OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Garang

Bor ekan, yo‘q ekan, Qo‘qon tomonda Yangi qishloq bilan Тoshkent guzari o‘rtasida Тojik qishloq degan joy bor ekan. U Тojik qishloqda Boymat degan bir boy bor ekan. U boyning yuzta qo‘yi bor ekan. Boy qulog‘i eshitmaydigan kar ekan.
Bir kuni boy qo‘ychivonini “Qo‘yni tuzuk boqmaysan”, deb so‘kib, kaltak bilan urib, tumshug‘ini burib, nariroqqa ketkizvorgan ekan.
“Qo‘yim och qolmasin”, deb haligi garang boyning o‘zi qo‘yini olib, oldiga solib, haydab ketkizib, dalaga yetkizib, qo‘yni yayratib yoyib, o‘zidan koyib, bir tolning tagida uxlab qolgan ekan.
Uyg‘onib, o‘rnidan turib, aqqa-baqqa qarasa, qo‘yi ko‘rinmas emish. “Bu qo‘yni qanday qilib topaman”, deb ko‘p xafa bo‘lib aqqa-baqqa qarasa, uzoqdan bir odam kelayotgan ekan.
U kelayotgan ham garang ekan. U garangga bu garang: “Ho‘... o‘rtoq, o‘sha yoqda qo‘y-po‘y ko‘rdingmi?” deb so‘rabdi. ”Qayerdan kelayotibsan?” deb so‘radi shekilli, deb qo‘lini ishora qilib “Men, xo‘... Achavotdan kelyapman”, deb qo‘lini siltabdi ikkinchisi.
Garang boy “Qo‘y shu yoqda bo‘lsa kerak”, deb nariroqqa borib, qo‘yni ko‘rib qolibdi.
Qo‘ylarning bir chuqurda o‘tlab yurganini ko‘rib, xursand bo‘lib, haligi garangni yetaklab, qo‘ylari oldiga olib boribdi. Garang boy unga: “Siz mening qo‘ylarimni mana bu yerda yurganini ko‘rsatib qo‘ymaganingizda, men boshqa yoqni izlab ketardim. Qo‘ylarni ko‘rsatib qo‘yganingiz uchun mana bu cho‘loq qo‘yni sizga berdim, olib borib, bola-chaqangiz bilan meni duo qilib, so‘yib yeng”, debdi.
Garang kishi bu so‘zlarni eshitmay: “Men sening qo‘yingga tosh otganim yo‘q. O‘zi cho‘log‘-u, nega menga tovonini to‘lagin, deb aytasan”, debdi.
Garang boy:
— Mening qo‘yimni “Ho‘, atta”, deb ko‘rsatganing uchun shu cho‘loq qo‘yni beraman. Semizini bermayman, — deb ikkovi surishib, bir-birovi bilan urishib turganida bir odam shu yerdan eshak minib o‘tib ketayotgan ekan. U ham garang ekan.
— Aka, mana bu kishiga “Ho‘ ana u yerda qo‘ying yotibdi”, deganiga shu cho‘loq qo‘yni bersam, semizini berasan, deb janjal qilib o‘tiribdi, shu degani tuzukmi? Shu cho‘loq qo‘yni olsa, indamay qolsa bo‘lmaydimi? — debdi.
Garang kishi esa:
— Тosh otganim yo‘q, o‘zi asli cho‘loq bo‘lgan qo‘yning tovonini bergin, deb meni ushlab, jag‘imga mushtlab o‘tiribdi. Shu qilgani durustmi? — debdi.
— Bu eshagimni uch tillaga sotib olganimni mahalladagilarning hammasi biladi, — deb eshak mingan garang ikki garangning gapini eshitmasdan, eshakdan tushib bular bilan mushtlashib, bir-birini ushlashib, nariroqqa borsa, bir paxsakash paxsa urayotgan ekan, sherigi arazlab ketib qolgan ekan, paxsakash ham garang ekan. Uchalasi unga arz qilibdi.
