background
logotype

Gruziya: asosiy imtihon hali oldinda

Gruziya Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda shu yil 5 yanvar kuni muddatdan oldin o‘tkazilgan prezident saylovining yakuniy natijalarini e'lon qildi. Bunga ko‘ra, so‘nggi uch yil mobaynida mamlakatni idora etib kelgan Mixail Saakashvili 53,4 foiz ovoz bilan saylovda g‘alaba qozondi. Bu haqdagi qarorni Markaziy saylov komissiyasining o‘n uch a'zosidan yettitasi imzoladi.

 Muxolifat vakillari esa saylov natijalari soxtalashtirilgan degan da'vo bilan yakuniy qarorni tasdiqlashmadi.

Prezident  saylovida Gruziyadagi turli siyosiy guruhlarga mansub yettita nomzod ishtirok etdi. Birlashgan muxolifatdan yagona nomzod sifatida ilgari surilgan Levan Gachechiladze  25,6 foiz, Gruziyaning eng badavlat fuqarosi sanalgan Badri Patarkatsishvili esa 6,99 foiz ovoz olishga erishdi. Qolgan nomzodlar juda kam miqdorda ovoz yig‘ib, Mixail ­Saa­kashviliga qarshilik ko‘rsata olishmadi.

5 yanvar kungi saylovda aholidan Gruziyaning NATOga a'zo bo‘lib kirishi va mamlakatda parlament saylovi o‘tkazish masalasi ham so‘ralgandi. Ovoz berishda qatnashgan fuqarolarning 72,2 foizi Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilishni yoqlagan bo‘lsa, 69,8 foizi parlament saylovi uchun joriy yilning bahori eng yaxshi muddat deb ko‘rsatdi.

Gruziyadagi siyosiy muxolifat Mixail Saakashvilining yana yangi muddatga prezident bo‘lishini xohlamayapti. Saylov jarayonida ovozlarni soxtalashtirishga yo‘l qo‘yilgan degan iddao bilan chiqayotgan muxolifat ovoz berish tadbirining ikkinchi turi o‘tkazilishi kerakligini talab qilyapti. Tahlilchilar muxolifat har qancha qarshilik ko‘rsatmasin, natijasiz yakunlanishi mumkin, degan fikrdalar. Nega deganda, Yevropa Ittifoqi, YeXHT kabi nufuzli birlashmalar, G‘arbning yetakchi davlatlari Gruziyadagi saylov demokratik tartibda o‘tdi, deb baholaganlar. (Dunyo siyosatida yetakchi o‘ringa ega bo‘lgan davlatlardan birgina Rossiya Gruziyadagi saylovda qonun buzilishlari yuz berganini qayd etgan).

Saylov natijalari e'lon qilinganidan keyin televidenie orqali chiqishida Mixail Saakashvili alamzada bo‘lib turgan muxolifatning ko‘nglini ko‘tarishga urinib, prezident saylovida muxolifat yomon qatnashmaganini e'tirof etdi. G‘olib siyosatdon bahorda o‘tadigan parlament saylovida muxolifat yaxshi natijalarga erishishi mumkinligini ham eslatdi. Bu bilan Gruziyaning yangi muddatga saylangan rahbari muxolifatga norozilik chiqishlarisiz prezident saylovini tan olish va bahorgi parlament saylovida asosiy o‘rinlarni olishni taklif qildi.

Jahon matbuotida Gruziyada o‘tgan prezident saylovi borasida turli nuqtai nazarlar ilgari surilmoqda. G‘arb matbuotida e'lon qilingan maqolalarda Mixail Saakashvilining g‘alabasini qo‘llab-quvvatlash va unga nisbatan xayrixohlik ochiq seziladi. Quyida jahon matbuot ­nashrlarida chop etilgan maqolalardan ayrim iqtiboslarni keltirib o‘tamiz.

"Mixail Saakashvili saylov jarayonida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar uchun keskin tanqidlarga uchradi. Bu holat gruzin rahbariyatining tajribasi kamligi va demokratik jarayonlarni rivojlantirish uchun vaqt yetarli bo‘lmagani bilan izohlanadi. Hozircha saylovni soxtalashtirish bo‘yicha juda kam fakt aniqlandi. Shu bois ham Yevropa Ittifoqining saylov natijalarini tan olgani to‘g‘ri qaror bo‘ldi".

"The Times" (Buyuk Britaniya).

