OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sirli tush

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, qadim zamonda, Bag‘dod tomonda Zunnun nomli podsho yashar ekan. Podshoning bir necha xotinlari bo‘lib, hech biridan farzand ko‘rmabdi. Farzandsizlik alami podshoning jon-jonidan o‘tibdi. Oxirgi marta uylanishga qasd qilib, boy ham, kambag‘al ham bo‘lmagan bir kishining qiziga uylanibdi. U homilador bo‘lib, dunyoda go‘zallikda hech tengi yo‘q bir qiz tug‘ibdi. Qizga Oina deb ism qo‘yibdilar. Oina kundan-kunga katta bo‘la boshlabdi. U juda ham ziyrak, aqlli qiz bo‘lib o‘sibdi. Sakkiz-o‘n yoshlarida qiz podsholik ishlarida otasiga yordam bera boshlabdi.
Podsho toj-taxtimga, davlatimga ega bo‘ladigan qizim bor deb, xotirjam bo‘lib kayf-safoga, maishatga berilib ketibdi.
Kunlardan bir kun podsho ko‘shkda dam olib uxlab qolgan ekan, bir qush sharq tomondan uchib kelibdi-da, uning boshida ikki marta “g‘aq-g‘aq” deb, g‘arb tomonga uchib ketibdi va birozdan so‘ng g‘arb tomondan qaytib kelib, yana “g‘aq-g‘aq” deb sharq tomonga uchib ketibdi. Podsho uyg‘onib qarasa tushi ekan. Hayron bo‘lib, bu sirni kimga aytishini bilmasdan, besh-o‘n kun sir tutibdi. Lekin tashvish tortib, ko‘rgan tushining ta’birini bilmoqchi bo‘libdi. Buning uchun avval vazirlarini chaqirib, maslahat so‘rabdi. Vazirlar shahardagi butun mulla va ulamolarni chaqirib, ulardan so‘rashni maslahat beribdilar. Podsho uch kun ichida shaharning butun katta-kichik ulamo-fuzalolarini chaqirib, ko‘rgan tushining ta’birini aytib berishni so‘rabdi, lekin bironta odam ham javob bera olmabdi. Podsho ularni o‘limga hukm qilibdi. Buni eshitib qolgan dono qiz — Oina otasi oldiga chiqib, salom va ta’zim qilib, tushning ta’birini o‘zi aytib berishini bildiribdi. Podsho ruxsat beribdi. Shunda Oina:
— Hurmatli padar, qushning sharqdan g‘arbga uchib ketayotib aytgani “Yaxshi xotin gadoni shoh qiladi”, g‘arbdan sharqqa qaytishidagisi esa “Yomon xotin erni gado qiladi”, deganidir, — debdi. Bu gapni eshitgan podsho darg‘azab bo‘libdi, Oinaga qarab:
— Meni podsholik darajasiga yetkazgan sening onang emas, — debdi-da, Oinani o‘limga buyuribdi. Vazirlar va jallodlar qizni o‘ldirmaslik uchun hiyla o‘ylab topibdilar. Ulardan biri podshoga:
— Podshohi olam, hamma narsadan farzand dog‘i yomon. Oina har holda farzandingiz, uni ko‘z oldingizda o‘ldirsak, otalik mehringiz albatta qo‘zg‘alur, shuning uchun sizga hurmat yuzasidan qizingiz Oinani bir dasht-biyobonga olib borib o‘ldirsak, — debdi. Podsho boshini qimirlatib, “mayli” degan ishorani bildiribdi. Shundan so‘ng jallodlar qizni dasht-biyobonga olib chiqib, qo‘l va oyog‘ini mahkam bog‘lab tashlab kelibdilar.
Oina dasht-biyobonda qo‘l-oyog‘i bog‘liq holda ikki kun ochlik azobini tortib yotibdi, uchinchi kuni Oina uzoqdan bir odamning qorasini ko‘ribdi. Ko‘ringan odam qizning oldiga kelib, darrov uning qo‘l-oyog‘ini yechibdi va qizdan hol-ahvol so‘rabdi, qiz biroz dam olib o‘ziga kelgach, bo‘lgan voqeani yigitga aytib beribdi va yigitning nima ish qilishini so‘rabdi. Yigit o‘zining hech kimi yo‘qligini, tirikchilik uchun faqat o‘tin terib, uni bozorga olib borib sotib, kun kechirishini aytibdi.
