Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, burungi zamonda xoqoni Chin degan tomonda Yu-San-Chin degan podshoh o‘tgan ekan. Uning yaxshi ko‘rgan Yu-Chin-San degan dono vaziri bor ekan. Har ikkovining ham yoshlari anchaga borib qolgan bo‘lishiga qaramay, farzandlari yo‘q ekan. Kunlarning birida podshoh o‘z ulamolari bilan uzoq tomonlarga ovga ketibdi. Podshoh bilan vazir ikkovlari farzandlari tug‘ilganidan xabar kelmaguncha, ovdan qaytmaslikka qaror qilishibdi. Agar ikkovlarining ham farzandlari o‘g‘il bo‘lsa biriga Hasan, ikkinchisiga Husan deb ot qo‘yib, aka-uka qilmoqchi bo‘lishibdi. Ikkovi ham qiz bo‘lsa, Fotima va Zuhra deb ot qo‘yib, opa-singil, agar biri o‘g‘il, biri qiz bo‘lsa, birini Тohir, birini Zuhra deb ot qo‘ymoqchi bo‘lishib, ahdnomaga imzo chekib, muhr bosishibdi.
Kunlar, oylar o‘tibdi. Bir kuni chopar kelib podshoh bilan vazirga malikalari o‘g‘il tug‘ganligi haqida sevinchli xabar keltirib, ularni xursand qilibdi. Ahdlariga binoan podshohning o‘g‘liga Hasan, vazirning o‘g‘liga Husan deb nom qo‘yishibdi. Podshoh bilan vazir uylariga kelib yetti kecha-yu yetti kunduz elga to‘y berishibdi.
Bolalarining tarbiyasiga alohida e’tibor berib, ularning har qaysisiga yaxshi tarbiyachi enagalar, tabiblar qo‘yibdi. Bolalarni bir-biridan ajratmasdan tarbiya berishibdi. Hatto qaysi biri kimning farzandi ekanini ham bildirmas ekanlar. Bolalar katta bo‘lgandan keyin o‘qishga berishibdi. Ularga o‘qish, yozish, harbiy hunar, davlatni boshqarish, dengizda suzish, duradgorlik, chinniy naqqoshlik, temirchilik, qisqasi, o‘sha davrda mavjud bo‘lgan hamma hunarning har biridan o‘qituvchi ajratib, hunar o‘rgatila boshlabdi. Bu bolalar hunarlarni shunchalik qiziqib o‘rganar ekanlarki, hatto o‘qituvchilari ularning qaysi bir hunarni yaxshi o‘rganayotganliklari to‘g‘risida suhbatlashganlarida, har biri o‘z hunarini yaxshi o‘rganayotganini aytar ekanlar.
Bolalar o‘n yetti yoshga kirganda hamma hunarlarni o‘rganib bo‘lib, sayohat qilishga qaror qilishibdi. Safarga katta tayyorgarlik ko‘rishibdi. Yaxshi tulpor otlarni minib, xurjunlarini qimmatbaho toshlarga to‘ldirib, jangchi qurollari va kiyimlarini kiyib, yonlariga yo‘ldosh ham olmay, ikkovi janub tomonga qarab jo‘nashibdi. Kun yurib, oy yurib, jarlardan, qorli baland tog‘lardan, cho‘l-u biyobonlardan oshib, Buxoro degan shaharga kelib yetibdilar. Otlariga dam berib, o‘zlari ham biroz dam olmoqchi bo‘lib, shaharning kunchiqar tomonidagi bir kulbaning eshigini qoqibdilar. Chol-u kampir ularga eshik ochibdi. Hasan bilan Husan odob bilan salomlashganlaridan keyin, o‘zlarining uzoq safardan kelayotganliklarini va shu yerda dam olib ketmoqchi ekanliklarini bildiribdilar. Chol-kampirning farzandlari yo‘q ekan. Bularning o‘zlariga farzand bo‘lishini iltimos qilishibdi. Aka-uka ham ularning iltimosini qabul qilib, ota va ona deydigan bo‘lishibdi. O‘zlarining jangchi kiyimlarini yechib qo‘yib, mahalliy kiyimlar sotib olib kiyishibdi. Bir qancha vaqt shu yerda yashashibdi.
