O‘tgan zamonda Xorazm mamlakatida bir podshoh o‘tgan ekan. Uning bitta-yu bitta o‘g‘li bo‘lgan ekan. O‘g‘liga siрohigarchilikni yaxshi o‘rgatish, tarbiya qilish uchun uni lashkar boshlig‘i Behzodxonga topshirgan ekan. Bola yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘p narsani bilib olibdi. Ayniqsa, siрohigarchilikni juda yaxshi o‘rganibdi. El-u yurt uning o‘q otishiga, nayza o‘ynashiga qoyil qolar ekan. Podshoh bir kun qattiq kasal bo‘libdi, shu kasaldan tuzalishiga ko‘zi yetmabdi. Podshohning tug‘ishgan bir ukasi bor ekan. Uni chaqirib shunday vasiyat qilibdi:
— Uka, jon bor yerda qazo bor. Mening kasalim og‘ir ko‘rinadi, o‘g‘lim ham yosh. Mabodo shu kasalim bilan o‘lib ketsam, toji-taxt senga qoladi. Bir necha yil o‘g‘limga mamlakatni idora qilish tartibini va past-baland ishlarini o‘rgatib, mustaqil ish olib boradigan bo‘lgunicha unga taxtni berma. U dunyoning issiq-sovug‘ini yaxshi bilgandan keyin mamlakatni idora qilish ishini o‘g‘limga topshirib, o‘zing vazirlik mansabida turgin.
Podshohning ukasi aytganingizni bajo keltiraman, deb va’da beribdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay podshoh vafot etibdi. O‘rniga ukasi podshoh bo‘libdi. U podshoh bo‘lgan kundan boshlab, xalqqa cheksiz jabr-zulm qilibdi. Podshohlik qilish, xalq ustidan hukmronlik yurgizish uning ko‘ziga yaxshi ko‘rinib ketibdi. Shahzodani qanday qilib bo‘lsa ham yo‘qotish payiga tushibdi. Shahzodani yo‘qotish ancha qiyin edi. Chunki shahzoda lashkar boshlig‘i bo‘lgan Behzodxonning qo‘lida tarbiyalanmoqda edi. Agar podshoh shahzodani o‘ldirmoqchi bo‘lsa, oldin Behzodxonga qarshi kurashish kerak edi. Behzodxon bilan kurashish ancha mushkul ish edi, butun askar uning qo‘lida bo‘lib, o‘zi haddan tashqari usta jangchi, kuchli pahlavon edi. Yana uni o‘ldira olmasligiga sabab, butun Xorazm xalqiga shahzodaning dong‘i ketgan edi. Xalq: tez kunda taxtga o‘tiradi, deb shahzodadan umidvor bo‘lib yurar edi. Mana shu sabablar podshohni juda qiynab qo‘ydi. Endi qanday qilib bo‘lsa ham oldin Behzodxonni yo‘qotishni o‘ylab-o‘ylab podshohning boshi qotadi-da, bir kun o‘zining eng yaqin vazirlaridan ikkisini bir xilvat yerga chaqirib, ichidagi dardini aytadi, ular podshohga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadilar.
Vazirlardan biri:
— Ertaga siz Behzodxonni chaqiring. Chin-Mochinga yuborilgan savdogarlarning molini Chin xoqoni talab olib, o‘zlarini zindonga solib qo‘yibdi, deb yolg‘ondan ko‘z yoshi qilib, g‘amgin bo‘lib o‘tiring. Behzodxonning jahli chiqib, Chin-Mochinga borib, zindonga solingan kishilarni qutqarib kelish uchun sizdan ruxsat so‘raydi. U borib kelguncha biz o‘ylagan ishni qilib olamiz, ehtimol uning o‘zi ham o‘sha yoqda yo‘q bo‘lib ketsa, undan ham qutulamiz, — debdi.
Podshohga bu maslahat yoqib tushadi. U ertasiga Behzodxonni chaqirtiradi. Behzodxon podshohning oldiga kirganda, qo‘l qovushtirib ta’zim qilibdi:
— E shahriyor, meni chaqirtirgan ekansiz, qanday xizmatingiz bor? — deydi. Podshoh piyozning suvi bilan ko‘zini artib, yonidan qog‘oz chiqarib:
— Mana bu noma Chin mamlakatidan keldi. Chin xoqoni savdogarlarimizning mollarini olib, o‘zlarini zindonga tashlab qo‘ygan emish. Bu kecha shu voqeani eshitib qattiq xafa bo‘lib yotgan edim.
Akam o‘lgandan beri hech tushimga kirmas edi. Rahmatli akam tushimga kirdi: “Qo‘y, xafa bo‘lma, Chin xoqoni bizlarni mensimagan bo‘lsa, ularning jazosini Behzodxon beradi”, deb ko‘zimdan g‘oyib bo‘ldi. Uyg‘onsam, tushim ekan. Тong otguncha uxlamadim. Shuning uchun sizni chaqirdim. Siz qanday maslahat berasiz? — dedi.
Behzodxon:
— Agar Chin xoqoni bizni mensimay savdoga borgan kishilarimizni zindonga solgan bo‘lsa, siz menga ijozat bersangiz Chin xoqonining jazosini berib, zindondagi bechoralarni qutqarib kelaman. Yoki ajalim yetgan bo‘lsa, jangda o‘laman, — dedi.
Podshoh ichidan sevinib:
— Albatta yengib kelasiz, biz sizning duoyi joningizni qilib o‘tiramiz,— deb Behzodxonga ijozat berdi. Behzodxon lashkarlarini tuzatib, Chin-Mochinga yurish qildi. Podshoh bir qancha joygacha ularni kuzatib qo‘ydi. Shahzoda Asad ham bular bilan birga edi. Podshoh Asadga:
— Endi qaytaylik, — dedi.
— Men ustozim Behzodxon bilan birga boraman, — dedi unamay shahzoda.
Podshoh:
— Hali sen yoshsan, urushdagi qiyinchiliklarni bilmaysan,— deb yalinsa ham shahzoda unamadi. Keyin podshoh zorlanib:
— Ko‘zimizning oq-u qorasi sensan. Sendan ajralib qolishni xohlamayman, meni judolik o‘tiga solib ketma,— deb yolvordi.
Podshohga rahmi kelgan Behzodxon shahzodaga bir qancha nasihat qilib, uni qolishga ko‘ndirdi. Behzodxonni jo‘natgandan keyin yaramas niyatini amalga oshirish uchun podshohga katta yo‘l ochildi. Bir kun podshoh bir xilvatda bir-ikki kishi bilan o‘tirib shahzodaga behush qiladigan dori qo‘shilgan may berdi, hushidan ketkazib oyoq-qo‘llarini bog‘lab, uni maxfiy zindonga tashlatdi.
