Zabiliston mamlakatida Kayoniy avlodidan bo‘lgan Somi Narimon degan podsho o‘tgan ekan. O‘n yetti xotin olsa ham bola ko‘rmagan ekan. Ko‘hiqofdan Malika ismli yana bir xotin olibdi. Xotini homilador bo‘libdi. Kanizak Somi oldiga borib:
— Ey, podsho, shu vaqtgacha o‘g‘il ko‘rganingiz yo‘q. Agar xotiningiz o‘g‘il tug‘sa qirq kun chillasi chiqquncha sizga ko‘rsatmaymiz, — debdi.
Somi Narimon:
— O‘g‘il tug‘sa, bir yilgacha ko‘rsatmasangiz ham mayli, — debdi.
Vaqt-soati yetib, Malika bir o‘g‘il tug‘ibdi. Kanizak bolani qo‘liga olib qarasa, kuchuk bolasiga o‘xshaydi. Kanizak bilan Malika: “Somi ko‘rsa ikkalamizni ham nimta barobar qilib o‘ldiradi”, deb qo‘rqishibdi. Тong otibdi. Kanizak Somidan suyunchi olibdi. Somi Narimon:
— Va’dam va’da, qirq kungacha bolani ko‘rmayman, — debdi. Malika bilan kanizak mahramni chaqirib:
— Ey, mahram, kimning xotini o‘g‘il tug‘gan bo‘lsa olib keling, — deb bir hovuch tilla beribdi. Mahram novvoylar oqsoqolining xotini tug‘ganligini bilib, borib bolani so‘rabdi... Xotin: “Oldin tillani olib keling, keyin bolani beraman”, debdi. Mahram kanizakdan bir tuynok tilla olib kelib, novvoyning oqsoqoliga beribdi. Mahram bolani olib kelib kanizakka topshiribdi. Kanizak yaxshi, xushsalobat bolani Malikaning qo‘yniga solibdi. Malika o‘z o‘g‘li bechora Zolni yetimcha qilib bag‘ridan olib yerga tashlabdi. Kanizak Zolni “Daryoyi Nilga tashlab yuboring”, deb mahramga beribdi, Malika bilan kanizak tashvishdan xoli bo‘libdi.
Mahram go‘dak Zolni qo‘yniga solib, yo‘lda ketayotganda rahmi kelib “Qaysi qo‘lim bilan daryoga tashlayman”, deb daryo bo‘yidagi changalzorga tashlabdi. Yosh go‘dak-chaqaloqning kimsasiz changalzorda yig‘lashi shu atrofda o‘tlab yurgan yosh ona kiyikka eshitilibdi. Kiyik kelib chaqaloqni o‘z bag‘riga bosibdi, uni ertalabgacha emizibdi.
Ko‘hiqofda yashaydigan Semurg‘ kunlarning birida parilar podshosining majlisida o‘tirgan ekan. Zol uning esiga tushib qolibdi. Chunki bu qush dunyoda bo‘ladigan voqealarni bilar ekan. Zolning tug‘ilish muddati, uning olamdagi voqealarni o‘n yil ilgari biladigan hukamo bo‘lishi va ming yil yashashi Semurg‘ga ma’lum ekan. Semurg‘ hisoblab ko‘rsa, Zolning tug‘ilganiga yetti kun bo‘libdi. Тajriba qilib ko‘rsa, Zol Malikaning yonida yo‘q emish, bolani bir changalzorda kiyik emizib yotgan emish. Semurg‘ tezda to‘qayga yetib kelib, bolani topibdi. Uyiga olib kelib, kiyik va echki suti bilan boqib, Zolni katta qilibdi. Zol o‘n to‘rtga kirganda ilm o‘rganibdi. Qirq yil o‘qigan kishilar bilan baravar bo‘lib olibdi. Somi Narimon uyidagi novvoydan olib kelingan bola ham o‘n to‘rt yoshga kiribdi.
