OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Podachining qizi

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda uzoq yurtda bir podachi bor ekan. Uning xotini ancha vaqt kasal yotib, axiri o‘libdi-da, yolg‘izgina bir qizi yetim qolibdi.
Podachi bir tul xotinga uylanibdi, ikkinchi xotin bir qiz ergashtirib kelibdi. Yetim qizga o‘gay ona hadeb zulm qilaveribdi, yetim qizning rang-ro‘yi za’faronday sarg‘ayib ketibdi. Ona o‘z qiziga kunda yog‘liq non berar ekan-da, o‘gay qizga qotgan non berib, og‘ir-og‘ir ishlarni buyurar ekan.
Yetim qizga onasidan bir sigir, bir xo‘roz va bir tovuq qolgan ekan.
O‘gay ona har kuni: “Bir savat paxtani yigirib, sigirni boqib kel!” deb qizni dalaga haydab yuborar ekan. Qiz charxni oldiga olib, qattiq nonni sovuq suvga ivitib yeb, o‘gay ona aytgan iрning yarmisini ham yigirolmay kelar ekan. O‘gay ona qiz sho‘rlikning sochlaridan tortib urar ekan, a’zoyi badanini o‘ymalab, ko‘kartirib yuborar ekan. Otasi ham keyingi xotinining gapiga kirar ekan. Qiz bir kun dalada sigirini o‘tlatib qo‘yib, o‘zi charx yigirib o‘tirsa, birdan qattiq shamol turibdi-yu, paxtasini uchirib ketibdi. Qiz uni ushlab olaman deb yugurib ketaveribdi, lekin tutolmabdi. Oxiri paxtani shamol tog‘ bag‘ridagi bir g‘orga olib kirib ketibdi. Qiz g‘orning ichiga kirsa, oppoq sochli kampir o‘tirgan emish. Qiz darhol ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:
— Assalomu alaykum, buvijon! — debdi.
— Vaalaykum assalom, kel, qizim, kel! Xo‘sh, nima kulfat tushdi boshingga? — deb so‘rabdi kampir.
Qiz boshidan kechirgan hamma voqeani kampirga birma-bir aytib beribdi.
Shunda kampir:
— Ey, bolam, xafa bo‘lma, o‘gay onangning bergan paxtasini sigirga yedir, keyin sigirning yelinidan iрlarni tortib o‘rib olaver! — debdi va qizning boshini silab turib:
— Agar boshingga biror kulfat tushsa menga kel, mushkulingni o‘zim oson qilaman, — debdi.
Qiz sevinchini ichiga sig‘dirolmay, tezda sigir oldiga boribdi, paxtani sigirga yedirib, yelinidan sut sog‘ganday iрni tortib olaveribdi. Bir tekis ingichka iр chiqaveribdi. Bir nafasda bir necha kalava iр sog‘ib, o‘gay onaning oldiga kelsa, u:
— Muncha kech kelding?! Bor, sigirning tagini tozala, hovlini supur! — deb o‘dag‘aylabdi.
O‘gay ona kunda-kunda necha savat paxta bersa ham, qiz bechora hammasini silliq qilib, iрga aylantirib kelaveribdi. O‘gay ona bunga chidayolmay poylabdi, qarasaki, voqea haligidek emish.
Bir kuni kechqurun eri ishdan kelganda:
— Adasi, hademay qish kiradi, mening mol go‘shti yegim kelyapti, iloji bo‘lsa sigirni so‘yib bersangiz, — debdi.
Laqma eri “Xo‘p” deb sigirni so‘yib, go‘sht-yog‘ini saranjomlabdi. Yetim qiz sho‘rlik yig‘lab-yig‘lab g‘ordagi kampir oldiga yana boribdi. Shunda kampir qizning boshini silab turib:
— Yig‘lama, bolam, hechqisi yo‘q! Uyingga borib sigiringning suyaklarini, terisini, dum va shoxlarini yig‘ib, bir joyga ko‘m. Payti kelganida kuningga yaraydi, — debdi.
Qiz kampirning aytganlarini qilibdi. Bir kun o‘gay ona o‘z qizini rosa yasatib, mehmonga olib ketibdi. O‘gay qizning oldiga bir xalta guruch bilan bir xalta moshni aralashtirib:
“Men kelguncha mana shu mosh bilan guruchni bir-biridan ajratib qo‘y”, deb qizning boshiga bir musht urib, eshikni ustidan qulflab ketibdi. Qizning onasidan qolgan haligi bitta tovug‘i bilan bitta xo‘rozi kelib, yig‘lab o‘tirgan qizga yordam beribdi: bir nafasda moshni moshga, guruchni guruchga ajratibdi. Qiz quvona-quvona kampir oldiga boribdi. Kampir qizning boshini silab:
— Bolam, qizlarimdan to‘rttasini senga qo‘shib beray. Sen ular bilan yurt podshosining to‘yiga borgin, ko‘mib qo‘ygan suyak, teri, dum va shohlarni ochib qara-chi, nima sir ko‘rar ekansan, — debdi. O‘sha onda to‘rtta qiz paydo bo‘lib, kampirga salom beribdi. Podachining qizi ular bilan birga uyiga borib, ko‘mib qo‘ygan narsalarini ochib qarasa, sigirning terisi bir libos bo‘libdiki, tilla tugmalar qadalgan, yalt-yalt tovlanarmish. Sigirning tuyoqlari bir g‘alati kavush bo‘libdiki, xuddi qoshiqqa o‘xsharmish; suyaklari esa dur, gavhar, marjon bo‘lib qolibdi. Haligi qizlar olib kelgan ko‘ylaklarni, libos, kavushlarni qizga kiydirib, ro‘mol o‘ratib, gulob bilan yuzini yuvganlarida qiz o‘n to‘rt kunlik oydek bo‘lib, uning husn-jamoli haligi qizlar husnidan yuz chandon oshib ketibdi. U qizlar podachining qiziga cho‘ri bo‘lishib, to‘yga borishibdi.
