OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alber Kamyu. Roman va isyon (esse)

Ma’lum nuqtai-nazarga ko‘ra, adabiyot boshqa turlarga nisbatan ancha murosachi ekanini qayd etish zarur – bu ayblov o‘tmish daholaridan tortib, yangi davr dahriylarining qarashlarigacha mos tushadi. Avvalgi zamonlarda roman noyob janr hisoblanardi. Unda voqealik emas, xayol ko‘proq aks etardi; “Habash ayol” bilan “Astrey”ni eslashning o‘zi kifoya (1). Mohiyatan olganda bular cho‘pchak, roman emas. Yangi davrda – dahriylarda esa roman haqiqiy janr tusini oldi, xuddi inqilobiy harakatlar kabi o‘z qamrovini kengaytirib, mukammalashib bordi. Roman ruhiy va ma’naviy isyonkorlik mahsuli sifatida maydonga keldi va estetik nuqtai-nazardan ham u isyonga intilish edi.
Littrning lug‘atida romanga “nasriy yo‘lda yozilgan uydirma voqealar” deb baho beriladi. Faqat shumi? Bir katolik tanqidchisi – men Stanislav Fyumni nazarda tutayapman – masalani ancha jiddiy qo‘yadi: “San’at o‘z oldiga qanday maqsadni qo‘ymasin, baribir xudo bilan bahs boylashishga kirishgan dahriylikdir”. Aslida ham fuqarolar jamiyatidagi tortishuvga g‘arq bo‘lgandan ko‘ra roman xudoga yuz burgani ming marotaba maqbulroqdir. Tiboda Balzak ijodi haqida ancha to‘g‘ri fikrni bayon qiladi: “Insoniyat komediyasi” – bu Parvardigori olamga taqliddir”. Ulug‘ adabiyotlarning ulug‘ maqsadlari ham aslida bizga o‘xshash qahramonlar yashaydigan o‘ziga xos dunyo, olam yaratilishidan iborat bo‘lib kelgan. G‘arb adabiyoti hech qachon o‘zining ulug‘ asarlarida kundalik hayotni tasvirlash bilangina chegaralanmagan. U xayolning ulug‘vor qudratiga intilib, bizning tasavvurlarimizga hamisha mash’ala yoqib kelgan, izidan xayol dunyosiga ergashtirgan.
Kimki roman yozayotgan yoki o‘qiyotgan bo‘lsa, mohiyatan g‘alati holatga duch keladi. Asli g‘irt uydirmadan iborat bu voqealarga inson nega bunchalik ehtiyoj, tashnalik sezadi?! Agar bu g‘alati ehtiyojga yozuvchi yoki o‘quvchidan qoniqarliroq javob olingan taqdirda ham imonim komilki, baribir odamzot yana shu uydirma bilan o‘z ehtiyojini qondirishda davom etaveradi va unga bo‘lgan qiziqishiga zarracha putur yetmaydi. Inqilobiy tanqid buni voqelikni tasvirlashdan ataylab qochish deb baholaydi. Oddiy so‘zlashuv tilida jaydari bir jurnalistning uquvsiz uydirmasini “roman” deb atashadi. Bir necha yillar muqaddam kundalik voqealikdan ustun turuvchi “romantik” kayfiyatdagi qizlar sevimli va ardoqli sanalardi. O‘z-o‘zidan oydinki, ana shunday mahbubaning mavjud voqelik haqida hech qanday tushunchaga ega emasligi, uning sof xayoliy dunyosi yuksak qadrlanardi. Bir so‘z bilan aytganda, romantik ideal hayotdan hamisha uzilgan bo‘lardi va bu idealning naqadar maftunkorligi har kimning xayoliy qudratiga bog‘liq edi. Shunday qilib, roman san’ati haqida gap ketganda, uning yutug‘i voqelikdan qanchalik ustun turganiga qarab baholanardi. Burnining tagidagidan narini ko‘rishga quvvai hofizalari yetmaydigan kishilar bu borada Inqilobiy tanqid bilan bir xil fikrda edi.
