OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erni er qiladigan xotin

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. Uning Mehriniso ismli go‘zallikda yagona bir qizi bo‘lgan ekan.
Bir kuni podsho xotini bilan ovqatlanib o‘tirgan ekan, xotini o‘zi pishirgan ovqatni maqtab:
— Buni qarang, bu dunyoda bundan ham mazali ovqat bo‘ladimi? — debdi.
— Sening ovqatingni mazali qilgan go‘sht-yog‘lar mening pulimga kelgan-da, — debdi podsho. Shunda xotini podshoga:
— Erni er qiladigan ham xotin, qaro yer qiladigan ham xotin, — debdi.
Xotinining bu gapini eshitgan podsho achchig‘lanib:
— Qani qizingni bir bechoraga beraylik-chi, qizing bir kambag‘alni er qilib, odam qatoriga qo‘shsin-chi, — debdi va o‘z qizini Abdulla degan bir kambag‘al mehnatkash yigitga beribdi. Abdullaning faqat bitta eski kulbasidan boshqa hech narsasi, hatto yeyishga ovqati ham yo‘q ekan. Buni ko‘rgan Mehriniso chap qulog‘idagi tilla baldog‘ini unga olib berib:
— Mana buni bozorga olib boring, kim xaridor bo‘lib bahosini so‘rasa, “himmatingiz” deysiz, — deb tayinlabdi.
Abdulla bozorga borib, qo‘lida boldoqni ushlab turgan ekan, bir savdogar xaridor bo‘lib, baldoqning bahosini so‘rabdi. Abdulla unga “himmatingiz”, degan ekan, savdogar Abdullani uyiga boshlab borib, bir sandiq tilla beribdi.
Xotini Abdullaga:
— Mana shu tillalardan olib bozorga boring, bir qop guruch, bir qop un va kerakli go‘sht-yog‘ hamda menga bir dona anor olib keling, — debdi.
Abdulla Mehriniso aytgan narsalarning hammasini bozordan olibdi-yu, ammo anor esidan chiqib qolibdi.
Mehriniso Abdullaning qo‘liga qirq tilla berib:
— Dushanba kuni falon yo‘ldan bir savdogar o‘tadi. Siz uning minib olgan otiga xaridor bo‘lib, sotib oling, — debdi.
Abdulla o‘sha yo‘lda o‘tirgan ekan, bir vaqt savdogar otini minib kelib qolibdi. Abdulla savdogarning yo‘lini to‘sib:
— Otingizni menga soting, — debdi.
Savdogar o‘ylanib turib, "Bu kambag‘alda pul nima qilsin", deb o‘tib ketaveribdi. Abdulla savdogarni yana to‘xtatib:
— Otingizni, menga soting, — degan ekan. — Otning bahosi qirq tilla, — debdi savdogar. Abdulla savdogarning og‘zidan chiqar-chiqmas qo‘ynidan qirq tillani olib, savdogarga beribdi va otga minib uyiga kelibdi. O‘zlari nima yesalar otga ham o‘sha ovqatdan berib boqishaveribdi.
Bir kuni xotini Abdullaga o‘ng qulog‘idagi baldog‘ini berib:
— Buni ham bozorga olib borib sotib, yarim puliga o‘zingizga shohona kiyimlardan olib keling, — debdi.
Abdulla baldoqni bozorda yana o‘sha savdogarga bir yarim qop tillaga sotibdi-da, o‘ziga shohona kiyimlardan olib, ularni kiyib, otini minib bozordan chiqibdi. Yo‘lda ketayotsa, bir to‘p savdogarlar otlaridan apil-tapil tushib, unga ta’zim qilishibdi. Abdulla ulardan qaerga ketayotganliklarini so‘rabdi. Savdogarlar uch oylik yo‘ldan qo‘y haydab kelgani ketayotganliklarini aytishibdi. Abdulla ham uyiga kelib, qo‘y haydab kelishga borishini xotiniga aytibdi. Xotini rozilik bildiribdi.
Abdulla savdogarlarga qo‘shilib ketibdi. U otini yaxshi boqqanligidan uning oti uch oylik yo‘lni uch kunda bosib o‘tadigan qanotli ot bo‘libdi, lekin Abdulla savdogarlarning oyog‘iga qarab, ular bilan birga sekin-sekin boraveribdi. Yo‘lda ular quduqqa yetib borishibdi. Savdogarlar quduqqa qarashsa, suv qo‘rinmabdi. “Quduqning ko‘zi bekilib qolgan bo‘lsa kerak”, deb o‘ylashibdi. Quduq ichiga tushib uning ko‘zini ochishmoqchi bo‘lishibdi. Lekin tushgan kishilar quduqning yarmiga bormasdan “tortib olinglar” deb baqiraverishibdi. Oxiri Abdulla tushmoqchi bo‘libdi.
— Men qanchalik baqirsam ham tortib olmanglar, — debdi.
Abdullaning beliga arqon bog‘lab quduqqa tushirishibdi. U quduqning ichiga tushib qarasa, quduqning bir chekkasida kichkina yorug‘ ko‘rinibdi. Haligi yorug‘ning ichiga qo‘lini tiqib uni kattaroq qilib qarasa, uning ichida katta bir bog‘ ko‘rinibdi. Bu bog‘da anorlar pishib yotgan emish, anorlar tagida esa suvlar oqib yotgan emish. Abdulla teshikdan o‘tib, ichkariga kiribdi. U yerda bir qo‘rg‘on bor ekan. Ichiga kirib qarsa, bir kampir o‘tirgan emish, u Abdullani ko‘rib:
— Ey yigitcha, bu yerga nimaga kelding? — deb so‘rabdi.