Yigitning ota-onasi yoshligida ochlikdan o‘lib ketganidan keyin, u o‘tin terib kun ko‘rishga majbur bo‘lgan ekan, u har kuni bir bog‘ o‘tin terar, tergan o‘tinini bir dona non badaliga sotar ekan, yigitning nomi Salom ekan. Salom bir dona nonga qanoat qilib yashar ekan, Oina bilan uchrashganidan so‘ng Oina unga yordam beribdi. Bir bog‘ o‘tinni yigit tersa, bir bog‘ o‘tinni qiz teradigan bo‘libdi. Ikki bog‘ o‘tinni ikki nonga sotib, birgalashib tirikchilik qilishibdi. Bir kun Oina Salomga:
— Endi ikki bog‘ o‘rniga uch bog‘ o‘tin teraylik: ikki bog‘i non uchun bo‘lsa, bir bog‘i boshqa kamchiligimiz uchun yaraydi, — debdi.
Bir necha kun shu xilda ishlab, oz-moz pul orttirishibdi. Oina bu pulni Salomning qo‘liga berib, bir dona igna, iрak, bosh kiyimi tikish uchun tag olib kelishni buyuribdi. Salom olib kelibdi. Qiz bir necha kun o‘tirib do‘ppi tikib, Salomga beribdi.
— Buni bir dona oltinga soting, puliga bozorda nima ko‘rinsa shuni oling, — debdi.
Salom ajoyib do‘ppini bir oltinga sotibdi. Yigit bozorni aylanib, ko‘ringan narsani olib kelmoqchi bo‘libdi. Bir joyda ko‘pgina odamlarning to‘planib turganini ko‘ribdi. Shu to‘plangan odamlar oldiga borib qarasa, o‘rtada turgan bir qalandar: “Bitta gapim bor, kim bir tilla bersa aytaman”, der emish. Salom: “Xayr, qalandarning gapini shu bir oltinga sotib olsam ola qolay”, deb bir oltinni qalandarga beribdi. Qalandar esa bir oltinni olib: “Omin, boshing bilan kirib, oyog‘ing bilan chiqqin”, deb duo qi-libdi. Salom uyga qaytib kelib, Oinaga:
— Bosh kiyimni bir oltinga sotdim, bozorni aylanib ko‘ringan narsani olay desam, bir qalandar “bir tillalik gapim bor”, deb turgan ekan, shu gapni eshitgim kelib bir tillani unga berdim, u menga: “Boshing bilan kirib, oyog‘ing bilan chiqqin”, dedi, — debdi.
Oina bu safarcha mayli deb, yana ikkinchi marta iрak va tag oldirib, do‘ppi tikib tayyorlab beribdi va:
— Buni bir tillaga sotib ko‘ringan narsani olib keling, — deb tayinlabdi.
Salom bosh kiyimni olib borib bir tillaga sotibdi. Yana aylanib yurib, haligi qalandarga duch kelibdi. Qalandar yana kechagi gapni hadeb takrorlamoqda ekan. Salom bu safar ham qalandarning gapini eshitgisi kelib, bir tillani unga beribdi.
Qalandar:
— “Bugungi achchig‘ingni, albatta, ertaga qo‘y”, — debdi. Yigit qilgan ishini Oinaga borib aytibdi. Sabri tugagan Oina oxirgi marta bosh kiyim tikib berib, bir tillaga sotishni va ko‘ringan narsani olib kelishni buyuribdi. Salom bu safar ham bosh kiyimini avvalgidek sotib, yana o‘sha qalandarga uchrab, bir oltinga gap sotib olibdi. Bu safar qalandar:
— “Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga”, — debdi.
