OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hakim baliqchining o‘g‘li

Qadim zamonda hakim baliqchi degan chol bor ekan. Hakim baliqchi Changalzor degan bir qishloqdan uzoqroq joyda xotini va bir o‘g‘li bilan kun kechirar ekan. Ular turgan joydan sal nariroqda katta daryo oqar ekan. Chol har kuni erta bilan baliq oviga ketar, ushlagan baliqlari bilan tirikchilik qilar ekan. Ular juda kambag‘al bo‘lgani uchun hech kimga aralasha olishmas ekan, boshqa kishilar ham ular bilan kam muomala qilishar ekan. Hakim chol bir kuni odatdagicha baliq oviga ketibdi. Daryoga boradigan yo‘l jarlik, baland-past bo‘lib yurish juda mushkul ekan. Chol zo‘rg‘a daryo labiga borib, biroz dam olgandan keyin baliq oviga kirishibdi. Juda ko‘p baliq ovlagandan keyin, to‘rga oltin baliq tushibdi. Baliqchi chol oltin baliqni qo‘liga olib, uni rosa tomosha qilibdi. Keyin uyiga borib o‘g‘lini chaqirib:
— O‘g‘lim, mana bu oltin baliqni podshoning vaziriga olib borib ber-da, tezda qaytib kel, — debdi.
Kampir esa nima ish bo‘layotganini payqamay qolibdi. Cholning o‘g‘li baliqni olib chopganicha katta yo‘l bilan yurib, podsho saroyiga kirib boribdi. “Podsho nima-yu, vazir nima. Kel-e, podshoning o‘ziga bera qolay”, deb baliqni podshoga beribdi. Podsho hech narsa demay baliqni olib qola beribdi. Bola chopib uyiga qaytibdi.
Baliqchi chol o‘g‘lidan:
— Baliqni kimga berding, o‘g‘lim? — deb so‘rabdi.
— Podshoga berdim, — debdi bola. Baliqchi chol juda xafa bo‘libdi-da, hech narsa demay o‘z ishini qila beribdi.
Ertasi ertalab vazir podsho oldiga kelayotib, katta hovuzda chiroyli oltin baliqni ko‘ribdi. Biroz tomosha qilib, podsho oldiga kiribdi. Podshodan: “Hovuzdagi baliq qayerdan paydo bo‘ldi?” deb so‘rabdi. Podsho vazirga qishloq chetida yashaydigan bir baliqchi cholning o‘g‘li keltirib berganini aytibdi. Vazir bolaning baliqni unga bermay podshoga berganidan jahli chiqib, qanday qilib bo‘lsa ham bolani o‘ldirish payiga tushibdi. Podshoga qarab:
— Podshohi olam, bu baliq yolg‘iz bo‘lmasa kerak, buning albatta sherigi bo‘lishi kerak. Shu baliq hovuzga juda yarashibdi. Shuning uchun bolaga baliqning sherigini topib keltirishni buyuring, — debdi.
Podshoga bu so‘z juda yoqibdi-da, shu zahoti cholning oyog‘ini yerga tekkizmay huzuriga keltiribdi. Podsho cholga:
— Sen shu baliqni qayerdan olib keltirgan bo‘lsang, uning sherigini ham qirq kun ichida topib keltirasan. Bo‘lmasa dorga ostiraman, — debdi. Chol juda xafalanib uyiga qaytibdi. O‘g‘lini chaqirib:
— Mana, sen baliqni vazirga bermaganing uchun boshimizga juda katta mushkul ish tushdi. Shu qirq kunda oltin baliqning sherigini tutib olib borib podshoga bermasak, ikkovimiz dorga osilamiz, — debdi. — Endi buni bajarmay ilojimiz yo‘q. Ikkovimiz birga daryo labiga borib baliq ovlaymiz. Podsho qirq kun muhlat berdi, — debdi.
Chol o‘g‘li bilan birga daryo bo‘yiga borib biroz dam olgandan keyin baliq ovlashga kirishibdi. Kechgacha juda ko‘p oddiy baliqlarni tutishibdi. Lekin oltin baliq uchramabdi. Ota-bola o‘ttiz to‘qqiz kun baliq ovlashibdi. Тo‘rga oltin baliq ilinmabdi. Chol bilan o‘g‘li: “Endi podsho bizni dorga osadi”, deb juda xafa bo‘lishibdi. Qirqinchi kuni ota-bola “Bir kunlik umrimiz qoldi”, deb, o‘lishlariga ishonib, oxirgi marta baliq oviga borishibdi. Kechgacha ov qilib, kechqurun bo‘lganda to‘rga xuddi ilgarigi oltin baliqqa o‘xshash baliq ilinibdi. Ota-bola juda xursand bo‘lishibdi. Cholning qo‘li qaltirab, ko‘zidan yoshi selday tirqirab, o‘limdan qolganiga ishonmasmish. Ota-bola uyga qaytishibdi.