Kunlarning birida Husan ko‘chaga chiqsa, odamlarning “Ana keldi”, “Qoch, o‘lasan”, “Otadi, yashirin”, degan vahimali hayqiriqlarini eshitibdi. Husanning qo‘lida quroli, ustida jangchi kiyimi yo‘qligi sababli u ham o‘zini pana joyga olishga majbur bo‘libdi. Keyin kampirning oldiga kirib, ko‘chada bo‘lgan voqeani gapirib berib:
— Ona, ko‘chada odamlar nimaga shuncha vahimaga tushib qochadilar? — deb so‘rabdi. Kampir bu voqeaning ularga hech taalluqli bo‘lmaganidan aniq javob bermabdi. Lekin aka-uka shu bo‘lgan voqeani tushuntirib berishni talab qilibdilar.
Shunda kampir:
— Buxoro xoni — Usmonxonning yakka-yu yagona Mohinbonu ismli chiroyli qizi bor. U haftada bir martaba bezatilgan tuyada soqchilar bilan hammomga boradi. Yuziga yetti qavat parda tutilganiga qaramay, kimki unga qarasa, xon: “Sen nima uchun nomahram ko‘zing bilan mening qizimga qaraysan?” deb shu kishini o‘limga buyuradi. Shu sababli odamlar qochadilar, — debdi. Hasan bu so‘zni eshitishi bilan Mohinbonuni ko‘rmay oshiq-u beqaror bo‘lib qolibdi. Ovqat ham yemay, bir necha kun ichida bir necha oy kasal yotgan bemordek ozib qolibdi. Akasining bunday holga tushishi Husanni ham qattiq tashvishga solibdi. Xonning saroyiga sovchi yuborishning iloji bo‘lmaganligidan Husan Mohinbonu bilan qanday bo‘lsa ham gaplashish yo‘lini qidira boshlabdi. Mohinbonuning Zulhijja degan o‘qituvchisi borligini surishtirib bilib, uning turar joyini aniqlabdi. Bozordan bir gaz shoyi sotib olib onasiga berib, uchta xalta tiktiribdi. Har bir xaltani qimmatbaho toshlar bilan to‘ldiribdi. Bir kuni kechasi xaltalardan birini olib, shu o‘qituvchisining uyiga boribdi, u derazani ochib qo‘yib uxlab qolgan ekan. Husan xaltani sekin derazaning ustiga qo‘yib ketibdi. O‘qituvchi erta bilan deraza ustida bir xalta qimmatbaho toshlarni ko‘rib hayron qolibdi. Ammo kim, nima uchun bu xaltani qo‘yib ketganligini bilmabdi. Ertasi kuni sinash uchun derazani yana ochiq qoldirib uxlamay poylab yotibdi. Lekin uyqu zo‘rlik qilib uxlab qolibdi. Erta bilan qarasa, yana bir xalta paydo bo‘libdi. Uchinchi kuni derazani ochiq qo‘yib poylab yotibdi. Uyqusi kela boshlagandan keyin jimjilog‘ini pichoq bilan kesib, yarasiga tuz sepib uyqusini qochiribdi. Yarim kechadan o‘tgandan keyin, derazadan bir qo‘l xaltani ichkariga uzatibdi. O‘qituvchi tezlik bilan qo‘lni tutib olib:
— Kimsan, menda nima arzing bor? — debdi. Husan ichkariga kirib voqeani gapirib beribdi. O‘qituvchi:
— Ertaga tush paytida shahzoda kiyimlarini kiyib kelib, eshikni sekin ochib qaranglar. Agar qiz aylanib qarab muloyimgina ”Bular kimlar, nima qilib yurishibdi?” desa, ichkariga kirib o‘tiringlar. Men unga voqeani gapirib beraman. Agar “Bular kimlar, bevaqt kelibdi?” desa, yaxshisi tezroq qochib ketinglar. Bo‘lmasa, sizni ham, meni ham o‘ldiradi, — debdi. Husan kalavaning uchi topilganligidan xursand bo‘lib, uyiga borib voqeani akasiga gapiribdi. Aka-uka ertasi kuni o‘qituvchining uyiga kelishibdi. Sekin eshikni ochib qarashibdi. Qiz ularga qayrilib qarab, bir seskanib ketibdi, muloyimgina:
