Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir devona bor ekan.
U devona "ko‘kka tupursa, betga tushadi", deb aytib yurar ekan. O‘ng ko‘zini ko‘rsatkich barmog‘i bilan ko‘rsatib, "mana ko‘rdinglarmi" deb, kulib ketaverar ekan.
Shu gapdan boshqani aytmas, hech kim bilan so‘zlashmas, birovdan biror narsa tilamas ekan. O‘sha shahar podshosining vazirlari devonaning aytib yurgan so‘zlarini podshoga yetkazishibdi.
Podsho devonani o‘z huzuriga chaqirtirib keltirgan ekan, podshoning yoniga kirganida ham, ta’zim qilib o‘z gapini takrorlabdi: "ko‘kka tupursang, betingga tushadi" va tupurib ko‘rsatibdi.
Devonaning gapi va qilig‘i podshoga manzur bo‘libdi-yu, unga qarab:
— Devona, bundan keyin bizningoldimizga har kuni ertalab salom vaqtida bir kelasan-u, shu gapni aytib, xazinachidan bitta oltin olib ketaverasan, — debdi va xazinachiga qarab:
— Devonaga bitta oltin bergin! — deb buyuribdi. Devona pulni olib qulluq qilib, aytadigan gapini yana bir marta aytib chiqib ketibdi.
Shundan keyin devona har kuni erta bilan salom vaqtida kelib, gapini aytib, pulni olib ketaveribdi.
Devona podshonikiga bir yilcha qatnagandan keyin saroy vaziri podshoning xazinasiga achinibdimi yoki devona olgan pullarni o‘zi olgisi kelibdimi, bir ilojini qilib, uni yo‘qotmoqchi bo‘libdi.
O‘ylab-o‘ylab, bir kuni kechqurun oshpaziga ertalabgacha turli-tuman taom tayyorlashni buyuribdi.
Ertalab turib, dasturxon yozib, tayyorlangan ovqatlarni tortib, o‘zi devonani yo‘lini poylabdi. Devona vazirning hovlisiga yaqinlashishi bilan vazir unga:
— Devona, bugun choyni bir ichaylik, ataylab seni poylab turibman, — deb, uni "yo‘q" deyishiga qaramay, sudrab olib kiribdi.
O‘zi ham devona bilan o‘tirib, uni ovqat yeyishga qistayveribdi. Bechora devona bunday lazzatli ovqatlarni umrida yemagan, tushida ham ko‘rmagan ekan, yoniga surib qo‘yilgan ovqatlardan oz-oz yeb to‘yib qolibdi.
Vazir devonaniig to‘yganiga qaramay, uning oldiga yana surib qo‘yaveribdi, devonaning ko‘zi ochlik qilib, har xil ovqatni aralashtirib sassiq me’da bo‘lib qolibdi.
— Ey janobi vazir, ahvolim yomon-ku, endi podshoning huzuriga borishim qiyin bo‘ladi, — debdi devona vazirga.
— Ha, devona, nima bo‘ldi? — o‘zini bilmaslikka olib so‘rabdi vazir.
— Ey taqsir, sassiq me’da bo‘lib qoldim-ku?
— Qech narsa qilmaydi, devona, — debdi vazir.
— Nimaga hech narsa qilmas ekan! Podshoning huzuriga kirgan zamon kekirib yuborsam, og‘zimdan chiqqan badbo‘y hid podshoning dimog‘iga yetib borsa, yomon bo‘ladi-da, — debdi devona.
— Ey devona, shuki ham g‘amini yedingmi, bu juda oson-ku! Sen saroyga yetib borgach, yengingni mana bunday og‘zingga tutib kirgin, to chiqquncha og‘zingdan olmagin, — deb o‘rgatibdi vazir. Bu gap devonaga ham ma’qul kelibdi.
Vazir devonani jo‘natib, o‘zi undan avvalroq podsho huzuriga yetib kelibdi va:
— Men sizning davlatingizga, xazinangizga achinaman, podshohim, — debdi.
— Xazinadan biror marta nojo‘ya pul chiqdimiki, achinasan! — debdi podsho.
