OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uchar gilam

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, ilgari zamonda bir chol bilan kampir bor ekan. Ular uzoq vaqt farzandsiz umr kechirib, eri ellikka, xotini esa qirqqa kirganda bir o‘g‘il ko‘rishibdi. Er-u xotin o‘g‘ilni tarbiyalay boshlashibdi. Bola o‘sib ulg‘ayibdi. U maktab yoshiga yetgach, yaxshi domlaga berishibdi. Bolaning zehni o‘tkir ekan, savodi tez chiqa boshlabdi, har xil kitoblar o‘qibdi, tushunmagan narsalarini domlasidan yoki boshqa biror kishilardan so‘rab olishga harakat qilibdi. Shunday qilib, bola yigirma yoshga to‘lgach, yaxshigina ilmga ega bo‘libdi.
Bir kun bolaga bir chol yo‘liqibdi, ancha suhbat qilibdi, unga ko‘p nasihatlar beribdi, ko‘pgina sirli so‘zlarni o‘rgatibdi, mendan senga yodgorlik bo‘lsin, deb bolaga bir gilamcha beribdi. Bola oliyhimmat choldan:
— Bobo, bu gilamchani nima qilaman, buning qanday siri bor?— deb so‘ragan ekan, chol gilamchaning sirini aytib beribdi.
— Endi sen katta bo‘lib qolding, uylanishing kerak, ota-onangga aytgin, seni uylantirib qo‘yishsin. ”Menga podshohning qizini olib beringlar!” degin, boshqa qizni olib berishmoqchi bo‘lishsa, yo‘q, deb aytgin, — debdi.
Bola chol bilan xayrlashibdi...
Gilamchaning siri bunday ekan: uning ustiga chiqib o‘tirib: “Ey gilamcha, cholning hurmati, meni falon joyga yetkazgin!” desa, ko‘zini yumib-ochguncha o‘zini o‘sha yerda ko‘rar ekan.
Gilamchani qo‘liga olib:
— Ey gilamcha, cholning hurmati uchun kichkina ro‘molcha bo‘l! — deb gilamchani bir qoqsa, kichkina ro‘molcha bo‘lar ekan.
Chol ketgandan so‘ng, bola gilamchaning sirlarini bir necha marta sinab ko‘rib, qanoat hosil qilibdi. Kechqurun ovqatdan keyin chol bilan kampirga:
— Men katta bo‘lib qoldim, endi meni uylantirib qo‘yinglar, — degan ekan, chol bilan kampir:
— Xo‘p bolam, ertadan boshlab to‘y harakatiga tushamiz, — deyishibdi.
— Menga kimning qizini olib berasizlar?
— Kimning qizi chiroyli, odobli, ota-onali, tagli-taxtli bo‘lsa, shuning qizini olib beramiz.
— Yo‘q, menga podshohning qizini olib berasizlar, — debdi bola.
— Podshohning qizini deysanmi, bolam, bizlar bir kambag‘al bo‘lsak, podshohga qanday qilib quda bo‘lamiz, u qizining qaliniga qancha dunyo so‘rar, unga bizning qudratimiz yetmaydi-ku, xudoga shukr, sening aqling, idroking joyida, hamma narsaga aqling yetadi-ku! — debdi chol.
— Ota, siz podshohning qiziga sovchilikka boring, u sizga nima javob qaytarar ekan, so‘ngra shunga qarab ish tutamiz, — debdi.
— Bolam, podshoh qizini podshohzodaga beradi, bizga o‘xshagan kambag‘alning sovchi bo‘lib kelganini eshitishi bilan jallodga buyuradi.
— Yo‘q, ota, siz qo‘rqmang, avval boring!
— Xo‘p bolam, — deb va’da qilibdi chol.
Ertasi kechqurun:
— Ha ota, bordingizmi? — debdi bola.
— Yo‘q, bolam, qo‘rqdim, — debdi chol. Qo‘rqib-qo‘rqib, nihoyat, uchinchi kuni chol azonda borib podshohning eshigini supurib kelibdi.
Ertasiga yana eshigini supurayotganda podshohning mulozimlari cholni ushlab saroyga olib kiribdilar va podshoh oldiga yo‘llabdilar:
Podshoh g‘azab bilan cholga qarab:
— Ha, chol, nima qilib yuribsan? — debdi.
— Тaqsiri olam, sultoni bokaram, kamina qulingiz qulchilikka keldi, bir... Qull...ba... changiz bor... — deb tili tutilib qolibdi.
Shohning g‘azabi kelib, ko‘zlari kosasidan chiqib ketguday bo‘libdi, birdan:
— Jallod! —deb baqirib yuboribdi. Birdan uch nafar jallod podshohga ta’zim qilib:
— Тig‘imiz burro, tilimiz go‘yo, kimning ajali yetdi? — deb muntazir bo‘lib turibdilar. Podshoh ularga qarab: ”Cholni bu yerga ajal haydab kelgan ekan, boshini tanasidan judo qilib tashla, boshqalarga ibrat bo‘lsin, haddidan oshmasin!” — deb dahshat qilibdi. Jallodlar cholni sudrabdilar. Podshohning bir donishmand vaziri bor ekan. Shu vazir cholning gunohidan o‘tishni podshohdan so‘rabdi.
Podshoh:
— Nima demoqchisan, shu bachchataloq cholning bolasiga qizimni beraymi? — deb vazirga o‘shqiribdi.
— Podshohi olam, u bechora cholning qonini to‘kib nima qilasiz, bir og‘irroq, qiyinroq shart qo‘ying, shu bilan yo‘q bo‘lib ketadi, — deb yana ta’zim qilibdi.
— Bo‘lmasa, o‘zing unga o‘sha qiyin shartingni ayta qol! — debdi podshoh. Vazir cholni jallodlarning qo‘lidan ajratib olib, unga:
— Ota, o‘g‘lingizga borib ayting, shu shaharning kunchiqar tomonida bir qishloqning chetida bir tandir bor. Shuning ichida bir chol bilan bir kampir yashaydi. Ular tashqariga chiqqanda bir xil chopon bilan chiqadilar. Bolangiz borib shu chol-kampirdan ular nima uchun tandirning ichida turadilar, nima uchun boshqalarga o‘xshab ochiq joydan hovli-joy qilishmaydi va nima uchun ular bir chopon bilan tashqariga chiqishadi. Chopon bir xilmi yoki choponning o‘zi bir donami? Ana shuni bilib kelsa, podshoh qizini o‘g‘lingizga beradi, — debdi. Chol uyga qaytibdi.
Kechki ovqatdan keyin chol o‘g‘liga bo‘lgan voqealarni va shartlarni tushuntira boshlabdi. Ertalab yigit ota-onasidan oq fotiha olib, sirli gilamda uchib borib, tandirning qarshisiga borib o‘tiribdi. Peshindan oldin bir oppoq soqolli chol eski choponni kiyib tandirdan chiqibdi, yozilib, tahorat qilib yana kirib ketibdi, undan keyin xuddi o‘sha choponni kiyib bir kampir chiqibdi, u ham tahorat qilib kirib ketibdi. Oradan to‘rt soatcha o‘tgach, kechga yaqin namozgar oldidan oq soqolli kishi yana chiqib, tahorat qilib, tandirga kirib ketibdi. Undan keyin kampir ham chiqib, yana kirib ketibdi.
Ertasi tushga yaqin yigit yana kelib poylabdi, oq soqolli chol chiqib tahorat qilib bo‘lgandan keyin, yigit uning oldiga borib salom beribdi, ko‘rishibdi va tandirning ichida turishi va kampiri bilan bir chopon kiyib yurishining sababini so‘rabdi. Oq soqolli chol unga:
— Qo‘y, bolam, ishimdan qoldirma, namozim qazo bo‘ladi, — degan ekan, yigit unga mahkam yopishib:
— Ota, aytmasangiz bo‘lmaydi, — deb turib olibdi. Chol yigitning so‘zini uch-to‘rt marta qaytaribdi. Qarasa, yigit bo‘sh kelmaydi.
O‘ylab turib:
— Mening bir shartim bor, agar shu shartimning uddasidan chiqib bajarsang, aytib beraman, bo‘lmasa, meni ham, o‘zingni ham ovora qilma, bolam, — debdi.