Xo‘sh, biz roman o‘qish bilan xayolimizni nimadan olib qochamiz? Qora turmush tashvishlaridanmi? Biroq hayotda yetishmovchilik nimaligini tasavvur qilolmaydigan odamlar ham boyligini sanashu hashamlardan ortgan paytlari roman o‘qiydi-ku? Bundan tashqari badiiy dunyo ertayu-kech xayolimizni band qiladigan va bizning og‘ir mehnatimizni, hech qursa xayolda bo‘lsa-da, yengil qiladigan darajada ohanrabo va maftunkor ham emas. Biroq shunday esa-da, Adolf nega Benjamen Konstanga nisbatan ko‘nglimizga yaqin (2), nega ahloqshunoslarga nisbatan bizni graf Moska (3) ko‘proq ishontiradi?! Bir kuni Balzak siyosat va dunyo taqdiri haqidagi uzundan-uzun ma’ruzasini shunday so‘zlar bilan tugatgan: “Endi jiddiy masala haqida gaplashsak”. U bu bilan o‘zining romanlarini nazarda tutgandi. Ikki asrdan buyon romannavis daholar bizga taqdim etayotgan va bizni maftun qilayotgan son-sanoqsiz miflarni jiddiy sharhlamasdan, shunchaki, voqelikdan qochish deb baholashning o‘zi bilan mohiyatni ochib bo‘lmaydi. Romannavis ijodkorlar voqelikdan qochganligi yoki uni chetlab o‘tayotganligi aniq va bor gap. Biroq bu chetlashishni shunchaki qochish deb bo‘lmaydi. Gegel ta’kidlaganidek, real dunyo aziyatidan o‘z qalbining uzlatiga chekingan, o‘zi uchun faqat axloq hukmronlik qiluvchi badiiy dunyo yasab olgan bunday chetlashishni voqelik bilan bog‘laydigan rishta bormi? Hatto pand-nasihatga to‘la, katta adabiyotdan uzilib qolgan “Pol va Virjiniya” kabi ko‘z yoshlarga to‘la asarlarni o‘z ichiga olgan eng hikmatgo‘y romanlar ham bizga tasalli berishga qodir emas.
Bor haqiqat shundaki, real dunyoni inkor qilayotgan odam, ayni zamonda bu dunyodan mutlaqo uzilishni ham istamaydi. Odamlar shu dunyoda yashashga mahkum etilganlar va undan ayri yashashni hech qachon tasavvur qilolmaydilar. O‘z makonida darbadarlik va quvg‘inga giriftor bo‘lgan bu hurkak mavjudot o‘zi yashayotgan dunyoni abadiy unutishni emas, aksincha, uni yana ham ko‘proq o‘ziniki qilib olishni istaydi. Turmushning butun ko‘lamini aks ettiradigan azobu-uqubatlar hali ko‘z oldida mukammal gavdalangan emas; dunyo faqat shundan iborat bo‘lolmaydi. To‘g‘ri, xoxish-istak tutqich bermaydi, boshqalar xohish-istaklari ortida yo‘qolib ketadi, so‘ng birdan boshqa bir qiyofada o‘z ortidan ularni xuddi Tantalning tashna lablari suvning izidan behuda quvgani(4) kabi yana besamar yugurtiradi. Xo‘rlikka mahkum etilgan odamning bor-yo‘q maqsadi lablarini suvga tegizish, xayoli kabi tutqich bermas to‘lqinni jilovlab olish va uni o‘z taqdiriga aylantirish, xolos. Biroq bu amalga oshmas orzu: shu sababli u xayolan bo‘lsa-da, orzusiga yetishni xohlaydi – xayolan bo‘lsa-da taqdir va o‘limdan ustun kelishni va ko‘z oldidagi besamar va beadad dunyoga qarama-qarshi o‘laroq o‘zining xayoliy dunyosiga ega bo‘lishni istaydi.
