OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Podsho va dehqon qizi

Bir podsho bor ekan, uning bir vaziri bo‘lar ekan, uni podsho juda yaxshi ko‘rar ekan. Podsho vazirini uylantirmoqchi bo‘libdi, ammo qizlarning birontasi unga yoqmabdi.
Kunlardan bir kuni podsho vaziri bilan sayohatga chiqibdi. Ular bir qishloqqa yaqinlashib qolganida uchta bo‘yi yetgan qiz o‘tin ko‘tarib kela beribdi. Shu payt birdaniga jala quyib qolibdi. Qizlardan ikkitasi o‘tinini ko‘tarib qishloqqa keta beribdi, bittasi esa o‘tinini yerga qo‘yib, o‘tin ustiga choponini yopibdi-da, o‘zi o‘tinning panasida o‘tiribdi. Yomg‘ir bosilgach, haligi qiz o‘tinni ko‘tarib qishloqqa qarab jo‘nabdi. Podsho uni to‘xtatib:
— Nega sen bu yerda qolding-u, ikki sheriging to‘xtamay qishloqqa keta berdi? — deb so‘radi.
— Ikki sherigim to‘xtamay ketdi-yu, ustidagi kiyimlari ham, o‘tini ham ho‘l bo‘ldi. Mening esa to‘nim ho‘l bo‘ldi-yu, o‘tinim ho‘l bo‘lmadi. Men uyga borib o‘tinni yoqib, to‘nimni quritaman-da, yana ishga keta beraman. Urtoqlarimning esa to‘ni ham, o‘tini ham ho‘l bo‘ldi, ular endi o‘tin tergani chiqisha olmaydi, — deb javob beribdi qiz.
Qizning bu gapi podshoga ma’qul tushibdi va unga qarab:
— Uylaringizga mehmon bo‘lib borsak, bizni nima bilan mehmon qilasizlar? — debdi.
— Sizlar boraveringlar, topsak bitta so‘yamiz, topmasak ikkita so‘yib mehmon qilamiz, — debdi qiz.
Qizning bu gapiga podsho o‘zicha ajablanib: “Bu qanaqasi bo‘ldi, topsa bitta, topmasa ikkita so‘yib mehmon qilarmish” — debdi va vazirni boshlab haligi qiznikiga mehmonga boribdi. Uy egalari podshoga so‘yish uchun qo‘ni-qo‘shnilaridan birorta qo‘y topisha olmabdi, noiloj erta-indin tug‘ay deb turgan bir qo‘ylari bor ekan, o‘shani so‘yib podsho bilan vazirni mehmon qilishibdi. Shuning uchun dono qiz podshoga, “Topsak bitta so‘yamiz, topmasak ikkita so‘yamiz”, degan ekan. Podsho qizning aqliga va esliligiga qoyil qolib tahsinlar o‘qibdi va ota-onasini chaqirib, ulardan qizini vazirga berishga rozilik so‘rabdi. Ota-onasi rozi bo‘lib, qizini vazirga erga berishibdi.
Podsho vazirini uylantirishga uylantirib qo‘yibdi-yu, keyin uning xotiniga o‘zi oshiq bo‘lib qolibdi. Endi u vazirni yo‘qotish payiga tushibdi, o‘ylab-o‘ylab vazirga qirqta qo‘chqor berib:
— Shu qo‘chqorlarni qirq kun ichida bittadan tug‘dirib saksonta qilib mening oldimga olib kelasan, agar shu ishni bajarmasang, o‘ldiraman, — debdi.
Vazir nima qilishini bilmay, qirqta qo‘chqorni haydab uyiga boribdi. Uning ahvolini ko‘rgan xotini:
— Nega muncha xafasiz, nima ish bo‘ldi? — deb so‘rabdi. Vazir bo‘lgan gapni xotiniga aytib beribdi.
— Xafa bo‘lmang, buning chorasi oson, — deb xotini vazirni yupatibdi.