Shahzoda ikki oy zindonda yotdi. Ikki oydan keyin zindondan olib chiqib, bir aravaga yotqizib, shahzodani ko‘chalarda aylantirib yurdi. Chunki “Shahzoda jinni bo‘lib qolgan, kimni ko‘rsa shunga hamla qiladi, o‘zini o‘zi tishlaydi, shuning uchun qo‘l-oyoqlariga kishan urib qo‘yilgan” — deb shaharda ovoza tarqalgan edi. Mana endi, podshoh shaharning har joy-har joyida to‘xtab:
— Ey xaloyiq, akamning shunday o‘g‘li aqldan ozib, devona bo‘lib qoldi. Bizning merosxo‘rimiz, ishongan tog‘imiz shu edi. Qancha dori-darmonlar qildik, foyda bermadi. Mana endi bir haftadan beri o‘likday hushsiz yotibdi. Ko‘pning duosi qabul bo‘ladi, deydilar. Sizlar duo qilinglar, shoyad dardiga shifo bersa,— deb yolg‘ondan ko‘z yoshi qilib yuradi. Xalq aravaning ustida o‘lik singari za’farondek sarg‘ayib yotgan shahzodani ko‘rib, ko‘zlariga yosh olib, “Xudo dardiga shifo bersin” — deb duo qiladi.
Podshoh kechqurun o‘rdasiga qaytadi. U hiyla bilan xalqdan ham xotirjam bo‘lib oladi.
Endi shu kecha shahzodani o‘ldirish kerak. Agar Behzodxon Chin-Mochindan tirik kelsa, shahzodaning o‘limiga xalqning o‘zi guvohlik beradi.
Shahzodani zindonda saqlab turuvchi zindonbon podshohning bu kirdikorlari va hiyla-nayranglaridan xabardor edi. U o‘ylab turib: “Necha yildan beri qul bo‘lib, yurtma-yurt sotilib yuribman. Yoshim bo‘lsa yetmishga kirdi. Shunday qiynalib yurguncha o‘lim ming marta afzal. Shu bola-ku gunohsiz. Bu kecha podshoh uni o‘ldiradi. Bir otga bolani mingashtirib qochsam, uni o‘limdan qutqarsam, agar qo‘lga tushsam meni ham o‘ldirishi muqarrar, o‘lim-ku meni har daqiqa kutib turibdi. Shu bolaga ham bir yaxshilik qilay”, dedi. Zindonbon podshohning egarlangan yaxshi otini olib chiqdi, shahzodani otga mindirdi, otga o‘zi mingashib “hayyo-hayt” deb jo‘nab ketdi.
Yarim kechada podshoh kirib qarasa, zindonbon ham, shahzoda ham yo‘q. Qidirish uchun har tarafga maxfiy odamlar yubordi. Odamlarning hech qaysisi ularni topolmadi. Shahzoda bilan qulning mingashgan oti juda uchqur edi. Bular tong otgan paytda bir tog‘ga yetdilar. U yer ko‘kalamzor, suvlar oqqan, bulbullar sayragan, xushhavo bir joy edi. Haligi bechora qul shahzodani shu yerda otdan tushiradi. Qirg‘ovul, kaklik, har xil qushlarni ov qiladi, shahzodaga oz-oz kabob qilib berib, tez kunda uni tuzatadi. Shahzoda endi avvalgi asliga qaytadi. Ular yana yo‘lga tushadilar, yo‘l-yo‘lakay ov qilib, bir necha kun deganda Misr mamlakatiga yetib boradilar. Haligi qulning o‘zi asli misrlik edi. Undan tashqari shahzodaning Misrda bir opasi bor edi. Shahzodaning opasi Misrdagi bir savdogarga uzatilgan edi. Qul o‘z qarindoshlari bilan topishgandan keyin shahzodani bir necha kun mehmon qilib, keyin uni opasinikiga olib boradi. Opasi shahzodani juda yaxshi kutib oladi. U boshidan kechirgan voqealarni birma-bir opasiga aytib beradi. Opasi ukasining ko‘rgan qiyinchiliklarini eshitib yig‘laydi, uni o‘limdan qutqargan qulga minnatdorchilik bildirib, ko‘p in’omlar berib jo‘natadi.
Shahzoda borgan paytda pochchasi savdoga chiqib ketgan ekan. Savdogarlar har yili bir marta erta ko‘klam savdoga chiqib, kech kuz qaytib kelar ekanlar. Kunlarning birida opasi shahzodaga:
— Uka, sening bir lattafurush qo‘lida xizmatkor bo‘lib yurishingni xohlamayman. Hozir pochchang savdoda, u kelgandan keyin uni qil, buni qil desa men ko‘tara olmayman. Shuning uchun sen bir tuzukroq ish topib, o‘zingni xalqqa ko‘rsatsang yaxshi bo‘lar edi, — dedi.
Shahzoda ichida “Halitdan opamga malol kelib qolganga o‘xshayman”, deb o‘yladi va:
— Xo‘sh, qanday ish qilsam bo‘ladi, opa? — deb so‘radi.
Opasi:
— Yaqinda karvonlar Shomga safar qiladi. Men senga bir qancha dastmoya bersam, sen ham ular bilan qo‘shilib, o‘sha mamlakatdan mol keltirib sotsang, shunday qilib bir ish bilan shug‘ullansang, tez kunda dunyoning achchiq-chuchugini totib, o‘z yo‘lingni topib olar eding, — dedi.
— Xo‘p bo‘lmasa, mayli, opa, borganim bo‘lsin, — dedi shahzoda.
Opasi shahzodaga yo‘l jabdug‘ini rostlab, qo‘liga sakson tilla pul beradi va saroyga borib, ukasini savdogarlar bilan tanishtirib, birga safarga olib ketishlarini so‘raydi.
Shahzoda opasi bilan xayrlashib yo‘lga chiqqandan keyin ot ustida o‘ylaydi: “Endi bu sakson tillani olib savdogarga qo‘shilib, u shahardan bu shaharga latta-putta, temir-tersak tashib yuramizmi deyman. Qo‘y-ey, men savdogarlarga qo‘shilmayman. Shahar darvozasidan chiqqandan keyin otning boshini o‘z ixtiyoriga qo‘yib, biyobon sari yo‘l tortaman. Yo‘lda bironta o‘g‘ri, muttaham qaroqchilardan uchrab qolguday bo‘lsa jang qilib, ularni o‘ldiraman va xalqni kulfatlardan qutultiraman. Bo‘lmasa mana shu ot bilan sakson tillani boy beraman. O‘zim bo‘lsa o‘lim kishisi edim”, — dedi-da, shahar darvozasidan chiqib, haligi uchqur otga bir-ikki qamchi urib, o‘z ixtiyoriga qo‘ydi.
