OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Andre Morua. Chorshanba uchun binafsha (hikoya)

— O, Jenni, ketma, qol!
Tushlik vaqtida Jenni Sorbe hammani og‘ziga qaratib o‘tirdi. Qaynar buloqday chiqayotgan latifalaru har xil voqealar haqidagi hikoyalari mehmonlarni mahliyo qildi-qo‘ydi. Jenni ularni chinakam aktyorlarga xos mahorat va tug‘ma yozuvchiga xos ilhom bilan to‘kib soldi. Leon Loranning mehmonlari unga maftun bo‘lib qolishdi. Jennining ulfatchiligida o‘tkazilgan vaqt ularning nazarida ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketgan sehrli daqiqaday tuyuldi.
— Buni qarang, soat to‘rt bo‘lib qolibdi-ku! Bugun — chorshanba... O‘zingiz bilasiz, Leon, chorshanba kunlari men har doim do‘stimga binafsha olib boraman...
— Ko‘p chakki bo‘lipti-da, afsus! — dedi Leon beqiyos ohangdor ovozi bilan. Shu ovozi bilan u sahnada hazilakam shuhrat qozongani yo‘q. — Aytgancha, sizning bir so‘zliligingiz hammaga ma’lum... Mayli, sizni ushlab qolmay, bo‘lmasa...
Jenni ayollar bilan o‘pishib xayrlashdi, erkaklar esa tavoze bilan uning qo‘llaridan o‘pishdi. Jenni ketdi. Uning orqasidan eshik yopilishi bilan, mehmonlar biri olib, biri qo‘yib, uning sha’niga maqtov gaplar ayta boshladilar.
— U haqiqatan xam juda jozibador! Hozir nechaga bordi, Leon?
— Saksonlar atrofida bo‘lsa kerak. Bolaligimda onam meni Komedi Fransezning ertalabki tomoshalariga olib borib yurganida Jenni Selimena rolini qoyilmaqom qilib o‘ynardi. Holbuki, endi mening ham yoshim bir joyga borib qoldi.
— Iste’dod qarimaydi, — dedi Kler Menetrie. — Binafsha olib boraman degani nima o‘zi?
— O, butun boshli roman bu... U bir marta menga gapirib bergan edi, lekin bu to‘g‘rida hech qachon yozgan emas... Lekin gaplarim qovushmayapti. Undan keyin biror narsani hikoya qilib berishga jur’atim yetishmaydi. Qiyoslashga mening misim chiqadi.
— Ha, taqqoslar umuman xavfli narsa. Biroq biz sizning mehmoningizmiz. Sizning vazifangiz — bizning vaqtimizni chog‘ qilish. Jenni ketib qoldi. Endi siz uning yo‘qligani bildirmasligingiz kerak.
— Mayli bo‘lmasa. Men sizlarga chorshanba binafshalari tarixini aytib bera qolay... Faqat bir narsadan xavotirim bor — bu voqea hozirgi kunlar uchun chuchmalroq ko‘rinmasa bo‘lgani...
— Qo‘rqmang, — dedi Beritran Shmit. — Bizning davrimiz nafosatga va sevgiga mushtoq. Siyratda surbetroq va behayoroq ko‘rinsa ham, aslida, uning zamirida haqiqiy tuyg‘ularga ilinj yotardi.
— Shunday deb o‘ylaysizmi?.. Mayli, bo‘lmasa! Unda o‘sha ilinjni qondirishga harakat qilaman... Sizlar, ya’ni bu yerda o‘tirganlarning hammasi hali juda yoshsizlar — shuhratining avj pallasida Jenni naqadar go‘zal bo‘lganini bilmaysizlar. Olovday qizg‘ish sochlari uning bejirim yelkalari bilan bitta bo‘lib yoyilib yotardi. Quv va charos ko‘zlari, hamisha hayajonlanayotgani sezilib turadigan jarangdor ovozi uning yorqin va mag‘rur husniga yana husn qo‘shardi.
— Juda suxandon ekansiz-ku, Leon!