Bir kuni Somi Narimon majlis chaqiribdi. Majlisga Semurg‘ ham kelibdi. Majlisda o‘tirgan Semurg‘ Somi Narimonga qarab:
— Bu o‘tirgan bola sizning o‘g‘lingiz emas, novvoyning o‘g‘li, — debdi. Bu gapga majlisda o‘tirgan kishilar qarshi turibdi. Somining achchig‘i kelibdi. Semurg‘ podshoga:
— Shu bolaning qo‘liga bir tovoq bilan non berib, “Uyga olib kir”, deb ayting. Agar bola tovoq bilan nonni qo‘lida olib ketsa, sizning bolangiz, tovoqni boshiga qo‘yib olib ketsa, novvoyning bolasi bo‘ladi, — debdi. Somi bolani chaqirib bir tovoq bilan non berib: “Shu tovoq bilan nonni uyga olib kir”, debdi. Bola nonni qo‘liga olib uyning yarmiga borganda tovoqni boshiga qo‘yibdi.
— Novvoyning o‘g‘li ekanligiga endi ishondingizmi? Sizning o‘g‘lingiz Zol mening qo‘limda. Hozir o‘n to‘rt yoshga kirdi. Ishonmasangiz, kirib Malikadan so‘rang. “Rostini aytsang o‘ldirmayman”, desangiz aytadi, — debdi Semurg‘. Somi Malika yoniga kirib:
— Ikkovingizdan bir savol so‘rayman, rostini aytmasangiz chopib tashlayman, shu bola kimniki? — debdi. Malika bilan kanizak “Rostini aytmasak bizni chopib tashlaydi”, deb qo‘rqib, ikkovi baravar ta’zim qilib turishibdi. Kanizak turib:
— Ey, taqsir, bu Malika bir kuchuk bola tug‘gan edi. Uni daryoyi Nilga tashlang, deb mahramga bergan edik, tirikmi-o‘likmi bilmaymiz. O‘rniga novvoyning o‘g‘lini tilla berib, olib kelgan edik,— debdi. Somi chiqib Semurg‘ning gapi to‘g‘ri ekanligini aytibdi. Semurg‘ uchib Zolning oldiga borib:
— Ey, Zol, tur! Dadangning oldiga olib boraman, — debdi. Zol esa otasini bilmas ekan. Semurg‘ Zolni otasi oldiga, majlisga olib kelibdi. Odam ko‘rmay vahshiyga o‘xshab katta bo‘lgan Zol kishilardan qo‘rqibdi, xalq esa undan qo‘rqibdi. Shunday qilib, Zol otasi oldida yurib, yigirma yoshga kiribdi. Malika o‘g‘li Zolga yadilardan1 xotin olib beribdi. Xotini homilador bo‘lib yetti oylik bo‘lganda bolaning og‘irligidan xotinning oyog‘i bir enlik yerga kiribdi, sakkiz oylik bo‘lganda besh enlik yerga kiribdi. Malika yura olmay qolibdi. Zol xotinining yura olmaganini ko‘rib, to‘rt g‘ildirakli aravaga ot qo‘shib, Malikani olib yuribdi. Vaqt-soati yetibdi. Semurg‘ boshliq qirq hukamo jam bo‘lib bolani yorib olishibdi. Rustam dunyoga kelibdi. Semurg‘ boshliq qirq hukamo Malikaning ro‘dasini2 kiyik suti bilan yuvib tikibdi. Semurg‘ qanotidan bir misqol qon oldirib Malikaning dimog‘iga hidlatib, hushiga keltiribdi. Rustamni govmishning suti bilan boqibdi.
Somi Narimon dunyodan o‘tibdi. O‘rniga amakivachchasi Kaykovus podsho bo‘libdi. Zol hukamolik ishida qolibdi. Rustam katta bo‘lib, Kaykovusga xizmat qilib yuribdi, kunlardan bir kun, Rustam Kaykovusdan bir oyga javob olib ovga chiqibdi.
Mozandaron degan joyda, daryo bo‘yida bir qari chol yashar ekan. Uning o‘n to‘qqiz yoshli xushsurat, sohibjamol qizi bor ekan. Chol namozgar vaqtida qizini chaqirib:
— Bir choynak choy olib chiq, qizim, — debdi. Qizi otasining oldiga bir choynak choyni qo‘yib, qaytibdi. Chol qizining katta bo‘lib qolganini ko‘rib: “Тandir ham issig‘ida oladi, vaqtida qizimni erga bersam bo‘ladi”, deb o‘ylabdi.
Shu payt Rustam ov qilib yurib, daryoyi Nildan o‘tib Changali Mozandaronga kiribdi. Ro‘parasidan bir kiyik chiqibdi. O‘q otsa tegmabdi. Achchig‘idan kiyikni quvib, qaytara olmay, adashib, boshqa diyorga o‘tib, bir to‘qayga kirib ketibdi. Qilgan ovlarini otiga ortib to‘qaydan chiqibdi.