Kampir har kundagidek, chol bilan o‘g‘lim nima olib kelar ekan, deb tomga chiqib kutibdi. Chol bilan o‘g‘li ko‘rinmabdi. “Bugun qirq kun muhlat tamom bo‘ldi. Baliqni tutib olib kelishmasa, cholim bilan o‘g‘limdan ajralar ekanman” deb, tomning u yog‘idan-bu yog‘iga bezovta bo‘lib yuribdi. Uzoqdan choli bilan o‘g‘li ko‘ringach:
— Oltin baliqni ushladinglarmi? —deb baqira beribdi. Chol kampir yoniga kelib baliqni ko‘rsatibdi. Ertalab bo‘lgach, chol baliqni o‘g‘liga berib:
— Baliqni vazirga ber, — deb tayinlabdi. Bola podsho saroyiga jo‘nabdi. Podsho darg‘azab bo‘lib:
— Bugun qirq birinchi kun, cholni topib kelinglar, — deb buyruq berib turgan ekan. Bola eshikdan baliqni ko‘tarib kirib podshoga salom beribdi va baliqni uzatibdi. Podsho sevinib baliqni ilgarigi baliq yoniga — hovuzga qo‘yib yuboribdi. Bola uyiga qaytibdi.
Ertasiga yana vazir podsho oldiga kelayotib, hovuzda bir emas ikki oltin baliq suzib yurganini ko‘ribdi. Podsho oldiga shoshib kirib, baliqlarni tomosha qilishni taklif qilibdi. Podsho bilan vazir bog‘ oralab yurib hovuz yoniga kelibdi. Hovuzda bir-biridan chiroyli ikki baliqning suzib yurganini tomosha qilishibdi. Vazir so‘z boshlab:
— Podshohi olam, sizning bog‘ingiz juda ajoyib, hech qanday podshoda yo‘q. Endi shu bog‘ingizda bir narsa kam, u ham bo‘lsa, tilla hovuz, — debdi.
Podsho bir seskanib, keyin xayol surib qolibdi. Vazir:
— Ey, podshohi olam, devlar yashaydigan falon mamlakatda tilla hovuz bor. Suvi buloqdek otilib chiqib turadi. Chetida oltin panjara, oltin kursi, hamma yog‘i oltin bilan qoplangan. O‘sha hovuzni olib kelib qo‘yilsa, bog‘ingiz bundan ham chiroyli bo‘ladi, — debdi. Podsho:
— Buni kim olib keladi? — deb so‘rabdi.
Vazir:
— Balig‘ini topib kelgan odam olib keladi-da. Siz bundan g‘am yemang, faqat buyuring, xolos, — debdi.
Podsho odamlariga baliqchi cholning o‘g‘lini tezda topib kelishni buyuribdi. Ikki kishi bolani o‘rdaga olib kelibdi. Vazir bolaga sovuqqina qarab “Endi bola o‘ladi” deb, podshoning so‘ziga quloq solib turibdi. Podsho bolaga:
— Devlar makonida oltin hovuz bor ekan. Sen shu hovuzni olib kelasan. Agar olib kelmasang, dorga osilasan, — debdi. Bola podshoga:
— Ey, podshohim, hovuzni ham olib kelib bo‘ladimi? — debdi. Vazir:
— Podshoga gap qaytarma, badbaxt, — deb bolani quvlab chiqaribdi. Bola g‘amgin bo‘lib uyiga qaytib kelibdi. Chol bolani ko‘rishi bilanoq:
— O‘g‘lim, baliqni yana podshoga bergan ekansan-da, — debdi.
Bola podshoning buyrug‘ini aytibdi. Chol o‘ylanib, o‘g‘liga uzoq tikilib qolibdi-da, keyin:
— O‘g‘lim, endi podsho seni o‘ldirmoqchi bo‘libdi. Sen podsho oldiga bor, podshodan bir temir hassa, bir temir kavush, bir necha qo‘y, bir necha eshak so‘ra! Podsho so‘zingni qaytarmaydi. Sen hamma narsani olib yo‘lga ravona bo‘l. Qo‘ylarni boqib, charchagan eshakni qo‘yib, yangisiga minib ket, — debdi.