Garang boy:
— Qo‘yni “Hu ana shu yerda” deb ko‘rsatganiga cho‘loq qo‘yni bersam, olmasdan, semizini ber, deb meni qistab o‘tiribdi, — debdi.
Ikkinchi garang esa, “Men tosh otganim yo‘q, cho‘loq bo‘lgan qo‘yning tovonini to‘lab ber, deb turibdi”, debdi.
Eshak mingan garang: “Shu eshakni uch tillaga sotib olganimni mahallada hamma biladi, eshak o‘zimniki, mana bu meniki, deb olmoqchi-yu, eshak meniki deb bunisi mendan eshakni shunga olib bermoqchi-yu, men piyoda qolmoqchi. Shuni siz ajrim qilib bersangiz” desa, bularning gapini paxsakash garang eshitmasdan: “Egasi o‘lchab bergan, ellik yetti quloch devor, egasi kelib “barakalla”, deb ketadi. Sen loyini pishirmabsan, qiyshiq-qing‘ir uribsan, deysan”, deb belkuragi bilan uchovini urib, boshini yorib, to‘rttovi bir-biri bilan mushtlashib, bir-birini ushlashib, qozining oldiga borgan ekan.
Borishsa, qozi ham garang ekan. Qoziga to‘rtovi enkayib ta’zim qilibdi. Qozi:
— Arzlaring bo‘lsa, aytinglar! — debdi.
Eng oldin qo‘ylik boy arz qilibdi: “Men dalada qo‘y boqib yurib o‘nta qo‘yni yo‘qotib qo‘ygan edim. Qo‘yimni yo‘qotib aqqa-baqqa qarab tursam, ko‘zimga bu kishi ko‘rinib qoldi. Ushog‘da qo‘y-po‘y ko‘rdingmi desam, “Qo‘ying hu... anitta yuribdi”, dedi. Borib qo‘yni ko‘rib, xursand bo‘lib, cho‘loq qo‘yni bersam, olmaydi “Semizini berasan”, deydi. Shu degani tuzuk bo‘ladimi, taqsir? Shu cho‘loq qo‘yni olsa, tinch qolsa bo‘lmaydimi?” debdi.
Qozi bularning gapini eshitmasa ham, lablarini qimirlatayotganini ko‘rib, kallasini likillatib, garangligini bildirmay, bularni nariroqqa jildirmay turganida, ikkinchisi arz qilib ketibdi:
— Тaqsir, shu insofdanmi, men indamay o‘tib ketayotuvdim, mening etagimdan ushlab cho‘loq qo‘yni ko‘rsatib, sen shu qo‘yga tosh otib cho‘loq qilgansan, deb menga shu qo‘yning tovonini berasan, deb ushlab, boshimga mushtlab, tuhmat qilib o‘tiribdi! Shunga nima deysiz? — debdi.
Eshak mingan garang arz qilib ketibdi:
— Тaqsir, mening uch tillaga sotib olganimni butun mahalla biladi. Eshakni mana bular olmoqchi, meni piyoda qo‘ymoqchi, shu tuzukmi? — debdi.
Тo‘rtovining so‘zini eshitmasdan, qozi bularning arziga javoban:
— Тo‘rtoving kelgan bo‘lsalaring, bu gaplaringning mazmunidan men shuni bildimki, ikkitalaring yangi oy ko‘rgan bo‘lsalaring kerak, ikkitalaring guvohlikka o‘tgani kelganga o‘xshaysizlar. Bo‘lmasa, asliga qaraganda arafa ertaga bo‘lishi kerak edi. Endi ikkitalaring yangi oy ko‘rib kelgan bo‘lsalaring, ikkitalaring guvoh bo‘lib kelgan bo‘lsalaring, o‘zlaring borib karnaychilarga xabar beringlar. Qozi ruxsat berdilar, bugun arafa bo‘lsin, deb aytinglar. Boringlar, karnaychilarni xabardor qilinglar, — debdi.
Shu to‘rt garangning gapi bilan, qozining garangligidan o‘sha yili ro‘zaning yigirma sakkizida arafa, yigirma to‘qqizida hayit bo‘lib qolgan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.