— Qo‘rqamanki, mening so‘zamolligim ancha eskirib qolgan. Shundoq bo‘lsa ham, maqtovingiz uchun rahmat... Jenni konservatoriyani 1895 yilda birinchi mukofot bilan tugatgan va darhol Komedi Fransezga taklif qilingan edi. Ammo tajribamdan yaxshi bilamanki, bu mashhur teatrning truppasida yangi kelgan odamga juda og‘ir bo‘lardi... Har qaysi o‘rinda bir dongdor aktyor bor. U o‘zining rolini ko‘z qorachig‘iday ehtiyot qiladi. Eng jozibador va iste’dodli yoshlar ham Marivo va Moler pesalaridagi yetakchi rollarga erishgunlaricha o‘nlab yillar kutmog‘i kerak edi. Oshuftakor Jenni sahnaning tish-tirnoqlari bilan o‘z taxtu ravonlariga yopishib olgan qirolichalariga ro‘para keldi. Uning o‘rnida boshqa har qanday qiz bo‘lganda ham taqdiriga tan berib jimib qolishi yoki bir yil-ikki yil behuda urinib, Madlen xiyobonidagi teatrlardan biriga o‘tib ketishi mumkin edi. Ammo bizning Jenni bunaqa qizlardan emasdi. U ixtiyorida bor narsaning hammasini safarbar qilib jangga otildi. Nihoyat, uning artistlik iste’dodi va juda zo‘r bilimdonligi, benihoya kuchli latofati va jon olg‘uvchi ko‘zlari g‘olib chiqdi.
Oradan ko‘p o‘tmay u teatrning yetakchi artistlaridan biri bo‘lib qoldi. Direktor uni qo‘yishga joy topolmasdi. Dramaturglar biri olib, biri qo‘yib, o‘zlari yaratgan asarlardagi eng qiyin rollarni Jenni o‘ynashini talab qilishardi. Ularning fiqricha, boshqa hech kim bu rollarni xalqqa yetkazib berolmas emish. Munaqqidlar g‘ayritabiiy yaqdillik bilan uning sha’niga madhiyalar yog‘dirishardi. Hatto eng dahshatli Sarsening o‘zi ham Jenni to‘g‘risida shunday deb yozgan edi: "Boshining jinday qilt etgani, og‘zidan chiqqan jinday tovush hatto timsohni ham maftun etishga qodir!"
Mening otam o‘sha yillarda Jenni bilan tanish edi. Otamning hikoya qilishicha, u o‘z kasbini ehtiros bilan sevardi, kasbi to‘g‘risida donolarcha fikr yuritardi va sira tolmasdan yangi-yangi aktyorlik yo‘llarini izlab topardi. O‘sha paytlarda teatr realizmga berilgan edi, biroq bu realizm anchayin jo‘n, anoyi realizm edi. Agar roli bo‘yicha Jenni biror pesada zahar ichib o‘lmog‘i kerak bo‘lsa, u har gal spektakl oldidan kasalxonaga yo‘l olardi va u yerda zaharlanib jon taslim qilayotgan odamlarning talvasalarini ko‘rib kelardi. Insoniy tuyg‘ular kurashini u o‘z misolida o‘rganardi. San’atga xizmat qilayapman deb, u ham xuddi Balzakka o‘xshab inson tuyg‘ularini ifodalaganda har qanday andishani yig‘ishtirib qo‘yardi. Balzak ham romanlaridan birida o‘z ehtiromlarini va ma’shuqasining tuyg‘ularini tasvirlaganda xuddi shunday qilgan.
O‘zingiz, albatta, sezib turgan bo‘lsangiz kerak — yigirma ikki yoshga kirgan tengsiz husnu jamolga ega, yashin tezligida katta shuhrat qozongan qizning jazmanlari ham behisob bo‘ladi. Teatrdagi oshna-og‘aynilari, dramaturglar, bankirlar, yana qancha-qancha kazo-kazolar uning iltifotini qozonish payida edi. Qiz bankir Anri Stalni tanladi. Uning boyligi uchun emas — Jenni ota-onasi bilan birga turar va hech narsaga muhtojligi yo‘q edi. Buning sababi shuki, Anri Stal ham xuddi qizning o‘zi kabi haddan ziyod jozibador edi va eng muhimi, qizga uylanmoqchi bo‘lgandi. Ehtimol, sizning xabaringiz bordir — ular darhol oila qura olganlari yo‘q, Stalning ota-onasi ancha vaqtgacha rozilik bermay yurdi. Anri bilan Jenni uch yil o‘tgandan keyingina turmush qurishdi, biroq ko‘p o‘tmay ajralib ketishdi — Jenni mustaqil xarakterga ega bo‘lganidan oilaviy qullikka bo‘ysunishga dosh berolmadi. Bu endi boshqa tarix. Hozir esa Komedi Fransezga, Jennining qanday ish boshlaganiga va binafshalarga qaytaylik.