Salom uyga qaytibdi. Bu voqeani eshitgan Oina juda xafa bo‘libdi.
— Har safar shu hol qaytarila bersa, nima yeb tirikchilik qilamiz. “Bo‘lmaganga bo‘lishma” deganlaridek sizga yordam qilay desam, siz mening mehnatimni qadrlamadingiz, oltinlarga gap sotib olib keldingiz, — debdi.
Oina Salom bilan uchrashgandan keyin umr iрlarini bir-birlariga bog‘lagan ekanlar. Ular shaharning eng chekkasida katta bir qayrag‘och tagida o‘zlariga kichkina bir yerto‘la qilib olgan ekanlar. Ikkisi shu yerto‘lada yashashar ekan. Oina Salomning qilgan ishidan xafa bo‘lib o‘tirganida ko‘chadan o‘tayotgan karvonlarning qo‘ng‘irog‘i eshitilib qolibdi. Oina yugurib chiqib, karvonboshiga o‘z eri Salomni karvon bilan birga olib ketishni, o‘ziga yarasha bir ish berishni iltimos qilibdi. Karvonboshi rozi bo‘lib, Salomni karvonni yetaklab borishi uchun xizmatga olibdi. Salom Oinaga o‘zi qaytib kelgunicha yetadigan oziq-ovqat qoldirib ketibdi.
Oina qoldirgan narsalarni juda ehtiyotlik bilan sarflab, erining kelishini kutibdi.
Salom uzoq yo‘lda yurib karvonlarning xizmatini qilib, boshidan ko‘p mashaqqatlarni kechiribdi. Karvon uzoq shaharlarga borib qaytib kelayotganida issiq jazirama qum cho‘llaridan o‘tmoqda ekan. Karvon ahliga ma’lum bo‘lgan bu qum cho‘llarida faqat bir quduq bo‘lib, yo‘lovchilar undan bahramand bo‘lar ekanlar. Bu cho‘lda undan boshqa quduq yo‘q ekan. Bu safar suvsagan karvon ahli quduqdan suv olmoqchi bo‘lsa, hech suv chiqmabdi. Shundan so‘ng odam tushirishga majbur bo‘lib-dilar. Bir xizmatkorni belidan bog‘lab quduq ichiga tushiribdilar. So‘ngra tortib olsalar tushgan odamning boshi kesilgan holda tanasi chiqibdi. Yana boshqa odamni tushirishibdi. Yana shunday bo‘libdi. Kimni quduqqa tushirishsa, boshi kesilgan holda tanasi chiqaveribdi. Bu ahvoldan taajjublangan karvon ahli nima qilishini bilmay, shoshib qolibdi. Manzil yiroq, suv albatta kerak. Agar suv bo‘lmasa, hammasi halok bo‘lishi mumkin. Shunda Salom.
— Mayli, men tushay, baxtimni sinab ko‘ray, meni belimdan bog‘lamangiz, oyog‘imdan bog‘lab, boshim bilan sekin-sekin tushiringiz, — debdi. Chunki xuddi shu paytda qalandardan bir tillaga sotib olgan gapi esiga tushgan ekan.
Salomni quduqqa sekin-sekin tushirayotganlarida tirikmi yo o‘ldimi deb “Salom” deb chaqirishibdi. Shunda birdan Salomning esiga “Assalomu alaykum” so‘zi kelibdi-da, “Assalomu alaykum” deb yuboribdi. Quduq tagida ikki dev bir-biriga ro‘baro‘ bo‘lib o‘tirgan ekan. Birinchisining qo‘lida toshbaqa, ikkinchisining quchog‘ida bir go‘zal qiz turgan emish. “Assalomu” so‘zi devlarga ma’qul bo‘lib, yigitning boshini uzmabdilar, undan gap so‘ray boshlabdilar. Devlardan biri yigitga:
— Ey, odamzod, biz ikkimiz bir yildan buyon tortishib o‘ltiribmiz. Birimiz mana bu qizni, birimiz esa mana bu toshbaqani yaxshi ko‘ramiz. Seningcha qaysi biri yaxshiroq, agar to‘g‘ri javob bersang, har qanday talabing bo‘lsa ham bajarishga tayyormiz, — debdilar.
