OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kulsa – gul, yig‘lasa – dur

Bir chol bilan kampir bor ekan. Chol daladan o‘tin terib kelib, uni sotib tirikchilik qilar ekan. Chol bilan kampirning farzandlari yo‘q ekan. Kunlardan bir kuni chol daladan o‘tin olib kelayotganda, unga Xizr yo‘liqib:
— Bolang bormi? — deb so‘rabdi.
Chol:
— Yo‘q, — debdi.
Xizr unga bir qizil olma berib:
— Yarmini o‘zing, yarmini xotining yesin! Keyin xotining qiz tug‘adi. Qizing yig‘lasa, ko‘zidan gavhar to‘kiladi, kulsa, og‘zidan ochilgan gul tushadi, yursa oyog‘i tagidan tilla sochiladi. Katta bo‘lgandan keyin ozor chekadi, — debdi.
Xizr aytgandek, onadan bir qiz tug‘ilibdi. Yig‘laganida qizning ko‘zidan gavhar to‘kilibdi. Uch oylik bo‘lganidan keyin kulsa, og‘zidan ochilgan gul ham to‘kilar emish. Shu gavharlarni, shu gullarni otasi bozorga olib borib sotib, uylar qurib olibdi.
Qiz o‘n besh yoshga kirganda Buxoro podshosining o‘g‘lidan sovchi chiqibdi. Unga otasi ancha vaqtgacha bermay yuribdi. Podsho zo‘rlik qilib olmoqchi bo‘libdi. O‘tinchi oxiri qizini shahzodaga berishga majbur bo‘libdi. Lekin ko‘p qalin so‘rabdi:
— Yuzta sigir, yuzta tuya, ikki yuzta ot va ming tilla bersa qizimni beraman, — debdi. Sovchilar ”Xo‘p”, deb ketishibdi.
“Bermas qizning qalini ko‘p” deganday, o‘tinchi xotiniga aytibdi:
— Men ulardan ko‘p qalin so‘radim, ular olib kelmaydilar.
Bir necha kun o‘tgach, o‘tinchi qizi uchun so‘ragan narsalarni sovchilar olib kelibdilar. Podsho bir aravada ikki erkak, yana bir aravada ikki ayol yuboribdi. Ular bilan ikkita otliq ham bor ekan. Qiz bilan birga boradigan odam yo‘q ekan.
Ikkinchi aravadagi ikki ayolga qizni qo‘shib jo‘natibdilar. Qiz va uni olib ketayotganlar yarim yo‘lga yetganda bir quduq yonida to‘xtabdilar. Aravadan tushib dam olibdilar, qiz suv ichmoqchi bo‘libdi.
Ikki ayolning biri qiz ekan. Yonidagi onasi ekan. Xotin erkaklarni nariroqqa yuborib, “kelin qochmasin” deb, o‘zi va qizi kelin bilan birga qolibdi. Shunda suv ichib, non yemoqchi bo‘libdilar.
Qiz xotindan:
— Menga ham non bering, — deb so‘rabdi.
Xotin:
— Bir ko‘zingni o‘yib bersang, bir non beraman, — debdi. Qiz hayron bo‘libdi. Indamay o‘tiribdi. Qizning qorni juda och ekan, u toqatsizlanib yana non desa, xotin avvalgi gapini qaytaribdi. So‘ngra qizga shaftoliday non berib, uning ko‘zini o‘yib olibdi. Keyin qiz yana non so‘rabdi.
— Yana bir ko‘zingni bersang, non beraman, — debdi xotin.
Oxirida u qizning qimmatbaho kiyimlarini yechib olib, o‘z qiziga kiygizibdi. Keyin kelinning o‘rniga qizini aravaga o‘tqazibdi, kelinni esa quduqqa itarib yuboribdi. Keyin ular yo‘lga tushib ketibdi. Podshoning uyiga ikki chaqirim qolganda, podsho bir otliqni yuborib:
— Kelinni kelgan joyida aravadan tushirib, piyoda olib keling. Oyog‘idan sochilgan tillani lashkarlar terib kelsin, — debdi.
Yasovullar podshoning aytganicha kelinni piyoda olib kelibdilar. Lekin uning oyog‘idan hech qanday tilla sochilmabdi. Podsho buni bilib juda ham xafa bo‘libdi:
— Voy, uyim kuydi, oyog‘i tagida tilla yo‘q-ku!
