OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ziyod botir

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir podsho bor ekan. Uning bir qizi bor ekan. Nihoyatda sohibjamol, go‘zallikda tengi yo‘q, aqlli, hushyor qiz ekan. Uni kim bir marta ko‘rsa, yana bir ko‘rsam, deb orzu qilar ekan. Oti ham o‘ziga yarashgan Qamarxon ekan. Podsho qizini o‘g‘lidan ortiq ko‘rar ekan. O‘q otish, nayza sanchish, qilich urishda bu qizga barobar keladigan kishi yo‘q ekan.
Qamarxonga oshiq bo‘lganlarning son-sanog‘i yo‘q ekan. Boshqa el-yurtlardan ham shahzodalar, bekzodalar oshiq bo‘lib sovchi yuborar ekanlar, ammo qiz ularni yoqtirmas ekan. Qizning beradigan javobi bitta: “Erga tegmayman”, der ekan.
Podshoning saroyida bir usta ishlar ekan. U hamma hunarni bilar ekan. Uning yasagan asboblari podshoga juda ma’qul bo‘lganidan podsho uni saroydagi barcha ustalarga boshliq qilib qo‘ygan ekan. Xalq orasida ustaning obro‘si juda baland ekan. Saroy xizmatidagilarning kattasidan kichigi uni hurmat qilar ekan. Ustaning yigirma yashar navqiron o‘g‘li bo‘lib, xushsurat, o‘qigan, aqlli, botir ekan. Bu bolaning oti Ziyod botir bo‘lib, bahodirlikda dong chiqargan ekan. Ziyod botir ham podshoning qizi Qamarxonga oshiq ekan. Otasi o‘g‘liga o‘z hunarini o‘rgatar ekan: “O‘g‘lim, sen mening hunarimni o‘rganib ol, bir kuningga yaraydi”, der ekan.
Otasi Ziyod botir Qamarxonni sevib qolganini bilmas ekan. Yigit kechalari malikaning ishqida yig‘lab chiqar ekan. Ziyod botir ko‘p o‘tmay, otasining hunarini o‘rganib olibdi.
Bir kuni malika ustaga yangi o‘q-yoy buyuribdi. Usta malikaning didiga yoqadigan o‘q-yoy qilish uchun bor hunarini ishga solibdi. Ziyod botirning otasi tez kunda bitta o‘q-yoy tayyor qilibdi. O‘g‘li ham otasidan yashirincha o‘q-yoy tayyorlagan ekan. Тayyorlangan o‘q-yoyni otasiga ko‘rsatibdi. Otasi uni ko‘rib juda hayratda qolibdi. O‘q-yoy otasi tayyorlagan o‘q-yoydan ancha yaxshi ishlangan ekan. O‘q-yoyning qabzasiga ajoyib baytlardan naqshinkor qilib yozib qo‘yilgan ekan. O‘q-yoy shunday chiroyli chiqibdiki, uni qo‘lga olib ko‘rgan kishi hayron qolar ekan. Otasi juda xursand bo‘libdi va o‘g‘lining peshonasidan o‘pib: “Balli, o‘g‘lim, mening hunarimni o‘rganib olibsan, endi to umringning oxirigacha hech kishiga xor bo‘lmaysan”, debdi. So‘ng o‘zi tayyorlagan o‘q-yoyni qoldiribdi-da, malikaga Ziyod botir ishlagan o‘q-yoyni yuboribdi. Malika o‘q-yoyni ko‘rib qoyil qolibdi. O‘q-yoy o‘zining o‘ylaganidan ham ziyoda bo‘lgani uchun ustaga sovg‘alar beribdi.
Usta ancha keksayib qolgan ekan. Bir kun qattiq kasal bo‘libdi, hech qanday dori-darmon kor qilmabdi, oxiri vafot qilibdi. Usta o‘lgandan so‘ng podsho Ziyod botirni chaqirib olib, uni otasining o‘rniga tayinlab, ustalarga boshliq qilib qo‘yibdi. Ziyod botir bu yangi xizmatini qilib yuraveribdi.
