OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Vijdonli yigit

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir chol bilan kampir yashagan ekan. Ularning bitta-yu bitta o‘g‘illari bor ekan. Unga yoshligidan yaxshi tarbiya berishibdi. U aqlli, vijdonli, insofli yigit bo‘lib o‘sibdi.
Yigit bir kuni qarasa, ariqda bitta qizil olma oqib kelayotgan ekan. U shu olmani olib rosa tomosha qilibdi. Olma juda chiroyli ekan, hidi ham o‘tkir ekan. Oxiri hech chiday olmay, olmani bitta tishlabdi. Olma shunaqayam lazzatli ekanki, ta’mi og‘zida qolibdi.
Yigit o‘ylanib turib, olmaning egasini topishga, uning haqqini berishga qaror qilibdi. Yigit olma oqib kelgan ariq bo‘ylab ketaveribdi. Yo‘lda katta bir boqqa duch kelibdi. Qo‘lidagi olma bilan bog‘dagi olmalarni solishtirib ko‘rsa, bir-biriga hech o‘xshamas ekan. Shunda yigit bog‘bondan surishtira boshlabdi. Bog‘bon yigitga:
— O‘g‘lim, bu olmalar uch kunlik yo‘ldan oqib kelgan, —debdi.
Yigit o‘z uyiga qaytib kelib, bo‘lgan voqeani ota-onasiga aytib beribdi. Ular o‘g‘illarini o‘sha joyga yaxshi borib kelishiga rozilik bildirib, oq fotiha berishibdi. Yigit uch kunlik xarajatlarni olib yo‘lga tushibdi.
Yigit uch kun yo‘l yurgach, katta bir bog‘ning oldidan chiqib qolibdi. Bog‘ning ichkarisiga kirsa, bir chol daraxtlarning tagini chopib, ishlab yurgan emish. Yigit cholga salom berib, kelishdan maqsadi nima ekanligini aytibdi. Shunda chol:
— Mening bog‘imdagi olmalar pulga sotilmaydi. Mening uyimda bir qizim bor. Oyog‘i — shol, ko‘zi — ko‘r. Olmaning haqiga shu qizimni olasan, — debdi.
Yigit bir oz o‘ylanib turib, cholning gapiga rozi bo‘libdi. Yigit qizni ko‘rmoqchi ekanligini aytibdi. Qarasa, oy desa — oy, kun desa — kundek yuzi bor, qirq kokili beliga tushgan chiroyli qiz ekan.
Yigit o‘z ota-onasi yoniga qaytib kelib, bo‘lgan gaplarni aytib beribdi. Keyin yigitning ota-onasi bog‘bonnikiga sovchilikka borishibdi. Tez kunda katta to‘y boshlanib ketibdi. Yigit bilan qiz bir umr birga ahil, totuv yashashibdi. Ular besh o‘g‘il, uch qizlik bo‘lib, murod-maqsadlariga yetishibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.