Salomning esiga qalandardan bir oltinga sotib olgan gapi tushib, darhol:
— Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga, — debdi.
Bu so‘zdan xursand bo‘lgan devlar qah-qah otib kulib yuboribdilar va suv yo‘lini ochib beribdilar. Salom chelakda suv chiqara berib butun karvonni ta’minlabdi. Suv chiqarib bo‘lgach, devlar Salomga juda ko‘p oltin, gavhar va qimmatbaho narsalar in’om qilishibdi. Salom quduqdan chiqqach, suvga sarob bo‘lgan karvon ahli uni juda xursand bo‘lib kutib olishibdi. Karvonlar manzilga tezroq yetib olish uchun yana yo‘lga ravona bo‘libdilar.
Oina eri ketgach, o‘zi yolg‘iz kun kechira boshlabdi. Uning qornida gumonasi qolgan ekan, oy-kuni yetganda bir o‘g‘il tug‘ibdi.
Xuddi o‘g‘il tug‘ilgan kuni Oinalar yashab turgan yerto‘la tepasidagi qayrag‘ochda qaldirg‘och ham bola ochgan ekan. Shuning uchun Oina o‘g‘liga Qaldirg‘ochbek deb nom qo‘yibdi. Bola kundan-kunga o‘sib, katta bo‘la boshlabdi. U endi onasiga yordam beradigan bo‘lib qolibdi.
Kunlardan bir kun Oina ota-onasini va uzoq muddatdan buyon kelmayotgan erini o‘ylab xafa bo‘lib yig‘labdi. Shunda Qaldirg‘ochbek:
— Ona, nega yig‘laysiz? —debdi.
Oina:
— O‘g‘lim, senga qarab turib yig‘layapman. Sen ancha katta bo‘lib qolding, qo‘lingdan har ish keladigan bo‘ldi, otang bo‘lganda sen unga yordam berarding, bechora otang tirikchilikning hasratida ketganicha dom-u daragi yo‘q. Тirikmi, o‘lganmi, bilmayman. Seni ko‘rganda albatta quvonar edi, — debdi. Shu kuni ona-bola uzoq gaplashib, hasratlashib uyquga ketibdilar.
Тun yarmidan o‘tganda karvonlar shaharga yaqinlashibdi. Salom uyiga yaqinlashgan sari xotini Oinani o‘ylab: ”U meni kutmagandir, boshqa erga tekkan bo‘lsa kerak yoki ochlikdan o‘lgan bo‘lsa kerak”, deb o‘ylayveribdi. Qayrag‘och tagiga yetib kelganda, tong yaqinlashgan ekan. Salom tuyaga ortilgan o‘ziga qarashli oltin, gavhar va qimmatbaho narsalarni tushiribdi, karvonlar bilan xayrlashib, sekin yerto‘laga tusha boshlabdi. Тushib qarasa, Oina qattiq uyquda, yonida bir chiroyli yigit yotgan emish. Darhol pichog‘ini qinidan olib uni o‘ldirmoqchi bo‘libdi, lekin qalandardan bir tillaga sotib olgan “Bugungi achchig‘ingni, albatta, ertaga qo‘y!” degan gapi esiga tushib qolibdi. Salom achchig‘ini to‘xtatib: “Avval uyg‘otay, gap so‘rab, anig‘ini bilay, so‘ngra o‘ldiray, har bir ishda haqiqat kerak, o‘ldirish qochmas, o‘ldirib qo‘ygandan keyingi pushaymon arzimas”, deb xotinini uyg‘otibdi. Oina ko‘zini ochib qarasa, qarshisida eri Salom turgan emish. Sevinganidan birdan qichqirib yuboribdi:
— Тur, Qaldirg‘ochbek, dadang, keldi, — deb o‘g‘lini ham uyg‘otibdi. Ota-bola yig‘lab ko‘rishibdilar. Shundan so‘ng er-xotin boshidan o‘tgan barcha voqealarni bir-birlariga aytib beribdilar. Achchig‘ini ertaga qo‘yganiga Salom xursand bo‘libdi. Chunki uxlab yotgan yigit o‘g‘li ekaniga quvonibdi. Salomning keltirgan boyligini ko‘rib Oina benihoyat shodlanibdi. Ehtiyot bilan sarflash uchun reja tuzibdi. Oina avvalo zolim otasidan o‘ch olmoqchi bo‘libdi. Buning uchun otasining saroyiga o‘xshagan saroy bino qilishni, saroy tayyor bo‘lgach, ota-onasini mehmonga chaqirib, o‘zini tanitishni o‘ylabdi.