Тo‘y egasi “Allaqaysi yurt podshosining qizi keldi”, deb o‘ylab, qizni uyning to‘riga o‘tkazibdi. Qizning o‘gay onasi ham to‘yga borgan ekan, poygakda qolib ketibdi. Ziyofat juda quyuq bo‘libdi, qand o‘rniga novvot, suv o‘rniga sharbat tortilibdi. Ziyofat o‘tgandan keyin qiz dasturxondagi meva-chevalarni o‘gay onasiga uzatibdi. O‘gay ona, qizni tanimay, suyuna-suyuna ovqatlarni olib qaytibdi. Qiz ko‘p izzat-hurmat bilan to‘ydan chiqibdi, uyiga tez borish uchun shoshilibdi, shoshilganligi sababli oyog‘idan bir poy kavushi tushib qolibdi. O‘gay onasi borguncha, hech narsani ko‘rmagandek, uyga kelib o‘tiribdi.
Bir vaqt o‘gay ona o‘z qizi bilan uyga kelib, o‘gay qiziga maqtanibdi:
— Biz ajoyib tomoshalarni ko‘rdik, quyuq ziyofatda bo‘ldik, bir podshoning qizi keldi, oy desa og‘zi bor, kun desa ko‘zi bor, shirin-shakar so‘zi bor, o‘z oldidagi xilma-xil ovqatlarni bizga berdi. Sen nima qilib o‘tiribsan, qo‘yib ketgan mosh-guruchlarni nima qilding?
Qiz bir xalta mosh, bir xalta guruchni onasi oldiga olib chiqib qo‘yibdi. Buni ko‘rgan o‘gay onasining dami ichiga tushib ketibdi.
Podshoning to‘yini o‘tkazib kelayotgan kampirlardan bittasi yo‘lda botqoqqa botib qolgan chiroyli kavushning bir poyini topib olibdi.
“Bu qanaqa kavush bo‘ldi, umrimda bunday chiroyli, bejirim kavushni ko‘rmagan edim”, deb to‘ppa-to‘g‘ri podshoning oldiga oboribdi.
Podshoning ko‘ziga kavush yaxshi ko‘rinib:
— Shu kavushning egasi juda chiroyli qiz bo‘lsa kerak. Kim bo‘lsa ham o‘shani olaman, yurt-u olamni qidirib, shu kavushning egasini topinglar! — debdi.
Ikki kampir uyma-uy yurib, haligi kavushni har bir qizga kiygizib ko‘ribdi: hech qaysisining oyog‘iga to‘g‘ri kelmabdi. Podsho “Endi kimning uyi qoldi”, deganda “Falon podachining uyi qoldi”, deyishibdi.
Podsho:
— Podachining uyiga boringlar! — debdi. Kampirlar podachining uyiga kelishi bilan o‘gay ona yetim qizni tandirga qamab, tandir og‘zini berkitib qo‘yibdi. O‘z qizini yasatib kampirlarga ro‘para qilibdi. Kavushni qizga kiygizmoqchi bo‘lishsa, oyog‘ining uchi ham sig‘masmish. Buni ko‘rgan onasi kalovlab qolibdi.
Kampirlar endi ketaylik deb turganda, tovuq bilan xo‘roz tandir boshiga chiqib: “Bibi, bibi, munda”, dermish. Kampirlardan bittasi “Тavba, tovuq ham gapiradimi? Тandirda bir gap borga o‘xshaydi”, deb uni ochib qarashsa, bir qiz o‘tirgan emishki, go‘yo hur-paridek. So‘ngra uni tandirdan chiqarib olib, kavushni kiygizib ko‘rishsa, oyog‘iga loppa-loyiq kelibdi.
Kampirlar podsho oldiga borib: “Suyunchi, suyunchi!” deyishibdi va “Shunaqa bo‘yi tolma, ikki yuzi olma, og‘zi angishvonadek mahpora qizga loyiq keldi”, deb qizni ta’rif qilishibdi. Podsho har ikkala kampirga bosh-oyoq sarpo beribdi, to‘y harakatiga tushibdi. O‘gay onaning joni halqumiga kelib, xo‘roz bilan tovuqning boshlarini uzib tashlabdi.