Mana shu yerdan aksariyat odamlarda o‘zgalar hayotiga shafqatsiz munosabat va hasad bilan qarash paydo bo‘ladi. Bu hayotni chetdan kuzatib turib, undagi yaxlitlikni va jamul-jamlikni ko‘ramiz, mohiyatan shunday bo‘lmasa-da, biz uchun bu hayot yengilmas va bo‘ysunmas bo‘lib tuyuladi. Biz faqat bu yerda ikir-chikirlarni emas, yuksak va qadri baland cho‘qqilarni ko‘ramiz. Shunda biz bularning barini san’atga jo eta boshlaymiz, ularni ibtidoiy tarzda romanga kirgizamiz. Shuning uchun ham har bir odam san’atda mohiyatan o‘z hayotini ko‘rishni istaydi. Biz, garchi bu mumkin bo‘lmasa ham muhabbat abadiy davom etishini istaymiz – mabodo u mo‘‘jiza tufayli butun umr davom etgan taqdirda ham, baribir u tugal bo‘lolmasdi. Vaqtdan ustun bo‘lishga tuganmas xohish bizni mangu uqubatlarga ro‘kach qilsa, balki dunyoviy uqubatlarning mohiyatini chuqurroq anglagan bo‘larmidik? Ehtimol, irodasi kuchli odamlar ham dunyoviy uqubatlar bir lahzaligini anglab yetgandan keyin vahimaga tushib qolishar? Tuganmas uqubatni his qilgach, balki biz bitmas-tuganmas baxt borligini ham tushunib yetarmiz? Biroq, afsuslar bo‘lsinki, bizning eng beadad mashaqqatimizning ham chegarasi bor. Va ajoyib kunlarning birida qalbimizni hayotga tashnalik hissi chulg‘ab, biz umidsizlikdan daf’atan uyg‘onarmiz va uqubat sanalib kelingan narsalar mohiyatan baxt ekanini sezib qolarmiz?
O‘zlikni anglashga intilish – bu azal-abadga intilish vositasi xolos: undan so‘ng muhabbatga mubtalolik boshlanadi. Bironta mavjudot, hatto eng otashin va qizg‘in sevgiga mubtalo bo‘lganlar ham men mutlaq muhabbat sohibiman deb aytolmaydi. Oshiq-ma’shuqlar ayro tug‘ilib, so‘ng yana ayriliqda o‘lishga mahkum etilgan bu shafqatsiz dunyoda mahbubdan butun umri davomida faqat o‘zi uchun yashashni talab qilish amalga oshmas orzu bo‘lib qolaveradi. Bunday shafqatsiz talab qo‘yishga muhabbatning o‘zi dosh bermaydi. Bunday muhabbat mahbubni adoyi tamom qiladi. Yolg‘iz oshiqning besamar azobi bugun o‘ziniki bo‘lgan mahbubasi ertaga kimnidir sevib qolishi mumkinligini anglagandan keyin yana ham tiyiqsiz tus oladi. Har qanday holatda ham oshiq vaqtdan ustunlik hamda mahbubani umrbod o‘ziniki qilish istagiga mubtalo bo‘ladi va ayni shu istagi bilan mahbubasini ertangi kundan judo qiladi. Dunyoviy me’yorga sig‘maydigan ana shu istak haqiqiy isyondir. Kimki o‘zi muhabbat qo‘ygan jami narsadan, garchi orzusi hech qachon amalga oshmasligini bilib turib, abadiy hurlik va mahliyolikka da’vogarlik qilib, shu yo‘lda o‘zini qurbon qilishga tayyor his etmagan bo‘lsa, unga isyon va uning tiyiqsiz nafrati tushunarsiz bo‘lib qolaveradi. Mohiyat esa hamisha ham yuz ko‘rsatmaydi – u ma’lum bir tushunchaga hech qachon sig‘maydi. Shu nuqtai-nazardan qarasak, hayot shaklsizdir. U o‘z shaklini izlab, tiyiqsiz oqayotgan daryoga o‘xshaydi. Buning aksi o‘laroq odam hayotda o‘zini shoh deb his qilish uchun betinim shakl izlaydi. Jilla qursa biron-bir tirik mavjudot odam xohlagan shaklga kirganda edi, inson dunyo bilan abadiy sulh tuzgan bo‘lur edi.