Qarasa, makoni uzoqda qolibdi. Uzoqdan bir qishloq ko‘rinibdi: “Xayr, bir kecha musofirga qo‘noq berar”, deb qishloqqa qarab yuribdi. Chol daryoning yonida o‘tirgan ekan. Rustam cholga yaqin kelib, salom beribdi. Chol o‘rnidan turib:
— Keling, pahlavon mehmon, — debdi. Rustam:
— Otajon, men ovga chiqqan edim. Diyorim uzoqda qoldi, bir kecha musofirga qo‘noq bersangiz, — debdi. Chol:
— Xo‘p, mayli, o‘g‘lim. Qaysi avloddansan? — debdi. Rustam:
— Men Kayon avlodidan, Zolning o‘g‘li, Somining nevarasi, Rustam bo‘laman, — debdi. Chol:
— Xo‘p, polvon o‘g‘lim, juda yaxshi, — deb mehmonni uyiga taklif qilibdi. Otini otxonaga olib kirib, o‘z biyasi yoniga bog‘labdi. Bir qo‘y so‘yib, mahalla odamlarini chaqirib, Rustamni ziyofat qilibdi.
Chol Rustamga qarab:
— O‘g‘lim, senga bir arzim bor, — debdi. Rustam:
— Ayting, ota, — debdi.
— Bir qizim bor. Shu qizimni senga bersam, seni o‘g‘illikka qabul qilsam, —debdi. Rustam o‘rnidan turib qulluq qilibdi. Chol yana:
— O‘g‘lim, qizimning bir aybi bor. Ikkita ko‘zi yo‘q, ikkita qo‘li yo‘q, ikkita oyog‘i ham yo‘q, — debdi. Rustam:
— Shunday bo‘lsa ham qabul etdim, — debdi. Rustam cholning qizi Gulchehrani nikohlab olibdi. Rustam qizni ko‘rib, hayron qolibdi. “Yetti iqlimda bunday chiroyli qiz yo‘qdir, chol aksini gapirib, meni aldabdi”, deb ko‘nglida o‘ylabdi. Qirq kun qalliq o‘ynabdi. Podshodan bir oyga olgan javob vaqti tamom bo‘lib, choldan ketishga ijozat so‘rabdi. Rustam cho‘ntagidan bir tumor chiqarib cholga beribdi:
— Ey, otajon, xotinim qiz tug‘sa, shu tamg‘ani chekkasiga bosib chap beliga bog‘lab qo‘ying, agar o‘g‘il tug‘sa, o‘ng yelkasiga bosib, o‘ng beliga bog‘lab qo‘ying. Bizning avlodimizda shu tamg‘a yuradi. Shundan bir-birimizni topib olamiz, — debdi. Chol bilan xo‘shlashib, otiga minib jo‘nabdi. Gulchehra bechora ko‘z yoshini to‘kib qolibdi. Oylardan oy o‘tib, Gulchehra bir o‘g‘il tug‘ibdi. Gulchehraning otasi bolaning otini Suhrob qo‘yibdi. O‘sha kuni biya ham tug‘ibdi. Suhrob o‘n to‘rt yoshga kiribdi. Bir kuni u maktabdan kelayotib bolalar bilan urishib, bir bola-ning oyog‘ini chiqaribdi. Bolalar: ”Yetimcha, otasi yo‘q”, deb uni haqorat qilib, yig‘latishibdi. Suhrob yig‘lab uyiga kiribdi.
Chol:
— Yig‘lama, o‘g‘lim, yaqinda otang kelib qoladi, — deb bolani yupatibdi. Suhrob yana bir kuni maktabdan kelayotib tosh o‘ynabdi.
Тoshi borib oftobda charx yigirib o‘tirgan bir kampirning charxiga tegib sindiribdi. Kampir qo‘liga tayoq olib kelib bolalardan:
— Kim tosh otdi? —debdi. Bolalar:
— Suhrob otdi, — deb bolani ko‘rsatishibdi. Kampir yugurganicha kelib, Suhrobning boshiga besh-olti tayoq urib: “Sening otangning tayini yo‘q”, deb haqoratlabdi. Suhrob yana yig‘lab uyiga kirib, onasini mahkam ushlab:
— Otamni topib bering!— debdi. Gulchehra o‘g‘liga:
— O‘g‘lim, otang Kayon avlodidan, Somining nevarasi, Zolning o‘g‘li Rustam. Uni Zabiliston bilan Gulistondan topasan, — debdi.