Uchqur ot shamoldek yelib, qirma-qir, tog‘ma-tog‘ oshib ketaverdi. Yettinchi kuni yarim kechada bir shaharga yetdi. Shahar darvozasi berk ekan. Shuning uchun shu kecha shahardan tashqarida yotishga to‘g‘ri keldi.
Yarim kecha. Hamma yoq jimjit. Shahzoda Asadning hech uyqusi kelmaydi. Hayron bo‘lib otning yonida boshidan o‘tgan sarguzashtlarini o‘ylab o‘tirgan edi, qal’a devorining ustida bir odam sharpasi paydo bo‘ldi. Devorning balandligidan haligi sharpa mushukday bo‘lib ko‘rinar edi. Borgan sari Asadning o‘tirgan joyiga yaqinlashib keldi-da, bir narsani tashladi. Тashlangan narsa shalop etib suvga tushdi. O‘sha paytda mamlakatni yovdan saqlash uchun shaharning tashqarisida xandoq qazib qo‘yilar edi. Shahzoda o‘ylab turib: “Bu bevaqt yurgan odam, albatta, to‘g‘ri odam bo‘lmasa kerak. Bu odamning sheriklari ham bordir. Ular podshohning qasridan yoki biror boyning uyidan qimmatli narsalarni o‘g‘irlagan bo‘lsalar kerak. Ular, albatta, o‘g‘irlagan molning hammasini shu yerga keltiradilar, so‘ng men chiqaman-da, ular bilan urishib, qo‘llaridagi mollarini tortib olaman va o‘zlarini shu yerda mahkam ushlab turaman. Тong otib darvoza ochilgach, ularni o‘g‘irlagan narsalari bilan darvozabonga topshiraman”, deb o‘yladi va kutib o‘tirdi. Haligi o‘g‘ri qaytib kelmadi. Borgan sari tong ota boshladi. U yoq-bu yoqdan azon tovushi ham eshitildi, haligidan darak yo‘q. “Obbo mening toleyim shu yerda ham yoriy bermadi. Ular qo‘lga tushib qolganga o‘xshaydi, bo‘lmasa kelgan bo‘lar edilar. Ha mayli, endi bizga nasib etgani shu ekan-da”, deb o‘rnidan turib sandiqning tepasiga bordi. Sandiq suvda suzib yurgan ekan. Uni olish uchun qiynaldi. Sandiqni suvdan olib qarasa, u qulflangan ekan. Sandiqni mashaqqat bilan ochdi. Qarasa, kutilmagan bir hodisa: sandiqda bir qiz qip-qizil qonga belanib yotibdi. Chap qo‘li aralash pichoq yegan. Qon ko‘p oqqanidan qiz o‘zini bilmay, hushsiz yotibdi. Qizning chiroyini ko‘rib shahzoda hayron bo‘lib turgandi, qizning dimog‘iga shamol tegib, hushiga keldi va ko‘zini ochmasdan, mayin ovoz bilan ingrab:
— E zolim, meni o‘ldiradigan bo‘lsang o‘ldirmaysanmi, — dedi.
Shahzoda Asad:
— Sizni o‘ldiradigan qo‘llarim sinsin, qaysi zolim sizga rahmsizlik bilan xanjar urdi? — deb yig‘lamsirab gapirdi.
Qiz ko‘zini ochib tepasida bir begona yigitning turganini ko‘rdi-da, unga yolvorib shunday dedi:
— Yaxshi yigit, mana shu yerdan go‘r qazib, meni ko‘ming, bo‘ynimdagi marvaridlarni oling, sizga halol bo‘lsin. Lekin bu sirni hech kimga aytmang, — dedi-da, hushidan ketdi. Shahzoda:
— He, mening ustozim tirik odamni ko‘ming deb o‘rgatgan emas, — dedi. Sandiqni qaytadan qulfladi, otga o‘ngarib shaharga tomon yo‘l oldi. Тong otib shahar darvozasi ham ochilgan edi. Asad to‘ppa-to‘g‘ri shaharga kirib savdogarlar tushadigan saroyga bordi. Saroybon unga hujra tayin qildi. Hujraga kirib qizni sandiqdan olib, palos ustiga yotqizdi.
Qizning yaralangan qo‘lini vaqtincha bo‘lsa ham shohi ro‘mol bilan bo‘g‘ib qo‘ydi. O‘zi hujraning eshigini qulflab, tabib qidirib ketdi. Asad shahar ko‘chalarida yurib, undan-bundan surishtirib eng mashhur tabiblardan birini topdi. Тabib do‘konda o‘tirgan ekan. Asad tabibga salom berib:
— Otajon, bizning bir bemorimiz bor edi. Agar malol kelmasa, borib ko‘rsangiz, — dedi.
Chol:
— Men piyoda yurolmayman, agar ot keltirsangiz borishim mumkin, — dedi.
Shahzoda saroyga qaytib o‘z otini egarlab bordi, tabibni otga mindirib qizning qoshiga olib keldi. Chol hujraga kirib, palos ustida hushsiz yotgan qizni ko‘rishi bilanoq bolaning yuziga bir tarsaki urdi. Shahzoda: “Chol qizni tanidimi” deb xavflanib shoshib qoldi. Cholning qo‘llarini o‘pib:
— Otajon, nimaga urdingiz?— deb so‘radi.
— Qanday zolim, shafqatsiz yigitsan, bu go‘zal mahbubani shunday ahvolga solasanmi? Senda insof degan narsa bormi? — dedi chol.
Shahzoda cholning qizga achinganligidan uni urganini fahmlab, shoshib-pishib yolg‘on-yashiqni gapirib ketdi.
— Otajon, biz savdogarlar ahlidanmiz. Ota-onam, singlim, hammamiz birga safar qilgan edik. Bir tog‘ning bag‘riga kelganimizda qaroqchilarga duch keldik. Ota-onam ularning qo‘lida o‘ldi. Men bir joyga yashirinib qolgan edim, chiqib qarasam singlim qonga belanib yotibdi. Joni bor ekan, bir sandiqqa solib, otga o‘ngarib kelaverdim.
Chol qaroqchilarni qarg‘adi va:
— Mayli endi, o‘g‘lim, sakson tilla berasan, singlingni davolayman. Shifo topib, tuzalib ketadi. Ammo yarasi og‘ir. Buning dorisiga ham anchagina pul kerak, — dedi.
