OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

"Ziyouz viktorinasi"da berilgan savol-javoblar (501-600)

501. Eski O‘zbekiston Musulmonlar Idorasi qaysi madrasada joylashgan?
Javob: Baroqxon madrasasi.

502. Buxoro xonligida yorliqlarni topshiruvchi mansab egasi kim?
Javob: Parvonachi.

503. Chernyayev Toshkent shahriga hujumni qaysi tomondan va qaysi darvozadan boshlaydi?
Javob: Janubdan, Kamolon darvozasidan.

504. Trestlarning noqonuniy operatsiyalarini o‘z kitob va maqolalarida yoritgan Teodor Drayzer, Enton Sinkler va Linkoln Steffansni AQSh prezidenti Ruzvelt nima deb ataydi?
Javob: "Axlat to‘plovchilar".

505. Abbosiylarning eng odil halifalaridan biri Horun ar-Rashid qaysi shaharda tug‘ilgan? Bu shahar hozirda qaysi davlatga qarashli?
Javob: Ray shahri, Eron.

506. Ummaviylar halifaligining birinchi xalifasi kim? U qaysi mashhur sahobaning o‘g‘li edi?
Javob: Muoviya. Abu Sufyon roziyallohu anhuning o‘g‘li

507. Ispaniyaga xalifalikni olib kirgan ummaviy amiri kim edi?
Javob: Abdurrahmon.

508. Horun ar-Rashidning o‘g‘li, ilm-fan xomiysi bo‘lgan xalifa kim edi?
Javob: Ma'mun Abul-Abbos.

509. Bag‘dod shahri qachon va kim tomonidan barpo qilingan?
Javob: Abbosiy xalifa Mansur tomonidan, 762-yilda.

510. Bag‘dod sharining dastlabki nomi nima bo‘lgan?
Javob: Madinatus-salom (Tinchlik shahri).

511. Koroplastika nima?
Javob: Koroplastika, qadimgi Gretsiyada gips va sopoldan yasalgan ayol tasviri.

512. Abdulla Qodiriyning "Mehrobdan chayon" romanida Solih mahdumning singlisi ismi nima edi?
Javob: Na'ima.

513. Solih maxdum hush ko‘radigan "habba" so‘zining "abbreviatura"si qanday bo‘ladi? ("Mehrobdan chayon")
Javob: Ha, barakalla.

514. "Mehrobdan chayon"da Ra'noning uch ukalarining ismi nima edi?
Javob: Mahmud, Mansur, Mas'ud.

515. Mirzo Anvar Qo‘qonning qaysi mahallasida tug‘iladi? ("Mehrobdan chayon")
Javob: Baxmalbof.

516. Anvarning onasi ismi nima edi? ("Mehrobdan chayon")
Javob: Anorbibi.

517. “Kitobul-mazid” (“Ilmni ziyoda qiluvchi kitob”) asari muallifi?
Javob: Burhonuddin al-Marg‘iloniy.

518. Sharqda astronomik (trigonometrik) jadvallar nima deb atalgan?
Javob: Zij.

519. Hamburglik olim X.Brandt bir moddani kashf qildi va uni “falsafa toshi” deb atadi? Bu modda qaysi?
Javob: Fosfor.

520. Algebra faniga ratsional ko‘rsatkichli daraja qaysi olimlar tomonidan kiritilgan?
Javob: Isaak Nyuton, Simon Stevin, John Wallis.

521. “Galogenlar” tarjimasi nima ma’noni anglatadi?
Javob: Yunonchadan, hals - tuz, genes - tug‘ilish, ko‘payish. “Tuz xosil qiluvchilar”.

522. "Mehrobdan chayon" romanining "Iflos bir moziy" bobida asar qahramonlarining qaysi biri bolaligi haqida ma'lumot beriladi?
Javob: Mahalla imomi Abdurahmon.

523. Xudoyorxonning eng suyukli xotini kim edi? ("Mehrobdan chayon")
Javob: Og‘acha oyim.

524. O‘zbek adabiyotidagi birinchi tarixiy roman qaysi?
Javob: "Navoiy" romani, Oybek.

525. Qadimgi grek mifologiyalaridagi uch ayol xudo qaysi edi?
Javob: Gera (Zevsning xotini), Afina (Zevsning qizi, urush xudosi), Afrodita (sevgi va donolik, go‘zallik xudosi).

526. Qadimgi yunon dramaturgiyasining mashhur asari - "Zarjindband Prometey" muallifi kim?
Javob: Esxil (eramizdan avvalgi 525-456).