— Qanday shart ekan, otajon, ayting, — debdi yigit.
— Shartim shuki, — debdi chol, — falon shaharning qabristonida kichkinagina bir hujra bor. Shu hujra ichida bir qari chol qorovul bo‘lib turadi va kecha-yu kunduz tinmay yig‘laydi. Sen borib shu qariyadan o‘sha yerda uning kimi bor ekanini, kecha-yu kunduz yig‘lashining sababini, tirikchiligi nima bilan o‘tishini so‘raysan. Ana shularni bilib kelsang, men ham sirimni aytib beraman, — debdi.
Yigit sirli gilamchasiga o‘tirib o‘sha go‘ristonga boribdi, qariyani poylabdi, ikkinchi kuni salom berib qariyaning hujrasiga kiribdi. Qariya bilan ko‘rishib, odob bilan ko‘rsatgan joyga o‘tiribdi.
Qariya yigitga savol nazari bilan qarab:
— Keling bolam, qayerdan kelayotirsiz, kelishingizdan maqsadingiz nima? —deb so‘rabdi.
— Men falon shahardan sizning ta’rifingizni eshitib keldim. Kechadan beri hujrangiz qarshisida o‘tirib, sizning yig‘lashingizni ko‘rdim, endi ikki-uch savolimga javob berishingizni so‘rayman, — debdi.
— Qo‘y, bolam, savollaring bilan boshimni qotirma, meni yig‘imdan qoldirma, sening savollaring menga ma’lum. Bunaqa savollar bilan senga o‘xshaganlardan juda ko‘pi kelishadi, lekin birontasi ham mendan javob ololmay ketadi.
— Ota, meni boshqalarga o‘xshatmang, men sizdan javob olmay ketmayman.
— Bolam, mening bir shartim bor, agar shu shartimni bajarib kelsang, men ham aytaman, — debdi chol.
— Jonim bilan bajarib kelaman, otajon, qani ayting! — debdi yigit.
— Falon shaharda bir novvoy bor, — debdi qariya, — Uning novvoyxonasida yigirmata tandir qurilgan, o‘sha tandirlarda har kuni erta sahardan tushgacha non yopiladi. Lekin birorta non birovga sotilmaydi. Тushdan keyin novvoyxona yig‘ishtirilib, ertalabdan beri yopilgan nonlarni yigirma-yigirma besh aravaga ortadilar, eng oldingi aravaga novvoyxonaning egasi o‘tiradi va aravalarni haydashga buyuradi. Shu shahardan yigirma chaqirimcha joyda katta daryo oqadi. Aravalar daryoga yetgach, novvoyxonaning egasi hamma nonlarni daryoga tashlaydi-da, aravalarni bo‘shatib shahriga qaytadi. Necha yildan beri bu novvoyning qiladigan ishi shu. Sen novvoydan so‘ragin, uning qo‘lida yetmish-sakson odam ishlaydi, ularga ish haqi to‘lash kerak, bir kunda yuz qopcha un ketadi, bularning hammasiga u pulni qayerdan topadi va topganda ham daryoga tashlashning nima foydasi bor?
Yigit gilamchasi bilan to‘ppa-to‘g‘ri novvoyning oldiga boribdi. Novvoylarning ishini kuzatib turibdi. Nonlar yopilib bo‘lgach, aravalarga ortibdilar va daryoga qarab jo‘nabdilar. Yigit ham eng keyingi aravaga o‘tirib ular bilan ketibdi. Daryoga yetib borgach, novvoyxonaning egasi nonlarni daryoga irg‘ita boshlabdi va aravalarni bo‘sha-tib qaytibdi.
Ertalab yigit novvoyxonaga kirib boribdi; qarasa katta nonvoyxonada yigirmata tandirda non yopilayotgan emish. Novvoyxonada hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul. Novvoyxonaning o‘rtasida baland supa, supaga qiр-qizil gilam to‘shalgan, ko‘rpacha solingan, par yostiqlar qo‘yilgan. Shu supada ellik yoshlarga borgan yo‘g‘on gavdali kishi o‘tiribdi. Bu kishi novvoyxona egasi edi. Yigit salom berib, supaga chiqibdi va novvoyxona egasi bilan ko‘rishibdi. Xo‘jayin darrov yigitga joy ko‘rsatibdi, choy buyuribdi.
Yigitning oldiga issiq nonlardan sindirib qo‘yibdi va nonga taklif qilibdi.
— Keling, uka, — deb gap boshlabdi xo‘jayin.
— Sizning ta’rifingizni eshitib kelgan edim, eshitganlarimning hammasi to‘g‘ri ekan. Eshitishimga qaraganda, siz shu ishni yigirma besh yildan beri qilar ekansiz. Shuncha pulni qayerdan topasiz va nima uchun davlatingizni suvga oqizasiz. Shuni aytib bersangiz, — debdi.
— Ey, ukam, sizga pul kerak bo‘lsa, beray, boshqa narsa kerak bo‘lsa, uni ham ayting, lekin bu voqeadan og‘iz ochmang! — debdi.
— Amaki, men bir maqsadga qadam qo‘yganman, shu maqsadimga albatta yetishim kerak. Maqsadimga yetishimning bir kaliti sizning javobingiz bo‘ladi, shuning uchun meni xursand qilarsiz deb ishonaman.
Novvoyxonaning egasi biroz jim turgach:
— Mening bir shartim bor, shuni bilib kelsangiz, men ham aytaman, bo‘lmasa ovora bo‘lasiz, ukam! — debdi.
— Xo‘p, ayting, u nima shart ekan? — debdi yigit.
— Falon shaharda bir egarchi bor. Shu egarchi bir yilda bir dona egar yasaydi, egar bitgach, uni birovga ming tangaga sotadi. Egarni olgan odam pulni beradi va o‘n-o‘n besh qadamcha yurib uzoqlashgach, pulga qarab turib egarchining rangi o‘zgaradi, ko‘zlari chaqnab ketadi-da, o‘rnidan irg‘ib turib, egar olganni chaqiradi. Egar olgan qaytib kelgach, undan egarni qaytarib oladi va pulini qaytarib beradi.
— Ha, amaki, nima bo‘ldi?
— Egarning bir joyida chalasi bor ekan.
— Mayli, pul sizda tursin.
— Yo‘q, kerak emas.
Egar olgan hayron qoladi.
Egarchi esa, egarni olib do‘koniga qaytadi-da, egarni to‘nkaning ustiga qo‘yib teshasi bilan urib mayda-mayda qilib tashlaydi. Shu egarchi bir yilda bir dona egar yasar ekan, nima uchun sindiradi: hech bo‘lmasa o‘zining mehnatiga achinsa bo‘lmaydimi? Egarni-ku sindiradi, yana nima uchun yasaydi, baribir yasagan egarini sindiradi. Shuning sababini bilib kelsang! — debdi.
Yigit gilamchaga o‘ltirib egarchining oldiga boribdi. Egarchi egarni bitkazib, pardozlayotgan ekan. Ikki kundan keyin egar tayyor bo‘libdi. Egarchi do‘kon oldidagi peshayvonga chiqib, egarining u yoq-bu yog‘iga qarab zavq bilan o‘z hunaridan xursand bo‘lib o‘ltiribdi.
Do‘konning oldidan o‘tganlardan ba’zilari egarga xaridor bo‘lar, uni qo‘llariga olib ko‘rar va qimmat ekan deb egasiga qaytarib, o‘z yo‘llariga qarab ketishar ekanlar.
Shu ahvolda uch-to‘rt kun o‘tibdi. Yigit ham egarchini kuzatib yura beribdi. Beshinchi kuni bozor kuni bo‘libdi, tushga yaqin bir boyvachcha kelib:
— Qani, ota, egaringiz necha pul? — debdi.
— Ming tanga, mulla, — debdi egarchi.
— Juda qimmat-ku, ota! — desa.
— Moliga ham qarang, uka! — debdi.
— Ming tangaga ko‘p narsa olsa bo‘ladi. Ota, siz bir egarni ming tanga deysiz-a? — debdi.
— Ishqiboz bo‘lsangiz, mehnatni qadrlasangiz olasiz, uka, bo‘lmasa egasiniki, — debdi egarchi.
— Sal keltirib ayting, — debdi xaridor.
