OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Konstan Byurno (1892-1975)

BU HAQDA O‘YLAB KO‘RING

Bu telbalik haqda o‘ylab ko‘ring,
yolg‘izlikda
she’r yozib o‘tirgan insonning
o‘ta muqarrar,
o‘ta beozor
telbaligi haqida o‘ylang.
 
O‘ylangiz, u o‘zin qay holga soldi!
U bu onda qarta o‘ynab turishi,
yoki bo‘kib ichishi,
yo raqs tushishi
yoxud kinoga jo‘nashi mumkin edi… Ammo u
qandaydir tirishqoqlik bilan
o‘zini unutib she’r qoralamoqda.
 
Bechoraning uzluksiz
sabri haqida o‘ylang, u
iste’dodini zamondoshlari qachon,
qanchalar erta-kech tan olishlarini ham
bilmaydi, ammo,
shunga qaramasdan,
she’r yozmoqda.
 
Zamondoshlari tugul, hatto
xotini ham tushunmaydigan,
xotini nogoh tushunib qolsa,
quvonchdan o‘takasi yoriladigan odamning
o‘ta oshkora,
juda beozor
ulug‘lik vasvasasi,
kibri haqida o‘ylang.
 
Bunaqa she’r yozadigan,
she’riyatga ishonadigan,
so‘zlar bilan do‘st tutingan
savdoyi odamning, ehtimol,
ishxonasida kutib turgan
tinkaquritar mash-mashalar,
noqulayliklar haqda ham o‘ylang.
 
O‘ylanglar bu azobga botgan,
azoblari o‘ziga yoqadigan,
azoblarga qaramasdan
(yana bizning shu zamonda-ya!)
she’r yozayotgan odam haqida.

Karim Bahriyev tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.