OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yevgeniy Yevtushenko (1932)

Yevtushenko Yevgeniy Aleksandrovich (1932.18.7, Irkutsk viloyati) — rus shoiri. Birinchi she’riy to‘plami «Kelajak razvedkachilari» (1952). Yevtushenko adabiyotni kompartiyaning g‘oyaviy quroliga aylantirmay, asl holiga qaytarishga — insoniyatning madadkoriga aylantirishga harakat qilgan. Eng yaxshi asarlarida murakkab axloqiy va tarixiy masalalarni («Stalin vorislari», «Babiy Yar» she’rlari), xalqaro siyosatga daxldor muammolarni o‘rtaga tashlaydi, ijodida fuqarolik ruhi ustuvor mavqega ega.
«Uchinchi qor» (1955), «Tashabbuskorlar ko‘chasi» (1956), «Nazokat» (1962), «Bratsk GESi» (1965), «Aloqa qayig‘i» (1966), «Oppoq qor yog‘yapti» (1969), «Qozon dorilfununi» (1970), «Ishqiy lirika» (1973), «Ertalabki xalq» (1978), «Fuku» (1985) kabi to‘plamlari va dostonlari,«Mevali joylar» (1981) romani, «Iste’dod — betakror mo‘‘jiza» (1983) publitsistik esse va maqolalar nashr etilgan. «Bolalar bog‘chasi» (1984), «Stalinning dafn etilishi» (1990) filmlarini suratga olgan. Yevtushenkoning «Oq qorlar» she’riy to‘plami o‘zbek tilida nashr qilingan (1982).

YO‘QCHILIK

I

Xalq qudrati cheksiz. Ko‘p mening kuchim.
Tebrangan har narsa mo‘rtmas, albatta.
Baxt va kulfat chekib urushda o‘sdim,
Yo‘qchilik avj olgan shu mamlakatda.

Tong yorir-yorimas non do‘koniga
Navbat turishardi tirg‘ilib-shoshib.
Chol soqolin silab xo‘rsindi shunda:
«Qaerda jang bo‘lsa, shu yerda ochlik».

U payt yetmas edi urushda doka,
Etik, samolyotu portlovchi qurol.
Ammo qadash uchun Berlin ustiga
Ol bayroqqa mato yetgan bemalol.

Endi to‘kin-sochin zamonlar keldi,
Rossiyada hamma to‘ygan chog‘ida —
Bu saf-saf navbatlar qaydan tug‘ildi,
Ko‘rib jonim kelar hiqildog‘imga.

Apelsin, jersi ber — to‘ymaydi ko‘zi,
Qoldirmay yutadi qandaydir shayton.
Ta’minotchi deydi tushib tarvuzi:
«La’nati! Hech narsa yetmaydi hamon!»

Qancha sukut bosgan yo‘l ortimizda,
Qorbo‘ron oralab olg‘a yuramiz.
Ammo kamlik bo‘lmas hech qachon bizda,
So‘nggi ko‘ylakni ham do‘stga beramiz.

Vijdonu nomusni qarzga olmaymiz,
O‘z qalbimiz bizga qilar kifoya.
Bizning zavol bilmas g‘ururimiz bor,
Mavzoleyga navbat bilmas nihoya.

Mening Vatanim bu. Kerakmas o‘zga,
Bozorga solmayman uning dardini.
Badavlat va xasis jodugar bo‘lsa,
Men bunchalik yonib sevmasdim uni.

Unda musibat ko‘p. Har g‘amga shayman.
Ojiz qaydan bilsin, axir, qudratni.
Qanchalik sevishim qanday atay man
Ko‘p narsa yetishmas shu mamlakatni.

Ruschadan Ma’ruf Jalil tarjimasi.

ERISH TUYULADI...

Erish tuyuladi dardsiz yashamoq
Nafis adabiyot, xususan, she’rda.
Erish tuyuladi ko‘kni qo‘msamoq
Har holda odamlar yashagach yerda.

Dil istar qandaydir noyob so‘zlarni,
Mayli, tug‘ilsa ham ular qiyinroq.
Nekrasov ruhiga ergashar barcha,
U esa — teranroq, tag‘in teranroq.

Erish tuyuladi ko‘z yosh tinmasa,
Shafqat, yuz-xotir deb egilsa bo‘yin.
Erish tuyuladi sog‘inilmasa
Har holda samo ham bo‘lgandan keyin.

Dil istar qandaydir quyma so‘zlarni,
Qog‘ozga to‘kilsin osonu o‘ynoq.
Barcha ergashadi Pushkin ruhiga,
U esa — yuksakroq, tag‘in yuksakroq.