Ammo unda odamni shakl va yo‘nalish izlashdek mangu uqubatdan xalos qiladigan, u bilan bir tanu bir jon bo‘lib ketadigan oddiy ong sohibi bo‘lmish bironta boshqa mavjudot yo‘q. Shuhratparastu-janjalparastlar, hashamatparastu-inqilobparastlar, barcha-barchasi yashash uchun murosayu-madora qilib, birdamlikka intilayapti: xuddi muhabbat asoratidan qalbi vayron bo‘lgan oshiq yoki ma’shuqa muhabbat qissasiga yakun yasash uchun so‘nggi imkoniyatga, so‘nggi imoga tashna boqayotgandek. Har birimiz o‘sha birdamlikka olib boradigan sehrli so‘zni izlayapmiz. Bizga shunchaki kun ko‘rishning o‘zi kamlik qiladi, biz o‘lim aravasi kelmay turib, o‘z taqdirimizga ega bo‘lishga intilamiz. Bu shundan darak beradiki, inson o‘zi yashayotgan dunyodan ko‘ra tasavvuridagi olamni yaxshiroq bilarkan. Biroq “yaxshiroq” so‘zi “boshqacha” degan ma’noni anglatmaydi, balki tasavvurni yaqqolroq ifodalaydi. Qalbimiz ko‘klarga ko‘tarayotgan istaklarimiz garchi nafratimizga sazovor dunyo ustiga qurilgan bo‘lsa-da, undan butkul uzilib ketmaydi: bu shunchaki qochish emas, balki o‘zining mavjudligini ko‘rsatishga urinish da’vosidir. Har qanday orzu-istak va harakat – xoh u diniy, xoh dunyoviy bo‘lsin, oxir-oqibatda mana shu ojizona da’voga, shaklsiz hayotdan o‘ziga boshpana, shakl izlashga borib taqaladi. Mana shu shijoat-xoh falakka sig‘inish, xoh insoniyatni yo‘q qilish istagi shaklida bo‘lsin, butun mohiyati bilan, roman ijod qilishga, ijodkorlikka boshlab boradi.
Pirovardida roman o‘zi nima? U inson faoliyati ma’lum bir shaklga kirgan, dunyo istak-xohishiga mos tasvir etilgan, odamlar bir-birlariga izhori dil qilgan va har bir taqdir o‘z yo‘rig‘i hamda yozug‘iga ega bo‘lgan qandaydir o‘zga dunyo ifodasimi?.. Romanda gavdalangan dunyo ko‘z o‘ngimizdagi olamning inson siyratiga mos xohish-istaklar asosida qayta yaratilishidan boshqa narsa emas. Zero, u dunyo ham azobu-uqubat, yolg‘onu-muhabbatga qorishib yashayotgan o‘z dunyomizning aynan o‘zi. Unda bizning bor qiyofamiz, ojiz va kuchli jihatlarimiz ifodalangan. Uning o‘zgaligi ham ko‘z oldimizdagi dunyoning go‘zalligi va ibratidan ayro narsa emas. Biroq u dunyoda odamlar ko‘z oldimizdagi dunyodan farqli o‘laroq, so‘nggi daqiqalargacha o‘z taqdirlarining egalaridir. Ularda inson qismati mujassamlangan. Bizni hayratga soluvchi qahramonlar – Kirilov, Stavrogin, Groslen xonim, Jyulen Sorel yoki malika Klevskaya – hayotiy jo‘shqinliklarini so‘nggi qatrasigacha sarflashga qodirdirlar. Bu esa hayotda bizning qo‘limizdan kelavermaydi. Zero, ular biz hech qachon jur’at qilmagan narsalarni oxirigacha yetkazadilar.* (*Agar roman faqat qayg‘uyu g‘am, umidsizligu tushkunlikdan iborat bo‘lsa, u haloskorlik yo‘lini ko‘rsata oladi. Tushkunlikka ism topish, uni tasvirlash – uni yengishga intilish degani. Tushkunlik adabiyoti – bu o‘ziga ism izlayotgan adabiyotdir).
