OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tentak podsho

Bir tentakka otasidan podsholik meros qolibdi. U tentak gap-so‘zda yo‘q ekan. Biror yig‘ilishda gapirmoqchi bo‘lsa, maza-bemaza gaplarni gapirib qo‘yar ekan. Bundan vazirlari ko‘p o‘sal bo‘lishar ekan. Ular bir kuni maslahat qilishib, podshoga shunday deyishibdi:
— Taqsir, siz gap-so‘zga yo‘qsiz, doim yomon gaplarni gapirib qo‘yib, odamni o‘sal qilasiz. Endi shunday bo‘lsin, gapiradigan vaqtingizda bizning og‘zimizga qarab turing, gapingiz durust bo‘lsa, biz "him" deb qo‘yamiz, gapiraverasiz. Agar gaplaringiz yaxshi bo‘lmasa, kallamizni qimirlatib "yo‘q" deb qo‘yamiz, gapirmaysiz. Podsho:
— Yo‘q bo‘lmaydi, agar unday qilsalaring, men bilan gaplashgan odamlar, "Bu podsho hech gap bilmas ekan, vazirlarining gapi bilan ish tutar ekan", deyishadi. Boshqa yo‘lini topinglar! — debdi. Shunda vazirlar:
— Bo‘lmasa, siz taxtda o‘tirasiz, biz oyog‘ingizga ip bog‘lab, taxtning tagi bilan olib kelib ushlab o‘tiramiz. Durust gapirsangiz ishimiz bo‘lmaydi. Agar yomon gapirsangiz, sekin ipni tortib qo‘yamiz, — deyishibdi. Podsho bunga rozi bo‘libdi. Ertasiga vazirlaridan biri kelib:
— Taqsir, bir-ikkita elchi keldi, — debdi. Podsho:
— Ayt kirsin! — debdi. Ungacha podshoning oyog‘iga ip bog‘lab qo‘yishibdi. Elchilar ta’zim qilib kirib kelishibdi.
Podsho:
— Xo‘sh, nima xizmat bor? — deb so‘rabdi. Elchilar:
— Taqsir, bizning podshohimiz "tinchlik bo‘lsin" deydilar. Bizni, borib shahanshoh bilan "mamlakatning tinchlik, omonligidan gaplashib kelinglar", deb yubordilar, — deyishibdi.
Shunda podsho turib:
—Ha... Sizlarning mamlakatlaringizdagi mol, otlar yo‘g‘on-yo‘g‘on tezaklaydimi yoki mayda-maydami? — deb so‘rabdi. Vazirlar ipni bir tortib qo‘yishibdi. Kelgan elchilar "bu podsho nimaga bunday dedi", deb hayron bo‘lib turishibdi. Shunda bosh vazir ipni tortibdi-da, o‘rnidan turib:
— Ey, elchilar, agar mamlakatda tinchlik bo‘lsa, mol, otlar atrofga chiqib yaylovlarda durustroq o‘tlab, qorni ovqatga to‘ysa durustroq tezaklaydi. Agar mamlakat notinch bo‘lib tursa, shahardan tashqari chiqqan mollarni bosmachilar so‘yib yeb tursa, hech kim mol, otini tashqariga chiqarmay qo‘yadi. Unda mol, otlar ham tuzuk ovqat yemay, mayda-mayda tezaklaydi. Bizning podshomiz ko‘p dono odam bo‘ladilar. Sizlardan ot, mollarni qanday tezaklashini so‘rash orqali mamlakatingizning tinch-notinchligini bilmoqchilar,— deb arang to‘g‘rilabdi.
Elchilar javob qilganlaridan so‘ng podsho yana:
— Sizlarning yurtingizda xotinlar tez tug‘adimi? — deb so‘rabdi. Vazirlarning joni chiqib, ipni yana qattiqroq tortib qo‘yishibdi. Elchilar javob bermabdilar. Shunda-bosh vazir:
— Taqsirlar, agar mamlakatda tinchlik bo‘lsa, hamma tinch bo‘ladi, xotinlar ham vaqtida tug‘averadi. Agar mamlakat notinch bo‘lsa, hamma tashvishda qolib, bola ham odamlarning ko‘ngliga sig‘may qoladi. Xotinlar ham kam bola tug‘adi, bizning podshomiz mamlakatingizning tinch, notinchligini shundan ham bilmoqchi bo‘ladilar, — desa, elchilar bunga ko‘p qoyil qolib:
— Xotinlar ham to‘qqiz oyda bolalab turishibdi, taqsir! Shohlaring ko‘p seraql, dono odam ekanlar, — deyishsa, podsho turib:
— He, mana bu ip tortarlar bo‘lmaganida, menda bunaqa gapdan juda ko‘p edi, — degan ekan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.