OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Donolik va nodonlik haqida maqollar

Adashgan aqldan ozar.

Adashmagan til, 
Toyrilmagan tuyoq yo'q.

Ayolning husni pardozda emas, aqlida. 

Aybini yashirmoq nodonlar ishi.

Aynlining bolasi qarg'aning tilini bilar.

Ayron osh bo'lmas, 
Nodon — bosh.

Aytguvchi nodon bo'lsa, 
Tinglovchi dono kerak.

Amalga qarama, aqlga qara.

Anqov o'yin buzar,
Tentak — uyin.

Achchig'ing oldin yursa, 
Aqling keynidan oshib kelsin.

Achchig'ing chiqsa ham, aqling qochmasin. 

Aql aynimas, oltin chirimas. 

Aql aqldan quvvat olar. 

Aql bilan odob egizak. 

Aql bozorda sotilmas.

Aql — boshda, 
G'ayrat — yoshda, 
Asl — toshda.

Aql boshdan chiqadi, 
Asl — toshdan.

Aql boshlaydi, 
Oyoq tashlaydi.

Aql boshlovchi, 
Tana ishlovchi.

Aql bo'y bilan o'lchanmas. 

Aql bo'yda emas, o'yda.

Aql yoshdan, 
Odob — boshdan.

Aql ozmaydi, 
Ten to'zmaydi.

Aql toshi — inson boshi. 

Aql-farosat — nisbi karomat.

Aql o'lchovi — so'z, 
So'z o'lchovi — naql.

Aql o'rgatguncha, naql o'rgat, 
Aql — Hasan, odob — Husan.

Aqlga yondosh, Jahldan qoch.

Aqldan ortiq boylik yo'q. 

Aqldor bo'lsa yigitning xotini, 
Yaxshilikka chiqarar yigitning otini.

Aqli kalta pand yeydi, 
Aqli teran — qand.

Aqli kaltaning till uzun.

Aqli kamning azobi ko'p.

Aqli kirmagan qaridan, 
Ziyrak tug'ilgan bola yaxshi.

Aqling borida er tani, 
Kuching borida yer tani.

Aqling bo'lsa, oqilga ergash, 
Aqling bo'lmasa — naqlga.

Aqling ko'r bo'lsa, ko'zdan ne foyda.

Aqling pesh — ishing besh, 
Aqling kech — ishing hech.

Aqllingga aql qo'sh, 
Jahlingga — sabr.

Aqllashsang, aql topasan.

Aqlli aqlliga yo'ldosh, 
Yomon yomonga qo'ldosh.

Aqlli baxt topar, 
Baxt bilan taxt topar.

Aqlli bolaga mol na kerak.

Aqlli boshda soch turmas.

Aqlli desang ahmoqni, 
Boshga urar to'qmoqni.

Aqlli do'st — rohat, 
Aqlsiz do'st — ofat.

Aqlli ish sevar, 
Aqlsiz — so'z.

Aqlli ish — qanotli qush.

Aqlli ishiga ishonar, 
Aqlsiz — tushiga.

Aqlli kengash qilar, 
Ahmoq — urush.

Aqlli naqllab so'zlar, 
Aqlsiz laqillab so'zlar.

Aqlli otini maqtar, 
Ahmoq — xotinini.

Aqlli pakana ahmoq darozdan yaxshi.

Aqlli uzoqni ko'zlar, 
Ahmoq — yaqinni.

Aqlli o'zini ayblar, 
Aqlsiz — do'stini.

Aqlli o'ylanguncha, tentak suvdan o'tar.

Aqlli qariya — oqib turgan daryo.

Aqlli qizni yig'latish ham qiyin, 
Kuldirish ham.

Aqlliga aytdim, angladi-bildi, 
Aqlsizga aytdim, shaqillab kuldi.

Aqlliga aytsang, biladi, 
Aqlsizga aytsang, kuladi.

AqlMga bir so'z bas, 
Aqlsizga ming so'z oz.

