OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sabr-qanoat va sabrsizlik haqida maqollar

Azob ko'rmay, rohat yo'q.

Azobga bardosh kerak, 
Hamisha yo'ldosh kerak.

Arg'umoq birda yolli, birda yolsiz, 
Er yigit birda molli, birda molsiz. 

Arg'umoqda yol yo'q deb, 
Yo'lga tashlab ketmanglar. 

Er yigitda mol yo'q deb, 
Yovga tashlab ketmanglar.

Asl boylik — qanoat.

Achchiq yutish — tog' yutish.

Achchig'ing kelsa, burningni tishla.

Bardoshliga yog'lik osh, 
Sabrsizga osh ham tosh.

Barcha yukni ko'targan tuya 
Cho'michni ham ko'tarar.

«Berdi»sini aytguncha, behni bukma.

«Berdi»sini aytguncha, urib o'ldirma.

Besabrning nafsi shoshar, 
Tusagani kuzda pishar.

Bir achchiqning bir chuchugi bor.

Bir bo'lgan ikki bo'lmay qolmas, 
Ikki bo'lgan uch bo'lmay qolmas, 
Uch bo'lgan doim bo'lmay qolmas.

Bir yomon kunning bir yaxshi kuni bor.

Bir yomonning bir yaxshisi bor.

Bir terida qo'y necha semirib, necha ozar.

Bir qoshiq oshim — 
G'alvasiz boshim.

Bol bor yerda bolari bor.

Bola shoshar, 
Tut vaqtida pishar.

Bolta bo'lsang, ur, 
Kunda bo'lsang, chida.

Boriga rozi bo'l, 
Yo'g'iga sabr qil.

Bugungi jahlni ertaga qo'y.

Buzoqdan oldin qoziq qoqilmas.

Bo'ri oriqhgini bildirmas.

Gapning «berdi»sini eshit.

Gul tikansiz bo'lmas, 
Dur — sadafsiz.

Gul tikansiz bo'lmas, 
Safo — jafosiz.

Gul tilagan xor jafosin chekar.

Gulni sevgan tikaniga chidaydi.

Gulchi bir gulni o'stirguncha, 
Yuz tikan zahrini tortadi.

Yeyuviga chidasang, to'y qil, 
O'luviga chidasang, qo'y qil.

Jabrga sabr yo'q.

Jahl — joningga jabr.

Jahl dushmani — sabr.

Jinnining jirtakka tobi yo'q, 
Shogirdning — pirtakka.

Jo'jani kuzda sana.

Zamonaning zindoni ham, xandoni ham bor. 

Indamasang, uyday balodan qutulasan. 

Ip qancha uzun bo'lmasin, uchi topilar. 

Ipakbilan boshlab, ip bilan tugatma.

Itdan och yo'q, 
Itdan tinch yo'q.

Kamoli imon — sabr.

Karomat bilan karam pishmas, 
Qanoat bilan qorin to'ymas.

Katta topganini kiyar, 
Kichik — suyganini.

Katta to'qoch pishguncha, 
Kichik to'qoch kuyibdi.

Kashta qimmat, sabr arzon. 

Keyingi tuyaning yuki og'ir. 

Kurash qurbonsiz bo'lmas.

Kutganga kun uzoq.

Kutganning kuni o'tmas.

Kutilgan qozon qaynamas.

Non pishguncha, kulcha kuyar.

Odamning boshi — soyning toshi.

Odob bilan baxt topilar, 
Sabr bilan — taxt.

Oldin angla, keyin tanla. 

Ongniganni kutgan yengar. 

Ot bo'lguncha, toy ham bo'lar. 

Och o'zini o'tga urar. 

Ochiqqan o'lmas, oshiqqan o'lar. 

Oshiqmagan ovchi humo ovlar. 

Oshiqmagan olisga yetar.

Och bo'lsang ham to'qday bo'l, 
Miltiqdan chiqqan o'qday bo'l.

Og'ir bosilguncha, yengil ko'tarilar. 

Og'ir karvon og'ir ko'char. 

Og'ir toshni suv eltmas.

Pish qozonim besh oy, 
O'tir qizim olti oy.

Podadan oldin chang ko'tarma. 

Poklik sog'liqni, aql sabrni saqlar.

Rohatini ko'rgan azobiga ham chidaydi. 

Sabr — achchiq, mevasi — shirin. 

Sabr bilan mehnat qilgan boy bo'lar.

Sabr bilan xor guliston bo'lar,
Sho'r zamin bog' bilan bo'ston bo'lar.

Sabr so'nggi — so'm oltin.

Sabr — yutuq kaliti.

Sabr tagi — rahmon, 
Shoshgan ishi — shayton.

Sabr tagi — sari oltin, 
Sabr bilan chiqar oting.

Sabr tog'ni yiqitar.

Sabr — umr xazinasi.

Sabr — shodlik kaliti.

Sabr etgan yetar murodga, 
Besabr qolar uyatga.

Sabr etgan — murodga yetgan.

Sabr qilgan moy oshar, 
Olqish olgan ko'p yashar.

Sabr qilsang, tuyaning yukini bo'ta ko'tarar.