Lafayet(5) xonim “Malika Klevskaya”ni o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib yaratdi. Bir tomondan malika – bu uning o‘zi, boshqa tomondan esa – u emas. Farq shundaki, Lafayet xonim ibodatxonaga kirib olib, tarki dunyo qilgani yo‘q va uning muhabbati yo‘lida biron kishi qurbon bo‘lmagan. Albatta, u bu muhabbat qissasidagi yurakni titratadigan hislarni boshidan kechirganiga shubha yo‘q. Biroq hayotda bu voqea hech qachon tugallanmasdi va agar Lafayet xonim hayotiy aqidagi bosh egib, bu jo‘shqin muhabbatning davomini o‘zining benazir qalami bilan qoralab qo‘ymaganda edi, biz ham uning xotimasidan hech qachon bahra ololmasdik. Xuddi shunday romantik va ajoyib voqea Gobinoning “Pleyada”sidagi(6) Sofiya va Kazimir o‘rtasida ham sodir bo‘ladi. Go‘zal, fozila va jo‘shqin ehtirosli, - bu yerda Stendalning boshqa hech kimga o‘xshamaydigan favqulodda ayolgina meni baxtli qilishi mumkin degan gapini eslash o‘rinli, - Sofiyaga oshiqu-shaydo Kazimir birinchi bo‘lib muhabbat izhor qilishga jur’at etadi. Har kuni ko‘ravarib va bir xil izhorlarni eshitaverib, uning jo‘shqin muhabbatiga ko‘nikib qolgan Sofiya oxir-oqibat undan beziydi va uni ko‘rsa o‘zini haqoratlanganday his eta boshlaydi. Kazimir unga muhabbatini sudda guvohlik berayotganday bayon etardi. Ha, u Sofiyani qizning o‘zidan ham yaxshiroq bilardi va yana Sofiyasiz yashashni tasavvur qilolmaydigan bu otashin muhabbati javobsiz qolishini ham bilardi. U shusiz ham badastur yashayotgan Sofiyaga butun sarmoyasini xatlab beradi-da, qizga amalga oshmagan orzularini tashlab, o‘zi boshi oqqan chekka shaharga (bu Vilna shahri edi) ketib, arzimas nafaqa bilan g‘ariblik va qashshoqlik og‘ushida kun kechira boshlaydi. Ayni paytda Kazimir Sofiyadan tirikchilik uchun olib turadigan nafaqasi o‘zining birdan-bir ojizligi ekanini tushunardi va yana Sofiyadagi vaqti-vaqti bilan unga faqat nomi yozilgan top-toza qog‘oz-maktub jo‘natib turishga ham rozilik olgandi. Avvaliga Sofiya g‘azablanadi, hech narsaga tushunmaydi, so‘ng uni beadad qayg‘u chulg‘ab oladi va nihoyat u Kazimirning taklifini qabul qiladi, hammasi yigit rejalashtirgandek yakun topadi: Kazimir Vilnada hijron azobidan halok bo‘ladi. Shunday qilib, romandagi voqea o‘ziga xos mantiq bilan yakun topadi. Ma’lum bir voqeaga asoslangan holda faqat tushdagina sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan, biroq real voqelik uchun aql bovar qilmas bo‘lib tuyuladigan bir xil maroqli hikoyatlarni to‘qimasiz tasavvur qilish mumkin emas. Mabodo Gobinoning o‘zi Vilnaga ketib qolganda edi, zerikib, bezib qaytib kelgan yoki o‘sha yerning o‘zidayoq biron ko‘ngilyozar mashg‘ulot topib olgan bo‘lardi. Kazimirga esa qismatini o‘zgartirish ham, hijron azobidan o‘zini xalos qilish ham ta’qiqlangan. U xuddi o‘limga qarab borayotgan Xitklif kabi oxirigacha, toki mahshar kunigacha to‘xtamasligi shart.
