OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qozi bilan boy

Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan. Zomin yurtida bir boy bor ekan, uning bir novchasi bor ekan.
Kunlardan bir kuni boy bir narsadan jahli chiqib, novchasini haydab yuboribdi. Novcha arazlab Zomin qozisining oldiga boribdi. Qozi:
— Ha, nima arzing bor? — debdi. Novcha:
— Arzim bor-u, taqsir qozi buva, ovloq bo‘lsa aytaman, — debdi. Shunda qozi o‘ylanib turib, ko‘nglida "Buning avzoyidan biror gapi borga o‘xshaydi, ovloq qilib gaplashib ko‘rayin" deb, oldidagi mulozimlarini chiqarib yuboribdi, so‘ngra haligi novchaga:
— Gapir, qani endi, — debdi. Novcha:
— Taqsir, falonchi boyga novcha bo‘lib yurgan edim, haqimni bermay quvib yubordi. Endi shuni nima qilamiz, qozi buva? — debdi. Qozi so‘rabdi;
— Oyiga necha pulga yurib eding? Novcha aytibdi:
— Taqsir, to‘qqiz oyga olti yuz tangaga yurib edim, bir pul bermasdan quvib yubordi.
Qozi o‘ylab turib:
— Unday bo‘lsa, sen beradiganingni ayt, men uni o‘zim sozlayman, — debdi. Novcha:
— Taqsir, undirsangiz uchdan bir qismi sizniki, — debdi. Qozi:
— Uch yuz tangasini sen ol, uch yuz tangasi menga bo‘lsin. Sen mahkam bo‘lsang bo‘lgani. Tag‘in mabodo yarmini bersa, aldanib, ko‘nib qo‘ymagin, — deb tayinlabdi. Boyni men aytib keltiraman, boy kelgandan keyin unday degan, bunday degin deb qozi novchaga so‘z o‘rgatibdi. Keyin novchaga javob berib, erta bilan Zomin bozoridagi qozixonaga kelishini uqtiribdi. Novcha shundan keyin ketibdi.
Erta bilan tongda qozi turib, choy ichibdi, otlanib, Zominning bozoriga kelib, qozixonada o‘tiribdi va boyni chaqirtiribdi. Bir ozdan keyin boy kelibdi. Qozi boyga bo‘lgan gapni aytsa, u:
— Taqsir, arz qilib kelgan novchani, unday falokatni oldingizdan urishib haydab yubormadingizmi? — debdi. Shunda qozi jahl qilib, boyni ota-onasi qolmay so‘kaveribdi. Shu orada novcha ham kelib qolibdi. Qozi boyga:
— Buning haqini yeb ketolmaysan, hozir o‘tirgan joyingda topib berasan, — debdi. Keyin boy o‘ylab turib anglabdiki, novcha qoziga bir narsa berishga va’da qilgan. Boy payt poylab turib, novchaning ko‘zini shamg‘alat qilib quchog‘ini ochib, imlab qoziga ko‘rsatibdi. Qozi unga yer ostidan ko‘z tashlabdi. Keyin bir oz o‘ylab turib xayolga ketibdi. "Novchaning beradigan narsasi uch yuz tanga, uni ham boydan olsagina beradi, boyning imlab ko‘rsatgan narsasida bir balo borga o‘xshaydi, shu boyning va’dasidan qolmay, bir quchoq narsani va’da qildi, agar shuning hammasini bersa, bir narsali bo‘lib qolaman", debdi qozi ichida. Shu orada qozi yana asta boshini ko‘tarib ko‘z osti bilan boyga qarabdi. Boy yana qulochini yozib, bir quloch deb imlabdi. Shunda qozining yurak-bag‘ri undan battar o‘rtanib ketibdi. Qozi ko‘nglida, "Endi bu novcha padar la’natini bir so‘kaman, haqidan kechib, bir do‘q bilan yo‘q bo‘lib ketsin", debdi. Qozi endi novchani so‘ka ketibdi:
— Padar la’nati, tuhmatchi, o‘g‘ri, yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma! Hozir jazoga hukm qilib yuboraman, — deb siyosat qilibdi. Keyin haligi novcha qo‘rqib, yuragi yorilay debdi. Qozi “olti oylik jazoga hukm qilib yuboraman” degandan keyin novchaning jon-poni chiqib ketibdi, “haq olmasam ham go‘rga”, deb qozixonadan orqasiga qaramay qochib chiqib ketibdi. U ko‘zdan yo‘qolgach, qozi boyga qarab sekin ishorat qilib:
— Qani, haligi aytgan narsani olib keling, — debdi. Boy o‘rnidan turib bozor oralab ketibdi. Ana endi qozining dimog‘i chog‘ bo‘lib, quvonganidan yuragi yorilguday bo‘libdi. “U bir quchoq narsa nima bo‘ldi ekan? U bir bo‘lsa bir xum tanga yo bir xum tilla bo‘ladi, qachon olib kelar ekan”, deb yuragi orziqib ketaveribdi. Qozining ikki ko‘zi boyning yo‘lida ekan. Boy bozor oralab ketganicha to‘g‘ri tarvuz bozoriga boribdi. Borishi bilan ho‘kizning beliday bir katta tarvuzni bir miriga olib, quchoqlab jo‘nabdi. Boy hovliqib qozixonaga yetib kelibdi. Qozi o‘tirgan yeridan cho‘zilib qarab, o‘ylabdi: “Obbo boy buva tushgur-e, qoziga bir yaxshi tarvuz ham olib beray debdi-da”, deb ichida quvonib qo‘yibdi. Boy shu orada tarvuzni olib kelib qozining oldiga qo‘yibdi. Shunda qozi:
— Boy buva, tarvuz bozoriga ham boribsiz-da? — desa, boy:
— Axir bizning bir fe’lligimiz xudoga yoqib, xudo bizga shunchalik davlatni berib, boy qilib qo‘yibdi-da, va’da qilgandan keyin va’dada turamiz-da, taqsir, — debdi.
Boydan bu so‘zni eshitgan hamon qozining yuragi shuv etib ketibdi. Boy shu orada tarvuzni so‘yib, bir pallasini karjlab, qozining oldiga qo‘yibdi, yana bir pallasini karjlab o‘zining oldiga qo‘yibdi. “Oling taqsir”, deb qozini tarvuz yeyishga taklif qilibdi. Ular ikkovi ikki palla tarvuzni yeganicha yeb, qolganini qoldirishibdi. Keyin qozi ko‘z osti bilan har zamon-har zamon boyga qarab o‘tira beribdi. So‘ng boy:
— Bizga javob, taqsir, tarvuzni bo‘lsa yedingiz, haligi novchaning gapiga ko‘p quloq solavermang. Kelasi bozor tag‘in bir yaxshi tarvuz olib beraman, — debdi. Qozi:
— Boy buva, boshqa gapni qo‘ying, boyagini olib keling, — debdi. Boy:
— Taqsir, odamni kalaka qilmang, bu gapingazga men tushunmadim, bu nima deganingiz? — debdi. Qozi:
— Boybuva, esingizdan chiqdimi, boya bir narsam bor, beraman, demadingizmi? Siz shunday qilib bir quchoq narsam bor, beraman, deganingizdan keyin, men haliga kambag‘alni so‘kib yubordim, — debdi. Boy:
— Ha, taqsir, endi tushundim, u bir quchoq, deb ko‘rsatganim mana shu tarvuzning o‘zi edi, yedingiz-ku,— debdi. — Bu bir quchoq bo‘lmay nima, o‘zingiz ko‘rdingiz-ku, quchog‘imga sig‘may lapanglab zo‘rg‘a ko‘tarib keldim. U kekirdagingizdan o‘tib ketdi. Endi bundan boshqa nima berar edim, sizga.
Qozi esa “sizning va’dangizga ishonib, o‘zimning kambag‘alimdan ayrildim, shu zamonning boyining ham, kambag‘alining ham aytgan so‘ziga ishonib bo‘lmaydi”, deb so‘kinibdi.
Boy o‘rnidan turib chiqib ketayotib:
— Taqsir, har narsaga ham jahl qilmang. Erta bozor oldingizga tag‘in bir tarvuz olib kelaman, — deb chiqib ketibdi. Qozi yana o‘ylab, “haligi aytgan bir quchoq narsasini bu bozor olib kelsa ham ajab emas” deb xomtama bo‘lib qolaveribdi. Lekin bu bozor ham qozi boydan hech narsa ololmay, labi gezarib, payshanbadan qaytgan g‘unajinday bo‘lib uyiga qaytibdi. Novchani bekordan-bekorga so‘kib haydaganiga rosa afsuslanib yuraveribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.