Jenni Dyumaning o‘g‘li yozgan "Bag‘dod malikasi"ni o‘ynash uchun paydo bo‘lgan kuni oqshom teatr foyesini bir ko‘z oldingizga keltiring-a! Bu pesa nuqsonlardan xoli emas. Meni bilasizlar — "Chala zodagonlar", "Ayollarning do‘sti", "Fransiyon"ga o‘xshagan pishiq-puxta yozilgan pesalardan zavqlanib yuraman. Lekin hatto men ham Dyumaning "Musofir juvon", "Bag‘dod malikasi" pesalaridagi o‘jarligini ko‘rib, o‘zimni kulgidan to‘xtatolmayman. Ammo Jennini bosh rolda ko‘rganlarning hammasi uning haqqoniy obraz yarata olganini yozishdi. Biz u bilan o‘sha zamonlar haqida tez-tez gaplashib turardik. Eng g‘alati joyi shunda ediki, Jenni ijro etayotgan rollarining chinligiga o‘zi ishonardi.
"Yoshlik yillarimda, — deb yorildi menga bir kuni, — Dyuma asarlaridagi qahramon ayollarga o‘xshab mulohaza yuritardim. Ichimda pishib yetishayotgan narsani, qalbimning eng pinhona nuqtalaridagi tuyg‘ularimni chiroq nurlari porlab turgan sahnada ijro etish juda maroqli edi". Bunga yana shuni qo‘shib qo‘yingki, bu roli unga juda ta’sirchan usulni qo‘llashga imkon berardi — u o‘ynayotgan vaqtida sochlarini yoyib yuborar, ular uning yalang‘och yelkasiga shaloladay tushardi. Xullas, Jenni naqd ofatijonning o‘zginasi edi.
Odamlar guldiros qarsaklar bilan muborakbod qilib bo‘lishgach, antrakt vaqtida Jenni artistlar foyesiga chiqadi. Bir zumda uning tevaragini odamlar qurshab oladi. Jenni divanga — Anri Stilning yoniga o‘tiradi. Muzaffar odamga xos ko‘tarinki kayfiyat og‘ushida mast bo‘lgan Jenni quvnoqlik bilan unga nimalarnidir hikoya qiladi.
— Oh, azizim Anri! Mana, men yana yuzaga qalqib chiqdim. Nihoyat, ko‘kragim to‘lib nafas olyapman... Uch kun avval qanaqa o‘ynaganimni o‘zingiz ko‘rdingiz... O‘shanda hech narsaga yaramas edim, to‘g‘rimi?.. Nazarimda jarlikning tub-tubida tipirchilab yotganday edim. Nafasim bo‘g‘ilgandi. Nihoyat, mana — bugungi oqshom. Bir hamla qildimu yana yuzaga chiqib oldim! Menga qarang, Anri, so‘nggi pardaga borib rasvo bo‘lsam nima bo‘ladi? Oxirigacha suzishga kuchim yetmay qolsa nima qilaman! O xudoyim-ey! O, xudo!
Kirib kelgan kapeldiner unga gullarni tutqazdi.
— Kimdan bo‘lsaykin bu gullar? A, Sen-Ludan ekan... Sizning raqibingizdan, Anri... Guldastani mening xonamga olib borib qo‘ying.
— Manavi maktub ham bor, mademuazel, — dedi kapeldiner. Konvertni ochib ko‘rib Jenni qah-qah urib kulib yubordi.
— Maktub litsey talabasidan ekan. Ular litseyda "Jennining jazmanlari" klubini tuzishganmish.
— "Jokey klub" endiliqda bugunlay sizning jazmanlaringiz klubiga aylangandir-da...
— Menga litsey talabalari ma’qulroq... Buning ustiga, maktubning oxirida she’r ham bor ekan... Mana, eshiting, azizim...

"Sevdim" degan jo‘nroq satrni 
Qoralamang, inkor ham etmang. 
O‘tinaman — sho‘rlik shoirni 
Direktorga hech qachon aytmang.

— Qarang, biram yaxshiki...
— Javob berasizmi maktubga?
— Albatta, javob bermayman-da! Bunaqa maktublardan har kuni o‘nlab olaman. Ularga javob bera boshlasam, tamom bo‘laman-ku... Lekin maktublar meni xursand qiladi... Bu o‘n olti yashar jazmanlar menga yana ancha vaqt sodiq qoladi...
— Balkim? O‘ttizga borganda esa ular notarius bo‘lib olishadi.