527. Qadimgi yunon mifologiyasiga ko‘ra, insonlarga olov olib kelgan Prometeyni Zevs zanjirband qiladi. Prometeyni kim ozod qiladi?
Javob: Gerkules.

528. Qadimgi yunon dramaturgi Sofokl o‘zining "Shoh Edip" tragediyasini kimga atab yozadi?
Javob: Davlat arbobi, do‘sti Periklning o‘limiga bag‘ishlab yozadi.

529. Yunon afsonalaridagi "argonavt"lar nomi qayerdan olingan?
Javob: Yunon qahramoni Yason va uning birodarlari "Argo" kemasida Kavkazdagi "oltin mo‘yna"ni olib kelishga chiqishadi. Argonavtlar so‘zi kema nomidan olingan.

530. Qadimgi yunon komediyalaridan "Bulutlar", "Arilar", "Qurbaqalar", "Qushlar" muallifi kim?
Javob: Aristofan (eramizdan avvalgi 450-384).

531. Qadimgi Rim adabiyotida "Oltin devor" (Erkin Vohidov)ga o‘xshab ketadigan komediya qaysi va uning muallifi kim?
Javob: "Ko‘milgan xazina". Tit Maksiy Plaft.

532. Oktavian Avgustning safdoshi, Rimda adabiy to‘garak tashkil qilgan shaxs kim edi?
Javob: Metsenat.

533. Ovidiy asaridagi o‘zi yasagan haykalni sevib qolgan qahramon kim edi?
Javob: Pigmalion.

534. Asrimiz boshlarida "Hurriyat" gazetasini kim chiqargan?
Javob: Abdurauf Fitrat.

535. To‘rt marta "Sovet Ittifoqi Qahramoni" bo‘lgan marshall kim edi?
Javob: Marshall Jukov.

536. Ulug‘ Vatan urushi qancha kun davom etgan?
Javob: 1418 kun.

537. Yoqut tilidan tarjima qilganda "o‘rmon" ma'nosini anglatuvchi so‘z qaysi?
Javob: Tayga.

538. Mirzo Ulug‘bek necha yoshida taxtga chiqadi?
Javob: 15 yoshida.

539. Eng baland daraxt qaysi?
Javob: Sekvoyya. Gumbolt milliy bog‘idagi sekvoyyaning balandligi 110 metr.

540. Qadimgi yunonlar olimpiada o‘yinlari g‘oliblariga gulchambarlarni qaysi o‘simlikdan yasaganlar?
Javob: Zaytun va yovvoyi petrushka. 

541. Miloddan avvalgi 7-asrning 70-yillarida Midiya, Suriya, Mesopotamiya, Falastinni istilo etib, Old Osiyoda hukmronlik qilgan xalqlarni kim deb atashardi.
Javob: Skiflar.

542. Nemischadan "qulfsoz usta" ma'nosini bildiruvchi kasb egalari kim?
Javob: Slesarlar (nemischa, "shlosser" - qulfsoz usta).

543. Suvda va quruqda yashovchi hayvonlarni yana nima deb ataladi?
Javob: Amfibiyalar.

544. Tarixdan ma'lum bo‘lgan Toshkent shahridagi 4 ta dahani sanang.
Javob: Beshyog‘och, Ko‘kcha, Sebzor, Shayxontohur.

545. Hindularning turar joyi nima deb ataladi?
Javob: Vigvam.

546. MDHdagi eng uzun kanal qaysi?
Javob: Turkmanistondagi Qoraqum kanali. Uzunligi 1400 km.

547. Eng katta o‘simlik urug‘i qaysi?
Javob: Kokos palmasi mevasi. 2,5 kilogramgacha kelishi mumkin.

548. "Sharq Arastusi" nomini olgan alloma kim?
Javob: Abu Nasr Forobiy.

549. Butun Islom olamida mashhur bo‘lgan Al-Marg‘inoniy tomonidan 1178 yilda Samarqandda yozilgan asar nomi?
Javob: "Al-Hidoya".

550. Grekchada “binafsha” ma’nosini beruvchi modda?
Javob: Yod.

551. Aby Rayhon Beruniyning qaysi asarida argument va funksiyaning o‘zgarish oraliqlari, funksiyaning ishoralari va eng katta, eng kichik qiymatlarini tariflangan?
Javob: “Qonuni Ma’sudiy”.