— Bo‘lgani shu, mulla, qimmatlik qilsa olmay qo‘ya qoling, — debdi egarchi.
Nihoyat, ko‘p talashganlaridan keyin ishqiboz yigit ming tangaga egarni olibdi. Pulni sanab berib, egarni olib ketibdi. Pulni qo‘liga olishi bilan egarchining ko‘zlari olayib, rangi oqarib ketibdi va o‘rnidan turib boyvachchani chaqiribdi. U qaytib kelgach: “Egarni menga bering, pulingizni olib turing!” — debdi egarchi.
— Nima uchun, ota? — debdi xaridor.
— Bir joyida chalasi bor ekan, tuzatish kerak, — debdi usta.
— Mayli, pul sizda tursin, — desa, — Yo‘q, olib turing, — deb pulni egasiga topshiribdi-yu, egarni do‘koniga olib kirib, tesha bilan mayda-mayda qilib tashlabdi.
Ertasiga yangi egar ishlashga kirishibdi.
Тushga yaqin salom berib yigit do‘konga kelibdi va chol bilan ko‘rishib bo‘lgach:
— Ota, sizning ishlaringizni eshitib ishonmagan edim, kelganimga bir hafta bo‘ldi, ishingizni kuzatib yurdim. Eshitganlarimning hammasi to‘g‘ri ekan, — debdi.
— Bolam, mening to‘g‘rimda nima eshitdingiz? — debdi.
— Falon shahardagi novvoydan eshitgan edim. Ota, bir oy emas, bir yil deganda bir egar yasar ekansiz, sotgandan keyin qaytib olib sindirdingiz, yana shunday egarni yasaysiz, bir kun buni ham sindirasiz-ku, hech bo‘lmasa bir yillik mehnatingizga achinmaysizmi? — debdi yigit.
— Qo‘y, bolam, meni ishdan qoldirma!
— Yo‘q, ota, men qo‘ymayman, aytasiz.
— Uni aytishga vaqtim yo‘q, — debdi usta.
— Keling, otajon, ayta qoling! — debdi yigit.
Nihoyat:
— Mening bir shartim bor, shuni topib kelsang, men ham aytaman, — debdi usta.
— Mayli, ota, ayting! — debdi yigit.
— Bir shaharda Sanobar degan podshoh bor emish, shu Sanobar Gul degan qizni besh-olti yoshlik vaqtida yaxshi ko‘rib, ota-onasini ham rozi qilib olibdi va unga yaxshi enagalar tayin qilibdi. Qizning tarbiyasi uchun hech narsani ayamabdi. Nihoyat qiz voyaga yetgach, to‘y qilib olibdi. Hozir shu bechora Gulni temir qafasga solib qo‘ygan emish. Bu xotinni shunday qiynar ekan, qo‘yib yuborsa bo‘lmasmidi, uni ota-onasi voyaga yetkazib, o‘z munosibiga bersa bo‘lmasmidi? Borib shu sirni bilib kelsang, men ham bu sirlarni aytib beraman, — debdi.
Yigit egarchi bilan xayrlashib, gilamchaga o‘tirib Sanobarshoh shahriga ravona bo‘libdi.
Baland qal’a. Qal’aning ustida soqchi sarbozlar oyboltalarini yelkalariga qo‘yib, o‘q-yoylarini bo‘yinlariga osib yurgan ekanlar. Shaharda o‘n-o‘n besh kun yurib, past-balandni ko‘rib, yaxshi-yomonni ajratib bilib olibdi.
Yigit ko‘p o‘ylab, Sanobarshoh huzuriga kirish chorasini izlabdi. Nihoyat, bir dehqon yordamida podshohning oshxonasiga shogird bo‘lib kiribdi.
Oshxonada astoydil xizmat qilibdi, tez kunda oshpazlik hunarini o‘rganib olibdi. Mehnatini ayamabdi, tirishqoqlik bilan ishlabdi. Oshpazlikdan tashqari suv tashibdi, og‘ir mehnat qiluvchilarga qarashibdi. Mehnatsevarligidan hammaning hurmatiga sazovor bo‘libdi. Uni oshxonadagilar yaxshi ko‘ribdilar. Bora-bora u Sanobarshoh oshpazining yordamchisi bo‘libdi.
Bu vazifada u jonu dili bilan ishlabdi, podshoh yeydigan ovqatlarining deyarli hammasini o‘rganibdi, hatto usta oshpazdan ham mazaliroq ovqat pishiradigan bo‘libdi. Katta oshpaz ovqatlarni yigitga pishirtirib, o‘zi uni kuzatib yurar ekan.
Kunlardan bir kun usta oshpaz o‘rtog‘inikiga to‘yga ketibdi.
Ertasi kuni yigit bor hunarini ishga solib ovqatlarni pishiribdi. Vaqt-vaqtini bilib ovqatlarni podshohga kirgizib turibdi.
Ertasiga katta oshpazning o‘zi ovqat tayyorlabdi.
Тushki ovqatdan keyin Sanobarshoh oshpazni chaqirib undan:
— Kechagi ovqatlarni kim pishirgan edi? — deb so‘rabdi. Qo‘rqib ketgan oshpaz:
— O‘zim, podshohi olam, — debdi.
— Rostini ayt!
— O‘zim pishirdim, — debdi.
— Yolg‘on aytma, kechagi oshpaz boshqa!
— Podshohi olam, bir qoshiq qonimdan o‘tsangiz aytaman, — debdi oshpaz.
— Ayt, o‘tdim! — debdi shoh.
— Shohim, bir yilcha bo‘ldi, yoshgina bir bolani oshxonaga ishga olganmiz, hozir u men bilan ishlaydi, o‘zi juda uddaburon, qo‘l-oyog‘i chaqqongina, tirishqoq, serharakat yigit.
— Ilgari u senga shogird bo‘lgan bo‘lsa, endi sen unga shogird bo‘lishing kerak. Ovqatni u sendan yaxshi qilar ekan, bor, shu yigitni mening oldimga yubor, — debdi. Oshpaz podshohga uch martaba ta’zim qilib chiqib ketibdi. Oshxonaga kelib yigitga:
— Ukam, omading kelgan ekan, shoh seni chaqiryaptilar. Agar seni mening o‘rnimga bosh oshpaz qilib tayinlasalar, meni esingdan chiqarma, ukam, har holda seni oshpazlikka men o‘rgatdim-ku, — debdi.
— Usta, xotiringiz jam bo‘lsin, men yaxshiligingizni unutmayman, — debdi yigit.
Yigit podshoh saroyiga boribdi, oybolta ko‘targan sarbozlar, o‘nboshi va yuzboshilardan, hashamatli qasrlardan o‘tib, Sanobarshohning dargohiga kiribdi. Podshoh oldiga boribdi. Sanobarshoh oltin tojini kiyib taxtida o‘tirgan ekan.
Yigit podshohga uch marta ta’zim qilib, yer o‘pib, boshini egib turibdi.
— Oshpaz yigit senmisan? — debdi shoh.
— Shunday, taqsirim! — debdi yigit.
— Otang-onang bormi?
— Bor, shohim.
— Ular qarimi?
— Qarib qolgan, shohim.
— Sen bizga yaxshi xizmat qilding.
— Shohim, men faqat o‘z vazifamni bajardim, hech qanday jonbozlik ko‘rsatmadim, — debdi.
— Mendan tilagingni tila! — debdi shoh.
— Shohim, hozir yoshman, dunyoning achchiq-chuchugini totmaganman, nima ham tilagim bo‘lar edi.
— Kamtarlik qilmasdan tila, odam bolasida, albatta, turli orzu-havaslar bo‘ladi, tila tilagingni! — debdi shoh.
— O‘zim yosh bo‘lganim uchun mol-dunyoga hozircha ehtiyojim yo‘q, agar sizga og‘ir kelmasa, sizdan bir voqeani so‘ramoqchi edim, — debdi yigit.
— Qanday voqea ekan? — debdi shoh.
— Xotiningiz Gulni qafasda saqlash voqeasini...— debdi yigit.
— Hoy yigit, bo‘lmag‘ur narsalar bilan boshingni qotirib nima qilasan, mendan mol-dunyo so‘rasang-chi.
— Agar lozim topsangiz, tilagim shu edi, boshqa tilagim yo‘q, shohim, — debdi yigit. Sizning oshxonangizda ishlab yurishim ham menga katta davlat, — debdi.