Abdulla bu yerga suv qidirib tushganligini aytibdi. Kampir:
— Boraver, o‘g‘lim hozir uxlab yotibdi, uyg‘onsa, aytib qo‘yaman, suvni ochib yuboradi, — debdi.
Abdulla orqasiga qarab quduq tomon yura boshlagan ekan, shu payt kampirning o‘g‘li uyg‘onib, nima gapligini so‘rabdi. Kampir voqeani aytib bergan ekan, uning o‘g‘li Abdullani bog‘iga olib kirib anorlar bilan rosa ziyofat qilibdi. Bir vaqt yigit teskari qarashi bilan Abdulla dasturxondagi anordan cho‘ntagiga bitta solib olibdi, chunki xotini, “borgan joyingizdan menga albatta anor olib keling”, degan ekan. Kampirning o‘g‘li Abdullaga:
— Siz hozir ketavering, orqangizdan suv ochib yuboraman, — debdi va uning qo‘liga bir belbog‘ anor tutqazibdi.
Abdulla quduq ichida beliga arqonni bog‘lab, yuqoriga qarab:
— Tortib olinglar, — debdi. Sheriklari uni tortib olibdi.
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, quduqdan suv otilib chiqa boshlabdi. Savdogarlar xursand bo‘lib haydab kelayotgan qo‘ylaridan Abdullaga ellik-oltmishtalab berishibdi. Abdullaning ishi shu yerdayoq bitib, orqasiga qaytibdi.
Abdulla yonidagi sherigiga:
— Men qo‘ylarni sekin haydab boraveraman, siz mana shu belbog‘dagi anorni biznikiga olib borib bering, — deb otini mindirib jo‘natibdi. O‘zi esa qo‘yni haydab ketaveribdi.
Endigi so‘zni Mehrinisodan eshiting. Mehriniso uyida o‘tirgan ekan, bir kishi kelib:
— Eringiz berib yubordi, — deb, bir belbog‘ anor tashlab ketibdi. Mehriniso belbog‘ni ochib qarasa, kattaligi choynakdek-choynakdek anorlar emish. U yemoqchi bo‘lib bir anorni so‘yib qarasa, anorning ichi to‘la tilla emish. U hayron bo‘lib, qolgan anorlarni ham so‘yib qarasa, ularning ham ichi to‘la tilla emish. Mehriniso bu tillalarni sotib, shohona qasr soldiribdi va u qasrda yashay boshlabdi.
Bir vaqt Abdulla qo‘ylarni haydab kelsa, uyi o‘rnida shohona qasr turgan emish. U “bu mening uyimmi yoki boshqa kishining uyimi”, deb sekin qasr darvozasiga kelib ichkariga qarasa, ravoqda o‘zining xotini — Mehriniso o‘tirgan emish. U qasrga kirib borgach, Mehriniso bo‘lgan voqeani aytib beribdi.
Bir kuni xotini Abdullaga:
— Siz bir xurjunning ikkala ko‘ziga tilladan to‘lg‘azib, xurjunning bir ko‘zidagi tillani yo‘lga soching, ikkinchi ko‘zidagini esa otamning qasri darvozasi yoniga to‘kib keling, — debdi.
Abdulla xotini aytgandek qilib kelibdi. Ertalab podshoning qorovullari ko‘cha darvozasini ochib qarashsa, darvoza ostonasida bir xurjun tilla to‘kilib yotgan emish. Buni podshoga darhol xabar qilishibdi. Podsho:
— Kechasi bilan poylab chiqinglar, kim shunday qilsa, uni ushlab, mening yonimga olib kelinglar, — debdi.
Abdulla ertasiga kechasi ham yana xurjunning bir ko‘zidagi tillani ko‘chaga sochib, ikkinchi ko‘zidagi tillani podsho darvozasining oldiga to‘kib ketmoqchi bo‘lib turganida, uni podshoning qorovullari ushlab olishibdi va ertalab podshoning oldiga olib kirishibdi. Abdulla o‘zini podshoga savdogar qilib tanitibdi va podshoni o‘z uyiga mehmondorchilikka taklif qilibdi. Ertasiga podsho Abdullanikiga mehmonga boribdi, podsho bilan birga uning xotini, vazirlari ham borishibdi. Ular Abdullaning uyidagi qimmatbaho narsalarni ko‘rib, og‘izlari ochilib qolibdi. Abdulla ularni rosa ziyofat qilibdi. Ziyofat tugagandan keyin podsho va uning xotini Abdullaning uylarini aylanib tomosha qilishibdi va bir yasatilgan xonaga kirishsa, u xona o‘z qizlari Mehrinisoning yashagan xonasiga o‘xshab ketarmish. U yerdagi jihozlar ham Mehrinisoning xonasidagi jihozlarga o‘xshab ketarmish. Mehriniso hayron bo‘lib turgan podshoga va uning xotiniga o‘zini tanitibdi. Buni ko‘rgan podsho “erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin” degan gapga tan berganini aytibdi.
Ertasiga podsho qizi va kuyovini mehmonga chaqiribdi. Ularni oldiga o‘tqazib kuyovining boshiga o‘z boshidagi tojini kiygizib qo‘yibdi. Shunday qilib Mehriniso tufayli Abdulla podsho bo‘libdi, umrining oxirigacha Mehriniso bilan tinch-totuv yashab, murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.