— Notarius bo‘lsa nima? Notarius mening jazmanim bo‘lolmaydimi?
— Mana buni ham sizga berib qo‘yishni iltimos qilishdi, mademuazel, — dedi yana ularning yoniga kelgan kapeldiner.
— Muncha yaxshi! Buni qarang, Anri! Maktubi yo‘q ekanmi?
— Yo‘q, mademuazel. Shveytsar menga aytdiki, Politexnika maktabining allaqaysi talabasi binafsha olib kelipti.
— Azizim, — deb xitob qildi Anri Stal. — Sizni tabriklashga ijozat bergaysiz. Rostini aytganda, bu qurumsoq "talabalar"dan biror narsa undirish juda qiyin.
Jenni binafshani ancha hidladi.
— Juda nafis hidi bor-da! Hurmatlarini shu tarzda ifoda qilishgani menga yoqadi. O‘ziga bino qo‘ygan sipo odamlarga sira toqatim yo‘q. Peshinda ular Pale-Royalga to‘p otishini tomosha qilgani qanday borishsa, oqshomlari sahnada mening jon berishimni tomosha qilishga ham shunaqa kelishadi.
— Tomoshabinda shafqat yo‘q! — deb javob berdi Anri Stal. — Ular hamma vaqt ham shunaqa bo‘lishgan. Gladiatorlar jangini eslang... Bir dasta ignani yutib yuborish yo‘lini topgan aktrisa ularning orasida zo‘r muvaffaqiyat qozongan bo‘lardi.
Jenni kulib yubordi.
— Bordi-yu biror aktrisa tikuv mashinasini yutib yuborsa, uning shuhrati osmon baravar ko‘tarilardi!
"Sahnaga" degan xitob yangradi. Jenni o‘rnidan qo‘zg‘oldi.
— Mayli, bo‘lmasa... Ko‘rishguncha... Borib ignalarni yutay... Jennining hikoya qilishicha, bu voqea ana shu tarzda boshlangan edi. Yanagi chorshanbada so‘nggi antrakt vaqtida kapeldiner yuzida tabassum bilan Jenniga yana bir dasta binafsha olib keldi.
— Ie, qiziq-ku, — deb xitob qildi u. — Yana o‘sha talabami?
— Ha, mademuazel.
— Shakli-shamoyili qanaqa?
— Bilmadim, mademuazel. Xo‘p desangiz, shveytsardan so‘rayman.
— Yo‘q, so‘ramay qo‘ya qoling. Nima farqi bor...
Keyingi haftaning chorshanba kuni spektakl yo‘q edi. Ammo payshanba kuni Jenni repetitsiyaga kelganda, uning xonasidagi stol ustida bir dasta binafsha yotardi. Binafsha biroz so‘lib qolipti. Teatrdan ketayotib, Jenni shveytsarning xonasiga kirib o‘tdi.
— Menga qarang, Bernar... Binafshani o‘sha yigitcha olib keldimi?
— Ha, mademuazel. Uchinchi marta olib kelishi...
— Shakli-shamoyili qanaqa bu talabaning?
— Juda yaxshi bola. Juda yaxshi... Nima desam ekan-a... Biroz ozg‘indan kelgan, yonoqlari ichiga botgan, ko‘zlari ma’yus. Kichkinagina mo‘ylovchasi bor. Lorneti ham bor. Lorneti bilan kilichi — biqinida... Bu, albatta, kulgili ko‘rinadi... To‘g‘risini aytsam, mademuazel, yigitchaning juda ham yuragidan urgan ko‘rinadi... Har gal binafshasini menga uzatar ekan, "Mademuazel Jenni Sorbega", — deydi-da, quloqlarigacha qizarib ketadi...
— Nima uchun doim chorshanba kuni kelar ekan?
— Sababini bilmaysizmi, mademuazel? Chorshanbada Politexnika maktabining talabalari mashg‘ulotlardan bo‘sh bo‘ladi. O‘sha kuni ular teatrda parter bilan galerkaga to‘lib ketishadi... Har bittasi yonida oyimtillasi bilan keladi...
— Mening talabamning ham oyimtillasi bormi?
— Ha, mademuazel, lekin bu oyimtilla — uning singlisi... Ular bir-birlariga juda ham o‘xshaydilar, ko‘rsangiz, hayron qolasiz.
— Sho‘rlik yigitcha! Menda yurak degan narsa bo‘lganida, Bernar, sizdan iltimos qilgan bo‘lardim — uni loaqal bir marta sahna ortiga o‘tqazib yuboring, binafshasini menga o‘zi bera qolsin.
