OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Davlat bilan Ahmad

Bir zamonda bir odil podshoh o‘tgan ekan. Uning oti Davlat ekan. Davlat podshoh mamlakatda adolat bilan ish yuritishga intilar ekan. Ba’zan “Qani, men shuncha ishlarni qildim. Fuqarolarim mening to‘g‘rimda nimalar gaplashar ekan?” deb, kechalari shohona liboslarini yechib qo‘yib, boshqa usti-bosh kiyib, el orasida yurar ekan. Podshoh bir kuni kechasi bir ko‘chada ketayotgan ekan, bir do‘kondan odamlarning ovozi, ashula tovushi eshitilibdi. Borib quloq solsa, kavushdo‘zlar kavush tikayotgan ekan. Ulardan biri ashula aytayotganmish:

Machit bo‘lsa madrasa,
Yor, yor, aylanaman!
O‘rtasida yo‘l bo‘lsa,
Yor, yor aylanaman!
Bir odil podsho bo‘lsa,
Yor, yor, aylanaman!
Har kim suyganin olsa,
Yor, yor, aylanaman!

Podshoh: “Bular ham o‘z tirikchiligi bilan mashg‘ul ekan” deb o‘tib keta beribdi. Undan nariga borsa, yana bir do‘kondan ovoz chiqibdi. Podshoh asta borib quloq solsa, bu bir bo‘zchining do‘koni ekan. Eshikning tirqishidan qarabdi. Shu payt bo‘zchining mokisi tandaning komidan1 irg‘ib chiqib, yerga tushib ketibdi. Bo‘zchi: “Uh!” deb, ilmoq cho‘pini uzatib, mokini ilib olibdi. Keyin moki naychasidagi ipning uchini tishlab turib, mokini o‘ng qo‘liga olibdi va:
— Davlat akam kelsalar! — deb mokini komdan otibdi. Moki zevdan o‘tib chap qo‘liga boribdi, chap qo‘li bilan ushlab turib:

Ahmad, desalar, —

debdi. So‘ng:
Vaziri a’zamning qizini olib bersam, olasanmi? desalar! — deb mokini yana orqasiga irg‘itibdi. Keyin:

Oladurman,
Oladurman,
Oladurman..., —

deb bo‘zni to‘qiy beribdi. Bir zamon yana moki komdan chiqib, yerga tushib ketsa, “Uh!” debdi-da, yana yuqoridagi gaplarni takrorlab, bo‘zini to‘qiy beribdi,
Podshoh bu ahvolni ko‘rib, taajjublanib, qaytib ketibdi. Ertasi erta bilan Davlat podshoh o‘zining ikkita odamini chaqiribdi va ularga:
— Falon mahallada, falon ko‘chada, qayrag‘ochning yonidagi hovlida Ahmad nomli bir bo‘zchi turadi. Тezda boringlar-da, o‘sha bo‘zchini bo‘z to‘qiydigan do‘kon va tandasi bilan ko‘chirib olib kelinglar! — deb buyuribdi.
Podshohning odamlari borib, Ahmad bo‘zchini do‘koni bilan ko‘chirib, podshohning o‘rdasiga olib kelishdi va podshohga to‘g‘ri qilishdi. Podshoh hamma amaldorlarini to‘pladi va ularning oldida bo‘zchiga buyurdi:
— Do‘koningni shu joyga qurib, bizga bo‘z to‘qib ko‘rsatasan! — dedi. Ahmad darrov nizom olib2, do‘konini qurdi va do‘konga chiqib, kuntaxtaga3 o‘tirib olib, bo‘zni to‘qiy berdi. Shunda podshoh Ahmadga:
— Тo‘xta! Kechasi qanday to‘qigan bo‘lsang, shunday qilib to‘qigin! —dedi. Ahmad oldin qo‘rqdi, keyin: “Podshohning amri vojib deganlar, yana aytganini bajarmay, gunohkor bo‘lib qolmayin”, deb ikki ko‘zini chirt yumdi va mokini o‘ng qo‘liga olib, kechasi aytgan gaplarini aynan takrorladi:

Davlat akam kelsalar,
Ahmad, desalar.
Vaziri a’zamning
Qizini olib bersam,
Olasanmi? — desalar!
Oladurman,
Oladurman,
Oladurman...

deb to‘qib ketdi. Moki yerga tushdi. Bo‘zchi “Uh!” tortdi. Mokini yerdan olib, yana yuqoridagi so‘zlarini takrorlab, to‘qishga boshladi. Podshoh bo‘zchidan:
— Sen nimaga bunday deysan? — deb so‘radi. Bo‘zchi aytdi:
— Bir qoshiq qonimdan kechsangiz, aytaman!
Podshoh:
— Kechdim! Ayt! —dedi. Bo‘zchi aytdi:
— Bir kuni bozordan kelayotgan edim. Hammomdan bir ofatijon, nozanin qiz, qip-qizarib chiqib kelayotgan ekan. Ko‘rdim-u, aqli-hushimdan adashdim. Ma’lum bo‘lishicha, u qiz vaziri a’zamingizning qizi ekan. Shundan beri fikr-u zikrim o‘sha qizda. Bo‘z to‘qishda o‘sha so‘zlarni aytishni o‘zimga odat — vazifa qilib olganman. O‘zim bir kambag‘al bo‘zchiman. Davlatmand bo‘lganimda balki vaziri a’zam menga qizini berarmidi, deb xudodan davlat so‘rayman,— deb ko‘zlaridan duv yoshlar oqizdi.
Shunda podshoh vaziri a’zamiga qaradi va unga:
— Bu gaplarni eshitdingizmi? — dedi. Vazir xomush bo‘lib qoldi. Shundan keyin Davlat podshoh vaziri a’zamni va uning qizini ko‘ndirib, qizni Ahmad bo‘zchiga to‘y-u tomosha qilib olib berdi, bo‘zchi murod-maqsadiga yetdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.