background
logotype

“O‘g`rini qaroqchi urdi...”

Ispaniya razvedkasi sobiq xodimi Roberto Flores xorij josuslik xizmatiga axborot yetkazib berish aybi bilan hibsga olinganidan xabaringiz bor. Bu voqea ispan jamiyatini bir lahzaga sarosimaga solib qo‘ydi. Yevropaning eng oldi razvedka xizmatlaridan biri sanalgan Ispaniya maxfiy idorasi tarixida bu kabi xiyonat hodisasi hali kuzatilmagan edi. Buyuk davlatchilik o‘tmishi bilan faxr etadigan ispanlar o‘z josuslik idoralari bilan ham g‘ururlanib yurishardi...

Kutilmaganda Ispaniya milliy razvedka markazi (Centro Nacional de Inteligencia – CNI) rahbari Alberto Sais ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazadigan bo‘ldi. Shunday jiddiy va maxfiy idoraning rahbari jurnalistlar bilan uchrashmoqchimi, demak, qandaydir muhim yangilik bor. Darhaqiqat, matbuot anjumanida hozir bo‘lganlar shov-shuv deyishga loyiq axborotdan boxabar bo‘lishdi. CNI yetakchisi qanchalik og‘ir bo‘lmasin, uning idorasida xiyonat yuz berganini tan oldi.

Roberto Flores o‘n yildan oshiq vaqt davomida Ispaniya razvedkasida faoliyat yuritgan. Unga shu qadar ishonishganki, hattoki maxfiy idoraning eng muhim bo‘g‘ini — kontrrazvedkaga ham qabul qilishgan. Biroq negadir tuppa-tuzuk ishlab yurgan josus 2004 yilning fevralida o‘z ixtiyori bilan bo‘shash to‘g‘risida ariza bergan va maxfiy xizmatni tark etgan. Roberto Floresning kirish yo‘li bor-u, lekin chiqish eshigi bo‘lmagan xizmatdan nega o‘z xohishi bilan ketib qolgani oradan ko‘p  o‘tmay ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda Flores ustidan tergov olib borayotgan idoraning da’vosiga ko‘ra, ispan razvedkasi sobiq xodimi 2001-2004 yillar davomida tasarrufidagi maxfiy ma’lumotlarni pul mukofoti evaziga rus maxsus xizmatiga yetkazib turgan. Ispanlarning nafsoniyatiga tekkan va jahlini chiqargan jihati, Flores rus maxsus xizmatiga beminnat yordamni o‘zi taklif qilgan.

Ispan razvedkachisini tavakkal qilishga undagan mablag‘ miqdori ko‘pchilikni qiziqtirishi turgan gap. France Presse axborot agentligi xabariga qaraganda, Roberto Flores maxfiy ma’lumotlar evaziga rus maxsus xizmatidan 200 ming dollar hadya olgan.

Ispan josusi zudlikda o‘z ixtiyori bilan ishdan ketar ekan, yaqin o‘tmishda qilgan jinoyatlarini yashirib, yopiqliq qozon yopiqlig‘icha qolishini mo‘ljallagan edi. Biroq oradan ko‘p ham o‘tmay milliy razvedka xizmati Floresning shubhali faoliyati bo‘yicha ichki tekshiruv o‘tkazdi. Ikki yil davomi etgan tekshiruvdan keyin ispan josusining xiyonati oydinlashdi.

Flores maxsus xizmatning taqdimnomasi bilan Tenerife shahrida hibsga olingan. Tergov idoralarining ma’lum qilishicha, tintuv paytida sobiq josusning uyidan ayblovda tosh bosadigan hujjatlar topilgan.

Dastlabki tergov paytida Robert Flores bir og‘iz ham gapirmagan. Prokurorning savollariga faqatgina so‘zsiz inkor bilan javob bergan. Aslida ichimdagini top qabilidagi muomala maxfiy agentlar kasbiga xos odat. Balki shu boisdir, tergov idorasi ayblanuvchining tan olmasligiga ham qarab o‘tirmay, unga  qarshi milliy mudofaaga taalluqli sirlarni oshkor qilish aybini e’lon qildi. Ispan jinoyat qonunchiligiga ko‘ra, davlat siri bo‘lgan maxfiy ma’lumotlarni sotgan fuqaroga 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi beriladi.