— Bular kimlar, nima qilib yuribdilar, — deb so‘rabdi. Eshik oldida qimirlamay turgan aka-uka qo‘g‘irchoqqa jon kirganday birdan qo‘zg‘alib ichkariga kirib o‘tiribdi. O‘qituvchi bo‘lgan voqeani qizga gapirib beribdi. Shunda qiz bir chuqur oh tortib:
— Meni otam ertaga arab xalifasining o‘g‘li Abdulmalikka to‘y qilib berib yuboradi. Men qanday qilib sizga va’da qilaman, agar Husan meni akasiga olib berishni istasa, bir shartimni bajarsin. Meni ertaga karvon bilan Arabistonga olib ketayotganlarida mozor yonidan o‘tamiz, o‘sha vaqtda men onamning qabrini ko‘rib ketishni so‘rayman. Sizlar shu mozorga borib o‘tirasiz. Men mozorga kirishim bilan Husan mening ust-boshimni kiyib chiqib mening o‘rnimga karvon bilan o‘tirib ketadi. Keyin Husan o‘zini qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham qutqarib oladi. Biz esa Hasan bilan mozorda qolamiz, — debdi.
Ertasi aka-uka mo‘ljallangan vaqtda mozorga borib, qizning kelishini kutib o‘tirishibdi. Mohinbonu esa mozorga yaqinlashish bilan “dod” deb yig‘lab yuboribdi-da, onasining yaqinda o‘lganini, uning qabrini ziyorat qilib ketishi kerakligini aytibdi. Karvonlar tuyalarini cho‘ktirib kelinni tuyadan tushiribdilar. Mohinbonuning mozorga kirib ziyorat qilishiga javob beribdilar. Mohinbonu mozorga kirishi bilan Husan uning kiyimlarini kiyib, paranjisini yopinib yig‘lab-yig‘lab tuyaga minib, Arabistonga ketibdi. Borgandan keyin kelinni yaxshi kutib olishibdi. Yetti kecha-yu yetti kunduz to‘y berib, kuyovni keltirishibdi, shunda “kelin” onasining yaqinda o‘lganligi uchun qirq kecha-yu qirq kunduz aza tutishini, aza vaqtida erkak kishi qarasa gunoh hisoblanishini aytib, qirq kunga muhlat so‘rabdi. Kuyov ham rozi bo‘libdi. “Kelin” zerikib qolmasin deb, singlisi Zulayhoni yoniga qo‘yibdi. Bir necha kun o‘tgandan keyin Husan Zulayhoga o‘z sirini ochib, undan yordam so‘rabdi. Zulayho o‘zining undan ajralishini istamay, u bilan birga ketmoqchi bo‘lganligini aytibdi. Ikkovi qochmoqchi bo‘lishibdi. Zulayho otasi va akasi oldiga borib, kelin oyisi bilan bir hafta sayohat qilib kelishga ruxsat olibdi. Otasi ularni tulpor otlarga mindirib, bir necha kanizak, bir necha soqchilar bilan sayohatga jo‘natibdi. Bir qancha yo‘l yurib, sayohat tayinlangan joyga yetibdilar. Xushmanzara bir joyni tanlab, chodir quribdilar. Kechasi ovqatdan keyin yotib uxlashibdi. Faqat “kelin” bilan Zulayho hamda sezgir soqchilar uxlashmabdi. Soqchilarning uxlashini kutib ko‘p vaqt poylab o‘tirishibdi. Lekin soqchilar hech uxlamagandan keyin Husan chiqib ustalik bilan ularni uhlatibdi. Ikkovi ham erkaklar kiyimini kiyib, qurollarini olib, otlariga minib “Yo Buxoro, qaydasan” deb yo‘lga tushibdi. Daryo-yu ko‘llar, dasht-u cho‘llar, adir-u tog‘lar, gulzor-u bog‘larni o‘tib, eson-omon manzillariga yetibdilar.