Shahzoda ichida, sakson bir tilla desang ham ish chatoq bo‘lar edi,— deb opasi bergan sakson tillani cholning qo‘liga tutqazdi. Chol pulni ko‘rib:
— Singlingni bir oyga qoldirmay tuzatib beraman, — dedi. O‘sha kuni dori-darmon qo‘yib, yarani boylab ketdi.
Shunday qilib, chol har kuni kelib turdi. Oradan besh-olti kun o‘tgandan keyin qiz ancha sog‘ayib qoldi. O‘rnidan turib, u yoq-bu yoqqa yurib, chol kelganda gaplashib o‘tiradigan bo‘ldi. Shahzoda qizni shunday sevib qoldiki, qiz gap so‘rasa, yerga qarab javob berardi. Agar qiz qaramay turgan bo‘lsa, undan hech ko‘z uzolmas edi. Qiz nima desa, “Xo‘p” der edi. Kunlardan bir kun Asad qizga:
— Sizni kim yarador qilgan edi? — deb so‘ragan edi qiz:
— Hali aytishning vaqti emas,— deb javob berdi. Shu bilan yana qaytib so‘ramadi. Oradan yigirma yetti kun o‘tdi, yigirma sakkizinchi kuni tabib kelib qizning qo‘lini yechib qo‘ydi.
— Endi tuzuk bo‘lding, qizim, har qanday ovqatdan ham parhez qilmay yeyaver, — dedi. Shahzoda sakson tillani tabibga bergandan keyin yonida boshqa puli bo‘lmaganligi uchun otini arzon-garov sotgan edi. O‘zlariga, so‘ngra cholning har kun kelishiga osh-suv qilib, saroy ijarasiga berib, otning pulini tugatgan edi.
Qiz shahzodada pul tugaganligini sezdi. O‘z o‘ylaganining to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilish uchun shahzodaga:
— Shu paytda barra kabob bo‘lsa, yeyar edik, — dedi.
Bu so‘zni eshitib, shahzodani ter bosdi. Xuddi tomning tagida qolgan odamday qiynaldi. Qiz kulimsirab:
— Rahmat, bor-yo‘g‘ingizni menga sarf qildingiz, minnatdorman. Men shunchaki, hazil tariqasida gapirdim, ko‘nglingizga hech qanday tashvish tushmasin. Menga bir qog‘oz bilan qalam keltiring, — dedi.
Shahzoda qog‘oz bilan qalam hozirladi. Qiz qog‘ozga nimadir yozdi va buklab, ochmaslik sharti bilan shahzodaning qo‘liga uzatib:
— Shaharning falon joyida bir do‘kon bor, unda chol o‘tiradi.
Cholning qo‘liga shu xatni berasiz, u qo‘lingizga biror narsa beradi, olib keling, — dedi.
Shahzoda hujradan chiqib, qiz tayin qilgan rastaga bordi. Borsa bir do‘konda chol o‘tiribdi. Soqollarining tolasiga marvarid taqqan, ikki yonboshida ikki yostiq, bir xizmatkor uni yelpib o‘tiribdi, Shahzoda salom berdi. Chol salomiga alik ham olmasdan:
— Menda qanday yumushing bor? — deb so‘radi.
Shahzoda unga xatni uzatdi, chol yonboshlagan holatda xatni ochib ko‘rib, o‘rnidan sapchib turdi. Shahzodaning kelgan yo‘liga qarab uch marta ta’zim qilib, keyin u bilan so‘rashdi. Darrov do‘konini berkitib, shahzodani ergashtirib uyiga jo‘nadi. Uni eshikda qoldirib, uyiga kirib ketdi. Birozdan keyin bir kishiga tog‘orada o‘rog‘lik bir narsa ko‘tartirib chiqib:
— Siz koyimang, boradigan joyingizgacha tog‘orani mana bu g‘ulom eltib beradi, — dedi.
Shahzoda g‘ulomni bir qancha joygacha ergashtirib keldi. Keyin tog‘orani uning qo‘lidan olib:
— Siz qaytishingiz mumkin. O‘zim olib ketaman, — dedi.
Asad tog‘orani ko‘tarib saroyga keldi, hujraning eshigini taqillatdi, qiz eshikni ochdi.
— Xo‘sh, qani ochib ko‘ring-chi, nima bergan ekan, — dedi. Shahzoda tog‘orani ochdi. Qarasa, tog‘ora to‘la oltin. Qiz:
— Nazari pastlik qilibdi, — dedi.
Shahzoda hayratlanib, “muhri yo‘q bir kichkina qog‘ozga shuncha oltin bersa ham “nazari pastlik qilibdi”, deydi. Bu qanday qiz o‘zi,— deb o‘yladi.
Qiz shahzodaga:
— Mana bu puldan oling. O‘zingizga qimmatbaho kiyimlar sotib oling, — dedi.
Asad hammomga tushib, yangi kiyimlar kiyib, hujraga keldi. Qiz eshikni ochdi. Shahzodani ko‘rib beixtiyor ta’zim qildi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, qiz shahzodaning qo‘liga bir qog‘oz uzatdi. Qarasa, qog‘ozga bir hovlining surati tortilgan.
— Mana shu hovli shu shaharda bor, — dedi qiz. — Hovlining egasi o‘taketgan boy, hovlini sotmayman deganiga ham qo‘ymaysiz. Agar hovlining bahosi bir tilla bo‘lsa, siz yuz tilla bersangiz ham sotib oling, keyin shu hovliga ko‘chib boramiz.
Shahzoda hovlini izlab topdi, o‘rtaga kishi qo‘ydi, ko‘p pul berib, hovlini sotib oldi. So‘ngra hovliga qiz bilan ko‘chib bordi. Qiz hovliga borib olgandan keyin yigitga:
— Har bir kishi do‘st orttirishi lozim. Shu shaharning bazzozlik rastasida bir do‘kondor yigit bor, o‘zi ko‘p aqlli, hushyor yigit; chiroyda sizga o‘xshaydi. Shu yigit bilan do‘st bo‘lib oling, men sizga do‘st bo‘lish yo‘lini ham o‘rgataman. Uning do‘konida qimmatbaho kiyimliklar bo‘ladi. Siz eng yaxshi kiyimliklar so‘raysiz. Bir tillalik buyumni o‘n tilla desa ham savdolashmay sotib olasiz. U boy ekanligingizni ko‘rib siz bilan do‘st bo‘ladi, — dedi.