Sabr qilsang, g'o'radan holva bitar, 
Besabrlar o'z oyog'idan yitar.

Sabrli bo'lsang, o'zarsan, 
Sabrsiz bo'lsang, to'zarsan.

Sabrli kishining ishi soz.

Sabrli ming yashar, 
Sabrsiz oz yashar.

Sabrli chidar, 
Sabrsiz yonar.

Sabrli qui murodiga yetar.

Sabrlining boshiga olma bitar, 
Sabrsizning boshiga — g'avg'o.

Sabrsiz baliq sog'asidan ilinar. 

Sabrsizning bir ko'zi jirtlash bo'lar. 

Savlatlidan saboth zo'r.

Salobatli bo'lma, sabotli bo'l. 

Sirot kechmay, qah-qah urma.

Sovun kirni ochar,
Sabrsiz — sirni.

Soqov so'zining so'ngini kut.

Suv ko'rmay, etik yechma.

Suvdan ilgari bug'ot solma.

Suvsagan o'lmas, hovliqqan o'lar.

So'ragan adashmas, 
O'ylovchi shoshmas.

Tavakkalning boshi — kal.

Tavakkalning tagi — taxir.

Tavakkalning tubi tosh, 
Boshingni ursang yorilar.

Tayloqni tayloq dema, 
Tayloq tuya bo'lar.

Tez bitgan, tez yitar.

Tez kirishgan, bot qaytar.

Tez so'zlar tez pushaymon bo'lar.

Tek yurgan, to'q yurar.

Toy mingan ot ham minar.

Tomchi tomib bo'lguncha, 
Daryo oqib bo'ladi.

Tosh — qattiq,
Toshdan ham bosh qattiq.

Toqat qilsang, tog' egilar, 
Sabr qilsang, bog' egilar.

Toqatliga tog'lar egar boshini, 
Betoqatning itlar yeyar loshini.

Tuya elakka qolganda «bo'» depti.

To'ymasang, to'yingda ye.

Xamir qormasdan, tandirga o't yoqma.

Xom terini iylasang, ulton bo'lur, 
Nafsini tiygan kishi sulton bo'lur.

Chidamli er lochin tutar.

Chopib borgan yerga, 
Yurib borsa ham bo'lar.

Chuchvarani xom sanama. 

Shaytonga — hay.

Shoshgan zuluk sholi poyasini tishlar. 

Shoshgan zuluk yaproqqa yopishar. 

Shoshgan ishga shayton qo'shilar. 

Shoshgan kelin erini «oyi» debdi.

Shoshgan kishi, ham boshi bilan yurar, 
Ham — oyog'i bilan.

Shoshgan pashsha sutga qo'nar.

Shoshgan shamol bilan barobar.

Shoshgan shoshilib yiqilar, 
Chopgan etagiga — o'ralib.

Shoshgan er uyiga yetolmas.

Shoshgan o'rdak ham boshi bilan sho'ng'iydi, 
Ham — dumi bilan.

Shoshgan qiz erga yolchimas.

Shoshganda labbay topilmas.

Shoshganning ishi o'ngmas.

Shoshib suringandan
Asta yurib otdan o'zgan yaxshi.

Shoshilgan — loyga botgan.

Shoshilgan yiqilar, 
Shoshmagan oyga chiqar.

Shoshmagan arava quyonga yetar.

Shoshmagan er oqqush tutar.

Shoshmasang, tez yetasan, 
Shoshgandan o'zib ketasan.

Shoshqaloq to'g'ramchi qo'lini kesar.

Ekinni kutsang — ekin.

Er bo'ynida qil arqon chirimas.

Eshak o'yini — qirq yilda, 
It o'yini — har yilda.

Yuvvosh otning manglayi qattiq.

Yuzga chidagan, mingga ham chidaydi.

Yuk og'irini nor ko'tarar, 
Dard og'irini — er.

Yaxshi ot keyin chopar.

O'z oshim — g'avg'osiz boshim.

O'z uyingda oshing bo'lsa, 
Kishi uyida g'ashing bo'lmasin.

O'lma eshagim, arpa yersan.

O'tir qizim, o'rin top.

O'tirgan qiz uy topar.

O'ttiz kun ro'zaning bir kun hayiti bor.

O'ttiziga chidagan 
O'ttiz biriga ham chidar.

Qand yeding ham indama, 
Pand yeding ham indama.

Qanoat — qizil oltin.

Qanoat qilsang, qorning to'yar, 
Beqanoat otini so'yar.

Qanoat qorin to'ydirar.

Qizning joni — qirqta.

Qiyindan qochma, 
Yo'ldan adashma.

Qilich sug'urguncha, qaytarishni o'yla.

Qulon boshiga ish tushsa, 
Quyrug'iga sir aytmas.

Qo'rqqandan hovliqqan yomon.

G'azab — oldinda, aql — keyinda.

G'alvirni suvdan ko'targanda ko'r.

Har cho'ponning bir tayoq ko'tarishi bor.

Hovliqqan mushuk ko'r tug'ar.

Hovliqqan qiz erdan tinmas.

Hovliqqanga sichqon teshigi ming tangga.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.