OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kambag‘al qurandoz

Bir podsho bor ekan, uning bittayu bitta o‘g‘li bor ekan. U yoshligidai birovga qo‘shilmas, hech kim bilan gaplashmas ekan. Katta bo‘lib, balog‘atga yetgach, yosh yigitlar bilan dalayu dashtga chiqib, ov qilib yuradigan bo‘libdi. Kunlardan bir kun podsho to‘rt yuz qurandozni chaqirib, ularga shunday debdi:
— O’g‘limning taqdirini ko‘ringlar-chi, qanday ekan? Qurandozlar kitob ko‘rib qur’a tashlabdilar. Qancha qur’a tashlasalar ham hech narsa chiqmabdi. Podshoga:
— Qur’a chiqmadi, — deb xabar beribdilar. Podshoning g‘azabi kelib:
— Men shuncha yillardan beri sizlarga non, osh, kiyim-kechak, pul bersamu, bittayu bitta o‘g‘limning taqdiriii topolmasalaring! Qirq kun muhlat, topsalaring topganlaring, topmasalaring boshlaring o‘limda, mollaring talonda, — debdi.
Qurandozlar kecha-kunduz kitob ko‘rib, shahzodaniig taqdirini bilolmabdilar. Qirq kun ham o‘tay deb qolibdi. Tong otsa, qirq kun bo‘lar ekan. Yana barcha qurandozlar yig‘ilib maslahatlashibdilar: «Qani, yana bir kitob ko‘raylik-chi, zora shahzodaning taqdiri chiqib qolsa», deb xo‘p urinishibdi, lekin qur’aga hech narsa chiqmabdi.
Endi gapni boshqa yoqdan eshiting:
Uzoq bir shaharda bir kambag‘al qurandoz bor ekan. U yurib-yurib shu shaharga kelib qolibdi. To‘rt yuz qurandozning daragini eshitib, ularning yoniga kelibdi. Qarasa qurandozlar yig‘lar emish.
U so‘rabdi:
— Yig‘lashingizning boisi nima?
Ular aytibdi:
— Yig‘lashimizning boisi podsho bizlarga g‘azab qilgan. Shuncha qurandoz bo‘lib bitta shahzodaning taqdirini bilolmadik. Tong otsa podsho bizlarni o‘ldiradi, molimizni talon qiladi, shu sababdan fig‘onimiz chiqib o‘tiribmiz.
Shunda g‘arib, kambag‘al qurandoz ularga:
— Menda ham bitta kichkinagina qur’a bor. Shuni bir ko‘rsam, mumkinmi? — deb so‘rabdi. Qurandozlar sevinib:
— Yaxshi bo‘lardi, — debdilar. Kambag‘al qurandoz qur’ani ochib ko‘rib:
— Uning taqdiri podsho qizidan ekan. Podshoning o‘g‘liga Mashriqdagi podsho qizining taqdiri tushgan ekan, — debdi. Qurandozlar maslahatlashib: «Ertaga ertalab podshoning oldiga boramiz. Podsho: «Qani topib keldilaringmi?»—desa: «Topib keldik, mana shu kishi javob beradi, deymiz», deyishibdi. Kambag‘al qurandoz ham rozi bo‘lib:
— Meni ko‘rsata beringlar, — debdi.
Ertasi erta bilan podshoning oldiga borishibdi. Salom-alikdan keyin podsho:
— Qani topdilaringizmi? — deb so‘rabdi.
— Topdik, taqsir, mana shu odam javob beradi, — deyishibdi.
Podsho kambag‘al qurandozga qarab:
— Siz javob berasizmi? — deb so‘rabdi. Qurandoz:
— Xo‘p, men javob beraman, mendan so‘rang! — debdi. Podsho:
— Mening bittayu bitta o‘g‘lim bor, shu balog‘atga yetdi. Shuning taqdiri qaerda ekan? Shuni bilmay hayron bo‘lib turibmiz, — debdi.