— Maslahat bermayman, mademuazel, sira maslahat bermayman. Bu teatr shinavandalariga e’tibor bermasangiz, ularning xavfli joyi yo‘q. Ular aktrisalarga uzoqdan turib ishqibozlik qilib, shu bilan o‘zlarini o‘zlari xursand qilib yuraverishadi... Ammo, lekin ular o‘zlariga jinday e’tibor berilayotganini payqab qolishsa, tamom — yelimday yopishib olishadi. Unda ulardan qutulishning iloji qiyin bo‘lib qoladi. Ular shunaqaki, barmog‘ingizni uzatsangiz, qo‘lingizni yulib olishadi... Ha, kuling, kulavering, mademuazel, lekin bu ishlarni aniq bilaman. Yigirma yildan beri shu teatrda xizmat qilaman! Shu kulbamda o‘tirib oshiqu beqaror bo‘lgan oyimtillalardan qanchasini ko‘rdim-u! Qancha yigitlar es-hushidan ayrildi... Hatto qarib quyilmaganlarni aytmaysizmi? Men hamisha maktublar bilan guldastani olganman-u, lekin hech kimni sahna ortiga o‘tqazib yubormaganman. Mumkin bo‘lmagandan keyin iloj yo‘q-da...
— Gapingiz to‘g‘ri, Bernar! Mayli, beparvo bo‘lamiz, ehtiyotkor va toshbag‘ir bo‘lamiz.
— Bu ishingiz toshbag‘irlik bo‘lmaydi, mademuazel, sog‘lom aql bilan ish tutgan bo‘lasiz, xolos.
Haftalar o‘tdi. Har chorshanbada Jenni o‘zining ikki so‘m turadigan bir dasta binafshasini olib turdi. Bu ish butun teatrning og‘ziga tushdi. Kunlardan birida aktrisalardan biri Jenniga dedi:
— Tolibingni ko‘rdim... Juda jozibador ekan. Qiyofasi biram g‘alati... Go‘yo "Shamdon"da yoxud "Sevgi bilan o‘ynashmang"da o‘ynash uchun yaratilganday...
— Mening tolibim ekanini qayoqdan bilaqolding?
— Men tasodifan shveytsarning xonasiga bosh suqib edim. Xuddi shu payt u gul ko‘tarib kelib qoldi-da, hayiqibgina iltimos qildi: "Marhamat qilib, mademuazel Jenni Sorbega berib qo‘ysangiz..." Yuraklarni eritib yuboradigan bir manzara edi bu. Ko‘rinib turipti, yigitcha zakovatli edi. O‘zining kulgili ahvolda ko‘rinishini istamas, lekin shundoq bo‘lsa ham, hayajonini yashira olmasdi... Men hatto bir daqiqa afsuslandim — binafshalarini menga keltira qolsa nima bo‘lardi. Men uning urinishlarini qadrlagan bo‘lardim, boshini silardim... E’tibor bergin-a, u hech narsani iltimos qilgani yo‘q, hatto sening oldingga kirmoq yo‘llarini ham qidirmadi... Ammo men sening o‘rningda bo‘lganimda...
— Uni qabul qilarmiding?
— Albatta-da! Undan bir necha daqiqa vaqtimni ayamagan bo‘lardim. Axir, u anchadan beri teatrga qatnaydi. Buning ustiga, ta’til vaqti ham yaqinlab qoldi. Sen ketib qolasan, yopishib olib bezor qiladi deb qo‘rqmasang ham bo‘ladi.
— Gaping to‘g‘ri, — dedi Jenni. — Jazmanlar yosh bo‘lganida, ularning son-sanog‘iga yetib bo‘lmagan davrlarda ularga parvo qilmasang-da, oradan o‘ttiz yil o‘tgandan keyin ularning ketidan girgitton bo‘lib yursang, bundan ham bema’niroq narsa bo‘lmasa kerak. O‘ttiz yil o‘tgandan keyin ularning soni ham kamayib qoladi, ko‘plari sochi to‘kilib, tepakal ham bo‘lib olishadi...
Shu oqshom u teatrdan chiqib ketayotib shveytsarga dedi:
— Bernar, chorshanba kuni talaba yana binafsha olib kelsa, unga aytgin — uchinchi pardadan keyin guldastani menga o‘zi olib kirib bersin... Men "Mizantrop"da o‘ynayman. Rol bo‘yicha men atigi bir marta kiyimimni o‘zgartiraman, o‘zimning xonamda bo‘laman. Talaba o‘sha yerga kelsin... Yo‘q, yaxshisi, men uni yo‘lakda, zina oldida kutib turaman. Balki foyeda bo‘larman...