Sanobarshoh bir yasovulboshini chaqirib:
— Bu yigitga “Ibrat” saroyini ko‘rsatib kel! — deb buyuribdi.
Yasovulboshi yigitni ergashtirib podshohning gulbog‘i tomon yuribdi. “Ibrat” saroyi gul bog‘ining naryog‘ida bo‘lib, bog‘ orqali borilar ekan.
Bog‘da har xil gullar chaman bo‘lib ochilib turar, gullar shoxida bulbullar, qumrilar, to‘tilar sayrab, shoxdan-shoxga uchishib, bir-birlari bilan bahslashgandek galma-gal sayrashar va o‘ynashar ekan. Bu qushlar odamga shunday o‘rgangan ediki, hatto o‘tib ketuvchilarning boshlariga, yelkalariga qo‘nishardi. Ariqlardan zilol suvlar shildirab oqar, bu shildirashlar qushchalarning sayrashiga jo‘r bo‘lar edi.
Gulbog‘ shunday xushhavo, xushmanzara va kishiga rohat baxsh etar ekanki, hatto shu gulbog‘ga kirgan o‘lik tiriladi, — deb o‘ylash mumkin ekan.
Yasovulboshi yigitga qarab:
— Hayot qanday yaxshi, bu bog‘ni qara, qanday chiroyli. Shu bog‘da bir kun yursang, besh yilcha yosharib ketasan, — debdi.
Bog‘dan o‘tib “Ibrat” saroyiga kelibdilar. Saroy darvozasidan kirish bilan yigitning badani titrab, yuzi burishib ketibdi, saroyning ichi dahshat ekan. Saroyning hamma tomonida kesilgan boshlar osilib yotgan emish.
— Amaki, bu boshlar kimlarning boshi? Ularni kim, nima uchun kesgan va nimaga osib qo‘yibdilar? — deb so‘rabdi.
— Bu boshlar senga o‘xshagan ahmoqlarning boshi, shu dahshatli saroyga bir kirsang, o‘n yil qariysan. Bu boshlar senga o‘xshagan oddiy kishilarning boshi emas, shahzoda, bekzodalar va katta amaldorlarning boshlari. Bular ham xuddi senga o‘xshab Sanobarshoh bilan Gulning sirini bilaman, deb o‘lib ketgan. Uka, yosh joningga rahming kelsin, bekorga Sanobarshoh bilan Gul voqeasini bilaman deb o‘lib ketma, agar sen shohdan so‘ragan bo‘lsang, u aytadi, lekin aytib bo‘lgach, boshingni kesdiradi-da, mana bu yerga osib qo‘yadi, — deb osib qo‘yilgan boshlarni ko‘rsatibdi. Shu boshlardan ibrat olsin, niyatidan qaytsin, bekorga o‘lib ketmasin, deb seni bu yerga yubordilar.
Yigit “Ibrat” yoki dahshat saroyidan qaytib chiqibdi, yana gulbog‘ ichi bilan Sanobarshoh saroyiga qaytib, podshohning oldiga kelib ta’zim qilib turibdi.
— Yigit, men senga achinayotirman, yoshsan, bekorga o‘lib ketma, mendan boylik tila! —deb nasihat qilibdi shoh.
— Podshohi olam, xohlamasangiz aytmang, lekin men sizdan boshqa narsa tilamayman, — debdi yigit.
— Men senga va’da qildim, mendan faqat bir tilak tilashga haqqing bor, masalan, davlatimning yarmini tilasang ham beraman. Agar haqiqatan ham maqsading Gul voqeasini bilish bo‘lsa, unda senga voqeani aytib beraman-u, boshingni kestiraman. Shu shartga rozi bo‘lsang, mayli, o‘zing bilasan-u o‘lasan: mening sirim olamga yoyilmasin!
— Men sizning shartingizga roziman, lekin bir iltimosim bor, hikoyangiz tamom bo‘lgandan keyin bir piyola choy ichguncha menga muhlat berasiz, dunyo bilan xayrlashaman, shundan keyin boshimni olishingizga roziman, — debdi yigit. Sanobarshoh bu shartga ko‘nibdi.
— Men Gul degan xotinimni yetti yasharlik vaqtida yaxshi ko‘rib, ota-onasini rozi qilib oldim, unga saroyda enagalar va boshqa tarbiyachilar tayinladim. Uni katta otinlarga topshirib o‘qitdim. Katta bo‘lib bo‘yi yetgach, qirq kecha-yu qirq kunduz butun shaharga to‘y berib, o‘zimga xotin qilib oldim. Men uni juda yaxshi ko‘rar edim. Ko‘p vaqtimni Gul bilan o‘tkazar edim, biror kun davlat ishi bilan ovora bo‘lib, uni ko‘rolmasam, devonalardek bo‘lardim, hatto ovga chiqqanimizda ham ikkalamiz birga chiqar edik. Ovga minishga ikkita alohida otim bor edi.
Uylanganimga uch yil bo‘lganda, ertaga ovga chiqsak, deb xayolimdan o‘tkazdim-u, otxonaga borib ko‘rsam nima uchundir otlarim ozib qolgan, yunglari hurpaygan, charchoq ko‘rinadi. Otboqarni chaqirib:
— Ablah, nima uchun bu otlar muncha ozib ketgan, charchagan ko‘rinadi? — deb so‘rasam: —”Shohim, har kuni minilgandan keyin, albatta charchaydi, ozadi-da”, — deb beparvo javob berdi. Bularni mendan boshqa kim minadi, deb baqirgan edim:
— O‘zlari har kun kechasi kelib minib ketadilar-ku, — dedi.
— Ahmoq, yolg‘on gapirma! — dedim.
— Bir kecha unisini, bir kecha bunisini egarlab qo‘ygin degan edingiz-ku! Men har kuni egarlab qo‘yaman, har kuni kelib minib ketasiz, ertalabga yaqin kelasiz-u, yana mendan so‘raysiz-a, — deb javob berdi.
O‘ylab turib hayron qoldim va otboqarga:
— Bugun otlarning ikkalasini ham egarlab qo‘y, o‘sha odam kelib otning birini minib ketgandan keyin, meni uyg‘otgin! — dedim.
Ertalab qarasam o‘rinda yotibman. “Nima uchun uyg‘otmading, nimadan qo‘rqding”, deb otboqardan so‘rasam: “Shohim, borib uyg‘otgan edim, turmadingiz, uyqingiz juda qattiq ekan, eshikni qattiq-qattiq tepsam ham uyg‘onmadingiz”, — dedi.
— Bugun har qanday bo‘lsa, ham uyg‘otgin, — dedim.
Men xotinimdan hech qanday shubha qilmas edim. Kechasi otboqar uy eshigini buzib, meni ko‘targandan keyin uyg‘ondim, shu vaqt ko‘kragimdan boshbarmoqning tirnog‘idek yumaloq narsa tushdi, uni olib cho‘ntagimga soldim-u, otga mindim va otboqardan qaysi tomonga qarab ketganini so‘rab, otimning boshini qo‘ydim.
Kechasi oydin edi.
Mendan oldin ketgan otliq odamga ko‘zim tushgach, otning jilovini tortib qorama-qora ketaverdim. Shaharning kunbotar tomonida chorbog‘im bor edi. Yoz vaqtlarda ko‘ngil ochish uchun borib, ikki-uch kun dam olib kelar edim. Hozirgi yo‘limiz xuddi o‘sha chorbog‘ga borar edi.
Oldingi noma’lum otliq chorbog‘ga kirdi-yu, otini bog‘lab mehmonxonaga qarab yurdi. Men ham otimni bog‘lab uning ketidan yurdim.
Bog‘ni Qahraton degan zanji boshchiligidagi qirq nafar qullarim qo‘riqlab yotar edilar.
Katta mehmonxonada Qahraton boshliq qirq nafar qullar ko‘zalarga sharoblarni to‘ldirib, Gulni poylab o‘tirgan ekanlar.