552. Mirzo Ulug‘bekning “Zij” asari so‘zboshisida “farzandi arjumand” deya tilga olingan olim kim?
Javob: Ali Qushchi (Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi).

553. Metallar orasida eng qadimiysi qaysi?
Javob: Oltin.

554. Yunon afsonalariga ko‘ra Sfinks Shoh Edipga bir murakkab topishmoq aytadi. Topishmoqning javobidan darg‘azab bo‘lgan mag‘lub Sfinks o‘zini qoyadan tashlab nobud bo‘ladi. Bu qaysi topishmoq edi va uning javobi nima?
Javob: Topishmoq: "Ertalab to‘rt, tushda ikki va kechqurun uch oyoqda. Bu kim?" Javob: Inson - emaklaydigan go‘dak, kamolga yetgan odam, xassali chol.

555. Algebra faniga natural logorifmlar va o‘nli logorifmlar qaysi olimlar tomonidan kiritilgan?
Javob: D.Neper va G.Briggs.

556. Ximiyada “bo‘linmas” ma’nosini beruvchi atama (so‘z)?
Javob: Yunon tilidan atom - bo‘linmas degan ma'noni bildiradi.

557. “Tarkibning doimiyligi” haqidagi dastlabki tushunchalarni bayon etilgan asar va uning muallifi?
Javob: “Tarkibning doimiyligi” haqidagi dastlabki tushunchalarni Abu Ali ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” asarida bayon etilgan.

558. Biror dinga e’tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ‘ib etuvchilar qanday ataladi?
Javob: Missioner.

559. Bir element atomlaridan turli oddiy moddalar hosil bo‘lishi qanday hodisa deyiladi?
Javob: Bir element atomlaridan turli oddiy moddalar hosil bo‘lishi hodisasi - Allotropiya deyiladi.

560. Tarixda qolgan 1966-yildagi Toshkent zilzilasi qaysi kuni (oy, kun) bo‘lib o‘tgan va unda Rixter shkalasi bo‘yicha qancha ball qayd etilgan?
Javob: 26 aprel, 8 ball bo‘lgan.

561. O‘zbekiston Milliy Universitetiga qachon asos solingan?
Javob: 1920-yili.

562. O‘lkamiz tabiati haqida ilk ma'lumotlarni qoldirgan uchta qadimgi yunon mutafakkirini sanang.
Javob: Strabon, Ptolomet, Gerodot.

563. Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti qachon va nima sababdan Nukus shahriga ko‘chirildi?
Javob: 1932-yili Amudaryo suvi toshishi natijasida.

564. Qaysi qush asalarilarning kushandasi hisoblanadi?
Javob: Chug‘urchuq.

565. Gegemonlik nima?
Javob: Gegemonlik - Hukmron bo‘lishga intilish.

566. Aniq tarkibga ega bo‘lmagan gomogen (bir xil) uyushma nima deyiladi?
Javob: Eritma.

567. Yer yuzasining kichik qismini tasvirlovchi yirik masshtabli (1:200000 va kattaroq) xaritalar qanday xaritalar deb ataladi?
Javob: Yer yuzasining kichik qismini tasvirlovchi yirik masshtabli (1:200000 va kattaroq) xaritalar - Topografik xaritalar deb ataladi.

568. Sirdaryoning eng katta va sersuv irmog‘i qaysi?
Javob: Chirchiq.

569. O‘zbekistonning qaysi shahrida xalqaro kenglik stansiyasi joylashgan?
Javob: Kitob.

570. Samarqand jadidlarining eng muhim nashri bo‘lgan "Samarqand" gazetasini kim tashkil etgan edi?
Javob: Mahmudxo‘ja Behbudiy.

571. “Jafokash shoir Behbudiyning nomini musulmon Sharqi hurmat bilan tilga oladi, chunki u 20 yil mobaynida o‘zining ongi va insoniy qadru qimmatini bilgan barcha mavjudotni erkin hayot, nur va ma’rifat uchun kurashga chorlab keldi”.
Ushbu fikr muallifi kim?
Javob: Sadriddin Ayniy.

572. “Surayyo”, “Abulfayz”, “Indamas” taxalluslari bilan ijod qilgan shoir kim?
Javob: Abdulla Avloniy.