— Yaxshi. Biror kori hol bo‘lishidan qo‘rqmaysizmi, mademuazel?
— Nimadan qo‘rqmog‘im kerak? O‘n kundan keyin men gastrolga jo‘nab ketaman, bu talaba esa o‘zini Politexnika maktabiga mixlab qo‘ygan...
— Yaxshi, mademuazel... Lekin shundoq bo‘lsa ham, mening fikrimcha... Yanagi chorshanbada Jenni Selimenani juda ham qotirib o‘ynadi — u notanish yigitchaga imkoni boricha ko‘proq ma’qul bo‘lishni istar edi. Antrakt boshlanganda u yuragi taka-puka bo‘lib, nima bo‘lishini kuta boshladi. U foyega chiqib o‘tirdi. Uning tevaragida teatrning doimiy shinavandalari kuymalanib yurardi. Direktor nimadir to‘g‘risida Blansh Person bilan suhbatlashardi. O‘sha paytlarda bu ayol Jennining raqibi hisoblanardi. Lekin negadir talabadan darak yo‘q edi. Sabri tugab betoqat bo‘layotgan Jenni kapeldinerni izlab ketdi.
— Meni hech kim so‘ragani yo‘qmi?
— Yo‘q, mademuazel.
— Bugun chorshanba, ammo mening binafshamdan hali ham darak yo‘q. Yoki Bernar uni sizga berishni unutib qo‘ydimikin?.. Yoxud bu yerda biron anglashilmovchilik ro‘y berdimikin?
— Anglashilmovchilik deysizmi, mademuazel? Qanaqa anglashilmovchilik? Istasangiz men shveytsarning oldiga borib kelaman.
— Ha, mayli... Yo‘q, yo‘q, bormay qo‘yaqoling. Uyga ketayotganimda Bernardan o‘zim surishtirib bilib olaman.
Jenni o‘zining ahvolidan kuldi: "Xo‘p g‘alati maxluqmiz-da, — deb o‘yladi u, — olti oy mobaynida bu yigitning savdoyi sadoqatiga parvo ham qilganim yo‘q. Endi esa birdaniga menga e’tibor berilmayotgani uchun betoqat bo‘lyapman, xuddi ma’shuqasini kutayotgan qizday hayajonlanyapman... "O Selimena, dosh berib bo‘lmaydigan g‘am-g‘ussaga botgan Altsest seni tashlab ketganida qanchalar qayg‘urar ekansan?!"
Spektakldan keyin u shveytsarning xonasiga kirdi.
— Xo‘sh, Bernar, qani mening jazmanim? Uni mening huzurimga jo‘natmadingizmi?
— Mademuazel, atayin qilganday, u bugun kelmadi. Yarim yil mobaynida birinchi marta teatrga kelmadi. Buni qarangki, xuddi shu bugun mademuazel uni qabul qilishga rozi bo‘lgan edi-ya!
— Qiziq! Balki birorta odam unga aytib qo‘ygandir va u qo‘rqib ketgandir.
— Yo‘q, mademuazel, unaqa demang... Bu gapdan sizu mendan boshqa hech kimning xabari yo‘q edi. Siz hech kimga aytganingiz yo‘qmi? Yo‘q, a? Men ham indaganim yo‘q... hatto xotinimga ham hech narsa deganim yo‘q...
— Undoq bo‘lsa, nega kelmay qoldiykin? Nima deysiz?
— Nima derdim, mademuazel... Balki tasodifan shunaqa bo‘lib qolgandir. Balki behuda yugur-yugurlar joniga tekkandir. Ehtimol, betob bo‘lib qolganmikin? Yanagi chorshanbani kutaylik-chi?
Ammo keyingi chorshanbada ham na talabadan, na binafshadan darak bo‘ldi.
— Endi nima qilamiz, Bernar?.. Nima deysiz, balki uning oshna-og‘aynilari yigitchani izlab topishimizga yordam berar? Yo Politexnika maktabining direktoriga murojaat qilsakmikin?
— Buni nima deb qilamiz? Axir, biz yigitning otini ham bilmaymiz-ku!
— Bu gap ham to‘g‘ri, Bernar. Ko‘p chakki ish bo‘ldi-da! O‘zi omadim yurishmagan odamman, Bernar.