Bola podsho saroyiga borib otasi o‘rgatgan narsalarni so‘rabdi. Podsho bola so‘ragan narsalarning hammasini beribdi. Bola ularni olib yo‘lga ravona bo‘libdi. U ota-onasidan ayrilib, nima qilishini, qayoqqa borishini bilmay cho‘l-u biyobonlarga chiqib ketibdi. Yo‘lda qo‘ylardan so‘yib yeb, charchagan eshakni qo‘yib, boshqasiga minib keta beribdi. Qo‘ylar ham oxiri tamom bo‘libdi, eshaklar ham yurolmay qolibdi. Bola nima qilishini bilmay, tavakkal deb temir kavushini kiyib, temir hassasiga tayanib keta beribdi.
Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, oyoqlari qavarib, kiyimlari yirtilib ketibdi. Bir qirning tepasiga kelib, charchab uxlab qolibdi.
Bola uyqusida ajoyib bir tush ko‘ribdi. Тushida ola chopon kiygan, o‘rta bo‘yli, oq soqolli bir mo‘ysafid kelib bolaning holini so‘rabdi. Bola cholga o‘zining qayerga, nima uchun ketayotganini, qachondan buyon cho‘l-u biyobonlarda sarson bo‘lib yurganini birma-bir aytib berib, yig‘labdi. Chol:
— Yig‘lama, o‘g‘lim, senga yaxshilik qilaman. Lekin sen aytgan hovuz devlar qo‘lida. Buni sen ola olmaysan, — deb bolaning qo‘yniga bir dona yong‘oq solib qo‘yibdi va: — Mana shu yong‘oqni podsho oldiga olib borgin-da, hovuzni qayerga quray, degin. Shunda podsho senga do‘q urib “Qani olib kelgan hovuzing”, deb joy ko‘rsatadi. Sen shu yong‘oqni podsho ko‘rsatgan joyga qattiq urasan. Hovuz tayyor bo‘ladi, o‘limdan qutulasan, — deb ketibdi. Bola uyg‘onibdi. Shoshib-pishib qo‘yniga qo‘l solib qarasa, yong‘oq turgan emish. Bola xursand bo‘lib badanining, oyoqlarining og‘rig‘ini ham sezmay, orqasiga qaytibdi.
Bir necha kun yo‘l yurib o‘z uyiga yetibdi. Qarasa, ota-onasini podshoning ikki odami haydab ketayotganmish. Bola ota-onasini podshoning odamlaridan qutqazib, podsho oldiga o‘zi boribdi. Podsho bolaga:
— Qani, hovuzni olib keldingmi? — deb g‘azabga olib baqiribdi.
Shunda bola pinagini buzmay podshodan:
— Hovuzni qayerga quray! — deb so‘rabdi. Podsho bolaga:
— Ikkala qo‘lingni burningga tiqib kelib, yana uyalmay hovuzni qayerga quray deb so‘raysanmi, — deb yana battarroq dag‘dag‘a qilibdi.
Bu janjalni vazir eshitib, darhol yetib kelib, podshoga:
— Ey, podshohi olam, hovuz bo‘ladigan joyni ko‘rsating-chi, bola nima qilar ekan? — debdi. Podsho:
— Mana shu yerga qura qol, — deb bog‘ning eng chiroyli yeridan joy ko‘rsatibdi. Bola qo‘ynidan yong‘oqni olib, podsho ko‘rsatgan yerga bir uribdi. Darhol tilla hovuz tayyor bo‘libdi. Hovuzning atrofi tilla panjara bilan o‘ralgan, hovuz o‘rtasidan suv qaynab chiqib, har tomonga sochilib turganmish. Podsho boshi osmonga yetib, baliqlarni shu tilla hovuzga qo‘yib yuborishni buyuribdi. Bola ikkala baliqni ushlab hovuzga qo‘yib yuboribdi.
Bolaning o‘lmay qaytib kelganiga vazirning g‘azabi kelib, yana bolani biror ishga buyurishni o‘ylay boshlabdi. Bola ota-onasi oldiga borib boshidan o‘tganlarini aytib beribdi.
Vazir podsho oldiga kirib:
— Ey, podshohi olam, siz mening maslahatim bilan oltin baliq ham tilla hovuzga ega bo‘ldingiz. Endi bog‘ingizda yana bir narsa kam, u ham bo‘lsa, falon mamlakatdagi pari qizni oldirib keltirsangiz, bog‘ingizda kamchilik bo‘lmaydi, — debdi. Podsho:
— Bu ishni kim bajaradi? — debdi.