Ko‘rib turganimizday, qarshimizda real dunyodan aks olgan badiiy dunyo – azob-uqubat toki mahshar kunigacha cho‘ziluvchi, g‘am-qayg‘usi hech qachon baxtu-saodatga aylanmaydigan, odamlar taqdirini bir-biriga chambarchas bog‘lab turuvchi va qismat sharobini oxirigacha sipqorishga mahkum etuvchi dunyo turibdi. Nihoyat, odam romanda real voqelikda sira iloji bo‘lmaydigan hayotini ma’lum bir shaklga solib, unga xotima bag‘ishlay oladi. Romanni inson qismatiga oldindan bichilgan xulosalarni tikib qo‘yadi. Shunday qilib, garchi vaqtinchalik o‘lim hukmi hoziqlik qilsa-da, u shunday lahzada yaratuvchiga aylanadi. Ushbu nuqtai-nazarga mos keluvchi barcha mashhur romanlarni bir xil tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, romanning mohiyati muallifning hayotiy tajribalarini ma’lum bir maqsadga bo‘ysundirish va unga yangi ma’no kasb etishda ko‘rinadi. O‘z oldiga na ahloqiy, na biror boshqa maqsad qo‘ymagan holda bunday metafizik ma’no kasb ettirish – yaxlitlik va birdamlikka intilishga hamda umumiy botiniy ehtiyojni qondirishga qaratilgan bo‘ladi. Shu ma’noda roman eng avvalo g‘am-hasrat yoki isyonkor tuyg‘ularning ifodasi sifatidagi zakovat jangidir. Bu xil zakovat jangini frantsuz analitik romanlarida yoki Melvill, Balzak, Dostoevskiy, Tolstoy romanlarida kuzatish mumkin. Biroq bizga fikrimizni tasdiqlash uchun so‘nggi yillar romannavisligidagi bir-biriga o‘xshamaydigan ikkita an’anani – bir tomondan Prustni, ikkinchi tomondan amerika romanini – yo‘l-yo‘lakay qiyoslashning o‘zi yetadi.
“Amerika romani” ba’zida insonning botinini ochish yo‘li bilan, ba’zida uning zohiriy munosabati va holatini tasvirlash bilan zo‘r berib bir butunlikka intilayapti. U bizning klassik romanlarga xos tuyg‘u va jo‘shqinlikni birma-bir sinab o‘tirmaydi. U qahramonning holatini tushuntiruvchi va ma’lum bir xulosa yasovchi ruhiy asoslarni izlab, uni tahlil qilmaydi. Shuning uchun ham bu romandagi bir butunlikni faqat tasvirdagi butunlik deb atash mumkin. Uning asosiy ifoda usuli odamlarning zohiriy qiyofasini chizish, ularning hatti-harakatini chetdan kuzatish, nutqni, ba’zan takrordek tuyuladigan ichki Nutqni* (*Gap XIX asrdagi Amerika adabiyotining gullab-yashnagan davri emas, asrimizning 30-40 yillari “shafqatsiz” romanlari haqida ketayapti) hech bir ta’rif-tavsiflarsiz berishi, nihoyat, o‘zlari shart deb hisoblagan paytda kundalik, bir xil harakatlari bilan o‘zlarini namoyon qila olishga qodir bo‘lgan odamga munosabat masalasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Bunday shiddatli jarayonda odamlar o‘z-o‘zidan bir-biriga o‘xshab qoladi, barcha qahramonlari hatto jismoniy nuqtai-nazardan bir-birining o‘rnini to‘ldirib ketaverishi mumkindek tuyuladigan ularning o‘ziga xos badiiy dunyosi shu jihati bilan farqlanadi.
Bu ifoda usuli o‘zini realizm deb ataydi. Ko‘rib chiqqanimizdek, realizmning o‘zi ancha mavhum tushuncha ekanligi haqida ortiqcha gapirmasdan ham bu roman dunyosi o‘zida voqelikni jo‘n va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aks ettirmay, balki uni ma’lum bir uslubga bo‘ysundirayotganini ta’kidlash joizdir. U voqelikni ataylab buzib tasvirlaydi. Mana shu yo‘l bilan bir butunlikka – to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaxlitlikka emas – odamlarning va