Chumchuq uchib ketayotib yo‘ldan bir g‘o‘za topib olibdi. U sevinganidan g‘o‘zani tishlab shoshilganicha bir kampirning oldiga olib boribdi. G‘o‘zani kampir oldiga tashlab:
— Chuv, chiy, chiy,— debdi. Kampir g‘o‘zani chuvib beribdi. Chumchuq paxtani olib boshqa bir kampir oldiga olib borib:
— Sava, sav, sav,— debdi. U kampir savab beribdi, so‘ngra Chumchuq ola chopon bo‘zchi do‘koni oldiga borib:
— Ig, ig, ig, to‘q, to‘q! — debdi. Do‘kondor bo‘zchi yigirib, to‘qib beribdi. Chumchuq tikuvchi oldiga borib:
— Тik, tik, tik, — debdi. Tikuvchi uni o‘lchab, chopon tikib beribdi.
Ana endi Chumchuqboy choponni kiyib, podshoh o‘rdasiga uchib boribdi. Chumchuq qarasa, podshoh yuz-qo‘lini yuvayotgan ekan. Chumchuq podshohning orqasiga kelib bir qadam naridan turib, podshohga qarab:
— Mening to‘nim chiroyli, mening to‘nim chiroyli, — debdi.
Shunda podshoh g‘azabga kelib:
— Jallod, — debdi. Bosh jallod kelibdi. Podshoh:
— Ana u falokat nima deyapti? O‘ldir uni! — deb baqiribdi.
Bosh jallod ham qonli boltasini qulochlab, zarb bilan uribdi.
Chumchuq “pir” etib uchib, devor ustiga qo‘nibdi. Bosh jallod qarasa, urgan boltasi podshoh orqasining yarmini kesib ketibdi. Podshoh tovush chiqarmay o‘libdi. Chumchuq bo‘lsa, devorda turib, bu hodisani ko‘rib dimog‘i chog‘, vaqti xush bo‘lib:
— Podshohning orqasi chopildi,
Mening ko‘nglim ochildi.
Podshohning orqasi chopildi,
Mening ko‘nglim ochildi, —
debdi.
Shunday qilib podshoh o‘lib, chumchuq murodiga yetgan ekan.