O‘tgan zamonda Yasar mamlakati podshosiga qarashli cho‘llardan bir guruh karvon o‘tib kelayotgan ekan. Jaziramada holdan toygan kishilar kechki salqinda bir oz dam olmoqchi bo‘lib to‘xtashibdi. Cho‘lda sichqonlar ko‘p ekan. Shu kuni sichqonlarning malikasi o‘rtoqlari bilan karvon to‘xtagan joyda o‘ynab yurgan ekan, Sichqonlar tuyalar va ularga ortilgan mollarni ko‘rib qiziqib qolishibdi. Sichqonlar malikasi ancha o‘jar ekan, u savatlar orasiga kirib, nimalar borligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘libdi. U dugonalarining, "Ehtiyotbo‘l, savatga chiqma", deganiga quloq solmabdi va savatga qamalib qolibdi.
Ertalab karvon sichqon-malikani ham olib yo‘lida ketaveribdi. Voqeadan xabardor bo‘lgan sichqonlar qayg‘urib, bir yerga yig‘ilishibdi va maslahat qilib, Yasar mamlakatining podshosiga noma yuboribdilar. Unda: "Ey ulug‘ shoh, sizning shahringizga kelgan karvonda bizning malikamiz ham birga kelgan, shuni ozod etsangiz", — deyilgan ekan.
Yasar podshosi bu nomani o‘qib, g‘azablanibdi:
— Bor, podshohingga ayt, karvon orasidan sichqon qidirib yurish mendek podshoga yarashmaydi. Qo‘lidan kelganini qilsin!
Sichqon vakillari xafa qaytishibdi. Ularning podshosi hamma sichqonlarni yig‘ib:
— Yasar mamlakati podshosining xazinasidagi hamma oltin-kumush — la’l-javohirlarni tashib xazinamizga keltiringlar! — deb farmon beribdi. Butun sichqonlar yer tagidan lahmcha kavlab, Yasar podshosi boyliklarining hammasini o‘z xazinalariga to‘plashibdi. Undan keyin sichqonlar podshosi:
— Yasar podshosi omboridagi g‘allalarni ham quritinglar! — debdi.
Podsho omboridagi g‘allalarni ham sichqonlar tashib bitirishibdi.
Sichqonlar podshosi yo‘l chetiga chiqib tursa, bir o‘tinchi yigit o‘tib ketayotgan ekan. Sichqon yigitni to‘xtatib:
— Ey yigit, o‘n ming askar yig‘. O‘zing ularga lashkarboshi bo‘lasan. Yasar podshosi bilan jang qilamiz. Xazinamizdan istaganingcha tilla, kumush olib xarajat qilaver! — debdi.
O‘tinchi ham ancha aqlli, dono yigit bo‘lib, "Aqlim bor-u, pulim yo‘q", deb yurganlardan biri ekan. U sichqonning taklifiga rozi bo‘lib, shaharlardan kambag‘allarni yig‘ibdi, pulni ayamay xarajat qilib, o‘n ming lashkar tuzibdi. Ularni ot, kiyim, qurol-aslahalar bilan ta’minlabdi. Sichqonlar askarlarni ko‘rib, xursandliklaridan o‘yinga tushib ketishibdi. Podsho esa ularga:
— To‘xtanglar, to‘ydan ilgari nog‘ora chalmanglar! Hali urushda kim yengib chiqadi, noma’lum. Jangga yaxshi tayyorlanish kerak, hushyorlikni qo‘ldan bermanglar! — deb sichqonlarni ogohlantiribdi.
Shundan so‘ng sichqonlar podshosi Yasar podshosiga noma yuborib, urush e’lon qilibdi. Yasar podshosi nomani o‘qib, qah-qah urib kulibdi. Keyin bu noma ta’sir qilib:
— Endi kunimiz sichqonlar bilan jang qilishga qoldimi? — debdi. — Qancha podsholarni yengib qoyil qildik. Sichqonlar bilan urushish bizga or-nomus emasmi? Sichqonlar kim-u, biz kim? — deb podsho mo‘ylabini burab xayol suribdi.
Podsho yana o‘z-o‘ziga, "Balki sichqonlarning ajali yetib, qirilib, yer yuzidan yo‘qolib ketish vaqti yetgandir, bu vazifani biz bajarishimiz kerakdir", debdi. Keyin vazirga:
— Qani, urushga hozirlaninglar! — deb farmon beribdi.
Jangga tayyorlanish uchun pul zarur, xazinachini chaqirishsa, u dod solib kelibdi.
— Ha, nima bo‘ldi? — deb so‘rabdi podsho.
— Taqsir, falokat ro‘y berdi, — deb xazinachi yig‘labdi. Podsho:
— Gapir, nima bo‘ldi? — desa, xazinachi:
— Xazinada bir tanga ham qolmabdi! — debdi. Podsho g‘azablanib vazirlari bilan yugurganicha xazinaga kirsa, haqiqatan hech vaqo yo‘qmish. Podsho:
— G‘alladan sotib, urush anjomlarini taxt qilinglar! — deb farmon beribdi.
Omborchilar ham yig‘lab kelishibdi. Omborda ham bir qadoq g‘alla qolmagan ekan.
Yasar podshosi bu ahvolni ko‘rib xazinachi va omborchilarni jazoga buyuribdi. Podsho lashkarlarini jang maydoniga yuboribdi. Har ikki tomon jang maydoniga yetib kelibdi va erta saharda urush boshlanibdi. Biroq kechasi lashkarlar uxlab yotganida sichqonlar kelib, Yasar podshosi lashkarlari otlarining egar-jabduqlarini va boshqa narsalarini yirtib, teshib, tilka-pora qilib tashlashibdi.
Yasar lashkarlari ertalab jangga kirmoqchi bo‘lib, shoshilib otlarini egarlamoqchi bo‘lishibdi, lekin qo‘llaridan hech narsa kelmabdi.
Lashkarlar vahimaga tushib, to‘rt tomonga zir yugurishibdi.
Bu fursatdan foydalangan sichqonlar tomonidagi lashkarlar hujum boshlab, Yasar podshosining askarlarini yengibdi.
Dushman taslim bo‘libdi. Yasar mamlakatiga o‘tinchi yigit podsho bo‘libdi. Shundan buyon el orasida "Dushmanning katta-kichigi bo‘lmas", degan naql yurar ekan.