Kambag‘al qurandoz:
— Siz Mag‘ribdagi podsho ekansiz. Sizning o‘g‘lingizga Mashriqdagi podsho qizining taqdiri tushgan, — debdi. Podshoning achchig‘i kelib:
— Bitta odamning umri yetib borganda yetmishga, saksonga, yuzga borar ekan. Mashriq bilan Mag‘ribning orasi besh yuz yillik yo‘l bo‘lsa, endi nainki, men Mag‘ribning podshosi bo‘lsamu, mening o‘g‘limga o‘sha Mashriq podshosi qizining taqdiri tushadimi?! Sen buni xato gapirding! Jallod! — debdi.
Ikki jallod paydo bo‘libdi. Podsho kambag‘al qurandozni ko‘rsatib: — Buni olib borib o‘ldir! — deb buyuribdi.
Podshoning dono o‘ng qo‘l vaziri bor ekan. U o‘rnidan turib:
— Shu kishining umrini bir soat tiladim, besh-olti og‘iz gapirsin, — debdi.
Podsho:
— Mayli, gapira qolsin, — debdi.
Dono vazir kambag‘al qurandozga qarab:
— Aytganingiz necha yilda mavjud bo‘ladi, — debdi. Qurandoz qur’aga qarab:
— Kechiksa besh yil, bo‘lmasa to‘rt yil, shu yillar o‘rtasida mavjud bo‘ladi, — debdi.
Vazir podshoga qarab:
— Buni zindonga solaylik, to‘rt yil, besh yil hech narsa emas, o‘tib ketadi. Aytgani bo‘lmasa o‘ldiraylik, — debdi. Kambag‘al qurandozni zindonga solishibdi.
Endi u zindonda turaversin. Gapni boshqa yoqdan eshiting. Podshoning o‘g‘li ikki yuz yigiti bilan ovini ovlab, dovini dovlab, tomosha qilib yurgan ekan. Kunlardan bir kun bir tog‘ning tagiga borib, o‘sha yerda yotib qelishibdi. Hamma uxlab qolibdi. Shaxzodaning uyqusi kelmabdi. Bir chetroqda o‘t qalab, gulxay yoqib o‘tiribdi, yarim kecha bo‘libdi, yuqoriga qarasa, tog‘ning ichidan mash’al singari yorug‘ chiqib, tog‘ning damonasiga urib turgan emish. Shahzoda taajjublanib, o‘rnidan turibdi, otiga minibdi, yuqoriga qarab yo‘l olibdi. Borib yorug‘ chiqayotgan tarafga qarasa, juda baland tog‘ ekan. Yorug‘lik tog‘ning pastida ham emas, yuqorisida ham emas, qoq o‘rtasida bir tandirning og‘ziday teshikdan chiqib turgan ekan. O’sha tomonga boraveribdi, qancha yursa ham yorug‘lik chiqib turgan teshik yoniga yetolmabdi. Tong otibdi. Shahzoda qaytib askarlarini ergashtirib, kechasi yorug‘lik chiqqan yerga olib boribdi. Qarashsa pastdan chiqishning iloji yo‘q emish. Podshoning o‘g‘li askarlardan:
— Tog‘ning tepasiga olib chiqadigan yo‘lni biladigan odam bormi? — deb so‘rabdi. Bir odam:
— Men ko‘rganman, — debdi. U shahzoda va yigitlarni tog‘ning tepasiga olib chiqibdi. Kechasi yorug‘ chiqib turgan teshikka qarasalar, teshik juda chuqur ekan. Ular ot arqonlari va tizginlarini yig‘ishibdi-da, hammasini bir-biriga ulab, bir odamning belidan boylab teshikka tushirishibdi. Bu odam oxiriga yetolmabdi. Uni tortib olishibdi. Yana boshqasini tushirishibdi, u ham yeta olmabdi. Yana boshqasini tushirishibdi, u ham yetolmabdi. Shunday qilib, ikki yuz odamning hammasini ham tushirib ko‘rishibdi, hech qaysisiga ham biror narsa ro‘para kelmabdi. Hech biri uning poyonini bilolmabdi. Shahzoda:
— Butun otning dumini o‘zagidan pastini kesib kelinglar, — deb buyuribdi. Hamma otning dumini kesib kelishibdi. Bir yo‘g‘on argamchi qilib, eshibdilar. Shahzoda arg‘amchini beliga bog‘labdi. Yigitlarga qarab:
— Meni tushiringlgr, — debdi.