Ispaniya Yevropa Ittifoqi, NATO kabi birlashmalar a’zosi sanaladi. Mamlakatda bunday shov-shuvli hodisaning ro‘y bergani ushbu katta tashkilotlarda ham xavotir uyg‘otmay qo‘ymaydi: axir, bilib bo‘ladimi, ispan josusi Rossiya razvdekasiga qanday qimmatli ma’lumotlarni sotib yubordiykan? Ana shu xavotirlarning oldini olish uchun Ispaniya milliy razvedka rahbari Alberto Sais xorij maxsus xizmatiga yetkazilgan axborot eskirgani, bugungi kunda hech qanday ahamiyatiga ega emasligi va, asosiysi,  YeI yoki NATO xavfsizligiga tahdid solmasligini aytgan.

Hozirda Ispaniya hukumati ham qiyin ahvolda qolgan. Bu kabi janjalli vaziyatlarda odatda jabr ko‘rgan davlat haddidan oshgan tomonga turli iqtisodiy jazo choralari ko‘rar, eng kamida diplomatik bosim o‘tkazar edi. Biroq bu gal rus maxsus xizmati vakillari ispan hamkasblarini pichoqsiz so‘yishdi. Mazkur voqea har qancha noxushlik bo‘lmasin, Madrid hukumati Moskvaga hattoki oshkora noroziligini ham bildira olmaydi. Chunki yana biror oylardan keyin — sentyabrda Ispaniya bosh vaziri Xose Luis Rodriges Sapatero Rossiyaga rasmiy tashrif bilan borishi zarur. Bunday jiddiy uchrashuv oldidan esa har qancha katta mojaro ro‘y bermasin, munosabatlarni buzmay turgan ma’qul. Axir, prezident Vladimir Putin bilan muzokaralarda Yevropa uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan energiya resurslari muammosi ham muhokama qilinadi-da.

Ana shu tashrif sabab, Ispaniya va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining yaqindagina telefon orqali o‘tgan muloqotida ham Roberto Flores ishi bilan bog‘liq holat umuman eslanmagan. Ispan tashqi ishlar mahkamasi rahbari Migel Anxel Moratinos Rossiya maxsus xizmati ularning ichki ishlariga aralashgani to‘g‘risida aytishga jur’at qilmagan. O‘z navbatida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham yo‘q joydan muammo chiqarib, noxush voqeani eslab o‘tirmagan: ommaviy axborot vositalariga ishonib bo‘ladimi, ispaniyalik hamkasb hech narsa bo‘lmagandek yaxshi muomala qilyaptimi, demak, ispan josusining ruslarga axborot yetkazgani to‘g‘risida xabarlar ham navbatdagi dezinformatsiyadir, kim biladi...

Odatda rasmiy arboblar obro‘siga soya soladigan bunday shov-shuvli hodisalar imkon qadar jamoatchilikdan yashirilardi. Lekin bu gal Ispaniya hukumati va maxsus xizmati axborotning oshkora hamda hamma uchun ochiqlik tamoyiliga qat’iy rioya qilishdi. Bunday bag‘rikeng­likni tushunsa bo‘ladi: Roberto Floresning sharmandli qilmishi amaldagi bosh vazir davrida emas, sobiq hukumat rahbari Xose Mariya Asnar paytida sodir etilgan. Aybdorlardan biri — CNIning o‘sha payt­dagi rahbari ham allaqachon iste’foga chiqqan. Sobiq amaldorlarning aybini oshkor etish esa amaldagi rahbarlar uchun unchalik ham og‘ir yo‘qotish emas, aksincha, bunday hodisalar ularga qimmatli «ochko» keltirishi ham mumkin...

Sobirjon Yoqubov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.