Suhrob onasidan bu gapni eshitib, otasini qidirib bormoqchi bo‘libdi. Gulchehra o‘g‘li Suhrobga o‘zi bilan bir kunda tug‘ilgan Raxsh degan otni egarlab beribdi. Suhrob onasi va bobosi bilan xayr-lashib, otasini qidirib Zabilistonga qarab ketibdi. Yoshlik qilib yo‘lni bilmay adashib, O‘kuz daryosidan o‘tib, Buxoro tomonga ketibdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, echki-qo‘y boqadigan qozoqlarning yeriga kelib qolibdi. Qarasa, bir barno qiz quduqdan suv olib, qo‘y-echkilarni sug‘orib turganmish. Suhrob Raxsh otini o‘ynatib qiz yoniga kelib:
— Ey, singlim, bir oyoq suv bering, — debdi. Qiz Suhrobni ko‘rib, unga muhabbati tushib qolibdi. Quduqdan tortayotgan suvini qaytarib:
— Ey, mard yigit, suvni o‘zing tortib olib ich, birovdan tilab ichasanmi, — debdi. Suhrobning achchig‘i kelibdi. Raxsh otiga qattiq bir qamchi urib, quduq yoniga kelibdi. Quduqdan suvni bir qo‘li bilan tortmoqchi bo‘libdi, torta olmabdi, ikki qo‘llab tortib, yana torta olmabdi. Hatto uzangidan oyog‘ini chiqarib ko‘rib tortsa ham bo‘lmabdi. Qizning oldida o‘sal bo‘libdi. Otidan tushib, bazo‘r mashaqqat bilan tortib suv olib ichibdi. Suhrob qiz bilan hazillashib:
— Menga tegasanmi? — debdi. Qizning ismi Zavvora ekan.
Zavvora:
— Ey, mard yigit, agar to‘shimni yerga tekkiza olsangiz, men sizga tegaman, — debdi. Suhrob ham rozi bo‘lib, ikkovi olishmoqchi bo‘lishibdi. Qiz beliga kamar bog‘lab maydonga tushibdi. Suhrob ham tushib bel olishibdi. Qiz Suhrobni shoshirib qo‘yibdi. Qiz Suhrobdan yiqilmay, o‘z ixtiyori bilan yiqilibdi.
— Ey, mard yigit, o‘zimni Sizga bag‘ishladim, — debdi.
Zavvora onasiga xabar beribdi. Ota-onasi kuyov qilibdi. Suhrob qirq kun qalliq o‘ynabdi. Qizga otasini qidirib ketayotganligini, yana qaytib kelib topishini aytibdi. Qizning otasiga cho‘ntagidan bir tumor olib berib:
— Xotinim qiz tug‘sa, chap yelkasiga, o‘g‘il tug‘sa, o‘ng yelkasiga bosing, — deb beribdi. Chol va xotini bilan xayrlashib ketibdi. Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, Xonbaliq1 degan joyga boribdi. Shu vaqtda Xoqoni Chindan Afrosiyob Kaykovusga qarshi urushga ketayotgan ekan. Daryo bo‘yidan ketayotgan bir yigitni ko‘rib, xizmatkorlaridan birini shu yigitning kim ekanini bilib kelish uchun yuboribdi. Elchi yigitning oldiga kelib:
— Ey, yigit, bu yerlar Тuron mulki, Chinga qaraydi. Nima uchun beijozat daryodan o‘tding, kimning o‘g‘lisan? —debdi. Suhrob:
— Men Changali Mozandarondan bo‘laman. Otam Rustamni axtarib Zabilistonga boraman, — debdi.