Kunlarning birida podsho haramga kiribdi, qizining bir o‘q-yoyiga ko‘zi tushibdi. O‘q-yoyni qo‘liga olib, ishlanishini tomosha qilib hayron bo‘libdi, birdan uning qabzasiga tikilib qolibdi va Ziyod botirning naqsh bilan mayda qilib yozib qo‘ygan baytlarini o‘qibdi. So‘ngra bu yozilgan baytni qiziga o‘qib beribdi. Qizi ham hayron bo‘libdi. Keyin podsho g‘azablanib, Ziyod botirni chaqirib:
— Buni kim yozgan? — deganida, Ziyod botir:
— Men yozdim, — debdi. Podsho:
— Hali sen shunday yaramas ishlarni ham qilasanmi, ko‘rnamak! — deb jallod chaqirib, uni o‘limga buyuribdi.
Shunda vazirlardan biri podshoning oyog‘iga yiqilib, Ziyod botirning gunohini so‘rabdi. Podsho vazirning so‘zini yerga tashlamay, Ziyod botirni o‘limdan ozod qilibdi, lekin, shahardan tashqariga haydab yuboribdi.
Ziyod botir yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, cho‘l-biyobonlardan oshib, bir hafta deganda bir tog‘ga yetibdi. Bu tog‘ ko‘kalamzor, odamning ko‘nglini ochadigan xushhavo joy ekan. Ziyod botir tog‘da aylanib yurib nariroqqa borsa, bir mo‘ysafid chol necha ming yilqi-qo‘ylarni o‘tlatib yurgan ekan. Ziyod botir cholga salom beribdi. Chol yigitning charchab kelganini bilib, bir kosa qimiz uzatibdi va:
— Qayerdan kelyapsan, o‘g‘lim? — deb so‘rabdi. Ziyod botir boshidan o‘tgan voqealarni birma-bir gapirib beribdi. Cholning rahmi kelib:
— O‘g‘lim, endi qayoqqa borasan? — deb so‘rabdi.
— E, ota, endi qayoqqa borar edim. O‘z yurtimdan judo bo‘lgan bir g‘arib-u musofirman. Hozir boshim og‘gan tomonga ketayotibman, — debdi Ziyod botir.
— Men shu tog‘ xalqining molini boqaman, — debdi chol, — ota-bobodan tortib hammamiz shu kasbni qilib kelamiz. Тopganimga qanoat qilsang, menga o‘g‘il bo‘laqol.
Ziyod botirga bu gap ma’qul tushibdi:
— Otajon, agar siz shuni xohlasangiz, men jon-u dilim bilan qabul qilaman, — debdi.
Shunday qilib, Ziyod botir cho‘ponga o‘g‘il bo‘lib, qo‘ylar-yilqilarni boqib yura beribdi. Ziyod botir bu yerda palaxmonga tosh solib otishni juda yaxshi mashq qilibdi. Yirtqich hayvonlar mollarni talasa, bir tosh bilan urib o‘ldiraveribdi. Ziyod botirdan tutingan otasi ham xursand bo‘libdi. Har yili bir qancha mollarni yirtqich hayvonlar nobud qilar ekan. Ziyod botir borganidan so‘ng mollar tinchib qolibdi. Ziyod botirning ta’rifi butun tog‘ xalqiga yoyilib ketibdi. Odamlar Ziyod botirga “Sangdoz1 botir” deb nom beribdilar. Oradan ikki yil o‘tibdi. Ziyod botir shu yerda otasi bilan mol boqib yuraversin. Endi gapni podshoning qizi Qamarxondan eshiting.
