OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Digor xalq maqollari (75)

Digorlar ― Shimoliy Kavkaz xalqi. Osetiyada yashaydilar. Osetin etnik guruhi tarkibiga kiradi. Osetin tilining digor lahjasi osetin tili kabi hind-evropa tillari oilasining eron guruhiga kiradi.


• Bo‘riga yaxshilik qilsang, seni g‘ajib tashlaydi.
• Katta bo‘lak tomoqqa tiqiladi.
• Stolga ortiqcha ovqat qo‘yganing bilan uning oyoqlari tolib qolmaydi.
• Otangni urgan tayog‘ing kun kelib o‘g‘lingga kerak bo‘lib qoladi.
• O‘ng ko‘z chap ko‘zni yoqtirmadi, natijada oralaridan burun o‘sib chiqdi.
• Qiz bola ko‘ylakdan yaralgan.
• Asalni ham o‘lchov bilan yeydilar.
• Bir kallali ikki kallalidan afzal.
• Qopag‘on it tishlarini ko‘rsatmaydi.
• Javob berishga emas, tinglashga shoshil.
• Buqa bo‘lsa, podachi topiladi.
• Daryo ham quriydi.
• Urushqoq buqa doim shoxini o‘tkirlaydi.
• Hammaga o‘z fe’li chiroyli.
• Bug‘u o‘z bolasidan qochadi.
• Olxo‘ridan nok o‘smaydi.
• Notiq ― otda, gapga no‘noq ― piyoda.
• Go‘shtni qo‘riqlashni bo‘riga topshirishdi.
• Ayiq va ovchining niyatlari har xil.
• Begona cho‘ponga tushib qolgan qo‘yni so‘yilgan deb hisoblayver.
• Tiyinsiz so‘m bo‘lmaydi.
• Katta tegirmon kichik suv bilan aylanmaydi.
• Katta baxt katta baxtsizliklarni ham keltiradi.
• Bir qabrga ikki o‘likni ko‘mmaydilar.
• Bo‘ri otga o‘rtoq emas.
• Tashqi ko‘rinishiga qarab kutib olib, aqliga ko‘ra xayrlashadilar.
• Bosh oyoqdan yuqori.
• Sen chiqayotgan tog‘ boshqalaridan baland ko‘rinadi.
• Bitta olma daraxtidagi olmalarning hammasi ham shirin bo‘lavermaydi.
• Ochko‘zga bazm ham, aza ham barobar.
• Bir kishiga qarshi ikki kishi ― qo‘shin.
• Kattalar tarbiyali bo‘lsa, kichiklar ham tarbiyali bo‘ladi.
• Uyning asosi qiyshiq bo‘lsa, uy ham qiyshiq bo‘ladi.
• Toychoq ot bo‘ladi, yigit ― erkak.
• Itlar ham har xil tishlaydi.
• Qo‘shiqdan so‘zni yulib ololmaysan.
• Ming so‘mdan bir tiyinini ishlatsang, endi u ming so‘m emas.
• Katta yulduz yorqinlashganda kichiklari umuman ko‘rinmay qoladi.
• Qalb ko‘r bo‘lsa ko‘z ham ko‘rmaydi.
• Odamning ishi yurishmasa, somondan ham qoqinadi.
• Birovga yaxshilik qilsang, u senga tosh otmaydi.
• Egri xodani daryo qirg‘oqqa chiqarib tashlaydi, to‘g‘risini oqizib ketadi.
• Tulkining mo‘ynasi uning go‘shtidan afzal.
• Kichkina bolta katta daraxtlarni yiqitadi.
• Yaxshi qo‘shni yaxshi qarindosh kabidir.
• Erkak har yerda erkak.
• Birovning otiga o‘tirish oson.
• Yomonlik qilmasang yomonlik ham ko‘rmaysan.
• Kiyim insonni yaratmaydi.
• San’atning chegarasi yo‘q.
• Kelin kelinni yomon ko‘radi, qaynisingil ikkovini.
• "Yo‘q" va "ha" ― birodar.
• Pichoq molni so‘yib bo‘lib, dumiga kelganda sindi.
• Olovga o‘zini yondiradimi, boshqanimi, farqi yo‘q.
• Bitta tirik yuzta o‘likdan afzal.
• Yolg‘iz odam toshda ham yashay oladi.
• Bir o‘q bilan ikki quyonni urolmaysan.
• Bitta daraxt bilan yo‘l atrofi chiroyli bo‘lib qolmaydi.
• Ko‘l o‘z joyida go‘zal.
• Podadagi qo‘yni qulog‘idan biladilar.
• Kimdan tug‘ilsang unga o‘xshaysan.
• Echkidan echki tug‘iladi.
• Yomg‘irli kundan so‘ng quyoshli kun keladi.
• Arpa hech qachon bug‘doy bo‘lolmaydi.
• Jilg‘a daryoni to‘ldiradi, daryo ― dengizni.
• Turganga va o‘tirganga sharaf bir xil emas.
• Odamning nechta bolasi bo‘lsa, ularga shuncha nom beradi.
• Bitta qo‘yi borning ham, yuzta qo‘yi borning ham dardi bitta.
• Qari buqaning shoxi qattiq.
• Yaxshi sakraydigan ot poygada bilinadi.
• Yaxshi odam uzoq yashamaydi.
• Yaxshi odam o‘lmaydi.
• Boshida yaxshi bo‘lgan oxirida yaxshi bo‘lgandan afzal.
• Qalbni xushnud etish uchun katta sovg‘aning ham, kichigining ham farqi yo‘q.
• Birovning o‘ligi uxlayotganga o‘xshaydi.

D.Tojialiyev tarjimalari

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.