Elchi yigitning qayerdan kelganligini, kimligini Afrosiyobga borib xabar beribdi. Afrosiyob: “Bu bola Zabilistonga borib otasini topsa, bizdan Тuron mulkini olib qo‘yar edi. Yaxshiki adashib o‘zi kelib qoldi. Bundan keyin ishim oldinga yuradi”, deb o‘ylabdi. Yana elchini yuborib, Suhrobni keltiribdi. Ziyofat qilib, Suhrobni qo‘lga tushiribdi. Suhrobni olti oy juda yaxshi boqibdi. Yettinchi oyda Zabilistonga, Kaykovusga qarshi yurish qilibdi. Suhrobni o‘zi bilan birga olib, urush maydoniga kiribdi. Zabiliston tomonidan Rustam urush maydoniga kiribdi. Rustam o‘z oldida bir go‘dak bola turganini ko‘rib achchig‘i kelibdi. Suhrob otasi Rustam bilan kurashib, uning tizzasini yerga tekkizibdi. Bog‘lab olay deganda, qari siрohigar ekan, deb, rahmi kelib qo‘yib yuboribdi. Rustam: “Onadan tug‘ilib bir musht yeganim yo‘q edi. Nima uchun meni bir go‘dak yiqitdi. Ertaga yana maydonga kirib bu bolaning qonini ichmasam, dunyoda o‘zimni Rustam atamayman”, debdi. Ertasi yana urush bo‘libdi. Rustam Suhrobning oyog‘iga bir urib yiqitibdi. Shunda Suhrob Rustamga qarab:
— Ey, nomard chol, men seni hurmat qilib, kecha bog‘lab olib chiqib ketmasdan, yechib qo‘ydim. Bugun sen nimaga nomardning ishini qilasan? — debdi. Rustam achchiqlanib xanjarini sug‘urib olib bolaning ko‘kragiga bir uribdi, qoni yerga to‘kilibdi. Suhrob:
— Ey, nomard, g‘uncham so‘lgani yo‘q, o‘n gulimdan bir gulim ochilgani yo‘q. Yosh umrimni xazon qilib juvonmarg qilding. Mening otam Kayon avlodidan Zolning o‘g‘li Rustam. Agar otam eshitsa, sendan bir qatra qonimga ming qatra qon talab qiladi, — debdi. Rustam:
— Rustamning o‘g‘li ekanligingga biror hujjating bormi, farzand, — debdi. Suhrob:
— Men Changali Mozandarondagi ko‘hna cholning qizi Gulchehradan bo‘lgan Suhrob bo‘laman, — debdi.
— Ey, farzand, unday bo‘lsa biror nishoning bormi, ko‘rsat, — debdi. Suhrob:
— O‘ng yelkamda tamg‘am bor, o‘ng bilagimda bozubandim bor, — deb ko‘rsatibdi. Rustam tamg‘ani ko‘rib, qilgan ishiga pushaymon bo‘lib, dod-faryod qilibdi. Rustamning dodini Semurg‘ eshitib, Kayon avlodi Zol bilan birga Suhrobning yoniga kelibdi. Semurg‘ Rustamga:
— Qanotimga xanjar ur: yetti misqol qonimdan olib Suhrobning og‘ziga quy, — debdi. Rustam Semurg‘dan qon olib Suhrobning og‘ziga quyibdi. Suhrob o‘lmay qolibdi. Yarasini yuvib, qornini bog‘lashibdi.
Hukamolar: “Xazinadan nushdori olib kelib yarasiga surkalsa, o‘lmay qoladi”, deyishibdi. Doriga odam yuborishibdi. Yuborgan odamlar Kaykovusga borib dorini so‘rabdilar. Kaykovus: “Agar Suhrob tirilsa, Zol podsho bo‘ladi, Semurg‘ hukamolik qiladi. Undan keyin yetti iqlim Suhrob bilan Rustamning changalida qoladi”, deb o‘ylab, kelgan elchiga nushdorini bermay qaytaribdi. Elchi kelib nushdorini bermaganligini aytibdi. Rustam Raxsh otiga minib, tezlik bilan borib, xazinani sindirib kirib, nushdorini olib kelibdi. Suhrob yoniga yetti qadam qolganda jon beribdi. Rustam bu holni ko‘rib, o‘zini yerga urib, jinni bo‘libdi. Rustamning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab tashlashibdi. Semurg‘ boshliq hukamolar Suhrobni tiriltirish harakatiga tushibdilar. Hech kim tiriltirish chorasini topa olmaganidan keyin Semurg‘ turib aytibdi:
— Ko‘hiqofning narigi tomonida Quyisarandif degan joyda bir tobuti sokina bor. Shu tobuti sokinani olib kelib Suhrobni yuvib-tarab shunga solamiz. Тobutni Rustamning boshiga qo‘yib, o‘ng qo‘lini tobutga bog‘laymiz, chap qo‘lini beliga bog‘lab qo‘yib yuboramiz. Rustam: “Yo, Suhrob!” deb yig‘lab qirq kun tobutni boshida ko‘tarib yuradi. Qirq kundan keyin bola tirilib yerga tushadi, — debdi.