— Qo‘ying, mademuazel, unaqa demang. Bu yilgi mavsumni zo‘r mahorat bilan o‘tkazdingiz. Hademay gastrolga jo‘nab ketasiz. U yerda sizni yangi muvaffaqiyatlar kutmoqda... "Omadim yurishmagan" desangiz, gunoh bo‘ladi.
— Gapingiz to‘g‘ri, Bernar. Men shunaqa noshukur odamman... Lekin nima qilay, binafshalarimga juda o‘rganib qolgan edim.
Ertasi kuni Jenni Parijdan jo‘nab ketdi. Bu safarda Anri Stal unga hamroh bo‘ldi. Jenni qaysi bir mehmonxonada to‘xtamasin, uning xonasi hamisha atirgullarga to‘la bo‘lardi. Jenni Parijga qaytganda darveshsifat talaba allaqachon uning esidan chiqib ketgandi.
Oradan bir yil o‘tgach, u polkovnik Jenever degan odamdan maktub oldi. Polkovnik uning shaxsiy ishi bo‘yicha qabul qilishni iltimos qilgan edi. Maktub odob saqlab yozilgandi. Uni o‘zining qadrini yaxshi bilgan basavlat odam yozgani sezilib turardi. Polkovnikni qabul qilmaslik uchun hech qanday asos yo‘q edi. Jenni polkovnikka shanba oqshomlaridan birida kelishni taklif kildi. U qop-qora fuqarolar libosida keldi. Jenni uni tabiat ato qilgan va sahna tarbiyalab voyaga yetkazdirgan samimiyat bilan kutib oldi. Ammo tabiiyki, uning butun xatti-harakatida "bu notanish odamga mendan nima kerak ekan?" degan savol sezilib turardi. U sabr-toqat bilan polkovnikning izohini kutdi.
— Meni qabul qilishga rozi bo‘lganingiz uchun sizdan minnatdorman, mademuazel. Men maktubda tashrifimdan ko‘zlagan maqsadimni aytib berolmasdim. Modomiki, men sizdan uchrashish to‘g‘risida iltimos qilgan ekanman, ishonaveringki, buning boisi mening erkaklik g‘ururim emas, balki otalik tuyg‘ularimdir... Ko‘rib turibsiz, boshdan-oyoq qora kiyinganman. O‘g‘limga motam tutmoqdaman. Leytenant Andre de Jenever bundan ikki oy avval Madagaskarda o‘ldirildi.
Jenni "Butun yuragimdan sizga hamdardman, ammo..." demoqchi bo‘lganday beixtiyor harakat qildi.
— Siz mening o‘g‘limni bilmas edingiz, mademuazel, bundan xabarim bor... Ammo u sizni yaxshi bilardi va sizga qoyil qolardi. Bu sizga aql bovar qilmaydigan bo‘lib ko‘rinar, lekin hozir sizga aytib beradigan gaplarimning hammasi chin. U sizni dunyoda hamma narsadan ortiq sevar va sizni iloha deb bilardi...
— Hamma gapni tushuna boshlayapman, shekilli, polkovnik. Bu to‘g‘rida sizga uning o‘zi gapirib berganmidi?
— Mengami? Yo‘q. U hamma gapni singlisiga aytib bergan. Singlisi uning yurak sirlarini tinglaydigan birdan-bir ishongan odami bo‘lgan. Hamma voqea u singlisi bilan birga "Muhabbat va tasodif o‘yini"ni ko‘rishga borganidan boshlangan. Teatrdan uyga qaytib kelishgach, bolalarim siz to‘g‘ringizda og‘izlaridan bol tomib gapirishdi: "Uning ijrosida qanchalik injalik va nafosat bor, kishini to‘lqinlantiruvchi noziklik mavjud". Ular yana ancha maqtovlar yog‘dirishdi. Aftidan, bu maqtovlarning hammasi o‘rinli edi. Men bunga shubha qilmayman... Lekin yoshlikka xos bo‘lgan ehtiros, har narsani ilhomlashtirishga bo‘lgan intilish batamom bo‘lakcha edi... Mening bechora bolaginam xayolparast edi...
— Yo parvardigor! — deb xitob qildi Jenni. — Demak, u o‘sha ekan-da...