Shahzoda ichidan rashk qilsa ham noiloj “Xo‘p” dedi. Qizning tayin qilgan joyiga bordi. Qarasa, bir do‘konda qizning aytganidek juda ham xushsurat bir yigit o‘tiribdi. Do‘koni har xil qimmatbaho kiyimliklar bilan to‘lgan. Shahzoda yigitning qarshisida to‘xtab, u bilan so‘rashdi. Asad qimmatbaho mollardan tanlab olib, yigit nima desa, aytganini sanab berdi va u bilan xayrlashib jo‘nadi. Keltirgan mollari qizga ma’qul bo‘ldi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, qiz yana yangi kiyimliklar keltirishni buyurdi. Shahzoda yana o‘sha do‘konga bordi. Bu safar do‘kondor uni juda hurmat bilan kutib oldi. Asadning xohlagan mollarini berib, uning qaytishida: “Musofirga o‘xshaysiz, bugun, agar imkon bo‘lsa, biznikiga kelsangiz, suhbatlashsak, juda minnatdor bo‘lar edim”, dedi.
Shahzoda yigitga va’da berib qaytdi va qizga bo‘lgan voqealarni aytib berdi. Qiz:
— Mayli, boring, qaytishingizda o‘sha yigitni ham uyga taklif qiling, — dedi.
Shahzoda mehmondorchilikka bordi. O‘tirish bir kecha-yu bir kunduz davom etdi. Asad ziyofatdan qaytishda uy egasini ham mehmonga aytdi. Uyga kelib darvozani taqillatdi. Qiz chiqib eshikni ochdi. Qizga bo‘lgan voqealarni aytib berdi. Mehmon chaqirilgan kun juma edi. Qiz:
— Ertalab do‘stingizning do‘koniga boring, u bilan gaplashib o‘tirib, namozjumadan keyin uni uyga o‘zingiz bilan birga boshlab olib keling, — dedi. Shahzoda qizning aytganini qildi. Ammo u qilayotgan ishlarining tagida qanday sir borligini bilmas edi. Asad qizni ranjitmaslik uchun, uning buyrug‘ini bajarishga tayyor edi. Shuning uchun istar-istamas yigitning do‘koniga bordi. Uch-to‘rt soat o‘tgandan so‘ng yigit bilan uyga qaytdi. Asadning olgan hovlisi uzun bir ko‘chaning boshida bo‘lib, darvozasi uzoqdan ko‘rinib turardi. Qarasa, darvozaning ikki yonida ikki yasovul turibdi. Shahzoda: “Vo ajabo, bu qanday sir”, deb hayron bo‘ldi. Mehmon yigit esa ichida “bu yigit o‘taketgan boy yoki bo‘lmasa shahzoda, deb o‘ylaganim to‘g‘ri chiqdi”, deb shunday yigit bilan do‘stlashganligi uchun o‘z-o‘zidan xursand bo‘ldi. Shahzoda:
“O‘zim o‘lim kishisi edim, endi mehmonning oldida orqaga qaytish yaxshi emas. Mayli, endi bo‘lar ish bo‘ldi, boshimga nima tushsa, ko‘raman”, — deb dadillik bilan yura berdi. Eshikning oldiga kelgach haligi ikki yasovul qilichlarini sug‘urib tiz cho‘kib ta’zim qildi va so‘ngra ichkariga taklif qildi. Mehmon bilan shahzoda ichkariga kirdi. Qarasalar, yuradigan yo‘llariga ham poyandoz solingan, hovlida gullar ochilgan, bulbullar sayragan, har xil qushlar kukulashib yuribdi. Suvning bo‘yida bir shohsupa, shohsupaning ustida paloslar solig‘lik, dasturxonlar bezatilgan. Dasturxonda har xil ovqat, turli-tuman mevalar, ichimliklar — hammasi muhayyo. Hovlida bir qancha qul-cho‘rilar xizmat qilib yuribdi. Asad mehmonni haligi supa ustiga o‘tqazdi. O‘zi qizni qidirib, uylarga birma-bir kirdi. U uyga kirsa yo‘q, bu uyga kirsa yo‘q. Oxirida bir uyga kirsa, qiz shahzodani ko‘rib:
— Uyatsiz, mehmonni yolg‘iz tashlab, o‘zingiz bu yoqda nima qilib yuribsiz? — dedi.
Shahzoda hayajonlanib:
— Men juda hayron bo‘lib qoldim. Uydan chiqib ketganimda bunday narsalar yo‘q edi. Bular qayoqdan paydo bo‘lib qoldi? — dedi.
— Bularning sababini so‘ramang, qul-cho‘rilarga xizmatni buyuravering, mehmonning ko‘ngli nima bilan xursand bo‘lsa, shuni qiling. Buning sababini keyin aytaman, — dedi qiz.
Shahzoda uydan chiqar oldida qiz:
— Darvoqe, tunov kun mehmonga borganingizda yigitning xotini yaxshi ashula aytar ekan, degan edingiz. Yigit o‘z sevgani bilan birga o‘tirsa juda xursand bo‘ladi. Shuning uchun uni olib keltirishni so‘rasangiz yo‘q demas, — dedi.
Yigit uydan chiqib mehmon yonida biroz o‘tirgandan keyin unga:
— Shu o‘tirishda mahbubangiz ham bo‘lsa yaxshi bo‘lar edi, — dedi.
Mehmon bu so‘zni eshitgach, uyga kishi yuborib, xotinini ham keltirdi.
O‘tirish yaxshi bo‘ldi. Sozandalar soz chaldi, kanizlar o‘ynadi, kelgan mehmon ham xushovoz edi. Uning xotini esa, shunday xushovoz ediki, qo‘liga dutor olib, eriga jo‘r bo‘lib ashula aytganda, har qanday toshyurakni ham eritib yuborar edi.
O‘tirishdagilarning hammasi kayf-u safo qilib, uchib qoldi. Shahzoda ertasi kun choshtgoh vaqtida quyoshning haroratidan tomog‘i qaqrab ko‘zini ochdi. Mayning ta’siri bilan kallalari xumday shishgan edi. Тomoqlarini ho‘llab olish uchun suv axtara boshladi. Gandiraklab ariq labiga bordi. Yuz-qo‘lini yuvib, bir-ikki ho‘plam suv ichdi. U tomog‘ini ho‘llab olgandan keyin atrofiga qarasa, qaysi ko‘zi bilan ko‘rsin hovli jimjit. Na kelgan mehmonlar bor, na kechagi qul-u cho‘ri va na sevgan qizi — hech qaysisi ko‘rinmaydi. Esini yig‘ib olib, shoshib-pishib, uydan-uyga o‘tib ularni axtara boshladi. Juda hayron bo‘ldi: “Endi ishimiz qanday bo‘ldi?” deb sukutga ketdi. Lekin birdan qorong‘u bosgan ko‘zlari uyning to‘rida taxlog‘lik turgan bir gilamga tushdi. “Ey, nomard qiz, uyning vasiqasi yo‘qligini bilib, mana shu gilamni sotib, yo‘l kira qilib ketsin, degan bo‘lsa kerak, u sharmandaning shu qilganiga mana shu gilamni kuydirib, hovliga o‘t qo‘yib ketaman” deb o‘yladi. Borib gilamni tortsa, gilam og‘ir, jahli bilan selpib yuborgan edi, gilamning orasidan ikki tana tushdi. Boshi yo‘q. Diqqat bilan qarasa, uyga chaqirib keltirgan o‘sha ikki navqiron mehmonning jasadi qiр-qizil qonga belanib yotibdi. Vaqtsiz o‘lgan bu ikki navqironni bu holatda ko‘rib, o‘zini tuta olmadi.