Qamarxon Ziyod botirni sevib qolgan ekan, ichida: “Agar otam meni erga bersa, shunga bersa”, deb yurar ekan. Otasi Ziyod botirni shahardan haydab yuborgandan keyin yorug‘ dunyo Qamarxonning ko‘ziga qorong‘i bo‘lib, erta-yu kech Ziyod botirni yodlab, kechalari yig‘lab, tong ottirar ekan. Ammo dardini hech kimga aytmas ekan. Qamarning qirq kanizi bo‘lib, ularning boshlig‘i Humoyun degan bir qiz ekan. Qamarxon o‘z sirini axiri shunga aytibdi. Malika o‘z xafaligini tarqatish uchun tez-tez ovga chiqib turibdi. Bahor kunlarining birida otasidan ijozat olib, yigitlar kiyimini kiyib, qirq kaniz bilan ovga chiqibdi. Bir necha kun yurgandan so‘ng bir o‘rmonga yetibdi. Тustovuq va turli qushlarni ovlabdi, lekin tuzukroq ov uchramabdi. Qamarxon boshqa bir joyga borib qarasa, osmon bilan o‘pishgan baland bir tog‘ni ko‘ribdi. Qiz tog‘ga chiqib ketayotgan paytda oldidan bir bo‘ri chiqib qolibdi. Qamarxon bir o‘q bilan bo‘rini o‘ldirib, bitta qizning qo‘liga berib, oldinga qarab yurgan ekan, bir kiyikning o‘tlab yurganini ko‘ribdi. Kiyikning qulog‘iga tilla halqa osilgan, shoxiga tilladan muhr bosilgan, bo‘yniga har xil asl toshlar taqilgan ekan. Qamarxon kiyikni yaxshi ko‘rib qolibdi. Qizlarga “Shu kiyikni o‘rab olib, tiriklay tutinglar, kiyikni hech kim qochirmasin, agar kimki qochirsa, yuziga qora surtib, ovdan haydanglar”, debdi.
Qizlar Qamarxonning aytganini qilib qo‘llariga kamand olib, kiyikning atrofini o‘rabdilar. Humoyun o‘rtaga tushib kiyikka kamand tashlabdi. Kiyik chap berib, malikaning yonboshidan o‘tib ketibdi. Malika ketma-ket uch marta kamand tashlabdi, kiyikni ilintirolmabdi. Qizlardan uyalib, achchig‘i kelib, kiyikning orqasidan quva ketibdi. Kiyik ham otgan o‘qday vizillab, uchar qushday pirillab keta beribdi. Malikaning mingan oti uchqur otlardan ekan. Shunday bo‘lsa ham kiyikka yetolmabdi, lekin kiyikning ketidan qolmabdi. Kiyik ham, ot ham nihoyatda charchabdi. Kiyik to‘ppa-to‘g‘ri bir g‘orga kirib ketibdi. “Ha, seni endi tutdim”, deb malika sevinib, g‘orga kirib qarasa, g‘or teshik ekan, kiyik undan chiqib ketibdi. Qiz yana otga minib, kiyikning orqasidan qorama-qora quvib ketaveribdi. Kiyik tog‘ yoqalab ketayotgan paytda Ziyod botirga duch kelib qolibdi. Ziyod botir shu tog‘da yilqilarini o‘tlatib yurgan ekan. Palaxmonga tosh solib, kiyikning shoxini mo‘ljallab uribdi. Тosh kiyikning bir shoxini uchirib yuboribdi. Jonivor kiyik til tortmay o‘libdi. Ketma-ket malika ham quvib kelibdi, qarasa, kiyik o‘lib yotibdi. G‘azab bilan qilichini qinidan sug‘urib:
— Hoy, nomard cho‘pon! Mening maqsadim kiyikni tiriklayin tutmoq edi. Sen nega birovning ovini otding! — deb qilichni aylantirib, otining boshini Ziyod botir tomonga buribdi, otga bir-ikki qamchi berib, Ziyod botirni o‘ldirish uchun kelayotgan paytda tog‘ning bir chekkasidan bir yo‘lbars chiqib, qiz tomon yuguribdi. Malikaning oti yo‘lbarsni ko‘rishi bilan qo‘rqib orqasiga tislanibdi. Malika ot ustidan uchib ketibdi. Qilichi chap qo‘lining tirsagiga tegib, yerga yiqilibdi.
Ziyod botir yo‘lbars paydo bo‘lishi bilanoq palaxmonga tosh solib, mo‘ljallab turgan ekan. Yo‘lbars malikaga chovut solmoqchi bo‘lib sakraganda, Ziyod botirning otgan toshi yo‘lbarsning boshiga tegibdi va uni o‘ldiribdi. Ziyod botir malika yoniga kelib qarasa, yuziga niqob tutgan bir chiroyli yigit otdan yiqilib, behush bo‘lib yotgan emish. Qilichi qo‘lidan tushib, yerga sanchilib qolgan emish. Darrov ko‘ylagining yengini yirtib olib qizning yarasini bog‘lab qo‘yibdi. Yigit: “Insof yuzasidan ish qilishim kerak, bu bechora bekorga o‘lib ketmasin”, deb suv keltirib, uning yuziga sepibdi. Qiz shunda ham o‘ziga kelmabdi. Botir: “Uning yuzidan niqobini olib, ozgina suv ichirib ko‘ray-chi”, deb qarasa, qora sochlari jingalak-jingalak bo‘lib ketgan Qamarxon ekan. Yigit o‘zini yo‘qotib qo‘yibdi.
