background
logotype

Yevropa taqdiri... Kosovo qo`lida!

Yevropa Ittifoqi oxirgi paytlarda tashqi siyosatda u qadar katta ta’sir kuchiga ega bo‘lmay qoldi. Iroq urushi borasida kuchlarning bo‘linib ketgani, AQSh tomonidan Polsha va Chexiya hududida raketaga qarshi mudofaa tizimining qurilishi Yevropaning siyosiy mustaqilligini xavf ostida qoldirdi. Endilikda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Kosovo masalasida ham bir to‘xtamga kelisholmayapti, bu esa tashqi siyosatda no‘noqlikka yo‘l qo‘yilayotgani to‘g‘risidagi tanqidlarni dastaklashi mumkin.

YeIga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari o‘tgan hafta ham Kosovo masalasida mashvaratga yig‘ilishdi. Biroq har galgidek 27 mamlakat vakillari muhokama etilgan mavzuda yagona fikrga kelisholmadi.

Jug‘rofiy va siyosiy omillar e’tiborga olinsa, YeI amalda mustaqil, biroq rasman Serbiyaga tobe bo‘lgan Kosovo taqdiriga mas’ul bo‘lishi kerak edi. BMTning maxsus vakili Marti Axtisaari taklif qilgan reja ham ana shunga asoslanar edi. Lekin turlicha siyosiy qarash egalari bo‘lgan 27 davlatning bir yoqadan bosh chiqarishi qiyin kech­yapti. Bu esa tashabbusni  qo‘lga olishga da’vogar Ittifoqni Moskva-Vashington kurashida oddiy tomoshabinga aylantirib qo‘yyapti. 

Bir tomonda Serbiyaning hududiy yaxlitlik to‘g‘risidagi talablarini qo‘llab, Kosovoga aslo mus­taqillik berilmasligi tarafdori bo‘lgan Rossiya turibdi. Kreml Xavfsizlik Kengashi orqali Kosovoga mustaqillik berish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qilinishiga ham yo‘l bermasligi aniq.

Ikkinchi qutbda esa keskin harakat tarafdori bo‘lgan AQSh. Vashington Serbiyaga to‘rt oy muddat bergan. Agar shu muddat ichida serb hukumati Kosovo suverenitetini tan olsa oldi, bo‘lmasa, bir tomonlama, BMT tasdig‘isiz ham hudud mustaqillik e’lon qilishini bildirgan.

Ittifoq esa Kosovo masalasini BMT shafeligida, Rossiya, AQSh, YeI uchligi kelishuvi bilan hal qilinishi zarur degan pozitsiyada. Aslida buni butun Ittifoqning rasmiy pozitsiyasi deyish ham noto‘g‘ri. Nega deganda, Yevropa mamlakatlarining o‘zida ham bu borada parchalanish bor. Niderlandiya, Daniya va Shvetsiya kabi mamlakatlar Amerika yo‘lini yoqlashadi: ular nazdida BMT aralashuvisiz, Kosovoga bir tomonlama mustaqillik berish —  muammoning eng yaxshi yechimi. Gretsiya, Kipr, Ruminiya, Bolgariya kabi 10 dan oshiq davlatdan iborat ikkinchi guruh Kosovo mustaqilligini istashadi, lekin ular BMT kabi nufuzli tashkilot iznisiz bir tomonlama harakatga qarshi. Darvoqe, YeI mamlakatlari orasida Kosovo borasida hali bir to‘xtamga kelolmaganlari ham yo‘q emas.

Kosovo mustaqilligi tarafdorlari ikki dalilni keltirishadi: birinchidan, har qanday masalada, inchunun, Kosovo borasida Rossiyaga aslo yon bermaslik kerak; ikkinchidan, bir necha yil davomida fuqarolar urushini boshdan kechirgan hudud shuncha qiyinchiliklardan keyin mustaqil bo‘lishga haqli. Aks holda, o‘sha qonli davr yana qaytishi ham mumkin.

O‘z navbatida qarshi tomon ham ikki dalilga tayanadi. Bunga ko‘ra, agar Kosovoga erkinlik berilsa,  Bosniyadagi serblar, Gruziyadagi abxazlar, Shimoliy Kiprdagi turklar va hokazo boshqa ayirmachi kayfiyatdagi millatlar ham mustaqillik talab qilib chiqishi mumkin. Mustaqillik berildi degani tartibsizlik va boshboshdoqlikka yo‘l ochildi degani. Qolaversa, BMT ruxsatisiz qaror qabul qilinishi xalqaro huquqqa zid va bu tashkilot obro‘sini ham tushiradi. O‘zi shundoq ham oxirgi paytlarda BMTning gapi hech kimga o‘tmay qoldi...

YeI hozircha shundoqqina biqinidagi muammoni hal etishga ojizlik qilib turibdi. Agar Bryussel bu safar ham qat’iyat ko‘rsatmasa, yaxshi bo‘lmaydi. “Yevropa uyi” Kosovo borasida ham bir bayroq ostida birlashmasa, unda Yevropa Ittifoqi AQSh va Rossiyaning geosiyosiy o‘yinlarida shunchaki piyoda vazifasini bajaryapti degan fikr tarafdorlariga qarshi dalil topish qiyin bo‘ladi.

Abdul Sobir

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.