Shahzoda yurtidan ajralib, bevatan bo‘lib yurganligiga, sevgan qizidan ajralganiga va ikki navqironning bemahal o‘lganligiga yurakdan ezilib, yig‘lab turgan edi, darvoza tomondan ot dupuri eshitildi, birdan darvoza sharaqa-shuruq qilib qoldi. U: “Bu yerda odam o‘ldirilganligi podshohga ma’lum qilingan bo‘lsa, bu otliqlar meni tutgani kelayotgan kishilar bo‘lsa kerak. Men endi, shunday ish ko‘rsatayki, o‘z zamonasida bu ishni Rustam-Doston ham qilmagan bo‘lsin” dedi-da, sapchib o‘rnidan turdi. U otliq eshikdan kirishi bilanoq yoqasidan xiрpa bo‘g‘ib, ko‘tarib yerga urdi. Yasovul yerda yotgan holda big‘illab: ”Biroz to‘xta”, deb ishora qildi.
— Nima deysan? — dedi uning tomog‘ini bo‘shatib Asad.
— Bir qizni tarbiya qilgan edingmi? — dedi yasovul.
— Ha, tarbiya qilgan edim, — dedi.
— Meni o‘sha qiz seni chaqirib kelish uchun yubordi, — dedi. Shahzoda darrov uning ko‘ksidan tushib, uzr aytdi. Yasovul:
— Qo‘y-e, juda mazang yo‘q odam ekansan, odamni oz bo‘lmasa o‘ldirib qo‘yay deding, — dedi.
Ikkisi podshoh o‘rdasiga keldi. Darvoza oldida turgan ikki yasovul bir-birlariga qilichni urishtirib olib kirishga ijozat bergach, shahzoda ichkariga kirdi. Shahzoda qarasa, ust-ustiga solingan uch qavat imorat. Hovliga kirishi bilanoq kechagi xizmat qilib yurgan qul-cho‘rilarni, o‘z uyiga oro bergan butun jihozlarni ko‘rdi. Yana gullar ochilgan, bulbullar sayragan. Imoratning birinchi qavati juda ziynatlangan, ajoyib buyumlar bilan bezatilgan, ikkinchi qavati undan ham ziynatliroq, uchinchi qavati esa ulardan o‘ta go‘zal va ziynatli xona edi. Shahzoda atrofga qarab, qurollangan sakkiz yuz yigitning kursida o‘tirganini ko‘rdi. Eng yuqorida bir taxt ustida niqoblangan qiz o‘tiribdi. Asad qizga ta’zim qildi. Qiz Asadni hurmat qilib, o‘rnidan turgan edi, yigitlar ham baravar o‘rinlaridan turib Asadga ta’zim qildilar. Qiz shahzodani izzat-ikrom bilan yuqoriga o‘tqazdi, uch kungacha ziyofat berdi.
Uchinchi kuni:
— Yaxshi yigit, — dedi malika.
— Labbay,— deb o‘rnidan turdi shahzoda. Malika:
— Musofirni siylamoq uch kun, to‘rtinchi kunga o‘tib ketdi. Nimaga ketaman demaysiz, — dedi.
— E malikam, meni qullaringiz qatorida ko‘rsangiz, men shu yerda qolib ishlasam, ketish mutlaqo xayolimda yo‘q, — dedi.
— Mening qulim ko‘p, hech qanday qulga ehtiyojim yo‘q, mehribonchiligingiz uchun rahmat. Istasangiz jo‘nay berasiz, — dedi malika va xizmatkorlariga qarab:
— Bu kishining xizmat haqini chiqarib bering, — dedi.
Xizmatkorlar bir xaltada tilla chiqarib berishdi. Qiz:
— Mana bu xizmat haqingiz, endi, istasangiz jo‘nay berasiz, — dedi.
Asad:
— Men bu dargohdan chiqib qayerga ham boraman. Nima bo‘lsa ham meni shu dargohdan yiroq qilmang,— deb yalindi.
Malika:
— Gapni ko‘p uzaytirmang, mana bu oltinlarni olib, tezda yurtingizga jo‘nang. Bu oltin sizning yetti pushtingizga yetadi. Mabodo o‘g‘riga oldirib qo‘ysangiz, menga xat yozing, men sizga yana oltin yuboraman, xo‘p, endi xayr, — dedi. Shahzoda tag‘in:
— Malikam,— deb so‘z boshlagan edi, malika g‘azablanib, “jallod” deb qichqirdi. Ikki jallod paydo bo‘ldi. Malika:
— Olib chiq buni, haydab yubor, — dedi.
Ikki jallod shahzodaning ikki qo‘lidan ushlab tashqariga qarab yetakladi. Ketidan xaltadagi oltinni ko‘tarib bir yasovul ham ergashdi. Jallodlar shahzodani arkning birinchi qavatidan olib tushib kela-yotganida shahzoda ichida: “Bu nima degan xo‘rlik. Men bu yerdan chiqib, endi qayoqqa boraman”, deb o‘yladi. Har ikki jallodni urib, irg‘itib yubordi. Buni ko‘rib turgan bir yasovul shoshib-pishib malikaga xabar berdi:
— Jallodning har ikkisini irg‘itib yubordi. Birining qo‘li uzildi, birining bo‘yni, — dedi. U so‘zni tugatar-tugatmas shahzoda qaytib kirdi:
— Malikam,— deb so‘z boshlagan edi, qiz sapchib o‘rnidan turib qilich sug‘urdi, o‘tirgan sakkiz yuz yigit ham o‘rnidan turib, baravar qilich sug‘urdi.
— Jallod,— deb qichqirdi malika.
Haybatli bir jallod paydo bo‘ldi.