Yigitlar shahzodani chuqurga tushira boshlashibdi, Sekin-sekin, borib-borib, haligi arg‘amchi ham tamom bo‘libdi-yu shahzoda ham teshikning boshiga yetibdi. Mundog‘ qarasa, bir narsa u yoqdan-bu yoqqa yurib turganmish. U shahzodaga yaqin kelmasmish. Shahzoda bir iloj qilib uni mahkam ushlab olibdi. Qarasa bir qiz ekan, uni choponiga o‘rab, qo‘yniga solib arg‘amchini qimirlatibdi. Arg‘amchining uchini tutib turgan yigitlar tortib olishibdi. Shahzoda qizni qo‘yniga solganicha otga minib keta beribdi. O’rdaga yetibdi. Ichkaridagi bir enagaga: «Buni parvarish qilinglar», debdi. Enagalar uni bir qorong‘i uyga olib kirib qarashsa, u shunaqangi chiroyli ekanki, qorong‘i uyni yorug‘ qilib yuboribdi. Uni parvarish qilibdilar. U bir necha vaqt o‘tgach, gapiradigan bo‘libdi. Odamga elikib qolibdi, unga yaxshi libos — atlas-kimxoblar kiygizishibdi. Kuniga bir yashar o‘sib, kundan-kunga chiroyi osha boribdi. Shahzoda kunlardan bir kun qiz turgan xonaga kirganda unga ko‘zi tushib, oshiq bo‘lib qolibdi. Bu vaqtda podsho o‘g‘lini uylantirish to‘g‘risida o‘rdadagilar bilan maslahat qilar ekan. Bu maslahat shahzodaning qulog‘iga yetibdi. Podsho bir kishini yuborib: «O’g‘limdan so‘rab kel, kimni olarkin!» debdi.
Borgan kishiga shahzoda:
— Men boshqa yoqdan xotin olmayman, o‘zimning ovdan olib kelgan sayitim bor, shuni olaman, — deb javob beribdi.
Podsho o‘g‘lining javobini eshitib, bir necha kun karnay-surnay chaldirib, tomoshalar qildirib, yurtga qancha nonu oshlar berdirib, to‘y qilibdi. O’g‘lini uylantiribdi.
Shahzoda va qiz besh-o‘n kun eru xotin bo‘lib yurishibdi. Bir kun kechasi shahzoda gapga kirib:
— Siz qaerdan kelgan edingiz, u yerga kim sizni olib borib qo‘ygan edi? — deb so‘rabdi.
Qiz:
— Men Mashriq podshosining qiziman. Bir kuni hovlida o‘ynab yuruvdim, bir qush kelib meni ko‘tarib olib ketdi. O’sha siz olib kelgan joyga qo‘yib meni asradi. Qush yoz bo‘lsa, issiqlasam qanoti bilan yelpidi, qish bo‘lsa, qanotining tagiga olib isitdi. Shu bilan bir necha vaqt o‘tdi. Oxirida siz meni o‘sha yerdan, yolg‘izlikdan qutqarib bu yerga olib keldingiz, — debdi.
Shahzoda bu so‘zlarni yoru birodarlariga aytibdi. Bu so‘z podshoning qulog‘iga ham yetibdi. Dono vazir buni eshitib, podshoga aytibdi:
— Keliningiz Mashriqdagi podshoning qizi ekan. Qurandozni zindondan olib chiqaring.
Podsho zindonbonni chaqirib:
— Qurandozni olib chiq! — deb buyruq beribdi. Qurandozni olib chiqib, izzat-ikrom qilib, yaxshi joyga o‘tqazibdilar. Podsho qancha uzr-ma’zurni aytibdi. Qancha in’om-ehson beribdi. Xirojini so‘rab yeb yotgin, deb bir katta shaharni ham unga hadya qilibdi. Qizning voqeasini qurandozdan so‘rabdi. Qurandoz:
— Hech bir odamzod Mashriqqa borib, bu qizni olib kelolmaydi. Xumo degan bir qush bor, u yildan-bu yilga Mashriqdan Mag‘ribga bir keladi. O’sha Xumo qush olib kelgan. U Xumo qushning salqini kimga tushsa, uning avlod-ajdodi podsho bo‘ladi. Agarda kimda-kim o‘sha qushning tovushini eshitsa yetti pushti qutli zamon bo‘lib o‘tadi, — debdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.