CHEGARA

Hamma narsada ham bordir ma’lum had:
Cheklidir bardosh, qalb, idrok, muhabbat,
Cheksiz kenglikning ham chegarasi bor.
Shoir, bas, ezmasin ko‘ngling hadigi —
Iqgidor va umring cheklanganligi,
Inon, bunda zarra gunoh yo‘q zinhor!

Ammoki nash’ador jilmaysa johil:
Degandek, u sho‘rlik tugabdi oxir, —
Bu aslo qalbingni etmasin yara.
Sen-ku tugamading, ruhingda sarhad.
Har qanday daho ham cheklangan, faqat
Inson razilligi bilmas chegara.

Men hamyonman.
Yetibman yo‘lda.
Kun yarmida yotibman yolg‘iz.
Eh, odamlar, payqash o‘rniga
Toptamoqda oyoqlaringiz.
Nima bo‘lgan sizlarga, axir?!
Ko‘zlaringiz qo‘rmi yo?!
Atgang,
Meni sizdan berkitmoqdadir
Izingizdan ko‘tarilgan chang.
Bir bor boking.

Bir boqish xolos,
Men sizniki bo‘laman shu zum.
Surishtirmang egamni ham, rost
Yerga qo‘ydim o‘zimni o‘zim.
Xayol qilmang, ip tortib bexos,
Taxta devor ortidan turib,
Shum bolakay ko‘tarmaydi bosh:
«Qotirdik!» deb, qahqaha urib.
Cho‘chitmasin istehzo bilan
Derazadan qaragan kimsa...
Qalbakimas, men haqiqiyman.

Bir bor boqing, ko‘rasiz shunda!
Men qo‘rqaman sizlardan araz —
Bir tasodif bosar tashvishi:
Ko‘rib qolar kutganim emas,
Olib ketar muhtojmas kishi...

Mirpo'lat Mirzo tarjimalari
 
AFG‘ON CHUMOLISI

Afg‘on deb atalgan olis tuproqda
Bir o‘ris yigitin murdasi yotar.
O‘rmalab yuribdi muzdek yanoqda
Musulmon chumoli ayni kunbotar.

Qiynalib o‘rmalar — o‘limdan so‘ng ham
O‘sishdan to‘xtamas murda soqoli.
Yo‘l izlab borarkan, jim qotib bir dam
Murdaga gapira boshlar chumoli:

«Sen hatto bilmaysan bu yerning nomin,
Bilmaysan qaerda bo‘lgansan qurbon.
Faqat bilasanki — hayoting zomin,
Faqat bilasanki — yoningda Eron.

Sen-ku «Islom» degan so‘zning ma’nosin
Faqat shu o‘lkaga kirganda bilding,
Axir, ayt, sen o‘zing bilmagan yurtga
Nega miltig‘ingni ko‘tarib kelding?

Nimayam berarding mening elimga
Mabodo qoshingga kelib bosh ursa,
Axir, o‘z yurtingda kolbasa uchun
Odamlar soatlab navbatda tursa?

Yigirma million qabr kammidi,
Kammidi nohaq qon, yolg‘on, xiyonat ?
Nega yana sonsiz qurbonlar tilab
Bu yerga keldingiz boshlab qiyomat?

Afg‘on deb atalgan olis tuproqda
Bir o‘ris yigitin murdasi yotar
O‘rmalab borarkan muzdek yanokda
Musulmon chumoli boz o‘yga botar

Va ming alam ila bilmoqchi bo‘lar,
Yitsin degandayin bu yurtdan o‘lim,
Isoga cho‘qingan chumolilardan
Bu o‘ris yigitni tiriltmoq yo‘lin,

Ammo o‘sha olis — yetimlar dodi,
Bevalar faryodi pajmurda etgan
O‘lkada bu yo‘lning chorasin bilgan
Chumolilar bari qirilib ketgan.


BALKI KUNLAR O‘TIB…

Balki kunlar o‘tib izma-iz,
Bir kun kelib qolarman yolg‘iz.

Balki yillar o‘taru bir dam
O‘lganimni anglarman men ham.

Balki hali sovimay qonim
Unitilar yurtimda nomim.

Faqat kunlar o‘tsa-da besas,
Uyat bilan yashamasam bas.

Faqat yillar o‘tsa-da tushday,
Buqalamun holiga tushmay.

Faqat yuz yil o‘tsayam, kelib
Tupurmasin qabrimga elim.

Xurshid Davron tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.