— Olib chiq buni, olib chiqib tashla! — dedi. Jallod kelib shahzodaning yoqasidan ushlamoqchi bo‘ldi, shahzoda undan oldinroq jallodning yoqasidan bo‘g‘ib, qattiq zarb bilan yerga urdi.
— Oyoqlaringni uzat, — dedi.
Jallod qo‘rqqanidan oyoqlarini uzatdi.
— Qo‘llaringni yenging ichiga ol, qimir etmay yotasan, agar qimirlasang tepaman,— deb dahshat qildi. Jallod shahzodaning buyrug‘ini kutib, qimirlamay yotdi. G‘azablangan shahzoda:
— Mana, jallodingizning ahvoli, malikam, — dedi. Siz jallodga shunday buyruq qilib, jallod, kel, odobsiz yigitni olib chiqib boshini kes! deng. Shu shart bilanki, meni o‘ldirib sizning yuradigan yo‘lingizga ko‘msinlar. Siz mening qabrimni bosib o‘tganingizda ruhim biroz shodlanib tursa bas, — dedi. — Agar siz jallodga shunday buyurmas ekansiz, mana shu o‘tirgan sakkiz yuz azamat yigitingizga ham bas kelishim turgan gap, — dedi.
Malika kulimsirab:
— Meni shunaqa yaxshi ko‘rasizmi? — dedi.
Shahzoda:
— Albatta, har qanday buyrug‘ingiz bo‘lsa ham bajarishga qodirman. Agar siz yer yuzidagi tog‘larni hovonchaga solib yanchib, elakdan o‘tkazgin, yuragingdan qon olib yerni qizartirgin deb buyursangiz ham bajaraman, buyrug‘ingizdan aslo bosh tortmayman, — dedi.
— Unday bo‘lsa, chiqib keting, — dedi malika. Shahzoda taajjublandi. Malika:
— Nima qilib o‘ylanib qoldingiz. Yigit o‘z so‘ziga ega bo‘lishi kerak. Men buyuraman, marhamat qilib mana bu haqingizni olib, bu yerdan chiqib keting, — dedi.
Shu fursatda eshikdan bir elchi kirib keldi. Malikaning qo‘liga bir noma berdi. Malika nomani o‘qib juda xursand bo‘lib ketdi: yigitlarga qarab:
— Otam sayohatga ketgan edilar, qaytibdilar. Hammangiz otamning istiqboliga chiqingiz, — dedi va shahzodaga: — Xo‘p, endi sizga ham xayr, — dedi.
Shahzoda:
— Xo‘p mayli, men ketaman, ammo menga bu oltiningizning hojati yo‘q. Menga bir durustroq ot bering, unda mukammal qilich-qalqon, yoylar bo‘lsin. Biyobonlarda yurib sizning firoqingizda ov-ovlab umr o‘tkazsam, mening juda katta davlatim shu bo‘ladi, — dedi.
Malika Asadning aytganlarini tayyor qildirdi. Shahzoda otga minib, malika bilan xayrlashdi. Malikaning odamlari ketgan tomonga yo‘l soldi. U shahar darvozasidan chiqib qarasa, podshoh bir qancha ming askar bilan kelayotir. Asad to‘g‘ri podshohning oldiga borib, unga salom berib, qo‘lini o‘pdi:
— Тaqsir, men Xorazm shahzodasi bo‘laman. Qizingizga uylanish uchun Xorazmdan kelgan edim. Siz sayohatga ketgan ekansiz. Albatta, yo‘q demasligingizga ishonaman. Podshoh g‘azablanib:
— Bu nima beodoblik, sen Xorazm shahzodasi ekansan, undan katta bo‘lganingda ham qizimni sendek beodobga bermayman, — dedi.
— Bermasangiz urush maydonini tayin qiling, baribir zo‘rlik bilan bo‘lsa ham qizingizni olaman, — dedi shahzoda.
Podshoh zaharxanda kulib:
— Basharangga qarasa tuppa-tuzuk odamga o‘xshaysan. Ayt-chi, seni qay vaqtda jin chalgan. Na lashkaring bor, na tayining. Men bilan qanday qilib jang qilasan? — dedi va g‘azablanib qilichini qinidan sug‘urdi.
Shahzoda ham qilich ko‘tardi. Ikkisi qilichlashishdi, podshoh yarador bo‘ldi. Podshohning askari Asadning ustiga yopirildi. Asad ularga qarshi keskin urushga kirdi. Kecha-yu kunduz jang qildi. Otiga o‘q tegib yiqilsa, boshqa otni olib mindi. Podshohning ko‘p askarlarini qirib tashladi.
Malika ravoqqa chiqib darvozani ochib tomosha qilib o‘tirgan ekan, Asad yaralanib qolgan otni yugurtirib arkning tagiga kelib:
— Ey malikayi bevafo, tomog‘im qaqrab, o‘larga yetdim. Sening qo‘lingdan bir qultum suv ichib, o‘lsam armonim yo‘q edi, — dedi.
Malika buning mardligini ko‘rib, qilgan ishlariga pushaymon yeb o‘tirgan edi. Birdan shoshib orqasiga qayrilmoqchi bo‘lganda, derazadan tushib ketdi. Shahzoda qarasa, malika ravoqdan yiqilib, pastga tushib kelayotibdi. Yerga tushib mayib bo‘lmasin, deb epchillik bilan malikani ushlab oldi. Malikaning zarbiga o‘zi ham yiqilayozdi. Darrov malikani otga mingashtirib, shoshib jo‘nab qoldi. Podshoh yarador bo‘lib qolgani uchun ularni hech kim quvlamadi. Bitta-yarimta quvlaganlarni ham shahzoda o‘ldirib keta berdi. Bir ko‘kalamzorga borib shahzoda va malika otdan tushdilar. Shahzoda jarohatlanganidan, qon ko‘p oqdi:
— Xayr endi, malikam, mendan rozi bo‘ling, — deb hushidan ketdi. Malika yig‘lab, nima qilishini bilmay, o‘zicha o‘yladi. So‘ngra shahzodaning qonli kiyimlarini kiydi. Shahzodaga esa o‘zining kiyimlarini kiydirdi. Uni bir g‘orga qo‘yib, otga minib shaharga qaytdi.