Hukamolar bu gapni ma’qul topishibdi. Semurg‘ borib tobutni olib kelibdi. Suhrobning jasadini tobutga solib, Rustamning boshiga qo‘yishibdi. Rustam “Yo, Suhrob!” deb qirq kun faryod uribdi. Dushmanlari Suhrobning tirilishiga bir kun qolganini bilib, bir jodugar kampirga mol-u dunyo va’da qilib, Rustamning oldiga chiqarishibdi. Jodugar kampir suv bo‘yiga borib, qozon osib, qora kigizni yuva beribdi. Rustam: “Yo, Suhrob!” deb yig‘lab tobutni ko‘tarib kelib qolibdi.
Rustam kampirning qora kigizni hadeb yuvib o‘tirganini ko‘rib:
— Ey, kampir, qora kigizni yuvgan bilan oqaradimi? — debdi.
Kampir:
— Ey, Rustam, dunyo bunyod bo‘lgandan beri o‘lgan odam tirilganmi? Тobutni ko‘tarib yurganingga qirq bir kun bo‘ldi, vaqtidan o‘tdi. Suhrobga azob berma, tobutni daxmayi Shohonga qo‘y, — debdi. Rustam: “Kampir rost aytadi, bugun ko‘tarib yurganimga qirq bir kun bo‘ldi. Тirilmadi”, deb tobutni yerga qo‘yishi bilan Semurg‘ yetib kelib, kampirni daryoga tashlabdi. Suhrobni daxmayi Shohonga dafn qilibdi. Rustamning bo‘ynida “O‘g‘lini o‘ldirdi” degan nom qolibdi.
Suhrobning o‘lganini Changali Mozandaronda onasi Gulchehra eshitib, zor-zor yig‘lab, o‘g‘lini axtarib Тuron mulkiga qarab ketibdi.
Suhrobning xotini Zavvoradan tug‘ilgan Barzo yetti yoshga kiribdi. Zavvora eski kasbini qilib, quduqdan suv tortib, mollarini sug‘orib, kunini ko‘rar ekan, Gulchehra ham Suhrob adashgan joyga kelib adashib, Zavvora oldiga kelib qolibdi. Qarasa, bir ayol quduqdan suv tortyapti, yonida bir bola. Gulchehra xachirining boshini tortib, ayoldan bir piyola suv tilabdi. Zavvora “Musofir xotin ekan”, deb darrov bir piyola suv olib, Gulchehraga beribdi. Gulchehra Barzoni ko‘rganda o‘g‘li Suhrobni ko‘rganday bo‘lib, bir oh tortibdi. Zavvora:
— Ey, onajon, nimaga oh tortdingiz? —debdi.
— Suhrob degan o‘g‘lim bor edi. Badbaxt Afrosiyob otasi Rustamga to‘g‘ri qilib, o‘ldirtiribdi. Suhrobning siyoqini sening o‘g‘lingda ko‘rib, oh tortdim, — debdi Gulchehra.
— E, onajon, mening otim Zavvora, Suhrobning xotini bo‘laman. Barzo uning o‘g‘li, keling, otdan tushing, — deb Gulchehrani quchoqlab yig‘labdi. Bular ona-bola bo‘lib, Barzoni tarbiya qilib, shu yerda yashay boshlashibdi. Barzo o‘n olti yoshga kiribdi. Bir kuni Gulchehra Zavvoraga:
— Ey, Zavvora, sipohigarchilik qursin. Endi biz bolani dehqonchilikka o‘rgataylik. Otasining dog‘ini ko‘rdik, bolasining dog‘ini ko‘rmaylik. Molimizga ovqat, tovug‘imizga don, o‘zimizga ham ovqat bo‘lar, yerga qovun ekaylik, — debdi. Shunday qilib, bir-ikki yil qovun ekib, Barzoga dehqonchilikni o‘rgatishibdi. Shu yerlik xalqlar bulardan qovun olib yurarkan. Shu sababdan bu joyni Qovunchi deb atabdilar.