573. Qadimda qaysi shahar “g‘oyat katta zebu-ziynat ustahonasi” deb atalgan?
Javob: Konstantinopol (Istanbul).

574. Feodal faqirlik nima?
Javob: Mamlakatlarning kichik-kichik davlatlarga bo‘linib ketishi.

575. 962 yilda tashkil topgan asoschisi Otton I bo‘lgan Germaniya imperiyasi nima deb atalgan?
Javob: Buyuk Rim imperiyasi yoki Muqaddas Rim imperiyasi deb ataladi. Otton I 962-yilda Rimni bosib olgach, bu imperiya vujudga keladi.

576. O‘zbekistonning tekislik qismi 3 ta tabiiy-geografik o‘lkaga bo‘linadi. Ular qaysilar?
Javob: Ustyurt, Quyi Amudaryo, Qizilqum.

577. Nechanchi yilda buyuk Karl imperiyasi tashkil topdi?
Javob: Buyuk Karl imperiyasi 768-814 yillarda hukm surgan. Buyuk laqabi esa unga 53 ta jangda qatnashgani uchun berilgan.

578. Respublikamiz hududidagi eng dahshatli zilzila qachon va qayerda bo‘lgan.
Javob: 1902-yili, Andijonda.

579. Kamikadzelar dastlab qaysi urushda qatnashganlar?
Javob: Leyte qultig‘ida bo‘lgan urushda qatnashganlar.

580. Hind okeanini birinchi bo‘lib kesib o‘tgan sayyoh kim?
Javob: Vasko da Gama. 

581. Afrika savannalarida yashovchi va yuqumli uyqu kasalligini tarqatuvchi pashsha qaysi?
Javob: Tsetse (цеце).

582. Amazonka daryosida yashovchi yirtqich baliq?
Javob: Piranya.

583. Kofe nomi qayerdan kelib chiqqan?
Javob: Habashistonning Kaffa biloyati nomidan. Eramizning 9-asrida Efiopiya hududlarida ilk bor tilga olingan kofe 14-asrda qul savdogarlari orqali Arabiston hududlariga keladi.

584. Yangi Zelandiyaning tub-joy aholisi kimlar?
Javob: Maorilar.

585. Amerikani kashf etgan vikinglar asli qayerlik?
Javob: Skandinaviyalik.

586. "And" (And tog‘i) so‘zi qaysi tildan kelib chiqqan va ma'nosi nima?
Javob: Inklar tilida "mis" degan ma'noni bildiradi.

587. Qaysi daryoda chuchuk suv delfinlari uchraydi?
Javob: Amazonka.

588. Yer yuzidagi eng katta kemiruvchi hayvon qaysi?
Javob: Kapibara.

589. Janubiy Amerikada yashovchi, butun umrini daraxtga osilib o‘tkazuvchi hayvon qaysi?
Javob: Yalqov (пенивец).

590. Janubiy Amerikada yashovchi tuyaqush?
Javob: Nandu.

591. "Suvlar otasi" ta'rifi qaysi daryoga tegishli?
Javob: Missisipi daryosi, indeyetslar tilida shu ma'noni beradi.

592. Amudaryodan shimolda joylashgan yerlarni arablar nima deb atashgan?
Javob: Movarounnahr.

593. Kanada davlat bayrog‘ida qaysi daraxtning bargi tasvirlangan?
Javob: Zarang.

594. Jasadini Issiqko‘l bo‘yiga, Tyanshan tizmalariga dafn qilishlarini vasiyat qilgan olim va sayyoh kim?
Javob: Prejevalskiy.

595. "Yashil o‘tloqlar mamlakati" deb qaysi davlatni ataydilar?
Javob: Buyuk Britaniya.

596. AQSHning 1 $ lik qog‘oz pulida birinchi 13ta birlashgan shtatlarni anglatuvchi nechta belgi bor?
Javob: 13ta kamon o‘qlari, 13ta barg, piramidaning qavati.

597. Kudungarlik bu nima?
Javob: Matolarga oxor berish.

598. Pokiston davlati nomining etimologik-lug‘aviy ma'nosi nima?
Javob: Pokiston so‘zining forscha ma'nosi pak - pokiza so‘zidan olingan bo‘lib pokiza o‘lka ma'nosini anglatadi.
P=Punjab, A=Afghania, K=Kashmir, I=Iran, S=Sindh, T=Turkharistan, A=Afghanistan, N=Balochistan.

599. "Shaytanat"dagi Asadbekning yoshligida o‘lib ketgan ukasining ismi nima edi?
Javob: Samandar.

600. Asadbekning xizmatkorlaridan "Bo‘tqa"ning asl ismi nima edi? ("Shaytanat")
Javob: Kenja.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.