OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulshoh bilan Varqa

O‘tgan zamonda bir podshoh bor ekan. Uning Gulshoh degan qizi bor ekan. Podshohning bir do‘sti bo‘lib, uning Varqa degan o‘g‘li bor ekan. Varqa bilan Gulshoh ikkisi bir maktabda o‘qishar ekan.
Varqa bilan Gulshoh maktabda o‘qib yurganlarida bir-birini sevib qolishgan ekan. Ammo Varqaning otasi kambag‘al ekan. Varqa o‘sib, ulg‘ayib pahlavon bo‘lib yetishibdi. U mamlakatdagi eng katta pahlavonlar bilan kurash tushib, ularni ham yengibdi, pahlavonlikda dong qozonib, mashhur bo‘libdi.
Varqaning otasi vafot qilibdi. Kunlar ketidan oylar, oylar ketidan yillar o‘tibdi. Varqa Gulshohni so‘ratib, podshohga sovchi yuboribdi. Podshohga bu yoqmabdi, chunki Varqa ham yetim, ham kambag‘al. Lekin u kuchli pahlavon, undan pahlavonlar qo‘rqar, podshoh ham hayiqar ekan. Podshoh qizini beray desa kambag‘al, bermay desa pahlavon. Buning ustiga Varqaning otasi podshohning do‘sti edi. Podshoh vazirlarini chaqirib maslahatlashib, Varqani boshqa mamlakatga jo‘natmoqchi bo‘libdi.
Podshohning tog‘asi Rum shahrining podshohi ekan. Boshqa bir podshoh Rum shahri bilan urushayotgan ekan. Gulshohning otasi Varqani Rumga yuborish fikriga tushibdi. Bundan maqsad Varqa jangda o‘lib ketsa, Gulshohni boshqaga berish ekan.
Podshoh Varqani chaqirib olib:
— Pahlavon yigit, Rum shahrining podshohi mening tog‘am bo‘ladi. U dushman bilan jang qilmoqda. Agar Rumga borib, tog‘amga yordam bersang, ko‘p mol-dunyo orttirib kelsang, shunda qizimni beraman, — debdi.
Varqa:
— Meni olti oy kutinglar, olti oyda kelmasam, Gulshohni boshqaga beraveringlar, — debdi.
Varqa Rumga jo‘nabdi. Bir qancha kun yo‘l yurib jang maydoniga yetibdi. Rum podshohi jangchilari tomonida turib, dushmanga qarshi kurashibdi. Bir necha kunda yov qo‘shinlarini yengibdi. Rum podshohi dushmanning taslim bo‘lganini ko‘rib, Varqaning qahramonligiga qoyil qolibdi va uning kimligini so‘rabdi. Varqa o‘zini tanitgach, podshoh uni yaxshi kutib olibdi-da:
— Тila tilagingni, — debdi.
— Ey, podshohi olam, sultoni bokaram, — debdi Varqa, — men Yaman podshohining qizi Gulshohni sevaman. Podshoh “Boylik orttirib kelsang, qizimni beraman”, degan edi. Oltin-zar, qimmatbaho narsalar bersangiz, qizni olishga yordam bergan bo‘lardingiz.
Podshoh Varqaga bir qancha ot, tuyalarga oltin-zar va qimmatbaho narsalar ortib beribdi. Varqa yo‘lga chiqibdi.
Shu vaqtda Varqaning o‘z yurtiga qaytish muddati bitay deb qolgan ekan.
Yaman podshohi qizini boshqa mamlakat podshohiga xotinlikka uzatib, Varqaning kelishiga bir hiyla ishlatibdi.
Bir qo‘yni so‘yib, uni kafanga o‘ratib, “Gulshoh o‘ldi” deb xalqqa e’lon qilibdi va uni mozorga olib borib ko‘mibdi. Podshoh va fuqaro motam tutib, hamma qora kiyinibdi, taxt-ravoqlarga qora bayroq tutilibdi, mamlakat qoraga bo‘yalibdi.
Gulshoh uzatilayotganida, to‘y kuni qayg‘urib, nima qilishini bilmay, o‘zining eng yaqin kanizaklaridan birini chaqiribdi, qimmatbaho uzugini barmog‘idan chiqarib:
— Mana bu uzukni ol, Varqa kelsa, unga ber, mendan yodgorlik, — debdi.
Endi gapni Varqadan eshiting. Bir necha kun yo‘l yurib, horib-charchab, o‘z yurtiga yetib kelibdi. Qarasa, mamlakatning shahar, qishloqlari qoraga bo‘yalgan emish. Xalq esa qora kiyim kiygan emish. Varqa yo‘lda odamlardan:
— Nimaga hamma yoq qoraga bo‘yalgan, odamlar qora kiyingan? — deb so‘rasa:
— Gulshoh o‘ldi, — deb javob berishibdi.