Birozdan so‘ng u o‘ziga kelib:
— E, pari, boshingni ko‘tar, turgil, meni kuydirmagil. Sen meni chopsang chop, ammo behush yotib o‘ldirmagil, — deb shuncha yalinsa ham, qiz hushiga kelmabdi. Bir fursatdan keyin qiz o‘ziga kelibdi. Qarasa, tepasida cho‘pon ko‘z yoshlarini to‘kib turgan emish. Qiz tikilib yigitni tanibdi. Sevinganidan yana hushini yo‘qotib qo‘yibdi. Shu paytda Qamarning kanizaklari uni qidirib kelib qolibdilar. Qarasalar, bir yo‘lbars o‘lib yotgan emish. Malika behush, bir cho‘pon tepasida dam-badam suv berib turgan emish. Qizlar darrov otlaridan tushibdilar. Humoyun yugurganicha kelib, malikaning boshini tizzasiga olib, ko‘zidan yosh to‘kib turgan paytda malika yana hushiga kelibdi.
Humoyun malikaning qo‘lini yechib, yarasiga dori surib, uni yana bog‘lab qo‘yibdi. Malikani saroyga olib qaytishmoqchi bo‘lganlarida u unamabdi:
— Men to tuzalgunimcha shu yurtdan ketmayman, — debdi. O‘sha yerda bir buloq yonida ikki tup katta daraxt bor ekan, ikki botmon yerga soya berar ekan. Malikani o‘sha yerga yotqizib qo‘yi-shibdi. Malika
“Ziyod botir meni tanirmikin”, degandek qilib undan so‘rabdi:
— Siz bu yerda qachondan beri cho‘ponlik qilasiz?
Ziyod botir “Qamarxon meni tanimaganga o‘xshaydi, rostini aytib qo‘ya qolay”, deb:
— Sizning otangiz haydab yuborgandan beri, — debdi. Malika Ziyod botirga kulimsirab qarabdi. Botir sevinganidan yuragi o‘ynab ketibdi. Malika Ziyod botirdan uzr so‘rab:
— Haqiqatan ayb menda, sizni otamdan so‘rab, azobdan qutqarib qololmadim, — debdi.
— Ayb sizda emas, otangizda, — debdi yigit.
Ziyod botir terisiga sig‘may, quvonib, cho‘pon otasini chaqirib kelibdi. Otasi “Bu aziz mehmonlarni ziyofat qilishimiz kerak”, deb qishloqdan bir katta qozon keltirib, bir necha qo‘yni so‘yib, qozonlarga olov yoqib yuboribdi. Cho‘pon qizlarga:
— Chanqagandirsizlar? — deb choralarda1 qimiz quyib berib turibdi. Oradan bir qancha kun o‘tibdi. Malikaning yarasi ham tuzala boshlabdi.
Endi so‘zni malikaning otasidan eshiting.
Malika ovga chiqib ketgandan keyin besh kun o‘tibdi, malikadan darak bo‘lmabdi. Otasi bir pahlavonni chaqirib, unga bunday debdi:
— Besh kun bo‘ldi, haligacha malikadan darak yo‘q, borib bir xabar olib kel-chi, qayerda ekan? Uni qayerda uchratsang ham olib kel.
Bu pahlavon malikani sevar ekan. Shuning uchun ham podshoga astoydil xizmat qilib yurar ekan. Podshoning so‘zini eshitib pahlavon benihoyat xursand bo‘libdi. U yigitlar bilan otlanib “Malikani qayerda yolg‘iz topsak, u bilan suhbat quramiz”, deb bir xum sharob olib, safarga chiqibdi. U besh kun deganda malikani topibdi. Qarasa, malika Ziyod botir bilan suhbat qilib o‘tirgan emish. Buni ko‘rib pahlavonning joni chiqib ketibdi. Bir narsa degani malikadan qo‘rqib, otdan tushibdi, ular bilan so‘rashib bo‘lib malikaga:
— Otangiz sizdan xavotir olib, meni yubordilar, — debdi.