Arab xalifasi kelin bilan qiz sayohatdan qaytib kelmagandan keyin ularni qidirib topishga choparlar yuboribdi. Choparlar kelib ko‘rib, xalifaga voqeani borib aytibdi. Xalifaning jahli chiqib, jahonni buzgudek bo‘lib, Buxoro xoniga qarshi urushga tayyorlanibdi. Lashkar to‘plab yo‘lga chiqibdi. Тez kun ichida Buxoroga yetib, qal’ani qamal qilib, xonga noma yuboribdi. Nomada: “Bir kecha-yu kunduz ichida Buxoro so‘zsiz taslim bo‘lmasa, beshikdagi boladan tortib, eng qari chollarigacha qilichdan o‘tkazaman, shaharning kulini ko‘kka sovuraman”, deb yozibdi.
Bu voqeadan bexabar Buxoro xoni o‘zicha mulohaza qilib: “Bu badnafs xalifaga xiroj to‘lasam, qizimni bersam, yana mening taxt-u baxtimga chang solmoqchi. Nomardlarcha dorda quzg‘unga yem bo‘lguncha, jang maydonida mardlarcha jang qilib o‘lmoq a’lo”, deb tezlik bilan lashkarlarini to‘plab qarshi chiqibdi. Arab lashkarlari uzoq yo‘l yurib charchaganliklariga qaramay, ko‘p jang qilib chiniqqan, intizomli, berahm kishilar bo‘lgani uchun Buxoroga bostirib kirib xonning saroyiga yaqin-lashibdilar. Mohinbonu bu voqeani eshitib Hasan bilan Husanga qarab:
— Sizning mardligingizdan shu yerga kelgan edik, nomardligingiz tufayli mamlakatimiz qonga belanib, dushmanga oyoq osti bo‘lmoqda! — debdi. Mohinbonuning bu so‘zidan ta’sirlangan Hasan bilan Husan urush kiyimlarini kiyib, nayza va qilichlarini olib, otlarini minib, jang maydoniga chiqibdilar. Ko‘p vaqtdan beri to‘planib qolgan kuchlarini ishga solib, ustalik bilan jang qila boshlabdilar. Buxoroliklar notanish lashkarboshilarning jang maydoniga kirganlarini ko‘rib qat’iy hujumga o‘tibdilar. Arablarni qal’adan tashqariga suribdilar. Choparlar kelib o‘z xonlaridan suyunchi olibdi. Kutilmagan g‘alabadan xon juda xursand bo‘libdi. Shu bilan Arab askarlari zo‘rg‘a qochib qutulibdi.
Jang tamom bo‘lgandan keyin Buxoro xoni yasovullar boshlig‘ini chaqirib, xonlikni og‘ir ahvoldan qutqarishga yordam bergan ikki qahramonni topib kelishga buyuribdi. Lekin qancha qidirsalar ham topa olmabdilar. Jang maydonida ularni ko‘rgan jangchi va lashkarboshilar, ular jang maydonida qanday paydo bo‘lgan bo‘lsalar, shunday g‘oyib bo‘lganliklarini aytibdilar. Shaharning hamma karvonsaroy, mehmonxona, musofirxonalarini tekshiribdilar. Hech qayerdan topa olmabdilar.