Kelin kelgach, uni uyga kiritibdilar. Ketidan yerga qarasalar, oyoq tagida hech narsa yo‘q emish.
Kuyov uyga kiribdi, kelinni kuldirsa, og‘zidan gul ham sochilmabdi, yig‘latib ko‘rsa, ko‘zidan gavhar ham tushmabdi.
Kuyov o‘rnidan turib otasining oldiga chiqib:
— Ey, ota, uyimiz kuydi. Siz menga “Kulsa, og‘zidan gul sochiladi, yig‘lasa, gavhar to‘kiladi, yursa, oyoq ostidan tilla sochiladi”, degan edingiz. Men olib bergan keliningizni yig‘latdim, kuldirdim, yurgizdim, hech narsa bo‘lmadi, — debdi.
Endi ikki og‘iz so‘zni qizdan eshiting. Bir kambag‘al yo‘lovchi quduq yonidan o‘tayotib, qiziq hodisaga duch kelibdi. Quduq o‘rnida gavhar supa paydo bo‘libdi. Quduqqa tashlab ketilgan qizning ko‘zidan to‘kilgan gavhar bilan quduq to‘lib, uning ustida ko‘zi o‘yilgan bir chiroyli qiz o‘tirgan emish. Yo‘lovchi chol hayron bo‘lib, qizning holini so‘rabdi. Qiz boshidan o‘tganlarni aytib beribdi. Ikkisi ota-bola tutinibdi.
Qiz chol otasiga:
— Mening ko‘zimdan to‘kilgan gavharlardan shu yerga bir bino soldiring, — debdi.
Chol:
— Xo‘p, — debdi. Bir paxsasini oltindan, bir paxsasini kumushdan qilib bir bino solibdi. Chol qizni qo‘yarda-qo‘ymay uyiga olib ketibdi. Qiz bir necha oy cholning uyida yurgandan keyin, bir kuni kulibdi, uning og‘zidan ochilgan gul tushibdi. Otasi juda ham sevinibdi:
Qiz:
— Ota, shu gulni podshoning darvozasiga olib boring, gulning bahosini so‘rashsa, bahosi ikki o‘yilgan ko‘z deb ayting, — debdi. Chol podshoning darvozasi yoniga borib o‘tiribdi. Darvoza oldidagi xizmatchilar podshoning oldiga kirib:
— Bir kishi gul olib kelib o‘tiribdi, — debdilar.
Podsho gulni oldirib kelib, keliniga berib yuboribdi-da, choldan bahosini so‘rabdi, shunda chol:
— Gulning bahosi o‘yib olingan ikki ko‘z, — debdi.
Buni eshitgan podsho ichkariga kirib kelinga aytibdi. Kelin qutida turgan ikki ko‘zni olib:
— Bizga buning nima keragi bor? Mana, berib yubora qoling, — debdi-da, onasidan so‘ramay berib yuboribdi. Haligi chol sevinib ko‘zlarni olib ketibdi. Olib borib qiziga beribdi.
Qiz quvonib:
— Ota, siz eshikka chiqib turing, eshikni mahkam yopib qo‘ying, — debdi.
Eshik yopilib, uyda yolg‘iz qizning o‘zi qolganda, tuynukdan bir ko‘k kaptar uchib kirib bir silkinibdi-da, odam suratiga kiribdi. U qizning ko‘zini o‘z o‘rniga qo‘yibdi va bir dumalab kaptar holiga kelib uchib ketibdi. Shundan keyin qizning ko‘zi butunlay ochilib ketibdi. Sevinchidan qiz qichqirib yuboribdi. Qizning ota-onasi ham uyga kirib sevinibdilar. Oradan bir oy o‘tgach, qiz ertalab o‘lib, kechqurun tiriladigan bo‘lib qolibdi.
Endi ikki og‘iz so‘zni podshonikidan eshiting. Qizning onasi yangi gulni ko‘rib qolibdi.
Qiziga:
— Gulni qayerdan olding? — debdi.
— Gulni ikki o‘yilgan ko‘zga alishtirib oldim, — deb javob beribdi qiz.