— Bu la’nati devona ko‘chalarda sizni yomonlab, sha’ningizga bo‘hton so‘zlarni aytib yurganmish, siz bo‘lsangiz, unga har kuni bitta oltin in’om qilasiz.
— Men haqimda nimalar der ekan? — deb so‘rabdi podsho.
— "Podshoning o‘zi ham sassiq, uning suhbati ham sassiq. Men undan qo‘rqqanimdan saroyga boraman, bo‘lmasa uning bergan puli qurib ketsin", deb aytayotganini o‘zim eshitdim. Ilgari har kimdan eshitib yurar edim-u, ishonmasdim. U yana "Podshohning suhbati shunday sassiqki, men uning huzuriga kirganimda dimog‘imga yengimni tutib kiraman va o‘sha yerdan chiqquncha yengimni dimog‘imdan olmayman", deb aytibdi. Menga ishonmasangiz, kelganida ko‘rasiz, — debdi vazir.
Bir payt podsho huzuriga yengini og‘zi-burniga tutib devona kelib qolibdi.
Vazir podshoga qaragan ekan, podsho ko‘zi bilan tasdiq alomatini qilibdi.
Devona aytadigan gapini aytib bo‘lganidan keyin, podsho bir qog‘oz xaltaning ustiga. "Shu xaltachani olib borgan odamga yuzta oltin berilsin", — deb yozibdi. Vazir podshoning o‘ng tomonida o‘tirgan ekan, ustidagi xatni o‘qibdi. Podsho uni devonaga uzatibdi va:
— Borib olgin, hammasi senga, — debdi.
Devona saroydan chiqishi bilan vazir unga yetib olib va uning yo‘lini to‘sib:
— Devona, bu mukofotni menga bersang bo‘lardi, biz do‘stlashdik-ku, — debdi.
— Mana, ola qoling, — deb qo‘lidagi xaltani unga uzatibdi va saroydan chiqib ketibdi.
Vazir yana bir marta o‘qib, shoshib xazinachining yoniga boribdi.
Xazinachi qarasa, xaltacha ustiga, "Shu xaltachani olib borgan odamga yuzta oltin berilsin", deb yozilgan. U, "bu yerda biror sir yo‘qmikan" deb o‘ylabdi va vazirga:
— Birpas turib tursalar, hozir olib chiqaman, — debdi. Xaltaning ichini ochib qsarasa, ichida bir xat bor ekan. Unda: "Shu xatni olib borgan odamni maxfiy hujraga olib kirib o‘ldirgin!" deb yozilgan ekan. Xazinachi maxfiy xujradagi jallodga: "Eshikdan kirgan kishini chopib tashla!" — deb tayinlabdi-da, vazirning yoniga chiqib:
— Marhamat, taqsir, mana bu hujradan olasiz, — deb, vazirni maxfiy hujraga kirgizib yuboribdi.
Ertasi kuni ertalab hamma vazirlar, ulamolar saroyga yig‘ilganda, devona har kungi odati bo‘yicha kelib, o‘z so‘zini aytibdi. Podsho hayron bo‘lib, xazinachiga odam yuboribdi, u kelgach, so‘rabdi:
— Nima uchun mening buyrug‘imni bajarmading?
— Bajardim, — debdi xazinachi.
— Oldingda turibdi-ku, yana bajardim deysan! — deb baqiribdi podsho.
— Men buyrug‘ingizni bajardim, — deb podshoning kechagi xatini o‘ziga ko‘rsatibdi.
— Bu qanday bo‘ldi ekan? — deb podsho hayron bo‘libdi.
— Devona, kecha bo‘lgan voqealarni aytib bergin, — debdi podsho.
Devona kecha ertalab vazirning ziyofat qilganini, sassiq me’da bo‘lganini, vazir unga yengini og‘ziga tutib borishini tayinlaganini, podshodan xaltachani olib xazinaga ketayotganida vazir chiqib xaltachani undan so‘rab olganligini aytib beribdi. Va doimgidek "ko‘kka tupursang, betingga tushadi", deb tupurib hammaga ko‘rsatibdi.
— Devona, bugundan boshlab har kuni bir oltin emas, besh oltin olasan va shu gapingni hamma vaqt aytib yurgin, — deb buyruq beribdi podsho.