background
logotype

Axborot asosiga qurilgan “imperiya”

 G‘arb davlatlarida axborot sohasi katta daromad keltiruvchi biznes faoliyatiga aylanganiga ko‘p vaqt bo‘ldi. Rivojlangan jamiyatlarda bir qator ommaviy axborot vositalarini o‘z nazoratiga olgan alohida davlatmand toifa – mediamagnatlar guruhi shakllandi. 
Asli avstraliyalik Rupert Merdok dunyoga nom taratgan mediamagnatlardan biri. Uning faoliyati hozirga qadar ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda. 

BIRINCHI BO‘LISH MASHAQQATI


Rupert Merdok 1931 yilning 11 martida jurnalist va noshir oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Keyt Merdok mahalliy gazetalardan biriga muharrirlik qilardi. Oilada yagona o‘g‘il bo‘lgan yigit qimmatli vaqtlarini otchopar maydonida o‘tkazardi. Farzandlari kelajagini o‘ylagan ota-onasi beqo‘nim fe’l-atvorini tuzalsin deb, uni maktab-internatga yuborishdi. Oilasidan uzoqda o‘tgan davrlarda hali hayotning pastu balandini ko‘rmagan o‘smir ko‘p narsani o‘rgandi. Maktab-internatni bitirarkan, “Agar birinchi bo‘lishni istasang, o‘zingdan boshqa hech kim bilan yaqin munosabat o‘rnatma” degan xulosaga keldi. 
Oliy ta’limni Londondagi mashhur Oksford universitetida davom ettirgan Rupert talabalik paytidayoq so‘l qarashlari bilan ko‘pchilik e’tiboriga tushdi. Manbalarda aytilishicha, uning ish stolida sotsializm g‘oyasi asoschisi Leninning byusti va asarlari bo‘lgan ekan. Lekin qiziq tomoni, “yo‘qsillar otasi”ga bo‘lgan mehr-muhabbat undagi kapitalistik qarash va mol-davlat, shon-shuhratga bo‘lgan intilishni so‘ndira olmadi. 
1952 yili otasi vafot etganidan so‘ng Rupert Merdok Londondan vataniga qaytishga majbur bo‘ldi. Otasidan unga faqat zararga ishlaydigan chog‘roqqina gazeta (“The Adelaide News”) meros bo‘lib qolgan edi. 
Matbuot bozorini puxta o‘rgangan Merdok sekin-asta mahalliy gazeta va jurnallarni sotib ola boshladi. 1959 yili mahalliy televidenie, keyinroq Melburn va Sidneydagi nashriyotlarni o‘z nazoratiga oldi. 1964 yili u yashil qit’aning umummilliy nashri sanalgan “The Australian” gazetasini ham o‘z «amlok»iga qo‘shdi. Pultopar Merdok nima uchun tashkil etilganidan beri zararga ishlagan ushbu siyosiy nashrni sotib olgani, uni oyoqqa turg‘azish uchun millionlarni sarflayotganini dastlab ko‘pchilik tushunmadi. Oradan ko‘p o‘tmay, buning siri ayon bo‘ldi. Moliyaviy zarar keltirayotgan gazeta Avstraliya bosh vazirligi uchun o‘tgan saylovda asqotdi: “The Australian”ning targ‘iboti bilan Merdok yoqlagan nomzod g‘alaba qozondi. Mamlakat hukumati rahbarligiga o‘z odamini qo‘yishga erishgan ishbilarmon uchun juda ko‘p yopiq eshiklar ham ochildi. 