Shaharda odamlar o‘lik tashib yurgan ekan, podshoh askarlari malikani ko‘rishlari bilanoq “shahzoda” kelyapti deb qochishdi. Malika o‘zini muolaja qilgan tabibning do‘koniga bordi. U tabibga:
— Jarohatga kerakli dorilaringning hammasini yig‘ishtirasan, o‘zing otga mingashib, men bilan birga ketasan. Borgandan keyin birorta dori esimdan chiqibdi, desang, boshingni taningdan judo qilaman, — dedi. Chol ham qo‘rqib dorilarini yig‘ishtirdi, otga mingashib to‘ppa-to‘g‘ri shahzoda yotgan g‘orga keldi. Malika cholni otdan tushirib:
— Mana shu yigitni tuzatsang, juda ko‘p oltinlar beraman. Тuzata olmasang qilichdan o‘tkazaman, — dedi. Chol yigitning jarohatlarini ko‘rib hayron bo‘ldi:
— Voy-bo‘y, bolam, buning yarasi og‘ir, juda ko‘p o‘q yegan. Yigitning odam bo‘lishidan odam bo‘lmasligi ko‘proq. Lekin tuzatishga harakat qilaman. Тuzata olmasam o‘ldirsang o‘ldirarsan, — dedi.
Malika cholning gapini eshitib:
— Nima qilsangiz ham shuni tuzatib bering,— deb yalinib yig‘ladi. Chol shahzodani muolaja qila boshladi. Malika shu atrofdagi tog‘larda ov qilib, ov go‘shtidan yigitga pishirib berib turdi. Shahzoda kundan-kunga tuzala borardi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, qizning otasi podshoh ham sihat topdi. Qizining qochib ketganligini eshitib, alamiga chidayolmay qancha ming askar bilan qizini qidirib ketdi. Podshoh tog‘ma-tog‘ oshib, ov qilib yurgan qizini ko‘rib, darrov tanidi. Uni tutishga buyurdi. Malika o‘q bilan bir necha askarni urib yiqitdi. Keyin otasiga baland tovush bilan:
— Agar pahlavonlaringiz mard bo‘lsa, bitta-bitta maydonga kirgizing, — dedi.
Shahzoda darmonsiz bo‘lsa ham g‘ordan chiqib, ularning urushini tomosha qilib turgan edi.
Qiz maydonda bir necha kishini o‘ldirdi. Podshohning askari ichida bir o‘tkir qilichboz bor edi. Maydonga o‘sha qilichboz kirdi. Qiz u bilan ikki soatcha qilichlashib, ishni ajrim qila olmadi.
Shu paytda birdaniga tog‘ning ikkinchi tomonidan bir qancha ming askar bilan tig‘ ko‘targan bir pahlavon paydo bo‘ldi. Kelayotganlar bu urushni ko‘rib hayron bo‘lib to‘xtashdi. Shu paytda malika haligi qilichbozni yiqitib, kallasini kesdi.
Bir tomondan kelgan lashkarboshi har ikki tomonga kishi yuborib: “Bu qanday urush, uch kishini behisob askarlar o‘rab olganining sababi nima?” deb so‘radi.
Qiz uning yuborgan xatini o‘qib ko‘rdi: “Shahzoda bilan maslaxatlashib javob berayin”, deb shahzodaning yoniga kelib: “Bu xatni yangi kelgan sardor yuboribdi. Bunga nima deb javob beramiz, — dedi.
Shahzoda xatni olib o‘qib ko‘rsa, xat oxirida Behzodxonning muhri bosilgan ekan. O‘zini o‘limga bichib qo‘ygan shahzodaga qaytadan jon kirdi. Juda sevinganidan malikaga:
— Bu sardor mening ustozim bo‘ladi. Men Xorazmda ekanligimda Chin-Mochinga ketgan edi. Hozir shu yoqdan kelayotgan bo‘lsa kerak, bizning ajalimiz yetmagan ekan, — dedi.
Shahzoda darrov nomaga javob yozdi. Behzodxon xatni o‘qib shahzoda Asad ekanini bilib, hushdan ketayozdi. Тezda o‘ziga kelib, shahzoda tomonga yurdi va u bilan quchoqlashib ko‘rishdi. Bular topishgach, qizning otasi shoshib qoldi.
Shahzoda o‘z boshidan o‘tgan voqealarni qisqacha bo‘lsa ham Behzodxonga so‘zlab berdi. Behzodxon Asadning tortgan mashaqqatlarini eshitib, goh yig‘lab, goh xo‘rsinib tingladi. Qizning mehribonlik qilganini eshitib, xursand bo‘ldi.
Keyin Behzodxon tomonidan qizning otasiga noma yozildi. Qizning otasi ham yarashishga rozi bo‘ldi. Bularni mehmon qilish uchun. shaharga taklif etdi. Podshoh bir qancha kun to‘y-tomosha qilib, malikani shahzoda Asadga nikohlab berdi.
Bir necha vaqt o‘tgandan keyin shahzoda Behzodxon bilan Xorazmga qaytmoqchi bo‘ldi. Bir qancha yo‘lgacha podshoh bularni kuzatib qo‘ydi.
Yo‘lda malika bilan shahzoda o‘z sarguzashtlari haqida suhbatlashib ketayotganlarida malika nima uchun yarador qilingan holda sandiq ichiga solinib, shahar devoridan xandaqqa tashlanganligi haqida gapirib, oxirida shu so‘zlarni aytdi:
— Men o‘ldirgan er-u xotin mening xizmatkorim edi. O‘zingiz ko‘rdingiz, ular ashulani juda yaxshi aytar edilar. Otam sayohatga ketganligi uchun men o‘zim istaganimcha bazm tuzdim. Bir kecha shularning ashulasini eshitgim keldi. Ularni yarim kechada bezovta qilmay, deb xabar olgani borgan edim, hali uxlamay, may ichishib o‘tirishgan ekan, meni ko‘rib juda sevinishdi. Xotini menga ust-ustiga may quyib berdi. Hazil yo‘sinida yigit mening qo‘limni bukishga uringan edi, men uni bir qo‘llab yerga yotqizib qo‘ydim. Xotini kayf aralash: “Bir qizning bir qo‘liga kuchi yetmagan senday yigitga uyat”, deb achchiqlandi. U uyalganidan o‘rnidan turib menga hanjar soldi. Men hushimdan ketgandan keyin ular meni sandiqqa solib, eltib tashlagan joydan siz meni topib olib parvarish qildingiz. Ajalim yetmagan ekan, sihat topdim. Yigit va xotinni shu gunohi uchun o‘ldirtirdim, — dedi.
Shunday qilib Asad, malika va Behzodlar Xorazmga yetib bordilar. Asadning amakisi zolim podshoh zulmidan xalq juda ezilgan edi. Bular borishi bilanoq xalq bilan maslahatlashib, podshohni taxtdan tushirib, zindonga soldi, shahzoda Asad podshoh bo‘ldi. U zolimlarni yo‘qotib, mamlakatda adolat o‘rnatdi. Shu bilan murod-maqsadlariga yetdilar.