Vazir xotinining aytganini qilib, har kuni bittadan qo‘chqorni so‘yibdi, Er-xotin maishat qilib yeb yotaverishibdi. Qirq kunda qo‘ylarni yeb tugatishibdi. Podshoning bergan muhlati tugabdi, vazirning ko‘nglini g‘am bosibdi, “Podshoga endi nima javob qilaman”, deb o‘ylanib turgan ekan, xotini:
— G‘am yemang, javobini o‘zim beraman, — debdi. Qirq birinchi kuni vazirning uyiga podshoning o‘zi kelibdi. Vazirning xotini eriga:
— Siz ichkari kirib turing, podshoga javobini o‘zim beraman, — debdi. Podsho vazirini chaqirgan ekan:
— Ha, — debdi xotini.
— Vazir qani? — debdi podsho.
— Podsho bo‘lmay qoling. Vaziringizni kuni bilan to‘lg‘oq tutib, endi tug‘dilar. Ichkariga kirib bolalarini yo‘rgaklab oling, — debdi xotini.
— Sen qanday ahmoq xotinsan, erkak kishi ham tug‘adimi? — debdi podsho.
— Ey podshohim, sizning erkak qo‘ylaringiz tuqqandan keyin, vaziringiz ham tug‘adi-da, — deb javob beribdi vazirning xotini.
Xotinning bunday javobiga podsho nima deyishini bilmay:
— Ey, ayb menda ekan. Vazir ertaga saroyga borsin, — deb qaytib keta beribdi.
Podshoning vazirning xotiniga bo‘lgan muhabbati kundan-kunga kuchayib bora beribdi. Podsho vazirni uzoq safarga jo‘natibdi-da, kechqurun o‘zi uning uyiga boribdi. Vazirning xotini ham uni juda yaxshi kutib olib, mehmon qilibdi.
— Men senga oshiq bo‘lib qoldim, seni eringdan ajratib olaman, bugun sen bilan shu yerda qolaman, — debdi podsho.
— Xo‘p mayli, podshohim, siz aytgancha bo‘lsin. Bo‘lmasa, siz choy ichib turing, men yasanib chiqay, — deb xotin boshqa bir uyga kirib ketibdi-da, podshoning yoniga yasanib-tusanib chiqibdi.
— Mana men tayyorman, lekin sizga avval aytib qo‘yadigan qiyomatli qarzim bor. Uyda erim bo‘lmagani uchun o‘zim yeyman-ku, deb onamning sutidan taom pishirgan edim, siz ulardan tatib ko‘ribsiz. Endi siz menga og‘a, men esa sizga singil bo‘lib qolibman. Agar shariat lozim ko‘rsa, men bilan ishrat qilsangiz mayli, — debdi.
Podsho nima qilishini bilmay, chiqib keta beribdi.
Vazir safardan qaytgach, qo‘shnilari unga o‘zi yo‘q vaqtida uyiga podshoning kelganini aytib qo‘yishibdi. Buni eshitgan vazir safardan qaytgan bo‘lsa ham uyiga, xotinining yoniga bormabdi. Buni eshitib qizning otasi to‘g‘ri podshoning oldiga boribdi. Podsho vazir bilan birga o‘tirgan ekan.
— Bog‘ni bog‘bonga topshirib edim-u, lekin bog‘bon boqqa qaramay qo‘yibdi, — debdi qizning otasi podshoga.
— Bog‘bon uni parvarish qilar edi-yu, boqqa o‘g‘ri oralabdi, — debdi vazir podshoga shama qilib. Bu so‘zni eshitgan podsho:
— To‘g‘ri, boqqa o‘g‘ri oralab qo‘ydi-yu, ammo hech narsaga tegmay, bargini ham uzmay chiqib ketdi, — debdi va butun bo‘lgan ishlarni chol bilan vazirga aytib berib, ulardan uzr so‘rabdi. Shu kuniyoq vazir uyiga borib xotinidan uzr so‘rabdi. Vazir bilan uning sevikli xotini davri-davron surib, murodi maqsadlariga yetishibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.