“YASHIL QIT’A” TORLIK QILIB QOLDI


1960 yildayoq Avstraliya matbuot bozorining 70 foizi Rupert Merdokka qarashli edi. Endilikda qulochni keng yoygan ishbilarmonga Avstraliya qit’asi ham torlik qilib qolgandi. Shu tariqa u “Tumanli Albion” nomi bilan shuhrat qozongan Angliyaga “yurish” boshladi. 1968 yili u “News of the World”, 1969 yili “The Sun” gazetalarini sotib oldi va ularni eng ommabop “ko‘cha” nashrlariga aylantirdi. 
Ishiga pishiq-puxta tadbirkor sifatida u eng birinchi navbatda siyosiy arboblar bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi. Angliyaga kelgan ilk paytlaridanoq mamlakat bosh vaziri Margaret Tetcher bilan til topishishga intildi. “Temir xonim”ning xotira kitobini chop etish bahonasi bilan unga juda katta miqdorda gonorar taklif etdi. Hisob-kitobga usta Merdokning hotamtoyligi besabab emas edi.
1981 yili Merdok Buyuk Britaniyaning eng ko‘hna nashlaridan biri “The Times”ga xaridor chiqdi. Mamlakat matbuoti ramzi bo‘lib qolgan gazetaning xorijlik mediamagnatga sotilishi ingliz jurnalistlariga ma’qul kelmadi. Lekin norozilik chiqishlariga ham qaramay, u gazetani sotib oldi. Bu ishda esa uni manfaatli hamkor — Margaret Tetcher xonim qo‘llab yubordi.  
Ochig‘i, Buyuk Britaniyada avstraliyalik mediamagnatni mahalliy ommaviy axborot vositalari egalari yoqtirishmaydi. Nega deganda, oz muddat ichida Angliya matbuotining chorak qismini nazoratiga olgan mediamagnat inglizlarni ham o‘z “nog‘orasiga o‘ynash”ga majbur qildi. Qirollik faxri sanalgan BBC korporatsiyasini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Balki shu boisdir, inglizlar Merdokni «hamma qo‘rqadigan, yoqtirmaydigan, lekin  o‘zi istamagan tarzda faxrlanadigan shaxs» deb baholashadi. 
1980 yillarga kelib, Merdok qo‘lini uzatsa, Amerika tomonlarga ham yetadigan insonga aylangan edi. Okeanortida dastlab “The Village Voice”, “The New York Post” kabi gazetalarni sotib olishdan boshlangan faoliyat shiddat bilan boshqa sohalarni ham qamrab oldi. 
Istiqbolda televidenie eng serdaromad vositaga aylanishini oldindan bilgan mediamagnat asta-sekin Amerika telebozoriga kirishga urindi. Biroq mamlakat qonunlari xorij fuqarosining telekanallarga egalik qilishini man etardi. Shu bois ham, u AQSh fuqaroligini qabul qildi. Rupert Merdok og‘ir ahvolda qolgan telekanallarni arzon-garovga sotib olib, o‘z mediaimperiyasini kengaytirishga intildi. 1996 yili Fox News yangiliklar kanalini tashkil etdi. Bir necha yil ichida AQShdagi 23 ta telekanal Merdok qo‘liga o‘tdi. 1990 yillarda avstraliyalik mediamagnatning qadami Gollivudga qadar yetib bordi: u “XX Century Fox” kinokompaniyasiga asos soldi.

“LIBERTARIAN FALSAFA”. NIMA DEGANI U?


Badavlat insonlarning do‘stidan ko‘ra dushmani ko‘proq bo‘ladi. Shu ma’noda Rupert Merdokni ham tanqid qiluvchilar,  ayblovchilar ko‘plab topiladi. Mediamagnat faoliyatini tanqidiy baholovchilar u nazorat qilayotgan ommaviy axborot vositalari arzon axborot bilan jamoatchilikning intellektual saviyasini pasaytirayotgani, axloqiy mezonlarga ham rioya etmayotganini ta’kidlashadi. 
Ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularidan birida u o‘z hayot yo‘liga shunday izoh bergandi: «Men libertarian falsafaga e’tiqod qilaman. Xo‘sh, bu nima degani? Bu shaxsiy javobgarlikning ustuvorligi, biznes faoliyatiga siyosiy idoralarning aralashmasligi va xulq-atvor borasidagi tartib-qoidalarga kamroq e’tibor qaratishni anglatadi».

MUHIMI — MAVJUD IMKONIYATDAN O‘RINLI FOYDALANISH


Rupert Merdokning raqiblari ham undagi tavakkalchilik va har qanday holatda ortga qaytmaslik xislatiga qoyil qolishadi. Mediamagnat 1990 yillarda News Corporation iqtisodiy inqirozga duchor bo‘lgan paytda o‘z salohiyatini yana bir karra namoyon eta oldi. O‘sha paytda unga qarashli butun dunyoga o‘rgimchak to‘ri kabi yoyilgan kompaniyalarning umumiy qarzi 7 mlrd. dollardan oshib ketgan edi. Ana shunday og‘ir ahvolda ham Merdok o‘z mediaimperiyasini qayta oyoqqa turg‘azib, inqirozdan olib chiqdi.
Yoshi yetmish yettiga yaqinlashib qolgan Rupert Merdok hali ham qo‘l ostidagi mol-mulkni o‘zi tasarruf etadi. Forbes jurnali ma’lumotiga qaraganda, ayni paytda uning boyligi 9 milliard dollardan oshadi. Odatda katta mol-mulk osoyishtalikdan ko‘ra ko‘proq tashvish keltiradi. Hali tirik bo‘lishiga qaramay, mediamagnatning boyligi ham hozirdan farzandlari o‘rtasida mojarolarga sabab bo‘lmoqda...
Rupert Merdok haqida juda ko‘p afsonaviy gaplar yuradi, uni kimdir geniy deb maqtasa, yana kimdir kelajakni ko‘radigan bashoratgo‘y deb ataydi. Mediamagnatning o‘zi esa biznes faoliyatini shunday baholaydi: “Men jahonshumul yangilik qilmadim, inqilob ham amalga oshirmadim. Bor-yo‘g‘i mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri va o‘rinli foydalandim, xolos”.

Abdul Sobir

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.