Oinaning maslahati bilan Salom shahardagi eng yaxshi ustalar, duradgorlar va naqsh soluvchi o‘ymakorlarni to‘plab, bino qurdira boshlabdi. Oina saroy rejasini o‘zi chizib beribdi. Imoratlarni otasining binosi taxlitida qurdiribdi. Imorat bir oyda tayyor bo‘libdi. Binoning ichki-tashqi bezaklari juda yaxshi qilinibdi. Binoga qo‘yish uchun podshoning uyida qanday jihozlar bo‘lsa, shunday jihozlarni toptiribdi.
Ungacha Oina va Salomning dong‘i butun shaharga, hattoki boshqa shaharlarga ham tarqalibdi. Qizning otasi — podsho imoratni ko‘rar ekan-u, lekin o‘z qizini va Salomni tanimas ekan. Imoratlar bitgach, podsho Salomga imoratning ichki bezaklarini ham kirib tomosha qilmog‘ini aytibdi.
Salom podshoni xotini bilan mehmonga chaqiribdi. Podsho: Oinaning onasi va yana bir necha xotinlarini olib, mehmonga kelibdi. Oina katta tayyorgarlik bilan ularni kutib olibdi.
Podsho imoratga asta oyog‘ini qo‘yib kira boshlab, to mehmon bo‘ladigan xonaga yetguncha ajoyib manzarani ko‘ribdi. Uylar, uylardagi xilma-xil buyumlar go‘yo podsho uyidagidek. Bu holdan taajjublangan podsho sukut bilan mehmonxonaga kirib o‘tiribdi. Dasturxondagi turli mevalar, ajoyib taomlarni ko‘rib, yana hayron qolibdi. Hammasidan ham, ayniqsa, shu uy podshoning mehmonxonasiga o‘xshagani va undagi buyumlar ham podshonikiga o‘xshagani uchun podsho ichida: “Men podsho bo‘lsam-u, mening fuqarom shu darajaga yetib, mendan o‘tib ketsa, bu qanaqasi”, deb rashk qilibdi.
Ziyofat davom etib turgan paytda Oina mehmonxonaga kirib kelibdi, mehmonlarga salom berib, ularning kelganiga o‘z xursandligini bildiribdi, so‘ngra otasiga shunday debdi:
— Otajon, meni kechiring, tush ta’birini aytgan gunohkor qizingiz Oina — men bo‘laman. Men sizga haqiqatni aytgan edim. Mana, kuyovingiz kimsasiz o‘tinchi edi. Ikkimiz birgalashib mehnat qildik, xor bo‘lmadik, och qolmadik, reja bilan ish qilib bordik, mehnatdan bosh tortmadik, kam bo‘lmadik. Natijada sizning darajangizga yetdik. Demak, gadoni podsho qiladigan ham xotin ekan, — deb otasiga ta’zim qilibdi.
Podsho Oinani ko‘rib, hushidan ketibdi, hushiga kelgach, o‘zining butun qilmishlariga pushaymon qilibdi va bu kechirilmas gunohlari uchun Xudoga tavba qilib, uzr so‘rabdi.
Qiz otasini kechiribdi. Podsho butun toj-u taxtini Oinaning o‘g‘li Qaldirg‘ochbekka tutibdi. Shunday qilib, er-xotin — Salom, Oina va o‘g‘li Qaldirg‘ochbek har ikki saroyda tinch yashay boshlashibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.