Gul mehmonxonaga kirishi bilan Qahraton qichqirib uni yomon so‘zlar bilan so‘kdi. Gul esa yalinib:
— Zo‘rg‘a Sanobarni uxlatdim, xayolimda xuddi orqamdan kelayotganga o‘xshaydi, — dedi. Shunda Qahraton:
— Sanobarning ko‘kragiga men bergan muhrani qo‘ygan bo‘lsang, badanini burda-burda qilib tilsang ham uyg‘onmaydi. O‘tir, sharobni quy! — dedi. Allaqanday shubhalarga tushgan Gul:
— Shu bugun xavotirdaman, Sanobar kelib qoladi deb qo‘rqayotirman, — dedi.
— Quy sharobni, Sanobaring kelsa, ming joni bo‘lsa ham tirik qolmaydi, agar kelsa, uni ajal haydab keladi.
— Qo‘rqayotirman, bahodir.
— O‘tir deyman senga, quy sharobni.
Gul to‘rga chiqib Qahratonning yoniga o‘tirdi-yu, sharobni quyib avval unga, keyin boshqalarga noz-u karashma bilan uzata boshladi.
Qilichimni yalang‘ochlab eshikda poylab tayyor bo‘lib turdim.
Gul har zamonda: “Bugun qo‘rqayotirman” deb qo‘yardi. Qahraton yigitlardan biriga: Eshikka chiqib kel, buni xotirjam qil, — dedi. Yigitlardan biri dahlizdan boshini chiqarishi bilan uning boshini kesib tashladim. Eshikka chiqqan qul qaytib kirmagani uchun Gulning qo‘rquvi oshdi;
— Chiqqan yigit kelmadi-ku? — dedi. Qahraton ikkinchi yigitni chiqardi, uning ham boshini kesdim, uchinchisi chiqdi, to‘rtinchisi chiqdi, beshinchi chiqdi, chiqqanining boshini kesaverdim va borib-borib Qahraton bilan Guldan boshqa mehmonxonada hech kim qolmadi. Faqat Gul emas, Qahraton ham mening eshikda turganimni bilgan edi. Uning ham kayfi tarqagan edi.
— Hoy Sanobar, qani kir, baxtimizni bir sinab ko‘raylik! — deb chaqirdi Qahraton. Men kirdim. Ikkalamiz talashib ketdik. Kurashimiz ancha davom etdi. Goho men uni surib borar edim, goho u meni surib kelar edi, ikkalamiz ham bir necha joyimizdan yarador bo‘ldik. Ko‘p olishuvlardan keyin men fursatni qo‘ldan bermay, Qahratonning boshini kesdim. Gulni shaharga olib keldim va temir qafasga solib qo‘ydim. Gulni qafasga solishimning sababi shu, qani endi dunyo bilan xayrlashgin, jallodni chaqiraman, — dedi.
Yigit cho‘ntagidan ro‘molchani olib duosini o‘qib, cholning hurmati, deb bir qoqqan edi, gilamchaga aylandi, gilamchaning ustiga o‘tirib:
— Ey gilamcha, cholning hurmati, meni egarchining oldiga yetkaz! — degan ekan, gilamcha havoga ko‘tarilib g‘oyib bo‘libdi. Yigit egarchining oldiga “Assalomu alaykum”, deb kirib kelibdi va u bilan ko‘rishibdi.
Egarchi yigitning oldiga dasturxon yozib, non qo‘yibdi va choy damlab kelibdi. U yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tiribdilar.
Yigit egarchiga Sanobar bilan Gul voqeasini aytib beribdi.
— O‘g‘lim, sen Sanobarning qo‘lidan qanday qilib qutulding, uni hech kimga sir aytmaydi, mabodo aytsa, eshitganning boshini o‘shal zamoniyoq kestiradi, — deyishardi-ku!
— Otajon, shartingizga muvofiq buyrug‘ingizni bajarib keldim, mening qanday qilib Sanobarshoh qo‘lidan qutulganim bilan ishingiz bo‘lmasin-u, o‘zingiznikini, ya’ni nima uchun egarni sindirishingizni aytib bering! — debdi.
— Xo‘p, o‘g‘lim, endi aytmasdan ilojim yo‘q, aytaman, siz bugun menga mehmon bo‘ling, hasratlashib yotamiz, — debdi. — Mening asli ota kasbim egarchilik, bu ishni otamdan o‘rganganman. Ota-onamdan bir singlim bilan qoldim, singlim uy ishini qilar, men egarchilik qilib, ro‘zg‘orimizni o‘tkazar edik. Ota-onamizdan keyin uch yil shu ahvolda kun kechirdik.
Kunlarning birida kechqurun uyga qaytsam, chiroyli, xushbichim, kelishgan odamlar bilan hovlimiz to‘la. Hayron bo‘ldim. Kimdan so‘rashimni bilmayman. Ichkari hovliga kirib xotinlar orasidan singlimni topib, undan: — Nima gap, bular kim, qayerdan kelishdi? — deb so‘ragan edim:
— Bugun sizning to‘yingiz, sizni uylantirishyapti, — dedi.
— Kimlar meni uylantirishadi?
— Bu yoqqa keling, — deb singlim meni bir uyga olib bordi, meni kiyintirishdi, chimildiqqa olib kirishdi, chimildiqda juda ham chiroyli kelinchak turgan edi.
Bu kelinchak shunday chiroyli ediki, uning ta’rifiga til ojiz edi, umrimda shunday chiroyli qizni ko‘rmagan edim. Ko‘zlarimga ishonmas edim, dunyoda shunday chiroyli qiz ham bo‘ladimi? — deb o‘zimdan o‘zim so‘rar edim.
Тo‘y marosimlari o‘tdi, hovlidagi odamlarning ko‘pchiligi ketdi, biz bilan xotinimning ikkita kanizi va bir quli qoldi. Shunday qilib, xotinim bilan yaxshi kun kechira boshladik.
Bir yildan keyin xotinim o‘g‘il tug‘di. Er-u xotin chaqaloqni qo‘yishga joy topolmas edik.
Тurmushimiz yaxshi o‘tar, urish-janjalimiz yo‘q, rohat va farog‘atda yashar edik. O‘g‘ilchamiz ikki yoshga to‘lganda xotinim yana bir o‘g‘il tug‘di.
Katta o‘g‘lim to‘rt yoshga, ikkinchisi ikki yoshga kirdi. Bir kun arzimagan narsa ustida er-u xotin urishib qoldik. Gapimni ko‘p qaytara berganidan jahlim chiqib ketdi-yu, bir tarsaki urib, chiqib ketdim.
Kechqurun hovliga kelsam, hech kim yo‘q, singlim uyning bir burchagida yig‘lab o‘tiribdi.
— Ha, nima uchun yig‘laysan, yangang qayoqda, bolalar qani, nima uchun uyda hech kim yo‘q? — deb so‘radim.
— Akajon, urib nima qilardingiz, qayerdan kelgan bo‘lsa, o‘sha yoqqa ketdi, — deb ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
U qo‘shnidan so‘radim, bu qo‘shnidan so‘radim, mahallamizning oqsoqollaridan so‘radim, shaharning amaldorlaridan, yasovulboshilaridan so‘radim, xullas, birov ko‘rdim demaydi, shu yo‘q bo‘lganicha hozirgacha yo‘q.
Shundan buyon kunim o‘tsin, shu bilan ovunay, ermak bo‘lsin deb egar yasayman. Egarni sotib, pulni olishim bilan xotinim, o‘g‘illarim, xotinim bilan kechirgan kunlarim ko‘z oldimdan o‘ta boshlaydi-yu, yaram yangi bo‘ladi, yaraga tuz sepgandek bo‘ladi-yu, rangim o‘zgarib ketadi. Pulni egasiga qaytarib, egarni sindirib tashlaganimdan keyin hovrim bosilib, biroz tinchlanaman, — deb egarchi o‘z sarguzashtini tamom qilibdi.
Yigit egarchi bilan xayrlashib, gilamchaga o‘tirib, novvoyning oldiga boribdi. Novvoyxona egasi bilan salomlashib, unga egarchining sarguzashtlarini aytib beribdi.
— Ukam, siz egarchini qanday eritdingiz, u juda o‘jar chol edi-ku?— debdi.
— Nima qilsam ham ayttirdim, endi siz ham ayting! — debdi yigit.
— Otam juda qashshoq yashar edilar, tirikchiligimiz juda ham qiyinchilik bilan o‘tar edi. Otam o‘lgandan keyin uyda hech narsa qolmadi. Hech qanday hunarim bo‘lmaganidan mardikorchilikdan boshqasiga yaramadim.