Shunda xon: “Ular kim bo‘lsa ham yurtimizning kishilari emas”, deb tezlik bilan topishni talab qilibdi. O‘limdan qo‘rqqan yasovulboshi hamma yasovullarini to‘plab qidirishga kirishibdi. Hamma joyni qidirib topa olmaganlaridan keyin yasovullarning bir keksasi faqat shaharning narigi chekkasidagi bir chol-u kampirning uyi qolganligi, lekin ularning o‘g‘li yo‘qligini aytibdi. Yasovulboshi shu chol-kampirning uyini ham borib ko‘rishni yasovullarga buyuribdi. Bu tashlandiq kulbadan quvonchli natija chiqishiga umid qilmasalar ham, buyruqni bajarishga majbur bo‘lishib, yasovullardan uch kishi jo‘nabdi. Borib u yerda xonning qizi Mohinbonu bilan arab xalifasining qizi Zulayho va ikki notanish pahlavon yigit o‘tirganini ko‘rishibdi. Bu sevinchli voqeani xonga yetkazishibdi. Xon ularni olib kelishni buyuribdi. Ular kelgandan keyin xon: “Mening xonligimni halokatdan qutqarib qolganingiz uchun sizlardan biringiz xonlik qilishingiz lozim”, debdi. Aka-uka qarshilik qilishiga qaramay, tojini Hasanga kiydiribdi. Husanni o‘ng qo‘l vazir, xon o‘zini chap qo‘l vazir, cholni esa xazinachi qilib tayinlabdi. Qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib, tinch hayot kechira boshlabdilar.
Kunlarning birida aka-uka gaplashib o‘tirib: “Vatanimizdan chiqib ketganimizga ko‘p yillar bo‘lib ketdi. Ota-onalarimizning holidan xabar ham olganimiz yo‘q”, deyishibdi-da, Husan borib ota-onalaridan xabar olib kelmoqchi bo‘libdi. Bu xabarni eshitgan Zulayho ham: “Men sizdan ajralib qolmayman”, debdi. Husanning yo‘l uzoq va og‘ir deyishiga qaramay, o‘z so‘zida mahkam turib, Zulayho ham, kanizak va soqchilarini olib yo‘lga chiqibdi. Bir joyda to‘xtab ovqatlanishibdi. Biroz uxlagandan keyin Husan uyg‘onib qarasa, Zulayhoning bilagiga bog‘lab qo‘yilgan Husanning oti yozilgan qimmatbaho uzukni bir zag‘izg‘on kelib yechayotganini ko‘ribdi. Husan o‘rnidan turib zag‘izg‘onni haydab yubormoqchi bo‘lganda, zag‘izg‘on ro‘molchani yechib olib ketibdi. Husan uning orqasidan quvlabdi. Тongotar paytida zag‘izg‘on bir ravotga kelib tushibdi. Husan ravotni aylanib yurib kirishga na eshik, na daricha topa olmabdi. Qarasa, bir ariq orqali ravotga suv oqib kirayotibdi. Husan shu ariqdan ichkariga kiribdi. Ravot ichida soch-soqoli oqargan, kiyimlari juldur bo‘lib ketgan bir chol turgan emish, cholga salom beribdi. Chol Husanni ko‘rib hayron bo‘lib:
— Ey odamzod, bu yerga qaydin kelding? — debdi. Husan:
— Men bu yerga Buxorodan keldim, — debdi. Chol:
— Ey o‘g‘lim, Buxoro bu yerdan olti oylik yo‘l. Bu joy esa, devlarning makoni, — deb, Husanning qanday kelganini so‘rabdi.
Husan bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Chol:
— Sen zag‘izg‘onni emas, devni quvlabsan, quvlaganing ham yo‘q, yelkasiga minib kelgansan. Sening ko‘zingga shunday ko‘ringan, — debdi va o‘zining Eron podshosining o‘g‘li Umar al-Amal Firuziy ekanini, u ham xuddi shunday qilib kelib qolganini hikoya qilibdi. Bitta edim, ikkita bo‘ldik. Endi zerikmaymiz, insonlarcha gapirish ham esimizdan chiqmaydi, — deb xursand bo‘libdi. Shunday qilib ular birga yashay boshlabdi. Endi gapni Zulayhodan eshiting.