Vazir:
— Bu ishni baliqni, hovuzni olib kelgan bola bajaradi-da, — debdi. Podsho tezda bolani topib kelishni buyuribdi. Navkarlar bolani dam o‘tmay olib kelishibdi. Podsho bolaga:
— Sen ikkita ishni bajarding, yana bir ish bor. Parilar mamlakatidan pari qizni olib kelasan, — deb buyuribdi.
Bola nima qilishini bilmasdan uyiga qaytibdi. Otasiga podshoning buyrug‘ini aytibdi. Shunda o‘g‘liga qarab: Aytganimni qilmay, o‘zboshimchalik qilding, vazirga ber, desam baliqlarni podshoga berding, ana endi sendan vazir o‘ch olmoqchi. Mayli, yana podshodan bir necha qo‘y, eshak, temir kavush, temir hassa so‘rab olib, yo‘lga ravona bo‘l, — debdi. Bola podsho oldiga borib, otasi o‘rgatgan narsalarni so‘rabdi. Podsho hamma narsalarni beribdi. Bola qo‘y va eshaklarni haydab ketaveribdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, bir qishloqqa yaqin yerga borib qolibdi. Qarasa, yetti yashardan yetmish yashargacha qo‘liga nima ilinsa, shuni olib kun chiqar tomonga qarab chopib ketayotgan emish. Bola bu odamlardan “Qayerga ketayotibsizlar?” deb shuncha so‘rasa ham hech kim javob bermabdi. Bir mahal yetti yoshli bir bola to‘xtab:
— Qishlog‘imizning butun mol-mulkini o‘g‘irlab ketgan o‘g‘ri ushlanibdi. Shu vaqtgacha uni hech kim tutolmagan edi. Uni tutib olishganiga uch kun bo‘ldi. Odamlar shuni o‘ldirishga chopib ketishayotibdi, — debdi.
Bola ham qo‘y va eshaklarini choptirib o‘sha tomonga ketibdi. Borib qarasa, olomon yig‘ilgan, bir yerga dor tikilgan, haqiqatan ham bir odamning bo‘yniga sirtmoq solingan; katta-kichik tosh, sopol, ketmon, kosov, shunga o‘xshash narsalar ushlab o‘g‘riga yov nazar bilan qarab turganmish.
Bola qo‘y va eshaklarini bir chetga qo‘yib, olomon orasidan o‘tib, o‘g‘ri oldiga boribdi. Bu o‘g‘ri shunday odam ekanki, chopsa ot yeta olmas, qirqta qo‘yning go‘sht-yog‘iga to‘ymas ekan. Lekin bo‘ynidagi sirtmog‘i qattiq bog‘langanidan qimirlay olmay turgan ekan. Bola o‘g‘rini dorga osayotgan odamlarga qarab: “O‘ldirmanglar, agar o‘g‘ri bo‘lsa, menga sotinglar!” — deb qichqiribdi. Avval ko‘pchilik olomon o‘g‘rini sotishga ko‘nmabdi, “Baribir yana o‘g‘rilik qila beradi. Yaxshisi o‘ldiramiz”, deyishibdi. O‘g‘rini o‘ldirishga qancha urinsalar ham o‘ldira olmabdilar. Bola qo‘y va eshaklarining hammasini berib, o‘g‘rini sirtmoqdan bo‘shatib olgan ekan, o‘g‘ri ikki-uch marta xo-xolab kulibdi-da, yo‘q bo‘lib qolibdi. Bola olomon ichida qo‘y, eshaklaridan ajralib, nima qilishini, qayerga borishini bilmay, dovdirab turib qolibdi, tavakkal deb temir kavushini kiyib, temir hassasiga tayanib, bir tomonga qarab jo‘nabdi.
O‘g‘ri qochib ketayotib o‘z-o‘ziga: “U bola meni nima uchun o‘limdan qutqardi. Nima uchun men u bilan so‘zlashmay ketayotibman”, debdi-da, ketiga qaytib, bolani qidirib topibdi. Bolaga o‘zining kimligini bildirmay, undan hol-ahvol so‘rabdi. Bola bo‘lgan voqeani birma-bir aytib beribdi. Shunda o‘g‘ri bolani yelkasiga mindirib chopib ketibdi. Тez orada ular baland bir temir qo‘rg‘on yoniga borib qolibdilar. O‘g‘ri temir darvozani ochib, ichkariga kiribdi. Qirqta qo‘yni so‘yib, pishirib yeb, damini olgandan keyin bolaga:
— Men senga pari qizni topib olib kelib beraman. Sen shu yerda tur, — debdi va jo‘nab ketibdi. O‘g‘ri bir qancha yo‘l yurib qizning makoniga yetibdi. Borib sekin eshigini taqillatibdi. Bir dev chiqibdi.