Тo‘y yaqinlashgan sari o‘z qizini parvarish qilaveribdi. O‘gay qizning ikki ko‘zini o‘yib, o‘zini qamishzor to‘qayga tashlabdi va uning o‘rniga o‘z qizini uzatib boribdi. Podsho qarasa, qiz judayam xunuk emish.
Bir bo‘zchi chol to‘tilarga naycha qilish uchun to‘qayga borsa, bir qiz muk tushib yig‘lab yotgan emish. Chol borib:
— E, bolam, nima bo‘ldi senga, nega yig‘laysan? — deb so‘rabdi. Shunda qiz voqeani birma-bir aytib beribdi.
Cholning qizga rahmi kelib:
— Bolam, menda na o‘g‘il, na qiz bor. Uyda birgina kampirim bor, u boyaqish charx yigirib iр qilib beradi, men bo‘z to‘qiyman, shu bilan kun ko‘ramiz. Endi sen menga qiz bo‘lgin, yolg‘izlik kampirning ham joniga tekkan, — debdi.
Qiz rozi bo‘libdi. Keyin chol qizni yetaklab uyga olib boribdi, kampir xursand bo‘libdi.
Qiz kulsa og‘zidan guldasta, yig‘lasa ko‘zidan dur to‘kilar ekan.
Kunlardan bir kun kampir bir qiziq narsa gapirgan ekan qiz qah-qah urib kulib yuboribdi, shunda og‘zidan guldastalar to‘kilibdi. Qiz cholga qarab:
— Otajon, mana shu gullarni savatga terib, podsho qasri oldidan o‘tavering. “Gul keldi!” ”Gul keldi!” deng. Agar podsho xotini chiqib, “Gulingizni sotasizmi?” desa, ”Ko‘zga alishaman!” deng, — debdi.
Chol qiz aytganiday qilib, “Gul kelde-e-e! Gul kelde-e-e!” deb o‘taversa, podshoning xotini uni chaqirtirib so‘rabdi:
— Guling necha pul?
— Gulimni pulga sotmayman, ko‘zga alishaman, — debdi chol.
Podshoning xotini yetim qizning sandiqda saqlagan ikki ko‘zini cholga chiqarib beribdi. Kechasi qiz ko‘zlarini o‘z o‘rniga solib uxlab yotsa, g‘or ichidagi kampir kelib, qizning ko‘zlarini tuzatibdi. Qiz uyg‘onsa, ko‘zi chiroqdek ochilib ketibdi, hamma yoqni dur bosibdi. Kulgan sari og‘zidan guldasta to‘kilarmish.
Chol kunda savat-savat gullarni, durlarni sotaverib, boyib ketibdi. Oltindan qo‘rg‘onlar yasab, cho‘l-biyobonlarga suv chiqaribdi. Тo‘qaylarni gulistonga aylantirib yuboribdi.
Bir kuni o‘sha yurtning podshosi ovga chiqibdi. Qarasa, cho‘l-biyobonlar obod bo‘lib, tog‘ tepasida mustahkam qo‘rg‘onlar paydo bo‘lgan emish. Ilgarigi ov joylarida bulbullar, to‘tilar, qumrilar sayrashayotgan emish. Podsho odamlardan:
— Bu yerni kim obod qildi? —deb so‘ragan ekan, kishilar:
— Bo‘zchi cholning qizi obod qildi, — deb javob berishibdi.
Podsho “Shu qizni bir ko‘rsam, o‘lsam ham armonim yo‘q edi”, deb kecha-kunduz orzuda bo‘libdi.
Qiz bir kun dugonalari bilan ovga chiqibdi. Shu kuni podsho ham yolg‘iz ovga chiqqan ekan. Ular daryo yoqasida uchrashib qolibdilar. Shu payt shamol kelib qizning yuzidan pardani ko‘taribdi. Podsho qizni ko‘rishi bilan hushidan ketib, otdan yiqilibdi. Qizlar podshoni saroyga olib boribdilar. Qiz podshoga:
— E, podsho, agar loyiq ko‘rsangiz, vazirlaringiz, qirqta yigitingiz va uy ichingiz bilan biznikiga mehmon bo‘lib kelsangiz, — debdi.
Podsho rozi bo‘libdi. Oradan ko‘p o‘tmay vazir-u vuzarolari va navkarlari bilan qiznikiga mehmon bo‘lib kelibdi. Qiz ularning tagiga yetti qavat ko‘rpacha solibdi. Qirq qo‘yni so‘ydirib, turli noz-ne’mat bilan ularni kutib olibdi. Yarim kecha bo‘lganda yuziga yetti qavat parda tutib, dutor chalib, boshidan o‘tganlarni birma-bir aytib beribdi. Keyin yuzidan pardani olib tashlabdi. Podsho bu gaplarni eshitib voqeaga tushunibdi, berahm qaynonasi bilan xotinini o‘limga buyuribdi.
El-yurtga to‘y berib, podachining qiziga uylanibdi. Yaxshi yashab, yaxshi oshab, murod-maqsadlariga yetishibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.