar ikkita yaxshi ho‘kizim, bir xizmatkorim bo‘lsa, bir botmon yerdan ikki yuz botmon g‘alla olaman, — debdi.
Bek:
— Agar bir botmon yerdan ikki yuz botmon g‘alla olsang olganing, bo‘lmasa, boshing o‘limda, moling talovda, — debdi-da, bu so‘zni xatga yozib, muhr bostirib beribdi.
Ana endi dehqon bir botmon yerni mo‘ljallab, tizza bo‘yi qilib haydatibdi, tuprog‘ini almashtirib tobiga keltiribdi. Dehqon yerga oq jo‘xori ekibdi. Jo‘xorilar ikki quloch bo‘lganda orasiga lavlagi ham sepibdi. Lavlagi dum tortibdi, har bir lavlagi tagiga chelak-chelak go‘ng solibdi. Lavlagi barg chiqarganda, bitta qo‘ymay barglarini yulib olibdi. Jo‘xori ham yetilib shamol bo‘lsa, takalagi bir-biriga urilib shovullay boshlabdi. Lavlagining har bittasi ko‘zaday-ko‘zaday bo‘lib yetilibdi. Dehqonning hosili yetilib tayyor bo‘libdi. Bek va amaldorlar kelib:
— Qani, dehqon, bir botmon yerdan ikki yuz botmon hosil olganingni ko‘rsat-chi! — debdi.
Dehqon oq jo‘xorini yig‘ib, yanchib, o‘lchatib qarasa, yuz botmon chiqibdi. Shunda bek:
— Ikki yuz botmon hosil olaman degan eding-ku, qani qolgan yuz botmon hosil? — debdi.
Dehqon:
— Shoshilmanglar, hozir ekinimning bolasini oldinglar, onasi hali yerda yotibdi, — debdi.
Bekning xizmatkorlari lavlagini yig‘ib olib qarashsa, har qaysisi ko‘zaday-ko‘zaday kelar emish. Ularni o‘lchashsa, ikki yuz botmon chiqibdi. Bek dehqon o‘z mo‘ljalidan ziyoda hosil olganini ko‘rib, alamiga chidolmay, g‘azablanib:
— Sen shuncha hosilni nima qilasan, bu hosil beklikka kerak, — debdi va xizmatkorlariga:
Bu hosilning uchdan biri qoldirilib, qolgani qo‘rg‘onga olib ketilsin! — deb buyuribdi.
U otini minib, qo‘rg‘on tomonga qarab jo‘nabdi.
Dehqon shuncha mo‘l hosil olsa ham, o‘z mehnatining natijasidan mahrum bo‘lib qolaveribdi.