dunyoning orasidagi tengsizlikni yo‘qotishga erishadi. Bu romannavislarning nuqtai-nazariga ko‘ra, aynan botiniy hayotlari birdamlikka putur yetkazib, ularni bir-biriga begona qilib turibdi. Bu ishtiboh faqat qisman haqiqatdir. Negaki, bu san’at turining asosi bo‘lgan isyon botiniy hayotni inkor qilish oqibati bo‘lib emas, balki unga suyangan holda bir butunlikka qarab intilish mahsuli bo‘lib yuzaga keladi. Uni to‘liq inkor qilish tirik odamni emas, mutlaqo to‘qima odamni yaratadi. Yo‘qsillar romani ham xuddi bir paytlardagi pand-nasihat romanlari kabi quruq safsatadan boshqa narsa emas. Unisi ham, bunisi ham o‘z nodonligidan bizga saboq bermoqchi bo‘ladi **(**Bu avlodning yirik yozuvchisi Folknerda ham ichki monolog fikr qobig‘idan boshqa narsa emas). O‘z qobig‘iga o‘ralib olgan moddiy hayot tasviriga ruju qo‘yish asl mohiyatga qarama-qarshi o‘laroq, ayni paytdagi voqelikning mutlaqo aksi bo‘lgan zaminsiz, xayoliy dunyoning yaralishiga olib keladi. Bu romanchilik san’atiga ziddir. Moddiy hayotdan xoli bo‘lgan va mavjud voqelikka beparvo qarab turgan asl roman qahramonlari garchi o‘zlaricha “o‘rta odamlar”ning xohish-irodasini aks ettiryapmiz deb o‘ylashsa-da, biroq ular o‘zida umumjamiyat botiniy dunyosini mujassam etadilar. Mazkur badiiy olamda paydo bo‘lgan, son jihatdan xiylagina ko‘p ruhiy bemor qahramonlar dunyoqarashi buni yana ham yaqqolroq ifodalaydi. Bu xil asarlarda asosiy ma’no kasb etuvchi ruhiy bemorlar mohiyatan o‘z xatti-harakatlariga uyg‘undirlar, zero ular – amerika yozuvchilari mavjud voqealikka qarshi ojizona, biroq g‘azab va shovqinga to‘la isyonlarini bayon qilayotgan, hissiz avtomatlar inson hayotini yana ham ko‘proq shiddatli-yu, biroq mazmunsiz qilib qo‘yayotgan dunyoning – umidsiz va kasal dunyoning timsollaridir.
Prust esa o‘z oldiga voqealikni betinim o‘rganish orqali olamning va o‘limning bebaqoligi ustidan o‘zining mutlaq g‘alabasini ta’minlaydigan va faqat o‘zigagina taalluqli bo‘ladigan, o‘ziga xos yagona va xayoliy dunyo yaratishni maqsad qilib qo‘ydi. U mutlaqo boshqa vositalardan foydalandi. Bu vosita eng avvalo romannavis o‘z o‘tmishining sehrli lahzalaridan ishtiyoq bilan muhabbat soniyalarini birma-bir tanlab olishda va uni ko‘z oldimizga qo‘yishida ko‘rinadi. Kechagi kun o‘zi haqida hech qanday iz qoldirmay tashlandiq va bepoyon o‘lik makonga aylanadi. Agar Amerika romanlari xotirasini boy bergan mayib odamlarning dunyosi bo‘lsa, Prust dunyosi – bu faqat xotiradan iboratdir. Gap kechagi kunning xarobaga aylanishini va umrning izsiz ketishini inkor qiluvchi, xohlagan payt o‘tmishga bosh suqib qaray olishga imkon beruvchi, kechagi va ertaga keladigan kunlarning muattar hidlari qorishiq holda taralib turgan nozikta’blik va zo‘r ishtiyoq bilan qurilgan xotiralar dunyosi haqida ketayapti. Qalbning ulug‘vor xazinalari bo‘y ko‘rsatuvchi bu botiniy olamni Prust unutishga mahkum bo‘lgan olamga, g‘aflatga g‘arq, so‘qir dunyoga qarama-qarshi qo‘ydi. Biroq buni voqelikka qaytish yoki uni inkor qilish deb tushunmaslik kerak. Prust o‘tmishni xaspo‘shlamagani kabi Amerika romanlaridagidek uni mutlaqo chetga surib qo‘ymaydi. U boy berilgan xotiralar va ayni paytdagi kechinmalarni o‘tgan baxtli soniyalar va voqealikdan uzib olib, yagona, yaxlit bir butunlikka birlashtiradi...
