OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lesya Ukrainka (1871-1913)

http://ziyouz.com/rasmlar/adib/ukrainka.jpg

Lesya Ukrainka «Qo‘shiqlar qanotida» (1893), «Uylar va orzular» (1899), «Aks sadolar» (1902) nomli uchta she’riy to‘plam nashr ettirdi. 
Shoira o‘zining «Shotland qiroli Robert Bryus» (1894), «Qadimiy naql» (1896) «Asir», «Yana bir so‘z» dostonlarida, «Katakombada» (1905), «Bo‘shliqda» hamda «Mesha taronasi» nomli sahna asarlari va dramatik poemalarida Ukrainaning boy tarixini yoritadi, o‘sha zamonning juda muhim siyosiy masalalarini ko‘tarib chiqadi.
Lesya Ukrainkaning lirikasida, dostonlarida, dramatik va nasriy asarlarida qahramoilik, mardlik ruhi nihoyatda kuchlidir. Uning ijodida xalqlar do‘stligi hamda tinchlik uchun kurash g‘oyalari kuchli edi.
Lesya Ukrainka uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 1913 yilda Suramida vafot etdi.


UMID

Baxtim qaro ekan, toleim nigun, 
Yolg‘iz umid bilan yashayman bugun:

Umidim — bir ko‘rsam Ukrainamni, 
Diyorim — munisim, jonim onamni.

Zangor Dneprga bir boqar bo‘lsam, 
Armonim yo‘q edi so‘ng mayli, o‘lsam.

Qiru adirlarda yursaydim yana, 
Toshqin o‘ylarimni sursaydim yana...

Baxtim qaro ekan, toleim nigun, 
Faqat umid bilan yashayman bugun.
1880

MARVARID GUL

O’sdi tanho marvarid gul,
Yuksak eman qoshida —
Asrab uni bo‘ronlardan
Posbon bo‘ldi boshida.

Lekin uzoq yasholmadi
Marvarid gul bechora,
Tannoz bir qiz uzib oldi,
Rahm etmadi — ne chora?

Uzib oldi, parvo qilmay,
Davom etdi yo‘lida.
Barno kirdi gavjum balga 
Gulni tutib qo‘lida.

Har tomonda shodlik, o‘yin, 
Har tomonda sho‘x ko‘lgu. 
Marvarid gul so‘lib borar, 
Boshin asta egar u.

Qiz charx urib raqs tushdi, 
O, naqadar shod ko‘ngil. 
Dona-dona yaproqlarin 
Ko‘z yoshidek to‘kdi gul..

Yig‘lab sho‘rlik vido aytdi: 
«Xayr, o‘rmon — ey ona! 
Alvido, ey yuksak eman, 
Do‘stim eding yagona!»

Shunday deya jim bo‘ldi gul, 
Bukdi nihol qaddini. 
Ko‘zlarini yumdi, e voh, 
Uloqtirdi qiz uni. 

Ey nozanin, bir kun sendan 
Yuz o‘girar saodat. 
Uloqtirgan shu gulingni 
Xotiringda tut albat. 

O’yin, kulgu, shod kunlaring 
Tez o‘tgusi — bilib qo‘y. 
Erta seni maftunlaring 
Unutgusi, bilib qo‘y.

Sen qalbingni bag‘ishlagan, 
Jondan sevgan bir odam — 
Xazon bo‘lgan shu gul kabi 
Tashlab ketar seni ham.
1884

ALLA

Jonginam qo‘zim, 
Oy boqar xushhol. 
Ko‘zlaringni yum, 
Bir zum orom ol, 
Kech bo‘ldi, qo‘zim!

Tuning xush bo‘lsin, 
Ko‘ngling xush bo‘lsin, 
Bu kech ko‘rganing 
Shirin tush bo‘lsin, 
Ko‘ngling xush bo‘lsin.

Qayg‘urmoq nechun? 
Kim bilar bu kun— 
Taqdirda ne bor? 
Balki yorug‘ kun, 
Balki alam, zor, 
Kim bilar bu kun?

Kulfatda jahon, 
G’urbatda zamon. 
Butun el noshod. 
Zahmatda har on 
Kechadi hayot, 
Butun el noshod.

Bas, egdik ko‘p bosh, 
Bas, to‘kdik ko‘p yosh, 
Shuncha qildik, bas— 
Taqdirga bardosh, 
Yo‘q, endi bo‘lmas! 

Jonginam qo‘zim, 
Oy boqar xushhol. 
Ko‘zlaringni yum, 
Uxlab orom ol.