Shunda pishib turgan sho‘rvani suzib, mehmonlarga tortishibdi. Pahlavon ham olib kelgan sharobini o‘rtaga qo‘yibdi. Qizlardan bir-ikkisi kosagul bo‘lib sharobni quyib turibdi. Malika ham ko‘pdan beri xumor ekan. Malika sharob ichganidan keyin Ziyod botir ham ichibdi. Pahlavon bir-ikki kosa sharob ichgandan so‘ng boshi aylanib ko‘zi qizaribdi, arzimagan narsadan bahona topib, Ziyod botirga do‘q qilibdi.
“Mening so‘zimni nega qaytarasan!” deb o‘rnidan turib, Ziyod botirga bir musht uribdi. Ziyod botir achchiqlanib, pahlavonni bir urgan ekan, chakagi tushib, og‘zidan ko‘pik oqib, o‘sha ondayoq o‘libdi. Pahlavonning yigitlari Ziyod botirga yopisha ketibdilar. Ziyod botir jang qilib, ularni yengibdi. Jang tugagandan keyin malika: “Endi bu yerda turib bo‘lmas, boshqa bir yurtga ketaylik” debdi, keyin qizlarga javob berib:
— Otam meni so‘rasa, “Malika boshqa yurtga ketgan”, deb aytinglar, — debdi.
Malika qizlar bilan xayrlashibdi, qizlar xafa bo‘lib, shaharga qaytibdilar.
Ziyod botir va malika cho‘pon otasi bilan xayrlashib, har ikkalasi ikki otga minib yo‘lga ravona bo‘libdi. Ular ov qila-qila bir necha kun deganda bir shaharga boribdilar. Bu shaharning nomi Hirot ekan. Ana shu yerda Sulton Husayn mirzo podsho ekan. Bular kelib bir saroyga tushibdilar. Bir necha kun o‘tgandan keyin Ziyod botir qizni nikohlab olish uchun odam axtaribdi. Shu saroyga yaqin joyda bir shayx bor ekan. Botir shayxnikiga boribdi. Shayx uyda yo‘q ekan. Uning o‘g‘li chiqibdi. Ziyod botirning so‘zini eshitib. “Men o‘zim nikohlab qo‘ya qolay”, debdi va Ziyod botir bilan saroyga kelibdi. Nikoh paytida ko‘zi qizga tushib: “Attang, shunday chiroyli qizni nikohlab qo‘ldan berib qo‘ydim”, deb afsuslanib, uyga qaytibdi.
Qiz dardida Ziyod botir bilan og‘ayni bo‘lib qolibdi.
Shayxning o‘g‘li:
— Musofirni siylamoq kerak, deganlar, — deb ularni tez-tez ko‘rgani kelib turibdi. Ziyod botir qiz bilan maslahatlashib, bir temirchiga shogird tushibdi. Тemirchiga uning xizmati yoqib qolibdi. Тemirchi qarasaki, yigit o‘zidan ham hunarmand usta, insofli odam ekan.
Uni o‘ziga sherik qilib olibdi.
Bir kuni shayxning o‘g‘li Ziyod botirga qarab:
— Birodar, siz saroyda yotmang, men o‘z mahallamdan bir hovli topib qo‘ydim. Shuni sizga olib beraman, — debdi.
Ziyod botir hovlini ko‘rib yoqtiribdi. Ishlab orttirgan puli bor ekan, pulni naqd sanab berib, hovlini olibdi. Hovliga xotini bilan ko‘chib kelibdi. Keyin shayxning o‘g‘li Ziyod botirga:
— Xotiningiz yosh, siz ishga ketgan paytda u yolg‘iz qoladi. Biznikida bir yaxshi kampir bor, o‘zi befarzand. Shu kampirni siznikiga yuborsam qanday bo‘ladi? — deb so‘rabdi.
