Men Buxoro tomonga ishlagani borib G‘ijduvonning mardikor bozorida ertadan kechgacha turdim, hech ish topilmadi. Oxiri bir dehqon kelib men bilan uchrashdi va:
— Siz bir yilga chorakor turasizmi yoki kunlik mardikor bo‘lasizmi? — dedi.
— Men non talab odamman, ishning qulayi nima bo‘lsa shuni qilib ketaveraman, — dedim. Dehqon:
- Bo‘lmasa biznikiga yuring! — dedi.
Men unga ergashib hovlisiga bordim-da, dehqonchilikdan chiqqan daromadning beshdan bir qismini olish sharti bilan bir yilga chorakor bo‘lib qoldim. Qish kunlari xo‘jayinning hovlisini supuraman, suv keltirib beraman, ikki ho‘kiz, ikki eshagi bor, shularga qarayman. Shunday qilib, ko‘klam bo‘ldi, xo‘jayin menga ho‘kizlarni bo‘yinturuqlab, omoch tirkab:
— Endi qo‘sh haydashga chiqasiz, — dedi. Men ho‘kizlarni choqlab, shoxlarini yog‘lab chiqdim. Xo‘jayin menga hovlisining orqasidagi ozgina yerini ko‘rsatdi va:
— Bizning yer shu, shuni qaytarib hayday berasiz, — dedi. Men hayron qoldim. O‘zimizning dashtda qirq-ellik botmonlik yeri bor odamlar chorakor saqlamaydi, bu kishi meni bir chilgina yeri uchun chorakor qilib qo‘ygan ekan. Bundan hosil chiqqanda nima bo‘ladi? Men kuzgacha bekorga vaqt o‘tkazib, uyimga quruqdan-quruq so‘ppayib boradiganga o‘xshayman. Hey, endi nima bo‘lsa bo‘ldi, "jo‘jani kuzda sana", degan ekan deb, yerni hayday berdim. Har kuni yerni besh-olti qaytarib haydadim. Shunday qilib, hamaldan javzogacha haydadim. Undan keyin xo‘jayinim ish boshiga kelib:
— Qanday, yer pishdimi? — dedi. Men:
— Pishmoq tugul erib ketdi, mana ko‘ring, — dedim. Xo‘jayin bir qadoqli toshni chilning uvatidan turib yerga tashlab ko‘rdi. Qadoq tosh yerga botib, baldog‘i ozroq ko‘rinib qoldi. Xo‘jayin:
— Hali yer pishmabdi, yana bir-ikki kun haydang! — dedi. Men yerni yana bir-ikki kun haydadim, yana xo‘jayin kelib qadoqli toshni tashlab ko‘rdi. Qadoq tosh yerga toza botib ko‘rinmay ketdi. Undan keyin xo‘jayin:
— Endi yer pishibdi, — deb, u yerga qovoq ektirdi.
Qovoq to‘rt-besh kunda ko‘karib chiqdi, uch haftalarda tanob tashladi, bir oyda gulladi, saratonning haftasida birdan nechalab qovoq tuga boshladi. Shunday bo‘lib berdiki, asti qo‘yaberasan.
Xo‘jayin bilan ikkalamiz qovoqlarni kajobaga solib ikki eshakka ortib, goh Buxoroga eltib sotamiz, goh Xo‘jandga eltib sotamiz. To kuzning oxirigacha ishimiz qovoq sotish bo‘ldi. Shunda ham qovoq ado bo‘lmadi, qovoqni uzib olib, tashib hovliga joyladik. Sotib-sotib yana ming qovoq hovliga kirdi. Undan keyin xo‘jayin menga beshdan bir haqimni berdi. Kissam ham, qo‘ynim ham to‘ldi. Buxoro tomonning dehqonlari shunday qilib oz yerdan ko‘p hosil olishar ekan.