Aqlliga — hurmat, aqlsizga — kaltak.

Aqllidan el rozi, 
Ahmoqdan dil norozi.

Aqllining oti ham horimas, 
To'ni ham to'zimas.

Aqllining qadri ahmoqning oldida bilinar. 

Aqlni beaqldan o'rgan. 

Aqlning ko'zi — uzoqning ko'zi.

Aqlning tagi — naql, 
Naqlning tagi — aql.

Aqlning o'lchovi — idrok.

Aqlsiz bosh — nursiz chiroq.

Aqlsiz gap tashir, 
Oqibatda bosh qashir.

Aqlsiz dushmandan bir saqlan, 
Aqlsiz do'stdan ming saqlan.

Aqlsiz do'stga kular, 
Aqlli do'stni suyar.

Aqlsiz —jahlli, 
Jahlsiz — aqlli.

Aqlsiz og'zidagini oldirar.

Aqlsiz xotin husnini ko'z-ko'z qilar, 
Aqlli xotin — aqlini.

Aqlsiz qo'shnidan bitta himmat yaxshi.

Aqlsizga og'a bo'lgandan, 
Aqllining olovini yoqqan afzal.

Ahmoq aql o'rgatar.

Ahmoq ahmoq emas, 
Ahmoqni alimoq qilgan ahmoq.

Ahmoq ahmoqni topar.

Ahmoq boshdan aql chiqmas, 
Aql chiqsa ham, ma'qul chiqmas.

Ahmoq do'st yovdan yomon.

Ahmoq kalla oyoq og'ritar.

Ahmoq oyog'idan horiydi.

Ahmoq otdan tushsa ham, 
Egardan tushmas.

Ahmoq og'asini tanimas, 
To'qmoq tog'asini tanimas.

Ahmoq so'zlar, aqlli tinglar.

Ahmoq to'qmoq yig'ar.

Ahmoq elchi ikki tarafni buzar.

Ahmoq o'z oyog'idan horiydi.

Ahmoq o'zi bilmas, 
Bilganning so'ziga kirmas.

Ahmoq o'zi so'zlab, o'zi kular.

Ahmoq o'zin bildirar, 
To'garagin kuldirar.

Ahmoq o'zini maqtar, 
Tentak — qizini.

Ahmoq — o'ynashda, 
Yaxshi — o'ylashda.

Ahmoq horimas, 
Ko'sa qarimas.

Ahmoqda or bo'lmas, 
Dengizda — guzar.

Ahmoqdan so'rama, o'zi aytar. 
Ahmoqdan — chaqmoq.

Ahmoqlarga bosh bo'lguncha, 
Donolarga yosh bo'l.

Ahmoqni urma, so'kma — gapga sol.

Ahmoqniki — og'zida, 
Podshoniki — g'aznada.

Ahmoqning aqli tushdan keyin kirar.

Ahmoqning aqli — to'pig'ida.

Ahmoqning ahmoqligi ham bosh og'ritadi, ham oyoq.

Ahmoqning javobi — sukut. 

Ahmoqning joni azobda.

Ahmoqning katta-kichigi bo'lmas.

Ahmoqning oldingi tishi qimirlar.

Ahmoqning orqasida bir dasta yantog'i bo'lmas.

Ahmoqning sirini och, 
Urishsa, qoch.

Ahmoqning shox-u butog'i bo'lmas.

Ahmoqning o'z bilgani, 
Gapirmasa, o'lgani.

Ahmoqning o'zi bilmas, 
O'zgani ko'zga ilmas.

Ahmoqqa aytgan bilan gap uqmas, 
Xarsangga qoqqan bilan mix o'tmas.

Ahmoqqa — kaltak, donoga — ishorat.

Ahmoqqa salom berdim, 
Besh tanga tovon berdim.

Ahmoqqa son tegmas, 
Sepdan ishton kiyar.

Ahmoqqa To'ytepa bir tosh.

Ahmoqqa — to'qmoq.

Ahmoqqa Quva bir tosh.

