O‘tgan zamonda bir temirchi bo‘lgan ekan. Do‘koniga bir qozoq kelib, undan:
— Temir o‘choq qancha temirdan yasaladi? — deb so‘rabdi.
— Olti pud temirdan bo‘ladi, — debdi usta.
Qozoq temirchiga olti pud temir keltirib beribdi. Usta temirni olovga solaverib ozaytiribdi. Qozoq kelib:
— O‘choq bitdimi? — deb so‘rabdi. Temirchi:
— Jo‘ra, temiringning mazasi yo‘q ekan, qozonga yetmaydi, qilich yasab beraman, — debdi. Qozoq:
— Xo‘p, — deb, qaytib ketibdi. Kunlardan bir kun qozoq:
— Qilich bitdimi, — deb so‘rab kelibdi. Temirchi:
— Jo‘ra, temiring ozlik qilib qilichga yetmadi, bitta pichoq yasab beraman, — debdi.
Bir haftadan so‘ng qozoq kelsa, temirchi pichoq emas, bigiz yasab qo‘ygan ekan, o‘shani uzatibdi. Qozoq temirchidan:
— Buning ne? — deb so‘rabdi.
— Buni bizda bizgeldek deb aytiladi. Bu asbob podsholikda bo‘lmasa boshqa joyda topilmaydi, — debdi temirchi.
— Usta, xizmating uchun sani rozi qilishim kerak, o‘tovimga mehmonga chaqiraman, juma kuni uyimga borgin, — deb tayinlab ketibdi, ustaning qilgan ishidan norozi bo‘lganini bildirmay qozoq. Usta mehmonga ketayotganida shogirdiga tayinlabdi:
— Qozoq bizga ko‘p narsa qo‘yadi, sen, "ustamning haki ko‘p, bu ozlik qiladi", deyaverasan, bo‘sh kelma.
Temirchi shogirdi bilan kelishib olgandan so‘ng, qozoqnikiga borishibdi. Qozoq ham poylab turgan ekan, ustani ushlab olib ustunga bog‘lab: "Yasab bergan bigizing shumi?" deb rosa uribdi. Urib-urib charchabdi. Shunda shogirdi:
— Ustamning haqi ko‘p, hali bu ozlik qiladi, — deyaveribdi. Buni eshitgan qozoq dadil bo‘lib yana uribdi. Shogird yana:
— Ustamning haqi ko‘p, bu hali ozlik qiladi, — debdi. Usta jon talvasasida ingrabdi:
— Padar la’nati, nodon shogird, meni bu noinsof o‘ldiray deyapti-yu, sen bo‘lsang, "bu hali oz" deyishni qo‘ymayapsan!
Shunday qilib, qozoqni aldagan hiylagar usta majruh bo‘lib qolibdi.