Ziyod botir undan xursand bo‘lib, rozilik beribdi.
Shayxning o‘g‘li bir makkor kampirni topib, unga bir qancha pul beribdi va “Ishqilib shu Qamarxonni yo‘ldan chiqaring”, deb uni Ziyod botirning uyiga oborib qo‘yibdi.
Kampir Qamar bilan ona-boladay bo‘lib ketibdi. Kampir erta-yu kech qo‘lida tasbeh, ibodat qilar ekan. Qamar eri ishga ketgandan keyin gilam to‘qir, zeriksa, ashula aytar ekan. Kampir asta-sekin qizning pinjiga kirib, shayxning o‘g‘lini maqtay boshlabdi. Qamar makkor kampirning harakatini sezib qolibdi. Erini kampirning aytganlaridan xabardor qilibdi. Shunda Ziyod botir:
— Men ham o‘ylagan edim-a, bu menga nega muncha do‘st bo‘lib qoldi, deb, do‘stlik bu yoqda ekan-da, mayli, hozircha indamay turgin-chi, yana nima der ekan, — debdi.
Ertasiga makkor kampir yana shayx o‘g‘lidan gap boshlab:
— Sizni u kishi juda yaxshi ko‘rar emish, shu kishi bilan bir gaplashsangiz nima qiladi? — debdi.
Qamarning achchig‘i kelib, kampirning lunjiga bir tushiribdi. Kampir g‘o‘ldirab, shayx o‘g‘lining yoniga boribdi va bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Shayxning o‘g‘li achchiqlanibdi. Odam o‘ldirib yurgan bir kishisi bor ekan, uni chaqirib:
— Bu kecha hech qayerga borma, bir ish bor, shuni bajarasan, — debdi.
Shayxning o‘g‘li yarim kechada xizmatkori bilan Ziyod botirning uyiga kelibdi. Bularning uxlaganini bilib, ikkisi devordan oshib tushibdi, u Ziyod botirni o‘ldirib xotinini olib chiqib ketmoqchi ekan. Qamar odam sharpasini sezib, Ziyod botirni uyg‘otibdi. Ziyod botir o‘rnidan turib qarasa, ayvon oldida ikki odam turgan emish. Yostig‘i tagidan xanjarini olib, shayxning xizmatkori bilan olishibdi. Qamar yugurganicha borib, shayxning o‘g‘lini bir musht urib, lunjini shishirib qo‘yibdi. Ziyod botir esa, shayx o‘g‘lining odamini o‘ldirib, unga hamla qilmoqchi bo‘lib turgan shayx o‘g‘lini ham dast ko‘tarib yerga uribdi, lekin shayxning o‘g‘li yalinib-yolvora bergandan keyin, uni bo‘shatibdi. Shunda shayx o‘g‘li Ziyod botirning oyog‘iga yiqilib, ikkinchi bunday noma’qulchilik qilmaslikka so‘z beribdi.
Malika “O‘ldiraylik”, desa ham, Ziyod botir: “Mayli, ketsin bu nomard! Ikkinchi bunday ishni qilmasin!” deb uni uydan chiqarib yuboribdi.
Shayx o‘g‘li bu yerdan chiqqandan keyin “Nega shuni podshoga borib aytmayman?” deb, lunjini tang‘ib, podsho saroyiga boribdi.
Sulton Husayn mirzo o‘z yaqinlari bilan o‘tirgan ekan, ular orasida buning otasi shayx ham bor ekan. Shayxning o‘g‘li podshoga ta’zim qilib:
— Shohim, yaqinda yurtimizga bir bepadar yigit bir qiz bilan kelgan edi. Men ularni durust odam deb nikohlab qo‘ygan edim. Keyin hovli ham olib berdim. Shu kecha ko‘chadan o‘tib ketayotsam, shu hovlida bir qancha yigitlar o‘rtasida haligi bepadarning xotini o‘ynab turgan ekan. Achchig‘imga chidolmay yigitni chaqirdim va ”Bu nima buzuqlik, uyalmaysanmi?” degan edim, u menga bir musht soldi. Shohim, shu yaramas yigitni shahardan badarg‘a qilishga farmon berishingizni so‘rayman. Buning kasofati hammamizga tegmasa deb qo‘rqaman, — debdi.