Beaqlning ohi yo'q, 
Bog'lamoqqa shoxi yo'q.

Belgi bo'lsa yo'ldan adashmas, 
Aql bo'lsa — so'zdan.

Besalom odam — to'ng, 
Beaql odam — gung.

Betamizda uyat yo'q, 
Ahmoqda — niyat.

Bilgan so'zni ayt, 
Bilmas so'zdan qayt.

Bilgan topib gapirar, 
Bilmagan — qopib.

Birovning holiga kulmagin zinhor, 
Sening ham holingga kulguvchilar bor.

Botirdan yaxshi ish qolar, 
Donodan — so'z.

Bosh bo'lmasa, gavda — losh. 

Boshda aql bo'lmasa, oyoqda tinim yo'q. 

Boshi yo'qning oshi yo'q. 

Boshliq bo'lsang, boshli bo'l.

Boqqa bulbul yarashar, 

Odamga — aql.

Burgaga achchiq qilib, ko'rpaga o't qo'yma.

Burgani deb, po'stinni olovga tashlama.

Buloqning suvi tiniq, 
Dononing — suhbati.

Bo'yga boqma, o'yga boq.

Bo'yimday bo'y topilsa ham, 
O'yimday o'y topilmas.

Bo'ying tengi bilan yurma, 
Aqling tengi bilan yur.

Bo'lar bola o'n beshida
Boshman, deydi. 
Bo'lmag'uri o'ttizida 
Yoshman, deydi.

Bo'lmaganga bo'lishma, 
Bolaning o'rtasiga tushma.

Vaysaqi — elga dushman.

Gapni gapir uqqanga, 
Jonni jonga suqqanga. 
Gapni gapirib netasan, 
Onasi bemahal tuqqanga.

Daryoni mehnat to'sar, 
Odam aqldan o'sar.

Devor bino bo'lmas,
Qari bo'lgan bilan dono bo'lmas.

Dono aytsa, el aytgani, 
Elning g'amin yeb aytgani.

Dono aql so'rab hormas, 
Nodon nozin qilib bormas.

Dono aqli dor emas, 
Nodon aqli yor emas.

Dono bajarar ishni, 
Nodon sindirar tishni.

Dono bilan nodon bir buloqdan suv ichmas.

Dono bilan yursang, dono bo'lasan, 
Ahmoq bilan yursang, rasvo bo'lasan.

Dono — donoga yor, 
Ahmoq — do'stga zor.

Dono durdan a'lo.

Dono ming yashar, 
Nodon bir yashar.

Dono naqli — hayot aqli.

Dono so'ziga bino qo'yar 
Nodon — o'ziga.

Dono so'zini tergar, 
Nodon — ko'zini.

Dono o'ylab aytar, 
Nodon — o'ynab.

Dono qarisa ham, donoligi qarimas.

Dono hikmat keltirar, 
Nodon — kulfat.

Donoga ilm — ilm, 
Nodonga essiz ilm.

Donoga ish — shon-u shuhrat, 
Nodonga ish — g'am-u kulfat.

Donoga ergashgan dovondan oshar.

Donoda mehr bo'ladi, 
Nodonda — zahr.

Donolikning cheki yo'q.

Dononing gapi — tegadi nafi.

Dononing so'ziga boq, 
Yaxshining — o'ziga.

Dononing so'zidan ham qolma, 
Yurgan izidan ham.

Dononing o'zini olmasang ham, so'zini ol.

Yo kattaning gapiga kir, yo kichikning.

Yomonni yaxshi qilish — dononing ishi, 
Yaxshini yomon qilish — nodonning ishi.

Yorim bor deb yorilma, 
Haqiqiy yor bo'lmasa. 
Qizim bor deb kerilma, 
Esli-xushli bo'lmasa.

Javob oltin bo'lsa, savol — kumush. 

Johil ulfat — boshingga kulfat.

Johilda kuch ko'p bo'lar, 
Kuchim degan tez o'lar.

Johillar kamon bo'lar, 
Mehrlilar — chaman.