Zulayho qarasa, yonida Husan yo‘q. Biror yerga ketgandir, deb biroz kutibdi. Lekin Husan kelmaganidan keyin “Meni safarga birga olib ketishga rozi bo‘lmagan edi. Shuning uchun meni yolg‘iz tashlab ketgan bo‘lsa kerak”, deb o‘ylabdi. Qarasa, Husanning jangchi kiyimlari shu yerda qolibdi, hayron bo‘lib endi nima qilish kerakligini o‘ylabdi. Vaqt juda qisqa bo‘lganidan, tezda bir qarorga kelibdi. Husanning jangchi kiyimlarini kiyib, bir necha kunlik ovqat olib, yaxshi tulpor otini minib Husanni qidirib ketibdi. Soqchilar uyg‘onib, nima hodisa bo‘lganini tushunib olgunlaricha Zulayho qorong‘u tunda uzoq joylarga ketib qolibdi. Soqchilar qancha bosh qotirsalar ham nima hodisa bo‘lganini bila olmabdilar. Faqat Husan bilan Zulayho va bir ot yo‘q, Zulayhoning kiyimlari shu yerda qolibdi. Soqchilar: “Buxoroga qaytib borsak, nima voqea bo‘lganligini aytib bera olmasak, aybdor bo‘lib quzg‘unlarga yem bo‘lgandan ko‘ra, hammamiz har tomonga tarqalib ketganimiz yaxshiroq”, deb maslahatlashib har tomonga tarqalib ketishibdi. Kanizaklar ham ketibdi.
Zulayho ko‘p og‘ir yo‘llardan o‘tib, Hindiston mamlakatiga boribdi. O‘zini arab xalifaligidan norozi bo‘lib qochib ketgan lashkarboshi — Zohir Botir Zululi deb tanishtiribdi. Bu xabarni hind shohi Radj Chandraga bildiribdilar. Hind shohi uni yoniga chaqirib olib, o‘zining qarib qolganligini, o‘g‘li yo‘qligi, faqat Radxa ismli qizigina borligini, shu qizi Radxaga uylanib o‘z taxtiga o‘tirishini taklif qilibdi. Zohir Botir noiloj rozi bo‘libdi. Shoh yetti kecha-yu yetti kunduz to‘y qilib, qizini beribdi. Тoj kiydirish marosimini ham o‘tkazibdi. Тo‘ydan keyin Zohir Botir Radxaga o‘z sirini ochib, boshidan o‘tgan voqeani gapirib beribdi. Agarda Husan topilsa uning bilan birga yashab, Radxani esa o‘zining akasi Abdulmalikka olib berishga va’da beribdi. Har ikkisi bu gaplarni sir saqlashga ahd qilishibdi.
Kunlarning birida Husan ravotda gullarga qarab yurganida ikki zag‘izg‘onning quvlashib kelganini va biri boshqasini o‘ldirganini, ikkinchi joyda esa bir tugunchani ko‘mib ketganini ko‘rib qolibdi. Husan borib tugunchani olib qarasa, o‘zining Zulayhoga bergan uzugi chiqibdi. Bu voqeani cholga borib aytibdi. Chol:
— Bizning devning dushmanlari ko‘p edi. Ular uni o‘ldiribdilar, endi sen qutulibsan. Ketishing mumkin. Shu yaqin joyda bir daryo bor. Har uch oyda bir martaba kema keladi, — debdi. Husan devning xazinasidan bir xaltachaga qimmatbaho toshlarni to‘ldirib, uzukni ham shu xaltachaga solib, kema kelar vaqtida daryo tomonga ketibdi. Daryo yoniga kelsa, kema kelib turgan ekan. Xaltachani kemaga qo‘yib, chol bilan xayrlashib kelish uchun qaytibdi. Kema kelganini aytib, choldan oq yo‘l tilashini so‘rabdi. Shu vaqtda chol: “Yana bir o‘zim qolaman, endi qanday qilib turaman?” deb yuragi yorilib o‘lib qolibdi. Cholning o‘ligini ko‘mmay qoldirib ketish insofdan emas, deb cholni ko‘mishga kirishibdi. Cholni ko‘mgandan keyin daryo yoniga borsa, kema ketib qolibdi. Kemachilar bir emas, bir yarim soatgacha kutib, oxiri kelmaganidan keyin ketib qolgan ekan. Husan endi qay yerga borishini, nima qilishini bilmay, daryo yonidagi bir tosh ustida o‘tirganicha qolaveribdi.