Varqa bir oh chekib o‘zidan ketibdi. Bir qancha vaqtdan so‘ng o‘ziga kelsa, atrofini kishilar o‘rab olgan emish.
Varqa alamdan bag‘ri ezilib, madori ketib uyiga kelibdi. U qayg‘urib, ozib-to‘zib ketibdi. Bir necha kun o‘tgandan so‘ng Varqaning kelganidan xabar topgan kaniz kelib, Varqaga Gulshohning uzugini berib, shunday debdi:
— Gulshoh o‘lgani yo‘q. Podshoh xalqqa bildirmay, uni Farang shahri podshohiga uzatib yubordi. Gulshoh meni “o‘ldi” desa ishonmasin, deb shu uzukni berdi. Menga ishonmasangiz go‘rni ochib qarang, shunda qo‘y yotgan ekanligiga ishonasiz.
Varqa go‘rni ochib qarasa, kanizak aytganiday haqiqatan qo‘y emish.
Varqa g‘am-g‘ussa chekib, ranggi-ro‘yi ketib, xarob bo‘libdi. Buning ustiga Rumdan olib kelgan mol-dunyosini har tomonga sochib, o‘zi qalandarga o‘xshab qolibdi.
Varqa uzukni olib Farang shahriga qarab ravona bo‘libdi. Endi Varqa yo‘lda keta bersin, ikki og‘iz so‘zni Gulshohdan eshiting.
Gulshoh Farang podshohinikiga borganda:
— Siz meni bekor oldingiz, mening sevgan yorim bor. Baribir men sizga tegmayman, — debdi.
Podshoh:
— Sening sevgan yoring bo‘lsa, men seni singlim deb bilaman, mendan xavfsirama, men seni yoringga yetishtirishga yordam beraman, — debdi.
Gulshoh:
— Menga baland ravoq soldirib bering, — debdi.
Podshoh unga tillo ravoq qurdirib beribdi. Gulshoh ravoqqa chiqib: “Ko‘chadan musofir o‘tsa menga aytinglar”, debdi xizmatkorlariga.
Varqa Farang shahriga yetib kelibdi. Uning musofir ekanini bilgach, xizmatkorlari Gulshohga xabar beribdi.
Gulshoh Varqani ko‘rishi bilanoq tanibdi. Ikkisi bir-biri bilan ko‘rishib, hushidan ketibdi. Hushlariga kelishib, yana so‘zlashib o‘tirishibdi.
Farang podshohi Varqaning kelganini eshitib, ikkisiga alohida uy yasatib, uyga taklif qilib, o‘zi chiqib ketibdi.
Gulshoh bilan Varqa uyda o‘tirib, bir-biriga g‘azal aytishibdi. Podshoh ularning aytishuvlarini uyning orqasidan eshitib turgan ekan. Ikkisi g‘azal aytishib bo‘lgach, Varqa:
— Sen podshohning nikohida bo‘lsang, men seni olishim noto‘g‘ri, men seni olsam podshohga xiyonat qilgan bo‘laman, — debdi. Buni eshitgan qiz o‘ksib-o‘ksib yig‘labdi. Podshoh Varqaga qoyil qolibdi.
Lekin Gulshohning yig‘laganiga rahmi kelib, ichkariga kiribdi:
— Nega yig‘laysan, singlim? — deb so‘rabdi. Gulshoh:
— Varqa ketaman deyapti, shunga yig‘layapman, — debdi.
Varqa podshoh va qizning “ketma” deb yolborishlariga qaramay, yig‘lab-yig‘lab yo‘lga ravona bo‘libdi. Yurib-yurib madori quribdi, azob-uqubatdan o‘larga yaqinlashibdi. Bir mozorga yetganda o‘tib ketayotgan qalandarlarni ko‘ribdi. Ularga:
— Shaharga borib, Gulshohga Varqa o‘ldi, deb xabar berib qo‘yinglar — debdi-yu, jon beribdi.
Qalandarlar shaharda Gulshohning ravog‘i tagidan o‘tayotib aytibdilar:
— Varqa degan yigit mozorda o‘layotib, xabar berib qo‘yinglar, deb aytgan edi, — debdilar.
Gulshoh ravoqdan tushib, podshohga voqeani aytibdi. Qiz podshoh bilan mozorga boribdi. Gulshoh yigitni ko‘rib, ustiga o‘zini tashlab, hushidan ketib, u ham vafot etibdi.
Podshoh ikkisiga ham achinib, ko‘p yig‘labdi. Ikkisiga maqbara qurdirib, oltindan qo‘rg‘on soldirib, o‘zi ham o‘sha yerda yashabdi. Podshoh o‘z taxti va boyligini tashlab, qalandar bo‘lib qolibdi. U qiz bilan yigitning mozorini bog‘larga aylantirib yuboribdi, uni Bog‘i Eram deb atabdilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.