Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda Botir ismli bir yigit bor ekan. Qari onasidan boshqa hech kimi yo‘q ekan. Ona-bola kundalik tirikchiliklarini zo‘rg‘a o‘tkazishar ekan. Kunlardan bir kuni uyda chaksa un ham qolmabdi. Botir yarim qop bug‘doyni ko‘tarib, un qilish uchun tegirmon izlab ketibdi. Yo‘lda xashak orasidan ikkita tuxum topib olibdi. “Bu ham xudoning marhamati”, deb cho‘ntagiga solib biroz yuribdi. Qarasa, yo‘lda bir xurmacha qatiq turgan emish. Botir sevinib, xurmachani qo‘liga olibdi. So‘ngra “Buni tegirmonga olib borsam, tegirmonchilar ichib qo‘yishlari aniq, bu yerga qo‘yib ketsam, boshqa yo‘lovchi ichib qo‘yadi”, deb o‘ylabdi-da, uni yerga ko‘mib ketibdi.
Yana biroz yurgandan keyin qarasa, yo‘lda bir xum turgan emish. “Qaytishda olib ketaman”, deb buni ham yerga ko‘mib, belgi uchun ustiga bitta cho‘p suqibdi-da, yo‘lga tushibdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir tegirmonga yetibdi. Тegirmonning ichiga kirsa, hech kim yo‘q emish. Qop-qop un tiralib turganmish. Botir unlarni ko‘rib, shoshib qolibdi. Bug‘doy olib borgan qopini unga to‘ldirib, qaytmoqchi bo‘libdi. Biroq kun kech bo‘lib qolganligidan, shu kechani tegirmonda o‘tkaz-moqchi bo‘libdi.
Тegirmon devlarniki ekan. Kech kirishi bilan devlar qo‘ng‘iroq, do‘mbiralarini chalib, bazm qilib kelishibdi. Botir avvaliga qo‘rqibdi. Keyin o‘zini tutib olib, ichida: “Kel, nima bo‘lsam bo‘ldim, bularga bir do‘q qilib ko‘ray”, deb o‘ylab, devlarga:
— Bu otamning tegirmoni edi. Sizlar buni egallab olibsiz, men sizlar bilan olishib tegirmonni qaytarib olish uchun keldim, — debdi.
Devlarning podshosi o‘rtaga tushib:
— Qani, kel bo‘lmasa, kurashaylik, — debdi. Botir dev bir ursa kul-kul bo‘lib ketishiga ko‘zi yetib juda qo‘rqibdi. Shunday bo‘lsa ham bo‘sh kelmay, do‘q qilaveribdi, devlarga qarab:
— Uchta shartim bor. Shu shartlarni bajarsangiz, maydonda kurashamiz, bajara olmasangizlar tegirmon meniki bo‘ladi, — debdi.
— Ayt shartingni, — debdi dev.
— Birinchi shartim, mana shu daraxtni qo‘l bilan siqib, suvini chiqarib yuborasiz, — debdi.
Devlar hammasi birma-bir, navbatma-navbat, daraxtni siqib ko‘rishibdi. Hech qaysisi daraxtning suvini chiqara olmabdi. Botir turib:
— Mana, menga qaranglar, — debdi-da, devlardan bekitib cho‘ntagidan ikkita tuxumni olib, daraxtga qo‘shib siqibdi, tuxum chaqilib ketibdi.
— Ana, sizlar daraxtning suvini chiqara olmadinglar, men bo‘lsam, hatto yelimini chiqarib yubordim,— debdi. Devlar hayron bo‘lib qolishibdi.
— Ikkinchi shartingni ayt, — debdi ular.
— Ikkinchi shartim, yerni bir tepganda qatig‘ini o‘ynatib yuborish, — debdi Botir.
Devlarning podshosi o‘rtaga tushib:
— Bu shartni men bajaraman, — deb g‘azab bilan yerni bir necha bor tepsa ham hech narsa chiqara olmabdi. Izza bo‘lgan dev Botirga:
— Qani endi o‘zing chiqar-chi! — debdi.
— Beri kelinglar, — deb Botir devlarni o‘zining qatiq ko‘mib qo‘ygan yeriga olib boribdi. Ko‘milgan joyni mo‘ljallab turib bir tepgan ekan, qatiq har tarafga otilib ketibdi. Buni ko‘rib devlarning o‘takasi yorilibdi.
Shunday bo‘lsa ham, uchinchi shartni eshitmoqchi bo‘lishibdi.
— Uchinchi shartim, — debdi Botir, — yerni bir tepishda o‘ra qilish.
Devlardan biri:
— Bu shartni men bajaraman, — deb yerni tepa boshlabdi. Yer o‘ra bo‘lish u yoqda tursin, bir qarich ham o‘pirilmabdi.
Shunda Botir:
— Mana endi menga qaranglar, — debdi-yu, yo‘ldan topib olgan xumni ko‘mib qo‘ygan yerga borib, mo‘ljallab turib, bir tepgan ekan, xumning og‘zi o‘raday ochilib qolibdi.
Botir devlarga qarab:
— Agar qattiqroq tepsam, o‘zim ham yer tagiga cho‘kib ketar edim, shuning uchun sekin tepdim, — debdi.
Devlar qo‘rqib, tegirmonni unlari bilan Botirga tashlab qochib ketishibdi. Kechasi Botir choponini odam shaklida o‘rab, yerga yotqizib, o‘zi tegirmonni bug‘doydoniga tushib, bekinib yotibdi. Yarim kechada alamzada devlar qaytib kelishibdi. Odam shaklida bo‘lib yotgan choponni obdan urib, Botirni o‘ldiga chiqarib ketishibdi. Botir buni ko‘rib yotgan ekan. Devlar ketgandan keyin choponini olib qarasa, u dabdala bo‘lib ketgan ekan. Botir choponini yelkasiga solib, ko‘chaga chiqibdi. Devlar Botirni o‘ldi deb xursand bo‘lib, bazm qilayotgan ekanlar. Botir ularning ustiga kelib:
— Тegirmonda sichqon juda ko‘p ekan, yotganimda choponimni qiymalab, ilma-teshik qilib yubordi. Choponimni sizlardan to‘latib olaman, bo‘lmasa, hammangizni o‘ldiraman, — debdi. Devlarning ba’zilari qo‘rqib, qochib ketibdi. Qocha olmaganlari Botir oldiga kelib: “Rahm qiling! Bizlarni o‘ldirmang! Nima ish buyursangiz hammasini bajaramiz”, deb yalinib-yolboribdi. Shunda Botir devlarga qirqta tuya topib kelishni buyuribdi. Devlar bir nafasda Botirning aytganini bajo keltiribdilar.
Botir:
— Unlarni tuyalarga ortinglar! — deb buyruq beribdi.
Devlar ko‘z yumguncha Botirning aytganini qilibdilar. Botir oldingi tuyaga minib, qirq tuya unni uyiga olib kelibdi. Kampir ochlikdan o‘lim to‘shagida yotgan ekan. O‘g‘lini ko‘rib tetiklanibdi. Unlardan non yopib shirin-shirin taomlar pishirib, zoriqish nimaligini bilmay yashay boshlashibdi.