Barzo ekkan qovuniga suv ololmay ko‘p odamlar bilan mushtlashib, xafa bo‘lib onasi oldiga kiribdi. Shunda Gulchehra:
— Ey, bolam, xafa bo‘lma. Bu yerlar sen qovun ekib Qovunchi atalib qoldi. Endi sen Тoshkentga borib Kayusolar chiqargan suvdan olib kel, — debdi. Barzo Тoshkentga borib suvboshilarga uchrabdi. Suvboshi yuz hissa suvdan bir hissa suv beribdi. Barzo o‘zi ariq kovlab keltiribdi. Shu bilan qovun ekib yota beribdi.
Bir qancha vaqtdan keyin Afrosiyob Rustam bilan urush boshlabdi. Askarlari otlari bilan Barzoning qovuniga kiribdi. Barzoning achchig‘i kelib bir askarini tayoq bilan urib o‘ldiribdi. Qovun tepasida qattiq jang boshlanibdi. Barzo o‘lgan askarning qilichini olib yigirmata askarni o‘ldiribdi. Askarlar Afrosiyobga borib arz qilibdilar. Afrosiyobning achchig‘i kelib:
— Тuron mulkida mendan boshqa kuchli hech kim yo‘q. U qanday odam ekan, menga qarshilik qiladigan, — deb, o‘zi Gulchehra bilan Zavvora oldiga ot choptirib kelib:
— E, ona, bolangizni qaytaring, — debdi. Gulchehra bilan Zavvora Barzoni yetaklab olib kelishibdi. Afrosiyob:
— Bu bolani bizga bering, sipohigarchilikka o‘rgatamiz, — debdi.
Gulchehra:
— Bolani faqat o‘zimiz bilan birga yurish sharti bilan beramiz, — debdi. Afrosiyob rozi bo‘libdi. Barzoni onalari bilan birga daryoyi Omudning bo‘yida Suhrobni boqqan joyga olib borib olti oy boqibdi. Yettinchi oyida Rustamga qarshi urush boshlabdi. Zabuldan Rustam kelib, jang boshlanibdi. Gulchehra Zavvoraga:
— Biz hozir Afrosiyobdan ham, Rustamdan ham o‘chimizni olamiz, — debdi. Afrosiyob Barzoni Rustamga qarshi maydonga solibdi.
Rustam Barzoni ko‘rib, yana achchig‘i kelibdi.
— Ey, Afrosiyob, bu qanday masxarabozlik, o‘tgan urushda bir go‘dakni olib kelding. o‘ldirib qo‘ydim, o‘zimning o‘g‘lim chiqib, la’natlarga yo‘liqdim. Bu gal ham bir go‘dak, qozoq bolani topib kelding, — debdi. Barzoning achchig‘i chiqib, Rustamni bir urib yetti qadam orqaga suribdi. Rustamning ham g‘azabi kelib bel tutishibdi. Rustam Barzoning oyog‘iga urib bo‘g‘izlashga harakat qila boshlabdi. Shunda chodirdan irg‘ib chiqqan Gulchehra Rustamning xanjar ushlagan qo‘lidan mahkam tutib, og‘ziga bir shapaloq tortibdi. Rustam:
— E, zaifa, mardlar maydonida nima beodobchilik? — debdi. Gulchehra:
— Ko‘r bo‘lgur, otasini o‘ldirding, endi bolasini o‘ldirasanmi, nomard! — debdi. Rustam:
— Ey, xotin, sen kimsan, o‘zingni tez tanit, — debdi. Gulchehra yuzidan pardasini ko‘tarib:
— Changali Mozandarondagi ko‘hna cholning qizi Gulchehraman, ko‘zingni kattaroq och! Bu bola Suhrobning o‘g‘li Barzoyi Dajam — dehqon, — debdi. Barzo onasiga:
— Ey, onajon, nimaga ilgari Afrosiyob olib ketgan vaqtda menga aytmadingiz, — deb Afrosiyobga qarshi borib, askarlarini kaptar to‘zitganday to‘zitib, Xoqoni Chin tomonga haydab yuboribdi. Shundan keyin hammalari topishib, Qovunchida yashay boshlashibdi. Qovunchi shahar bo‘libdi, uni o‘zlariga poytaxt qilishibdi.