O‘smirlik paytidagi baxtli soniyalarga endi qaytib bo‘lmaydi. Dengiz qirg‘og‘ida gul ko‘tarib o‘tirgan qiz jarangdor ovozda kuladi va shivirlaydi; biroq unga mahliyo bo‘lib turgan kimsa asta-sekin undan uzoqlashib, unga maftun bo‘lish baxtidan mahrum bo‘lib boradi va oxir-oqibat ular hech qachon muhabbat sharobini birgalikda icholmaydilar. Prust mana shunday dilgir kayfiyat uyg‘otadi. U bu dilgir soniyaga butun olamni almashishga tayyor. Biroq ularning orasida gung va hissiz yillar xarsangi yotibdi. U o‘sha baxtli va beg‘ubor soniyalar mangulik ichiga kirib, abadiy g‘oyib bo‘lishinini istamaydi. U o‘limga qasdma-qasd, o‘tmish zamon intihosidan kelajak ibtidosi bo‘lib, aslidagidan ham ko‘ra mukammalroq va maftunkor qiyofada qayta yuz ko‘rsatishini isbotlamoqchi bo‘lgandek, bu soniyalarni qayta tiriltirmoqchi bo‘ladi. Shu bois ham “Boy berilgan vaqt...” o‘z mohiyat-e’tiboriga ko‘ra ruhiy – botiniy tahlil vazifasini bajaradi. Prustning ulug‘vorligi shundaki, mangu g‘oyiblik arafasida turgan, parchalangan soniyalarni bir butun yaxlit mohiyatga birlashtirib, aslida boy berilgan vaqtga emas, g‘oyiblikka mahkum fursatga qayta jon ato etadi. Uning o‘limni dog‘da qoldirgan g‘alabasi shundaki, u xotira va idrok vositasida vayronaga yuz tutgan inson botinini xalos qiluvchi vahdatul vujud (bir butunlik) timsolini topa oldi. Bu xil xususiyatga ega asarlarning eng ulug‘ yutug‘i shundaki, u bizni o‘rab turgan borliqqa nisbatan qat’iy va mustahkam shaklga, yemirib bo‘lmas yaxlitlikka hamda o‘ziga xoslikka ega. Bunday asarlar har qanday tazarrudan ustundir. Shunga ko‘ra aytish kerakki, Prust dunyosi – dahriyona dunyodir; biroq unda xudo haqida so‘z bormagani uchun emas, balki u o‘ziga xos, mustahkam, koinotga qaraganda mukammal, inson xotirasi va baxtli soniyasini abadiyat qadar cho‘za olish, unga yangi qiyofa bera olish qudratiga ega bo‘lgani uchun ham dahriyonadir! Boy berilgan vaqt...” – o‘ziga xos isyonkor mangulikdir. Shu nuqtai-nazardan Prust romanlari o‘lim tahdidi va xavotiriga qarshi eng ibratli va umummiqyosdagi inson isyonini aks ettiruvchi romanlar sirasiga kiradi. U shu xususiyatiga ko‘ra qarshimizda inkor qilishga loyiq bo‘lgan borliqqa tuzatish kirita oladigan romanchilik san’atining ulug‘vorligiga misol bo‘la oladi. Hech bo‘lmaganda bu san’atning eng oddiy jihati yaratgan bilan bahs-munozaraga kirishib, o‘zining abadiy xo‘rlikka mahkum mahluq emasligini namoyon qilishda ko‘zga tashlanadi. Agar chuqurroq qarasak, roman go‘zallik va inson idroki bilan ittifoq bo‘lgan paytda o‘lim va qismatga qarshi eng qudratli qurol ekanini ko‘ramiz. Shu sababli ham romandagi isyon ijodiy mohiyatga egadir.

Nazar Eshonqul tarjimasi.

__________
1. “Xabash ayol”, “Astreya” III-IV asrda yashagan Geliodor asari.
2. Adolf – Benjamen Konstan (1767-1830) romanining qahramoni.
3. Graf Moske – Stendalning “Parma ibodatxonasi” asari qahramoni.
4. Tantal – grek mifologiyasi qahramoni, xudolarga qarshi jinoyati uchun mangu azobga mahkum etilgan: u bo‘ynigacha suv ichida yashaydi, biroq undan icholmaydi.
5. Lafayet Mari-Madlen Piosh de la Vern (1634-1693), frantsuz adibasi, “Malika Klevskaya” nomli psixologik roman muallifi.
6. Jozef Artur Gobino (1816-1882), frantsuz adibi, dramaturgi, faylasufi va diplomati.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.