Xonlarning zulmini, qiyinchilikni ko‘p ko‘rgan bir kambag‘al yurtga podsho bo‘lib qolibdi. Oldiga arzi-dodga kelgan fuqarolarni sipohlar kirishga qo‘ymay, ular qaytib ketib qolmasinlar deb, qopug‘ oldiga shildiraydigan temirlarni osib tashlagan ekan. Sal shildirashi bilan ogoh bo‘lar ekan.
Kunlardan bir kuni temir shildirab ketibdi. Sipohlar qarasa, bir eshak ilinib qolibdi.
— Ey podsho, shildiratayotgan eshak ekan, — debdi sipoh. Podsho:
— Egasini topinglar! — debdi. Egasini topib so‘rashgan ekan. Egasi:
— Eshagim yosh edi, ish berganida yaxshi ishlatdim. Qariganida ishga yaramay qoldi, haydab yubordim, — debdi. Adolatli podsho eshakni egasiga topshirib:
— Yoshligida kuchidan foydalanding, qariganida ham yaxshi boq, — debdi.