Podsho g‘azablanib:
— Uni shahardan haydab yuborish bir yoqda tursin, hozir chaqirtirib o‘ldiraman! — debdi va odam yuboribdi. Podsho yuborgan kishilar Ziyod botir bilan Qamarxonning qo‘llarini orqalariga bog‘lab olib kelishibdi. Podsho Qamarni ko‘rishi bilanoq o‘zini yo‘qotib qo‘yibdi.
Lekin ularni yaramas ish qiladigan odamga o‘xshatmabdi.
Podsho Ziyod botirdan:
— Sen bu qizni qayerdan olib kelgan eding? — deb so‘rabdi. Ziyod botir:
— O‘zidan so‘rang, — debdi.
Podsho saroyni holi qoldirib, Ziyod botirga:
— Sen qizni tashlab ketaver! — debdi.
Ziyod botir unamabdi. Podsho achchiqlanib:
— Jallod! Olib chiq buni, dorga os, — debdi. Botirni jallodlar olib chiqib o‘ldirmoqchi bo‘lganda Ziyod botir chaqqonlik bilan ular qo‘lidan chiqib qochibdi va to‘ppa-to‘g‘ri haligi temirchi ustaning uyiga borib, bo‘lgan voqeani unga so‘zlab beribdi. Тemirchi “Falon joyda bir g‘or bor, sen o‘sha yerga borib turasan, men shaharda nima gap bo‘lganini ertaga borib senga aytaman”, debdi.
Endi gapni malikadan eshiting:
Podsho Qamarga yaxshi gapirib: “Men sizni malikalarning malikasi qilay, siz men bilan bo‘ling”, deb ko‘p yalinsa ham bo‘lmabdi. Podsho g‘azablanibdi. Podshoning bog‘ida yashirin bir zindon bor ekan, uni hech kim bilmas ekan. Qamarni shu zindonga solibdilar. Ziyod botirning qochganini eshitib, uni ko‘p qidiribdilar, lekin topa olmabdilar. Ertasiga kechqurun temirchi usta Ziyod botir yashiringan g‘orga borib, ikkisi uzoq maslahat qilishibdi.
Ziyod botir:
— Endi nima qilamiz, bir tuzukroq yo‘l ko‘rsating, — debdi.
Тemirchi o‘ylab-o‘ylab:
— Bir yo‘l bor, — debdi, — u ham bo‘lsa podshoning vaziri Alisher Navoiy bilan uchrashasan, butun sirni unga aytasan, dardingga o‘sha kishi davo topa oladi.
Ziyod botir “Xo‘p”, deb yarim kechada g‘ordan chiqib, Navoiyning uyiga boribdi. Eshikda turgan mulozimga salom berib:
— Men Navoiy hazratlarinikiga uzoq yerdan mehmon bo‘lib keldim, — debdi.
Navoiy kechalari uxlamasdan ishlar ekan. Mulozim Navoiy huzuriga kirib: “Bir mehmon yigit uzoqdan sizni ko‘rgani kelibdi”, degan ekan, Navoiy:
— Chaqir, kirsin! — debdi.
Ziyod botir Navoiy bilan ko‘rishib-so‘rashib bo‘lgach, boshidan o‘tgan voqealarni birma-bir bayon qilibdi. Navoiy uni yupatib:
— Xotirjam bo‘ling, podsho Qamarni o‘ldirmaydi, men uning xabarini ertaga olib kelaman, — debdi.
Navoiy ertasi podsho saroyiga borgan vaqtida bog‘ga kiribdi. U podshoning shu yerda yashirin zindoni borligini bilar ekan. Bog‘ni aylanib yurganda uni bog‘bon ko‘rib qolibdi, Navoiyga ta’zim qilib bir dasta gul tutibdi. Bu kishi ham bog‘bonlik, ham zindonbonlik qilar ekan. Bu sirni hech kim bilmas ekan.
Navoiy bog‘bonga qarab:
— Qizdan xabar olib turibsizmi? Yoshlik qilib tag‘in o‘zini o‘zi o‘ldirib qo‘ymasin, — debdi. Bog‘bon:
— Ha, taqsir, xabar olib turibman, podshoning o‘zlari ham hozir kelib ketdilar, — debdi.