O‘g‘ri dev chiqishi bilan uni o‘ldiribdi. Ichkariga kirib qirqta dev bilan olishib, ularni ham o‘ldiribdi. Yana ichkaridagi bir uyga kirsa, bir chiroyli qiz o‘tirgan emish. Qiz ko‘p vaqtdan buyon odam ko‘rma-ganligidan uning bu yerga qanday kelib qolganligini so‘rabdi.
O‘g‘ri butun voqeani aytibdi, qizni bolaga olib kelib beribdi. O‘g‘ri qiz bilan bolaga ketish uchun bir ot berib, jiloviga tegmanglar, debdi.
Bola qizga uni podshoga olib ketayotganini aytibdi. Birdan shamol, to‘polon bo‘lib qiz yo‘q bo‘libdi. Osmonda uchta kaptar qizni ko‘tarib uchib, tog‘dagi g‘orga kirib g‘oyib bo‘libdi. Bola bu holni ko‘rib, nima qilishini, qizni qayerdan topishini bilmay qolibdi. Bu voqeani o‘g‘ri sezib, hash-pash deguncha yetib kelib, boladan kaptarlar qizni qay tomonga olib ketganini so‘rabdi. Bola g‘orni ko‘rsatibdi. O‘g‘ri g‘orga borib:
— Pari, chiq bu yoqqa, — deb qattiq baqiribdi. Ammo pari g‘ordan chiqish yo‘lini bila olmabdi. O‘g‘ri qizga chiqish yo‘lini o‘rgatibdi. Qiz chiqqandan keyin:
— Men keta olmayman, devlar orqamizdan quvlaydi, — debdi.
O‘g‘ri qizga gap o‘rgatib:
— Devlar kelgandan keyin ulardan: “Nima uchun odamzodning joni o‘zida-yu, devlarning joni o‘zida emas. Devlarning joni qayerda? — deb so‘ra, aytmasa yig‘la. So‘ngra aytishga majbur bo‘ladi. Uni bilib menga aytasan, — debdi.
O‘g‘ri bola yoniga qaytib kelibdi. Qiz devlar kelgandan keyin devlardan ularning joni qayerda turishini so‘rabdi. Devlar avval shubhalanib, qizni o‘ldirmoqchi bo‘lishibdi. Keyin maslahatlashib:
— Bu qizning qo‘lidan nima ish kelardi, — deb jonlarining qayerda ekanligini aytishibdi:
— O‘sha ko‘ringan jar yoqasidagi chinor ostida bir buloq bor, buloq ichida sandiq bor. Shu sandiq ichida bizning jonimiz turadi. Chinorni borib tebratsa, suv ichidan oltin baliq sandiqni dumi bilan chiqarib beradi.
Qiz buni eshitib olib, devlarga sharob quyib berib mast qilibdi. Devlar mast bo‘lgan vaqtda o‘g‘ri kelibdi. Qiz o‘g‘riga eshitgan so‘zlarini aytib beribdi. O‘g‘ri borib chinorni shu qadar jahl bilan tebratibdiki, chinor qulab ketibdi. Baliq esa dumi bilan bir siltab sandiqni chiqarib tashlabdi. O‘g‘ri sandiqni buzib, devlarning jonini olib, bola tomonga kelibdi. Shunda devlardan biri “voy belim” desa, ikkinchisi “voy boshim” deb yugurishib o‘g‘ri oldiga kelib:
— Nima buyursang qilamiz, — deb oyog‘iga yiqilishibdi.
O‘g‘ri devlarga:
— Parini hozir topinglar, agar topmasanglar, hammangni o‘ldiraman, — debdi.
Devlar parini topib kelishibdi. O‘g‘ri qizga devlarning jonini berib, bola bilan xayrlashib, ikkovini jo‘natibdi.
Bola o‘z mamlakatiga yetibdi. Podsho bolaning kelganini eshitib, qizni tezda olib kelib berishni buyuribdi. Bola qizni podshoga berishga rozi bo‘lmaganidan keyin, podsho askarlariga bolaning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab olib kelishni buyuribdi. Askarlar kelib bolaning qo‘l-oyog‘ini bog‘layotganligini o‘g‘ri sezib qolib, yetib kelibdi. Qiz esa devlarning jonini siqibdi, devlar ham darrov yetib kelibdi. O‘rtada qattiq urush bo‘libdi. Podsho yengilibdi.
Baliqchi cholning o‘g‘li mamlakatga podsho bo‘lib, pari qizga uylanibdi. O‘g‘ri esa o‘g‘riligini tashlab xizmatga kiribdi. Murod-maqsadlariga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.