Bir kun ertalab mardikor bozorida turgan edim, bozorga qora qashqa ot mingan bir boyvachcha keldi. Boyvachchaning boshida suvsar telpak, egnida kimxob to‘n, belida oltin kamar, oyog‘ida yaxshi etik bor edi. Ot anjomlariga ham oltin-kumush va har xil javohirlar qadalgan edi.
Boyvachcha oyog‘ini uzangiga tirab turib: “Menga bir yilcha ishlash uchun birorta odam kerak, ishim og‘ir emas. O‘n bir oy men unga xizmat qilib boqaman, o‘n ikkinchi oyda bir oy u menga ishlab beradi. Shunaqa odam bormi? — deb so‘radi.
Men irg‘ib o‘rnimdan turib, uning oldiga bordim.
— Mana men boraman, xo‘jayin, — dedim. Basharamga tikilib turdi-da, yuring! — deb yo‘l boshladi, yo‘l-yo‘lakay mendan har xil gaplarni so‘rab bordi.
Xo‘jayinning uyiga yetib keldik. Otini otxonaga bog‘lab, mehmonxonani ochib, meni olib kirdi-da, “Mana shu uy sizniki, ertalab shirchoy, tushda palov, kechqurun sho‘rvani ichib, bemalol yotaverasiz”, deb ichkari hovliga kirib ketdi.
Ichkaridan avval dasturxon bilan non olib chiqdi, dasturxonni yozib, nonni ushatib qo‘ydi-yu, bir kosa saryog‘ solingan shirchoy olib chiqdi, o‘zi esa ichkariga kirib ketdi.
Shirchoyga nonni to‘g‘rab yedim, qorinni to‘yg‘azib, dasturxonni yig‘ib qo‘ydim. Xo‘jayin chiqib menga ish buyurar, deb ishga tayyor bo‘lib turdim, lekin xo‘jayin tushgacha chiqmadi.
Тushda xo‘jayin bir lagan palov ko‘tarib keldi, mening oldimga qo‘yib, o‘zi kirib ketdi, kechgacha yana chiqmadi.
Kechqurun ikkita non bilan bir kosa sho‘rva olib chiqdi. Shu zaylda kunlar, oylar o‘taverdi. Meni o‘n bir oy yaxshilab boqdi, hech qan-day ish buyurmadi. O‘n ikkinchi oy boshlanishi bilan ertalab xo‘jayin chiqib:
— Qani, endi sizning ishlaydigan vaqtingiz keldi, turib aravani qo‘shing! — deb buyurdi. Aravani qo‘shdim, namat, ko‘rpacha, idish-tovoq va bitta katta meshni aravaga ortdik, o‘zi aravaga chiqib o‘tirdi-yu, menga:
— Otga minib haydang! — deb buyurdi.
Xo‘jayin ko‘rsatgan ko‘chalar bilan shahar darvozasidan chiqdik, katta yo‘l bilan ketaverdik. Yarim manzil yurganimizdan keyin dengiz bo‘yiga chiqdik. Otni aravadan chiqarib, eski bir qoziqqa bog‘ladik.
Dengiz bo‘yiga joy soldim, ko‘rpacha to‘shadim, aravadagi narsalarning hammasini tushirdim.
O‘sha yerda bir eski o‘choq bor ekan, qozonni shu o‘choqqa osdim.
Xo‘jayin o‘zi pishirgan oshni suzib keldi-yu, kosani menga uzatib, bitta suv oling! — deb buyurdi. Men suv olgani dengizga engashganim-da, mening oshimga behush qiladigan dori sepib qo‘yibdi.
Oshni “oling-oling” qilib yedigu, men o‘zimdan ketib qoldim. O‘zi bemalol oshni yebdi, meni meshga solibdi, meshning og‘zini bog‘lab, dengizga oqizib yuboribdi.
Suv to‘lqini meni dengizning narigi qirg‘og‘iga tashlabdi. Bir vaqt o‘zimga kelsam, bir narsaning ichida siqilib yotibman. Bir kuchangan edim, meshning og‘zidagi ip yechilib ketdi-yu, boshim meshdan chiqdi. Qarasam, meshning ichida ekanman. Meshdan bir amallab chiqib oldim. Qarasam, atrofim to‘la qimmatbaho toshlar. Ko‘zimga yaxshi ko‘ringanini terib, meshga sola boshladim. Meshni to‘ldirib, og‘zini chilvir bilan mahkam bog‘ladim. Cho‘ntaklarimni ham toshlarga to‘ldirdim.
Bir vaqt qarasam, osmondan katta bir tuyaqush uchib keldi-yu, meshni ko‘tarib uchib ketdi. Men ko‘p azoblar chekdim. Dengizdan baliq tutib, toshlarga yopib yeb yurdim.
Shu ahvolda olti kecha-yu olti kunduz yurdim, yettinchi kuni kechasi yig‘lab uxlab qolibman. Тush ko‘ribman. Тushimda bir oppoq soqolli nuroniy chol oldimga kelib:
— Тur, bolam, mana bu ko‘prikdan o‘tib ketgin! — dedi. Cho‘chib uyg‘ondim. Ko‘zimni ochib qarasam, dengiz ustida baland ko‘prik paydo bo‘libdi.
Irg‘ib o‘rnimdan turdim-u ko‘prikka qarab yugurdim. Ko‘prik juda uzun edi. Zo‘r mashaqqatlar bilan dengizning narigi tomoniga o‘tib oldim. Orqamga o‘girilib qarasam, dengiz ustidagi ko‘prik buzilib, baliq bo‘lib suvga tushib ketdi.
O‘shanda: “Agar baxtim chopib, davlat topsam, topganimni baliqlarga beraman” deb niyat qilgan edim.
Shu kuni dengiz bo‘yida uxladim. Uyqudan turib, shaharga jo‘nadim. Yo‘lda kela turib tuproqda meshning izini ko‘rdim.
Keyinchalik bilsam, xo‘jayin har yili menga o‘xshagan bir bechorani dengizga oqizar ekan. O‘sha odam ham menga o‘xshab asl toshlarni meshga solib tayyorlab qo‘yganda, tuyaqush kelib meshni changallab uchar va dengizning bu tomoniga olib o‘tib tashlar ekan. Buni poylab turgan xo‘jayin meshni aravaga ortib uyiga olib kelar ekan.
Shaharga yetib keldim. Yonimdagi toshlardan birini sotib kiyimlarimni yangiladim, bir saroyga kelib yotdim. Ertalab mardikor bozoriga borib, xo‘jayinning kelishini poylay boshladim.
Beshinchi kuni xo‘jayin kelib, odam so‘ragan edi.
— Men boraman, xo‘jayin, — dedim.
Yuzimga, kiyimlarimga uzoq tikilib qaragach, orqasidan ergashtirib jo‘nadi.
Xo‘jayin hovlisiga kelib, yana avvalgicha yashayverdim. Nihoyat aravani qo‘shish kuni yetib keldi. Bu gal men ham behush qiladigan dori olib qo‘ygan edim.
Bulturgidek dengiz yoqasiga yetib bordik. Otni aravadan chiqazib bog‘ladim, o‘ltiradigan joyimizni supurib namat va ko‘rpachalarni soldim. Xo‘jayin menga osh qilishni buyurdi.
Bu gal xo‘jayin meni alday olmadi. Avval kosaga suv olib qo‘ydim-u, keyin oshni suzdim va xo‘jayinning oshiga dorini sepib aralashtirib qo‘yib: “Qani, xo‘jayin, oling!” — deb oshni tushira boshladim. Xo‘jayin qovog‘ini solib osh yeyishga tushdi, besh-olti osham yeganidan keyin o‘zidan ketdi.
Men oshni yeb bo‘lib o‘lgudek qotib qolgan xo‘jayinni meshga soldim va meshning og‘zini bog‘lab, dengizga oqizib yubordim, o‘zim aylanib yuraverdim.
Kun botishiga yaqin bir qush meshni changallab kelib, aravadan nariroqqa tashladi-yu, o‘zi uchib ketdi.
Meshni aravaga ortdim-u, shaharga qarab otni haydab ketdim.