Johillikdan jon chiqar, 
Qobillikdan — dong.

Idrok — aqlning jilovi.

Ilon boshini dushman qo'li bilan yanch.

Inson — aqli bilan, 
Dono — naqli bilan.

Inson aqli — olmos.

Ipni uzun qo'y, qimirlashini ko'r.

It yalog'ida band bo'lmas, 
Ahmoq qulog'ida — pand.

Ish aqllini topar, 
Aqlli — ishni.

Yigit orif bo'lsa, aslini so'rama.

Yigitning aqli — ko'zida.

Yigitning zehnli bo'lgani — 
Adashmay yo'lidan yurgani.

Yiqilgan qoqilganga kular.

Yo'lda yursang, tuya ishlat, 
Elda yursang — miya.

Kalla boshqa, salla boshqa.

Kallam bor — bir qop tillam bor.

Kar bo'lsang bo'l, ko'r bo'lma.

Kar eshitganini qo'ymas, 
Ko'r — tutganini.

Kasalga davo topilsa ham, 
Anqovga davo topilmas.

Katta daryo hayqirmas, 
Aqlli kishi baqirmas.

Kattada naql bor, 
Yaxshida — aql.

Kelishingni o'ylama, ketishingni o'yla.

Kim gapirganga boqma, 
Nima gapirganga boq.

Kishi aqli bilan boy bo'lguncha, 
O'z aqling bilan gado bo'l.

Kishi baxti taxtida emas, aqlida.

Kuchiga ishongan — yiqilar, 
Aqliga ishongan — yiqitar.

Ko'z bilan ko'r, dil bilan bil.

Ko'p bilgan oz so'zlar, 
Oz bo'lsa ham soz so'zlar.

Ko'p gap dushmanga ma'qul.

Ko'p moldan oz aql yaxshi.

Ko'p yashagan ko'p bilmaydi, 
Ko'p o'qigan ko'p biladi.

Ko'p o'yla, bir so'yla.

Ko'p o'qigan olim bo'lsa, 
Ko'pni ko'rgan dono bo'lar.

Ko'r siypab topar, 
Aqlli — o'ylab.

Ko'r tovuqqa har narsa don ko'rinar.

Ma'rakaga ahmoq aralashsa, 
Buzilmay qolmas. 

Ma'rakaga dono aralashsa, 
Tuzilmay qolmas.

Ma'rakada topib gapirgan — dono, 
O'zini tutib o'tirgan ham — dono.

Ming ishchiga — bir boshchi. 

Ming qo'shchiga — bir boshchi. 

Naynovning aqli — to'pig'ida. 

Nasihat — achchiq, hazmi — totli.

Naql — ibrat o'chog'i, 
Aql — fikr pichog'i.

Naql — koni aql.

Naql — tagi aql.

Naql qaydan chiqadi, o'y bo'lmasa, 
Kigiz qaydan chiqadi, qo'y bo'lmasa.

Nodon bilan sirdosh bo'lma.

Nodon bilan shavla yesang, 
Oyog'ingning tagi pishar.

Nodon kuzatar, 
Dono tuzatar.

Nodon so'zlar, 
Dono ibrat olar.

Nodon o'z aybini ko'rmay, 
Kishi aybini qidirar.

Nodonga — kaltak, donoga — ishora.

Nodonga tek turmoq — javob.

Nodonga ulfat bo'lgan qon yutar.

Nodondan aql kutma, 
Beburddan — nomus.

Nodondan boshchi bo'lsa, 
Jarga qulab ketasan.

Nodonning dili — tilida, 
Dononing till — dilida.

Nodonning kulfati ko'p, 
Dononing — hikmati.

Odam bo'ladigan bola olisga qarar.

Odamdan hiyla qochib qutulmas.

Odamning tizgini — aql.

Odamning yuziga boqma, 
So'ziga boq.

Odamning husniga baho berma, 
Aqliga baho ber.