"Mixail Saakashvili yana Gruziya prezidenti bo‘ldi. Lekin bu bilan mamlakatdagi siyosiy inqiroz bartaraf bo‘lgani yo‘q. Hukumatdagi ixtiloflar va muxolifatning qarshi kayfiyati hali ham saqlanib qolyapti. Demak, asosiy imtihon hali oldinda".

"Fokus" (Ukraina).

"Gruziyada prezidentlik kurashi yakunlandi deyishga hali erta. Ko‘plab tahlilchilar 53 foizlik g‘alaba omonat, degan fikrdalar. Chunki Konstitutsiyada nomzodlar 50 foizdan oshiq ovoz ololmagan holatda saylovning ikkinchi turi o‘tkazilishi belgilangan. Bu esa muxolifat uchun saylov natijalari borasida "chiqmagan jondan umid" qabilida kurashish imkonini beradi".

"Rossiyskaya gazeta" (Rossiya).

"Saylov jarayonida raqobat halol va adolatli tarzda kechdi. Bu bilan davlat rahbariyatining o‘tgan yil noyabrdagi ommaviy norozilik chiqishlaridan keyin to‘kilgan obro‘si yana tiklanganday bo‘ldi. O‘shanda norozilik chiqishi ishtirokchilari va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan keyin favqulodda holat joriy etilgandi".

"The Wall Street Journal" (AQSh).

"Gruziyadagi saylov mamlakatning deyarli yarim aholisi amaldagi hukumat siyosatini qo‘llamasligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga ovoz berish tadbiri mamlakatdagi bugungi yoshlar va sho‘rolar davri nonini yegan keksa avlod o‘rtasida keskin tafovut mavjudligini ham namoyon qildi".

"Den" (Ukraina).

"Tbilisi va Moskva munosabatlariga kuchli ta'sir ko‘rsatayotgan omillardan biri, shubhasiz, neft-gaz masalasi. Ayni paytda Ozarboyjon va Markaziy Osiyo energiya manbalarini G‘arbga yetkazib beradigan quvurlar bunyod etish rejasi muhokama qilinyapti. Agar ushbu reja amalga oshsa, Rossiya hozirgi kabi Yevropa davlatlariga energetika masalasini o‘rtaga qo‘yib ta'sir ko‘rsatolmasligi mumkin. G‘arb bilan aloqalarni yaxshilash tarafdori bo‘lgan Mixail Saakashvilining g‘alabasini ana shu jihat bilan izohlash to‘g‘riroq bo‘lsa kerak".

"Il Messaggero" (Italiya).

"Prezident saylovi bilan birga Gruziyaning NATOga kirishi masalasida referendum o‘tkazilgani mantiqan to‘g‘ri harakat bo‘ldi. Lekin umumxalq saylovi natijasidan qat'i nazar, NATO hozircha Gruziyaga sabr bilan kutishni tavsiya etishi aniq".

"Le Temps" (Shveytsariya).

"NATOga kirish uchun Gruziya uch asosiy shartni bajarishi kerak: armiyani alyans talablari asosida qayta qurollantirish, demokratik tamoyillarga qat'iy rioya etish va hududiy yaxlitlikni saqlash. Mixail Saakashvili birinchi shartni osonlik bilan bajarar, ikkinchisini ham amallasa bo‘ladi. Lekin uchinchi shartni bajo keltirish anchayin muammo: bugungi sharoitda NATO Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan bog‘liq hududiy mojaro markazida turgan Gruziyani o‘z tarkibiga qabul qilib, shundoq ham yetarli ixtiloflarni yana ko‘paytirmasa kerak".

"Vedomosti" (Rossiya).

Dunyo siyosatdonlari fikricha, hozircha muxolif guruhlar Mixail Saakashvili bilan murosaga borish fikridan yiroq. Ularni yangi rahbar tomonidan taklif etilayotgan hukumatdagi yettita vazirlik lavozimi ham ko‘p-da qiziqtirmayapti. Raqiblari bilan diplomatiyadan boshqa "til"­da ham gaplasha oladigan Mixail Saakashvili esa yangi muddatga prezidentlik lavozimini egallash uchun hozirlik ko‘ryapti. Markaziy saylov komissiyasining ma'lum qilishicha, 20 yanvardayoq prezi­dent­ning inauguratsiya marosimi tashkil etilishi mumkin.

Abdul Sobir tayyorladi

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.