Shu bilan Navoiy xotirjam bo‘lib, uyga qaytibdi va Ziyod botirga qizning sog‘-salomatligini bildiribdi. O‘zi shu kundan boshlab odamlarga podsho bog‘iga tomon lahim kovlatibdi. Uch kun deganda lahim kovlanib bo‘libdi. Navoiy Qamarni zindondan chiqaribdi, o‘z uyiga olib borib, unga bir yaxshi joy tayin qilibdi. So‘ngra Ziyod botirga.
— Sening birodaringman, Qamar bajonidil singlim, mening uyimda bir umr tursangiz ham bemalol, birov sizlarga daxl qilmaydi, — debdi. Qamar bilan Ziyod botir xursand bo‘lib Navoiyning uyida yashabdilar. Oradan uch yil o‘tibdi. Qamar bir o‘g‘il tug‘ibdi. Bolasi yuradigan bo‘libdi. Bir kun Navoiy bog‘dan chiqib ketayotganda bola yo‘lda suv o‘ynab turgan ekan. Navoiy uni ko‘tarib, qo‘liga gul berib, Ziyod botirning eshigi oldiga yetganida ichkaridan Ziyod botirning ovozi eshitilibdi:
— Nega yig‘laysan, onangni sog‘inganing bilan borib ko‘rolmaysan. Qo‘y, yig‘lama, yuragimni ezma!
Navoiy buni eshitib hovliga kiribdi. Qamar ko‘z yoshini artib o‘rnidan turib, Navoiyga salom beribdi. Navoiy:
— Xafa bo‘lmang, singlim, yana bir oy sabr qiling, yurtingizga o‘zim oborib qo‘yaman, otangizga ham tushuntiraman, — debdi.
Oradan bir oy o‘tibdi. Navoiy podshodan sayohat bahonasi bilan ijozat olib, o‘zining yaxshi sirdosh yigitlaridan to‘rttasini hamroh qilib, safar jabdug‘ini rostlabdi. Yigitlar bir hafta ilgari Qamar bilan Ziyod botirni shahardan chiqarib, bir tog‘ning bag‘riga qo‘yib kelishibdi. Navoiy bir haftadan so‘ng yo‘lga chiqibdi. Qamar bilan Ziyod botirni olib, to‘ppa-to‘g‘ri ularning yurtiga jo‘nabdi.
Bir necha kun yo‘l yurib, yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, axiri Qamarning yurtiga yetibdilar. Podsho Navoiy kelganini eshitib bir qancha meh-monlarni chaqiribdi. Navoiyni bir necha kun mehmon qilgandan keyin:
— Xush kelibsiz, xizmat, — debdi podsho. Navoiy:
— Sizdan ikki gunohkorning gunohini kechishingizni so‘ragani keldim. Shularning gunohini o‘tsangiz, bir necha kun turaman, bo‘lmasa hozir qaytib ketaman, — debdi. Podsho:
— Agarda gunohkorlar otamni o‘ldirgan bo‘lsalar ham siz tufayli ularning gunohini kechdim, kim ekan ular? — debdi.
Navoiy Qamar bilan Ziyod botirni chaqiribdi. Qamar kelib, otasiga o‘zini tashlabdi.
Podsho sevinganidan hushidan ketayozibdi.
— Qayerda eding, bolam? — deb yig‘lab yuboribdi. Qamar yo‘qol-ganidan so‘ng podshoning darak solmagan joyi qolmagan ekan.
Navoiy bularning boshiga tushgan hamma kulfatlarni birma-bir aytib beribdi.
Podsho shahar xalqiga yetti kun ziyofat beribdi. U Ziyod botirni o‘ziga lashkarboshi qilib tayinlabdi. Ziyod botir tog‘da cho‘ponlik qilib yurgan otasini chaqirtirib kelib, bir bog‘ olib beribdi. Ziyod botir xalqqa mehribonlik qilib, kambag‘al, och-yalang‘och, beva-bechoralarga qo‘lidan kelganicha yordam qilibdi. Navoiy bir necha kun turgach, Hirotga qaytibdi, Ziyod botir bilan Qamarxon shod-xurramlik bilan umr kechiribdilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.