— Iye, bo‘lmasa, quduqdagi qiz o‘lmagan ekan-da, bu gul o‘shaniki. Endi sen ham o‘lasan, men ham o‘laman, — debdi onasi. Keyin u qizini qarg‘ab, chiqib ketibdi. Kampir folbinnikiga borib, fol ochtiribdi:
— Daryoning ichida bir oltin baliq bor. Baliqning ichida buloqi bor. O‘sha buloqini topib olsang, quduqda qolgan qizning jonini olgan bo‘lasan, — debdi.
Kampir podsho saroyiga kelib, kuyovini bir chetga chaqiribdi:
— Xotiningiz homilador, baliqqa boshi qorong‘i. Daryoning ichida bir oltin baliq bor, shuni tutib bering! — debdi.
Shahzoda navkarlariga buyurib, daryoning suvini oldirib, uning ichidagi katta oltin baliqni tuttirib kelibdi. Kampir uning ichidan buloqini topib olibdi.
Podshoning kelini buloqini burniga taqibdi. Kelin kunduzi buloqini taqqanda, quduqda qolgan o‘tinchining qizi o‘libdi, kechqurun burnidan buloqini olib qo‘yganda tirilibdi. Shunday ahvolda bir qancha vaqt o‘tibdi. O‘tinchining qizi bu holga chiday olmay xafa bo‘lib tilladan solingan uyga borib yotibdi.
Kunlardan bir kun shahzoda ov ovlab yurib, shu atrofga kelib qolibdi. Uning uchirgan qushi bir quyonni quvlab kelib, tilla binoning ustiga qo‘nibdi. Shahzoda o‘sha yerda nima bor ekan, qushim borib qo‘ndi, deb qarasa, bir tilla imorat ekan. Uning ichiga kirishga qo‘rqibdi, yonidagi yigitga:
— Sen kir, bunda nima gap ekan? —debdi.
Yo‘ldoshi kirib, qo‘rqib qaytib chiqibdi. Keyin shahzodaning o‘zi kiribdi. Kirsa, bir chiroyli qiz hushsiz bo‘lib yotganmish. Shahzoda uning yonida qizning kelishgan qaddi-qomatiga mahliyo bo‘lib o‘tiribdi. Shu holda kech bo‘lganini bilmay qolibdi. Kech bo‘lishi bilanoq, qiz birdan aksirib o‘rnidan turibdi. U yigitni ko‘rib:
— Siz kimsiz? — debdi.
Yigit ham qizga:
— Siz kimsiz, bu yerda nima qilib yotibsiz? — debdi.
Qiz yigitga boshidan o‘tganlarini birma-bir so‘zlab beribdi. Shahzoda qizning voqeasini eshitib bo‘lgandan keyin birdan:
— Voy, jonim, sen menga unashtirilgan qiz ekansan-ku! Men sening dardingda kuyib yurgan edim. Sen aytgan podsho mening otam bo‘ladi, — debdi.
Shahzoda qizdan:
— Nima qilsam sen tuzalasan? — deb so‘rabdi.
— Mening jonim daryodagi bir baliq ichidagi buloqida edi. U baliqni siz tuttirganingizdan keyin xotiningiz ichini yordirib buloqini olgan. Shu buloqini xotiningiz kunduzi taqqanda men hushsiz bo‘lib qolaman, o‘lik suratida yotaman, kechqurun burnidan olib qo‘yganda o‘zimga kelib tirilaman. U buloqini hozir olib qo‘ydi. Men o‘zimga keldim. O‘sha buloqini olib kelib bersangiz, men tuzalib ketaman, — debdi.
Yigit sevinib:
— Buloqini olib kelaman, — deb o‘rnidan turibdi. U otiga minib to‘g‘ri uyiga boribdi. Uyiga kirib tokchadagi buloqini olibdi. Xotiniga aytmasdan, yana orqasiga qaytib kelib qizga topshiribdi. Тong otibdi, lekin qiz kundagidek bugun hushidan ketmabdi. U butunlay sog‘ayib qolibdi.
Shahzoda qizni o‘zi bilan birga olib ketibdi. U qirq kecha-qirq kunduz to‘y-tomosha berib qizga uylanibdi.
Kampir bilan uning qizini otning dumiga bog‘lab, qirq chaqirim uzoqlikdagi changalzorga yuboribdi.
Qiz bilan yigit murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.