Oz-ozdan o'rganib, dono bo'lur, 
Qatra-qatra yig'ilib, daryo bo'lur.

Oy nuri tunni yoritar, 
Odam aqli — hayotni.

Oydin tun adashmasga yaxshi.

Oldiga kelganni yemak — 
Hayvonning ishi. 
Og'ziga kelganni demak —
Nodonning ishi.

Oldingdagini ko'rib, fikr qil, 
Orqadagini ko'rib, shukur qil.

Olim adashsa, olam qoqilar.

Olim aytgani — olam aytgani. 

Olim bo'lsang, olam seniki.

Olimdan ot qoladi. 

Nodondan — dod.

Oltmish yashar ahmoqdan 
Olti yashar dono yaxshi.

Oy to'lganini bilmas, 
Yigit — bo'lganini.

Otalar so'zi — aqlning ko'zi, 
Onalar so'zi — baxtning o'zi.

Otning yaxshisi tizidan ma'lum, 
Odamning yaxshisi — so'zidan.

Oqil johildan pand olar.

Podshong qarg'a bo'lsa, yeganing go'ng bo'lar.

Sigir o'zining buzoq bo'lganini bilmas.

Sohibkordan bog' qolar, 
Donodan — kitob.

So'gat tolga qush qo'nar, 
So'zamolga — so'z.

So'z bilmagan er
El boshiga yov keltirar.

So'zlovchi ahmoq bo'lsa, 
Tinglovchi dono kerak.

So'mdan savdo qildim, 
Boshimga g'avg'o qildim.

So'ngak osh bo'lmas, 
Nodon bosh bo'lmas.

Tan pardozi oltmishgacha, 
Aql pardozi o'lguncha.

Tentak tentakligini qo'y so'yib bildirmas.

Tentak to'rini bermas, 
Telba — to'nini.

Tentak o'ylanguncha, 
Aqlli suvdan o'tar.

Teran daryo tinch oqar.

Toy ot bo'lganini sezmas, 
Yigit ota bo'lganini sezmas.

Totli suv toshdan chiqar, 
Yaxshi aql — boshdan.

Tog'ning ko'rki tosh bilan, 
Odamning ko'rki bosh bilan.

Turnadan qorovul qo'ysang, 
Tepangdan qiyqiruv ketmas.

Tuyaday bo'y beiguncha, 
Ninaday aql bersin.

To'qqizida bo'lmagan aql, 
To'qsonida ham bo'lmas.

Uyga jihoz yarashar, 
Odamga — aql.

Ulug'lik yoshda emas, boshda. 

Uchgan o'qning aqh yo'q. 

Uqmagan uyatga qolar. 

Fikri ravshanning so'zi ravshan. 

Fikrsiz odamdan tosh yaxshi. 

Fozillar fazilati — hayot ziynati. 

Folbinga ahmoq ishonar.

Xudoga ishonib, och qolma.

Chinordek bo'ying bo'lguncha, 
Tumordek aqling bo'lsin.

Cholni ko'rib «bobom» dema.

Elanmagin kalga, 
O'zi kelar halga.

Echkining ajah yetsa, qassobni suzar.

Echkining o'lgisi kelsa, cho'ponning tayog'iga suykanar.

Eshak qirqqa kirganda ham qiliq chiqarar.

Yuz ishchiga — bir boshchi.

Yaxshi rahbar — chin padar.

Yaxshining xatosi yo'q, 
Nodonning — oshnasi.

O'zini bilmagan haqni bilmas.

O'likka yig'lagan essiz ko'zim, 
Nodonga so'zlagan essiz so'zim.

O'tgan bulutdan yomg'ir kutma.

Qorong'ining ko'zi ko'r.

Qoqilsang toshdan o'pkalama.

Hamma mulla — bir mulla, 
Ming mulla — bir tilla.

Hovuzda qurbaqa vaqillaydi, 
Nodon — davrada.

Husn to'yda kerak, 
Aql — kunda.

Husnni ko'z bilar, 
Aqlni — ko'ngil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.