— Ha, mademuazel, o‘sha Politexnika maktabining talabasi. Ha, o‘sha oyma-oy har chorshanba kuni sizga bir dasta binafsha olib boradigan yigit mening o‘g‘lim Andre edi... Buni menga qizim aytib berdi. Uning bu bolaligi, o‘z zavqini bunaqa anoyi yo‘l bilan namoyon etgani sizning g‘ashingizga tegmagan bo‘lsa kerak? Axir, u sizni shu qadar yaxshi ko‘rar edi. Ehtimol, sizni bo‘lmasa, xayolida o‘zi yaratgan va yuragida ardoqlab yurgan obrazni yaxshi ko‘rgandir... Xonasining devorlariga to‘ldirib sizning suvratlaringizni osib tashlagan edi. Sizning suvratlaringizdan bironta yangi suvratingizni topib olguncha qizim bechoraning ona suti og‘zidan kelardi... Politexnika maktabida uning oshnalari bunaqa oshiqlik ustidan kulishardi. "Hammasini yozib yubor unga" deyishardi ular.
— Afsus, u buni qilgani yo‘q...
— Qilgan, mademuazel! Men sizga bir bog‘lam maktub olib keldim. Ular yozilgan-u, jo‘natilgan emas. Biz bu maktublarni uning vafotidan keyin topdik.
Cho‘ntagidan bir paket chiqarib, polkovnik uni Jenniga tutqazdi. Bir gal Jenni bu maktublarni menga ko‘rsatgan edi. Xati nozik, tez yozilgan, o‘qib bo‘lmaydi. Yozuv matematikniki, lekin uslubi shoirona.
— Bu maktublarni asrab qo‘ying, mademuazel. Ular sizniki. Nojoizroq taklifim uchun meni afv etasiz... O‘g‘limning xotirasi uchun shu ishni qilmasam, bo‘lmaydigan ko‘rindi. Siz unda qo‘zg‘agan tuyg‘uda ehtiromga nosazovor, yengil-elpi jihat yo‘q edi... U sizni go‘zallik va komillik tabassumi deb bilardi. Sizni ishontirib aytamanki, Andre o‘zining ulug‘ muhabbatiga munosib edi.
— Nega, axir, u meni ko‘rmoqqa urinib ko‘rmadi? Nega mening o‘zim u bilan uchrashishga harakat qilmadim?.. Oh, buning uchun o‘zimni qanchalar koyiyman, qanchalar o‘zimdan ijirg‘anaman?!.
— O‘zingizni koyiyvermang, mademuazel... Siz qayoqdan ham bilardingiz?.. Politexnika maktabini bitirishi bilanoq Andre uni Madagaskarga jo‘natishlarini iltimos qildi. Yashirmayman, uning bunday qilganiga sabab siz edingiz... Ha, u singlisiga bunday degan: "Ikkidan biri: yo hijron meni bu bedavo darddan forig‘ qiladi yeki men biron-bir jasorat ko‘rsataman-u unda..."
— Nahotki, kamsuqumlik, barqarorlik va olijanoblik har qanday jasoratdan yaxshi bo‘lmasa? — dedi xo‘rsinib Jenni.
Polkovnikning ketishga otlanganini ko‘rib, Jenni talpinib uning qo‘lidan tutdi.
— Menimcha, men biron yomon ish qilmagan bo‘lsam kerak. Lekin shundoq bo‘lsa ham... Nima bo‘lganda ham, marhumga nisbatan mening zimmamda ham muayyan burch borga o‘xshaydi. U sho‘rlik hayot lazzatlarini tatib ham ko‘rgani yo‘q edi... Menga qarang, polkovnik, o‘g‘lingiz qaerga dafn qilingan?.. Qasamyod qilaman, toki tirik ekanman, har chorshanba kuni uning qabriga bir dasta binafsha olib borib turaman...
— Shuning uchun ham, — deb hikoyasini tugatdi Leon Loran, — shuning uchun ham bizning Jennini ko‘pchilik bag‘ri tosh, quruq, hatto beti qalin bir ayol deb hisoblasa-da, u har chorshanba kuni do‘stlarini tark etadi, ishini ham yig‘ishtiradi va hatto sevgan odamini ham tashlab, Monparnas qabristoniga, o‘zi tanimaydigan odamning qabriga yo‘l oladi... Mana endi o‘zlaringiz ham ko‘rib turibsizlar — bu voqea hozirgi zamonlar uchun haddan tashqari chuchmal ko‘rinadi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Keyin Bertran Shmit dedi:
— Romantika inson bilan hamisha yonma-yon yashaydi. Biroq uni hamma ham topavermaydi.

Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.