Navoiyning yoshligida otasi o‘lib ketgan ekan. Otasi o‘lgandan so‘ng o‘z shahrida turolmay, Samarqandga borib, madrasada o‘qibdi.
Ko‘p qiyinchiliklar bilan o‘qishni tamomlab yana o‘z shahriga qaytibdi. Ot-ulovsiz piyoda yurib, bir necha kun deganda bir toqqa kelibdi. Bu joyda bir mo‘ysafid cho‘pon bilan uchrashibdi.
Navoiy cho‘ponni darrov tanibdi. Cho‘pon o‘zini ko‘tarib katta qilgan, otasining qo‘yboqari ekan. Chol ham Navoiyni tanib: «Tushimmi, o‘ngimmi?» deb ko‘rishibdi. Darrov belbog‘idan ikkita non chiqarib, Navoiyni sut bilan mehmon qilibdi.
Navoiy cho‘pondan:
— Bu qo‘ylar kimniki? — deb so‘rabdi. Chol:
— Bolam, bu qo‘ylarning hammasi sizniki, siz u yoqdaligishizda otangizdan qolgan mollar har kimning qo‘lida qolib edi. Otangiz hayot vaqtida 200 qo‘yni sizga atab menga topshirgan edi. Bu qo‘ylar bolalab hozir 700 dan oshdi. Otangizning vasiyatini o‘z o‘rniga qo‘yganim uchun kursandman, bu qo‘ylarni endi sizga topshiraman, — debdi.
Navoiy bir kecha cho‘ponning uyida mehmon bo‘libdi. Ertasi qo‘ylardan ikki yuzini ajratib cholga beribdi: — Ota, siz ham bola-chaqali odamsiz, mana bu qo‘ylarni xizmat haqingiz uchun oling!
Cho‘pon Navoiydan juda xursand bo‘libdi. Shundan so‘ng, Navoiy qolgan besh yuz qo‘yni haydab bozorga olib ketibdi. Bu qo‘ylar juda semiz bo‘lgani uchun atrofini xaridorlar o‘rab olibdilar. Odamlar Navoiydan: — Qo‘yingiz necha pul? — deb so‘raganlarida, Navoiy: — Men qo‘yimni nasiyaga sotaman. Shu shart bilanki, pulini podsho o‘lgan kuni berasizlar. Shu shartimga ko‘ngan kishi bittadan yetaklab olib ketaversin! — debdi.
Bozordagi odamlar darrov talashib, qo‘ylarni bittadan yetaklab olib ketibdilar. Shu kuni podshoning amaldorlari podshoga bu xabarni yetkazibdilar.
— Ey, podshohi olam, nima deysiz, bugun bozorga bir qalandarsifat yigit kelib besh yuz qo‘yni xalqqa nasiyaga tarqatib yubordi. Pulini podsho o‘lgan kuni berasizlar, deb sizga o‘lim tiladi, — debdilar. Shunda podsho g‘azablanib:
— Boringlar, o‘sha qalandarni mening huzurimga hozir qilinglar, — deb buyuribdi. Amaldorlar darrov bozorga borib Navoiyning qo‘lini orqasiga bog‘lab, podshoning qoshiga olib kelibdilar, podsho qarasa, yoshligida birga o‘qigan do‘sti Navoiy ekan. Podsho Navoiyga:
— Nima uchun shuncha qo‘yni xalqqa berib yubordingiz, mening o‘limimga shunaqa rozimisiz? — debdi. Shunda Navoiy:
— Ey podshohim, men chakki ish qilganim yo‘q. Sizning podsho bo‘lganingizni eshitib, qo‘ylarni talatib yubordim. Shunday ham berib yuborishim mumkin edi. Biroq bazi bir odamlar tekin moldan hazar qilishadi. Shuning uchun qo‘yning pulini podsho o‘lgan kuni berasizlar deb aytdim. Endi qo‘ylarni olib ketgan odamlar: «Ishqilib podshohimiz o‘lmasin. Podsho o‘lsa Navoiy pulini qistaydi», deb sizni duo qilib yurishadi, — debdi.
Navoiyning bu donoligiga podshoning zavqi kelib uni o‘ziga vazir etib olibdi.