Aravadan narsalarni hovliga olib kirdim, o‘rta eshikni taqillatdim.
— Kim u,— deb ovoz berdi xo‘jayinning xotini.
— Bu yoqqa qarang!
— Kimsiz, nima deysiz?
— Qo‘rqmang, men ikki yildan beri sizning mehmonxonangizda turgan odamman, bultur ajalim yetmagan ekan, xudo yo‘l berdi, dengizdan eson-omon o‘tib, ikkinchi marotaba shu hovliga keldim.
Bu gal o‘zim va o‘zimga o‘xshaganlarning o‘rniga xo‘jayinni yubordim, u kishi endi vahshiy hayvonlarga yem bo‘ldi.
Men mana shu hovli va undagi boyliklarning egasiman, menga o‘xshagan bechoralarni qurbon qilgan eringizning gunohiga siz sherik bo‘lgansiz. Bilib qo‘ying, qozi, hokim va boshqalarga arz-u dod qilaman desangiz, o‘zingiz gunohkor bo‘lasiz, chunki eringizning qilmishlarini bilib turib, yashirib kelgansiz.
Menga tegishga rozi bo‘lsangiz, uy egasi bo‘lib tura bering, agar rozi bo‘lmasangiz, mana katta ko‘cha, to‘rt tomoningiz qibla. Sizga besh-olti kun muhlat beraman, xo‘p tanangizga o‘ylang-da, javobini bering! — dedim.
— Xo‘p, aylanay, o‘ylab ko‘raman, erimning gunohiga meni sherik qilmang, xotinlarning ishi erining buyurganini qilish bo‘ladi, — dedi.
Kunlar avvalgidek o‘ta berdi, ayol menga tegishga rozilik bildirdi. Ayol bilan er-u xotin bo‘lganimizdan keyin eridan qolgan asl toshlar: yerto‘lada to‘lib yotgan gavhar, zumradlarni ko‘rsatdi.
Bu bitmas-tuganmas boylikni asrab nima qilaman, dedim-u shu novvoyxonani qurdim. Nonlarni esa baliqlarga yedirib yuribman. Bu tuganmas boylik mendan keyin o‘g‘il va nabiralarimga ham yetib, ortadi. Hozir o‘sha xotinimdan bir o‘g‘il va bir qizim bor, — deb novvoy o‘z sarguzashtini tamomladi.
Yigit novvoy bilan xayrlashib, gilamchasiga o‘tirib go‘rkov oldiga kelibdi.
Yigit go‘rkov chol oldiga kirib, novvoyning sarguzashtlarini so‘zlab beribdi.
— Meni ham aytishga majbur qilding, bolam, — deb gap boshladi go‘rkov chol. Mening asli kasbim savdogarlik. Savdogarchilik bilan uzoq-uzoq shaharlarga borar edik, safarimiz ba’zi vaqtlarda besh-olti yillarga ham cho‘zilar edi.
Bir kuni xotinim homilador bo‘lib qoldi. Oy kuni yetib, bir qiz tug‘di. Eson-omon qutuldi, deb xursand bo‘ldim. Chaqaloqqa chillasida kasal tegdi-yu, a’zoyi-badani yara bo‘lib ketdi. Yara kundan-kunga badtar bo‘la boshladi, hech qanday dori-darmon ta’sir qilmadi.
Bolani ko‘rsatmagan tabib, jarroh, duoxon, azayimxon, qasidaxon, domla, otin va folbin qolmadi.
Uyimizda faqat qiz emas, uning g‘amida biz ota-ona ham kasalga o‘xshar edik.
Birovni ko‘rganimizda “Siz biror tabib, duoxonni bilmaysizmi?” deb so‘rar edik.
Oradan o‘n yetti yil o‘tdi, qizimiz o‘n yetti yoshga kirdi. Ko‘klam vaqti edi, juma kuni qarindoshimizning to‘yiga borib, qaytishda go‘riston ichidan o‘tib ketayotganimda bir bosh suyagiga ko‘zim tushdi. Suyakning peshonasida “Shu kalla o‘n to‘rt kishini o‘ldiradi”, deb yozib qo‘yilgan edi.
Kallani qo‘limga olib, sinchiklab qaradim, quruq bosh suyagi ekan.
Bu quruq bosh suyak qanday qilib o‘n to‘rt kishini o‘ldirar ekan deb uzoq o‘yladim, kallani qo‘ynimga solib uyga keldim-da xotinimga: “Xotin, shu suyakni hovonchada tuyib talqon qilib, bitta xaltachaga solib qo‘ygin”, deb buyurdim. Xotinim kalladan qo‘rqmasin, deb u hovonchani olib kelguncha, teshani olib uni sindirib qo‘ydim.
Xotinim suyakni hovonchaga solib, tuyib, sandiqqa solib qo‘ydi. Shu kunlarda shahrimizdagi bir qancha savdogarlar safarga tayyorlanayotgan edilar. Meni ham birga olib ketmoqchi bo‘lishdi.
O‘ylab turib rozilik berdim va safarga tayyorlana boshladim. Karvon tayyor bo‘lgach, xotinim bilan xayrlashib jo‘nab ketdim.
Karvonimiz bilan yo‘l yurib, yo‘l yursak ham mo‘l yurib, u shahardan bu shaharga o‘tib, savdo qilib uzoq yil yurdik.
Uydan ketganimdan bir yil o‘tgach, xotinim meni sog‘inibdi shekilli, sandiqni ochib kiyimlarimni bir-bir ko‘rib turgan ekan, kiyimlarim orasidan xaltachadagi suyak talqoni chiqibdi.
Bu nima ekan deb ochib ko‘rib, ozgina yalab ko‘rgan ekan, oddiy talqondek tuyulibdi, shundan qizimga ozgina bersam nima qilarkin, deb qizning og‘ziga solgan ekan, qiz yana so‘rabdi, yana talqondan ozgina beribdi. Ertasi kuni qizning yarasi biroz qotgandek ko‘rinibdi, ikkinchi kuni undan yaxshiroq bo‘libdi: keyin-keyin yaraning nishoni qolmabdi. Oradan uch oy o‘tgach, qiz butunlay sog‘ayib ketibdi-yu, lekin homilador bo‘lib qolibdi. Hamma hayron bo‘libdi.
Oy kuni to‘lib, bir o‘g‘il tug‘ibdi, tug‘ilishining ikkinchi kuniyoq bola tilga kiribdi. U tez o‘sar, o‘zidan-o‘zi o‘qish-yozishni bilar, hatto mullalar bilmagan gaplarni bilar ekan.
Shunday bir donishmand bo‘libdiki, unga hamma hayron qolibdi.
Bola to‘qqiz yoshga to‘lganda, karvonimiz bilan qaytib keldim. Bizni qarshi olib chiqqan qarindosh-urug‘, oshna-og‘aynilardan nabiramning donishmandligini eshitdim-u, mening maslahatimsiz erga berganlariga jahlim chiqib hovliga kirdim. Ko‘chamizga burilishim bilan nevaram:
— Bobojon, — deb quchog‘imga otilishi bilan, yuragim mehrga to‘ldi-yu, jahlimdan asar ham qolmadi.
Nevaramni quchoqlab bag‘rimga bosdim. Hovliga kirdik, uning gaplariga og‘zim ochilib qoldi. U uyda bo‘lgan o‘zgarish va yangiliklarni menga so‘zlab berar, shahrimizdagi donishmandlar bilan masala talashib, ularni mot qilganini va boshqa bir qancha voqealarni gapirib berar edi. Safardan qaytganimizning beshinchi kuni shahrimizning podshosi bizni chaqirdi. Podshohning ziyofatiga hamma savdogarlar hadyalar olib boradi. Men ham o‘z tuhfamni ko‘tarib ketayotganimda nevaram:
— Bobojon, meni ham olib boring, — deb yalinib yopishdi.
— Qo‘y, bolam, podshohlarning majlisi nozik bo‘ladi, men darrov kelaman, — deb aldasam ham ko‘nmadi. Noiloj olib borishga majbur bo‘ldim.
Тuhfalarni yasovulboshi-bakovulboshilarga topshirib, podshohning mehmonxonasiga kirib o‘tirdik.