Zohir Botir davlat ishining hamma sohalari bilan birma-bir tanishibdi. Kunlarning birida o‘tkinchi kemalardan tushgan xirojlarni tekshirmoqchi bo‘lib, kemalar to‘xtaydigan joyga boribdi. Kelgan savdo kemalarini tekshira boshlabdi. Hamma mollarni tekshiribdi. Bir xaltaning egasi topilmabdi. Kemachilardan xaltachaning egasini so‘rabdi. Kemachilar bir odam xaltani kemaga qo‘yib ketganini, bir soatdan keyin kelaman deb, qaytib kelmaganini aytishibdi. Zohir Botir xaltani ochib qarab, o‘zining uzugini ko‘ribdi. Nima qilishini bilmay kema boshlig‘ini chaqiribdi. Тezlik bilan kemani bo‘shatish va uch kun muhlat ichida xaltaning egasini topib kelishni buyuribdi. Kemachi noiloj buyruqni bajarishga majbur bo‘libdi. Kemachilar qaytib borib qarasalar, Husan hali ham shu tosh ustida o‘tirgan ekan. Kemachilar yigitga: “Sen bizni shuncha ovora qilding, ahmoq”, — deb urib-so‘kib kemaga solib olib ketishibdi, kemani mo‘ljallangan vaqtda yetkazishibdi. Zohir Botir kemachiga javob berib yuborib, Husanni yuvintirib, kiyintirishni xizmatkorlariga buyuribdi. Husanning topilganligi to‘g‘risida Radxaga xabar yuboribdi. Keyin bu voqeani otalariga ham bildirib, o‘zlarining maqsadlarini aytishibdi. Radj Chandra avval ularning gaplariga ishonmabdi, so‘ngra “Aqllaringga balli, qizlarim, sizga ofarin” deb ulardan juda xursand bo‘libdi. Husanni podshohning oldiga olib kelishibdi. Zohir Botir Husanni sinamoqchi bo‘lib: “Yaxshi yigit, qayerliksiz, qaysi tomonga ketayotibsiz?” debdi. Husan o‘zining boshidan o‘tgan voqeani aytib beribdi. Zulayho: “Agar xotiningiz topilsa, nima qilar edingiz?” debdi. Husan: “Agar meni kutgan bo‘lsa, albatta, yana uning bilan o‘z hayotimni bog‘lar edim”, debdi. Shunda Zulayho boshidagi tojini olib, toj ostidagi yashirib qo‘ygan sochlarini tushirib yuboribdi. Ikkovi topishib bir-biri bilan ko‘rishib, boshlaridan o‘tganlarni bir-biriga gapirib berishibdi. Ertasi kuni Husanga toj kiydirish marosimi o‘tkazilibdi. Husan bo‘lib o‘tgan voqealarni bayon qilib Xitoyga, Buxoroga, Arabistonga choparlar yuboribdi.
Arab xalifasi nomani olgan zamono o‘g‘liga Radxani so‘rab sovchi yuboribdi. Bir qancha kundan keyin katta to‘y-tomoshalar bo‘libdi. Тo‘yga Xitoydan, Buxorodan mehmonlar kelibdi. Тo‘ydan keyin to‘rt mamlakat vakillari bir joyga to‘planib, bundan keyin bir-birlari bilan urushmaslik hamda savdo aloqalarini yaxshilash haqida ahdnoma tuzib, muhr bosibdilar. Shu bilan hammalari murod-u maqsadlariga yetishibdi.