OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dono qiz bilan boy

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir chol bilan o‘n ikki yoshlik qizi yolg‘iz yashashar ekan. Ularning bisotida bitta tuya, bitta ot va bitta eshak bor ekan.
Chol o‘rmondan o‘tin terib kelib, ularni sotib tirikchilik qilar ekan. Qiz esa uy ishi bilan band bo‘lar ekan. Chol odatdagidek, tuyaga o‘tin yuklab bozorga boribdi. Uning yoniga semiz bir boy kelib:
— Utinni necha puldan sotyapsiz?—deb so‘rabdi. Chol:
— Uch tangadan, — javob beribdi. Boy:
— Senga o‘n tanga beraman, shartim shuki, o‘tinni uyga olib borib berasan, — debdi.
Chol behad xursand bo‘lib, boyning uyigacha olib borib berishga rozi bo‘libdi. Chol boynikiga borgach, o‘tinni ag‘darib, pulni olib, endi ketmoqchi bo‘lib turgan ekan, boy:
— Tuyani ham bog‘la! — deb baqiribdi. Chol hayron bo‘lib:
— Tuya meniki-ku, — desa, boy:
— Men o‘tinni tuya bilan birga sotib olganman, bo‘lmasa, sen ahmoqqa o‘n tanga berarmidim, — deb o‘dag‘aylabdi.
Shundan keyin ular tortishib qolibdilar, ish qozigacha boribdi. Qozi:
— Sen o‘tinni boricha sotdingmi? — deb so‘rabdi. Chol:
— Ha, — deb javob beribdi.
— Unday bo‘lsa, tuya ham boyniki. O‘tinni shu turishicha sotish kerak emas edi, — debdi qozi.
— Axir, tuyaning o‘zi uch yuz tanga turadi-ku! — deb qolaveribdi chol.
Shunday qilib chol noiloj tuyani boynikida qoldirib kelibdi.
Boshqa kuni chol o‘tinlarni otiga yuklab, bozorga olib chikibdi. Yana o‘sha boy kelib, o‘tinning narxini so‘rabdi. Chol, “uch tanga” deb aytsa, boy “shundayligicha uyga olib borib bersang, o‘n tanga beraman”, debdi. O‘tgan voqea yodidan chiqib ketgan chol, yana rozi bo‘libdi.
Boynikiga borgach, boy, “men oti bilan baho qilganman” deb turib olibdi. Chol otni ham tashlab ketishga majbur bo‘libdi. Chol xafa bo‘lib o‘z uyiga qaytibdi va bo‘lgan voqealarni qiziga aytib beribdi.
Keyingi kuni chol eshakka o‘tin yuklab bozorga ketayotsa, qizi to‘xtatibdi va:
— Ota, menga ruxsat bersangiz. O‘tinlarni men olib borib sotsam, — debdi.
Chol rozi bo‘libdi. Qiz otasini uyda qoldirib, bozor tomon yo‘l olibdi. Yana o‘sha semiz boy kelib, o‘tinlarga xaridor bo‘libdi. Qiz o‘tinlarning bahosini “uch tanga” desa, boy yana “shu turishida uyga eltib bersang, o‘n tanga beraman” debdi.
Qiz ko‘nmabdi. “Faqat o‘tin haqini bersangiz bo‘ladi”, deb turib olibdi.
Qiz o‘tinlarni to‘kibdi va uning haqini so‘rabdi. Boy qizga pulni berayotganida, qiz uning qo‘lini ham pul bilan ushlab olibdi va “biz va’dani shunday qilganmiz” deb qo‘yib yubormabdi. Janjal, ur-sur boshlanibdi, hech kim ularning tortishuvini ajrata olmabdi. Qoziga ham borishibdi. Lekin qiz o‘z aytganida turib olibdi. Oxiri qiz boyga:
— Ellik tilla tanga bersangiz qutulasiz, ozodsiz, — debdi.
Boy rozi bo‘lib, qizga ellik tanga beribdi. Lekin bu boyga juda alam qilibdi va turli yo‘llarni axtara boshlabdi. O‘ylab-o‘ylab qizga, kimki yolg‘onni do‘ndirib ishlatsa, ellik tilladan garov o‘ynashni taklif qilibdi. Qiz rozi bo‘libdi. Oldin boy boshlabdi yolg‘on gapirishni:
— Bir vaqtlar men bug‘doy ekkan edim, shunday serhosil bo‘ldiki, tuya, ot, eshaklar bug‘doy poyasiga kirishsa, ko‘rinmay qolar edi. U yerga kirgan hayvonlar qaytib chiqmas edi. Bir kuni bug‘doyni yanchib, xotinga non qildirdim. Nonni sindirib, endi tishlagan edim. “Be-e-e” degan echki ovozi eshitilib, birin-ketin semiz, katta echkilar tusha boshladilar. Ketidan tuya, otlar ham chiqib kelaverdilar.
Qiz:
— Ha, dunyoda bunaqa voqealar ko‘p uchrab turadi, — debdi va u ham o‘z hikoyasini boshlabdi:
— Bir kuni qishlog‘imizning o‘rtasiga bir dona paxtaning chigitini ekdim. Paxta yetilib, ochilganida besh yuz xotinni chaqirib terdirdim. Terilgan paxtani sotdim. Uning puliga qirqta tuya sotib olib, ularni yaxshilab bezadim. Ikki akam bilan Buxoroga jo‘natdim.
Uch yil ulardan hech qanday xabar bo‘lmadi. Yaqinda ularning o‘ldirilganliklarini eshitdim. Sizning ustingizdagi to‘n — mening katta akamning to‘ni. U bu to‘nini Buxoroga kiyib ketgan edi. Demak, siz mening akalarimni o‘ldirgan ekansiz, ularning tuyalarini esa o‘zlashtirgansiz!
Semiz boy o‘ylanib, tang holatga tushib qolibdi. Agar qizning bu hikoyasi bo‘yicha ayblansa, u — jinoyatchi, odam o‘ldirgan bo‘lib chiqadi. Agar bu gaplarni noto‘g‘ri, yolg‘on desa, garovga binoan, ellik tilla tanga berishi kerak bo‘ladi. Boy o‘ylab-o‘ylab, oxiri qizga ellik tilla tangani beribdi. Boy qizga qarab:
— Butun hayotim davomida birinchi marta bunday qo‘lga tushishim, — debdi va qizga tuya bilan otni ham qaytarib beribdi.
Qiz xursand bo‘lib, tuya, ot va eshaklarni yetaklab, pullarni tuyaga ortib, o‘z uyiga qaytib kelibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.