Har kim ko‘rgan voqealarini aytib berar, har xil xalqlarning urf-odatlari haqida gapirib berishar edi. Savdogarlardan biri g‘aroyib baliqni suvga solib olib kelgan ekan. Baliqni o‘rtaga qo‘ydi.
Bu jonivorni ko‘rganlar hayron qoldilar. Podshohdan tortib, o‘tirganlarning hammasi ham baliqqa qiziqdi. Hamma bir-bir ko‘rib bo‘lgach, podshoh ichkariga olib kirgin, xotin-qizlar ham ko‘rishsin, deb buyurdi. Mahram bola baliqni haramga olib kirdi-yu, birozdan keyin darrov olib chiqdi.
— Ha, nima uchun darrov olib chiqding?
— Bu jonivor nomahram ekan, erkak emish, — deyishdi. Nomahram ekan, degan so‘zni eshitgan nabiram “piq” etib kulib yubordi.
O‘tirganlarning hammasi bolaga qarab qo‘ydi.
— Kim u kulgan? — deb baqirdi podshoh.
Mening yonimda o‘tirgan bir savdogar, mana bu bola, deb nabiramni ko‘rsatdi.
G‘azablangan shoh:
— Jallod! U bolaning boshini ol! — dedi. Jallod kirib bolaning qo‘lidan ushlagan edi: “Podshohi olam, avval so‘rash, keyin so‘yish, kulishimning sababi bor”, dedi nabiram.
— Ayt sababini! —dedi podshoh.
— Qulog‘ingizga aytaman, — dedi.
— Kel, ayta qol! —dedi podshoh.
Nabiram podshohning qulog‘iga bir nima dedi-yu, kelib yonimga o‘ltirdi. Dasturxonlar yozildi, necha turli taomlar yeyildi, sharoblar ichildi.
Ziyofatdan so‘ng podshoh mehmonlarga in’omlar berdi..
Menga qarab:
— Sizning nabirangiz bugun bizga mehmon bo‘ladi, — dedi.
Podshohga qulluq qilib chiqdim. Uyga keldim-u, aql-u hushim nabiramda qoldi. Ertalabgacha mijja qoqmasdan chiqdim. Ertalab podshoh saroyiga qarab yurdim. Nabiram podshoh bilan choy ichib o‘tirgan ekan. Podshoh meni choyga taklif qildi.
O‘sha kuni podshoh shunday katta in’om berdiki, shuncha yildan beri savdogarchilik qilib orttirgan davlatim podshoh bergan in’om oldida dengizdan bir qatra, oftobdan bir zarra edi.
Juda xursand bo‘lib uyga qaytdik. Nabiram podshohning qulog‘iga:
— Kulganimning sababini kechasi aytaman, meni bobomdan so‘rab olib qoling! — degan ekan.
Yarim kechagacha nabiram podshoh bilan shatranj o‘ynab o‘tiribdi. Yarim kechadan keyin:
— Qani, shohim, qurollaning, menga ham qurol bering, — deb o‘rnidan turibdi. Qurollanib bo‘lgach, ikkovlari saroyga kirishibdi.
Nabiram podshohni katta qizining uyiga boshlab kiribdi; unda hech kim yo‘q ekan. Podshohga dahlizdagi obrezni ko‘rsatib, “Shu joyni oching!” — debdi.
Podshoh obrezni ochgach, uning tagida bir zina ko‘rinibdi, zina bilan yana bir dahlizga tushibdilar. Тokchada sham yoqig‘liq. Dahlizda bir katta kovush va ikkita kichkina bola kovushi bor ekan.
Dahlizdagi uyning eshigini ochib uyga kirishibdi.
Podshohning qizi bir badbashara kishi bilan yotar, bir tomonda ikkita uch-besh yoshlar chamasidagi bolalar, ikkinchi tomondagi beshikda esa yana bir bola yotar ekan.
— Podshohi olam, bu badbashara mahram-u, tilsiz baliq nomahrammi? Mana kulishimning sababi, — debdi bola.
Shoh yerto‘ladagilarni jazolabdi. Shundan so‘ng podshoh nabiramni tez-tez chaqirib turadigan bo‘ldi.
Bir kun namoz o‘qiyotganimda nabiram kelib namozimni buzdi. Bolam, sen bir oz tashqarida o‘ynab yurgin, men namozimni o‘qib olay, keyin ikkalamiz bir joyga boramiz, — deb aldab yubordim. O‘zim namozimni o‘qiy boshlagan edim, yana kelib nomozimni buzdi, aldab yuborib namozimni boshlashim bilan kelib, namozni yana buzdi.
Ming aqlli bo‘lsa ham, bola bolaligiga boradi-da. Bolaga qo‘shilib o‘zim ham bola bo‘lib qolibman. Endi bunga bir po‘pisa qilib qo‘rqitib qo‘ymasam bo‘lmaydi, dedim-u, bir shapaloq urdim, bola ikki yumaladi-yu, go‘ristondan topganim quruq suyak kalla bo‘lib qoldi.
O‘sha kallani mana shu go‘rga qo‘yganman, endi pushaymon qilamanki, nima uchun men uni urdim, namozimni yuz martaba buzsa ham, ming marta buzsa ham mayli edi, men nima qilib qo‘ydim, — deb yig‘layman, ammo foydasi yo‘q.
Mollarim va pullarimni bir sodiq qulimga berganman, xotinim bilan qizimning ro‘zg‘origa o‘sha qaraydi, o‘zim o‘lgunimcha shu go‘ristonda qorovul bo‘lib yig‘lab yotishga ahd qilganman, — debdi chol.
Chol bilan xayrlashib, tandirchi oldiga kelgan yigit go‘rkov sarguzashtini aytib beribdi. Chol bolaga:
— Bizning turmushimizda bunday g‘aroyib voqealar bo‘lmadi. Тurgan joyimiz tandir bo‘lsa ham ichi katta joy. Kiygan choponimiz esa bitta, chunki juda qashshoqmiz, topganimiz zo‘rg‘a ovqatimizga yetadi, — deb bu kishi ham o‘z sarguzashtini so‘zlab beribdi.
Uzoq safar va mashaqqatlarda sarson bo‘lgan, nihoyat, ko‘p sirlarni bilib olgan yigit uyga kelgach, ota-onasi bilan ko‘rishib, butun voqeani so‘zlab beribdi, ertasidan boshlab siyoh, qalam va qog‘ozlarni g‘amlab olibdi-yu, o‘tgan voqealarni bir kitob qilib, otasining qo‘liga beribdi va podshohning vaziriga topshirishni va javobini olib kelishni iltimos qilibdi.
Chol saroyga kirib podshohga salom beribdi.
Podshoh vazirga qarabdi: Vazir:
— Ha, ota, nima xizmat, kimga arzingiz bor? — debdi.
Chol qo‘ynidagi kitobni vazirga beribdi.
— Bu nima, ota? —debdi vazir.
— Bu, o‘sha tandirda turuvchi chol-u kampirning hikoyasi. Qulbachchangiz berib yubordi, — debdi chol.
— Ular kitobni qo‘liga olib varaqlab ko‘rishibdi; har joy har joyidan bir xat, yarim xat o‘qib, ota siz ketavering, bu kitobni o‘qib ko‘rib, sizni o‘zimiz chaqiramiz, — deb cholga ruxsat berishibdi.
Podshoh bilan vazir kitobni diqqat bilan o‘qib chiqishibdi.
— Podshohi olam, bu yigit juda aqlli ko‘rinadi, bu ishlar har qanday odamning qo‘lidan kelmaydi. Bu kitobda yozilgan go‘rkov, novvoy, egarchilarning sirini bilish uchun ko‘p kishilar ovora bo‘lib, ularni gapirtira olmaganlar. Ayniqsa, Sanobarshohning oldiga borgan odam tirik qaytmagan.
Siz uning kambag‘alligiga qaramang, davlati bo‘lib, aqli bo‘lmasa, u davlatdan nima foyda? Bizlarning maslahatimizga kirsangiz malikani shu yigitga bering, — deyishibdi vazirlar. Podshoh bu maslahatga ko‘nibdi.
Bir haftadan keyin cholni chaqirtirib, unga bu xushxabarni va to‘y tayyorgarligiga kirishishni aytibdilar. Qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib, malikani cholning o‘g‘liga berib, hammalari murod-maqsadlariga yetgan ekanlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.