Tin olsin bir zum — 
Bu murg‘ak joning. 
Uxla, jon qo‘zim, 
Kelar davroning.
1890

TONGOTAR MASH’ALLARI

Horg‘in bu el uzra qanotin 
Astagina yoydi qaro tun. 
Sha’mlar o‘chgan, zim-ziyo har yon, 
Yetar shirin uyquda jahon,
Tun borliqni qamragan butun. 
Alam chekar kim bo‘lsa bedor! 
Uxlaganlar qanday baxtiyor! 
Ko‘zlarimga kelmaydi uyqu,
Atrof jim-jit, atrof qorong‘u 
Sukut ichra go‘yoki mozor.
Kecha uzoq, toqatlarim toq, 
Go‘yo tunning so‘nggi yo‘q mutloq, 
Shu tob birdan ko‘rindi ziyo, 
Zulmat ichra kasb etib jilo— 
Uzoqlarda porladi chiroq. 
Chiroq! Berib quyoshdan xabar,
Tun bag‘rini tilkalab yonar, 
Yonar bo‘lmay ufqlar alvon, 
Yonar turmay uyqudan jahon — 
Mehnat ahli yoqqan mash’allar. 
To‘lqin urar ko‘ngilda isyon, 
Uyg‘on, seni ish kutar, uyg‘on! 
Hayda tunning g‘aflat uyqusin, 
Yoq tongotar mash’alini sen, 
Quyosh chiqmay, uyg‘onmay jahon!
1892

SAFGA TURDIK

Safga turdik — haqdir yo‘limiz,
Bilamiz, haq aslo yengilmas. 
Shu ishonch-la kuchli qo‘limiz, 
Shu ishonch-la olamiz nafas.

Safimizda yo‘q biror olchoq, 
Qo‘rqitolmas bizlarni zulmat.
Qo‘limizda muqaddas bayroq,
Baland tutib boramiz har vaqt.

Kim haq uchun qilsa fido jon, 
Bizning safga tursin barobar. 
Unga qalblar ochiq har qachon, 
Haqni sevgan bizga birodar.
1893

Erkin Vohidov tarjimalari


OQSHOMGI SOATDA

Quyosh og‘ib ufqqa botdi, 
Derazamdan kumush oy boqdi. 
Parpiradi osmonda yulduz, 
Atrof uxlab... g‘ussa yumdi ko‘z. 
Boqqa chiqib olaman nafas, 
Oy nurida kuylayman birpas... 
Bu yer qanday toza, keng, erkin, 
Unutildi hamma g‘am sekin. 
Tevarak bog‘, uylar qorday oq, 
Sayroq bulbul o‘rmonda uyg‘oq, 
Volindagi hayotday xuddi. 
Hayot qayda begona yurtda? 
Ona quchgan kabi ardoqlab, 
Uylarni tun olgan quchoqlab, 
Go‘yo shirin farzand beshigin 
Tebratganday allalab sekin 
Nafas olar bahorgi yel jim... 
Yurak to‘lar qo‘shiqlarga lim...
1889

UMID KUTAMAN

Bas! Tarqaling, og‘ir xayollar, 
Yer yuzida yashnadi ko‘klam, 
Nahot yolg‘iz g‘ussa, faryodlar 
Tumanida so‘lar yoshlik dam? 
Yo‘q! Men ko‘zda yosh bilan kulib 
Qayg‘uda ham qo‘ymam kuylarim, 
Men baribir umidga to‘lib 
Kulmoqchiman, keting, o‘ylarim! 
Men hattoki xarobalikda, 
Vayronada o‘stiraman gul. 
Yo‘llarga gul ekib—sovuqda 
Sug‘oraman ko‘z yosh-la butkul. 
Bu yoshlardan qo‘zg‘almas bo‘ron, 
Erir undan muzlik qatlamlar. 
Men ekkan gul ochilib chandon 
Balki kelar ajib ko‘klamlar. 
Bu yo‘llarning cho‘qqilariga 
Zinalarni toshdan quyarman, 
Xarsanglarni ko‘targanda ham 
Qo‘shig‘imni tinmay kuylarman.
Yilday uzun qorong‘u tunlar 
Mijja qoqmay o‘taman uyg‘oq, 
Tunlar shohi—yo‘lchi yulduzni 
O’z ko‘zim-la bo‘laman ko‘rmoq. 
Ha, ko‘zda yosh bilan kulaman, 
Qayg‘uda ham qo‘ymam kuylarim. 
Men baribir umid kutaman, 
Bas, tarqaling, g‘amgin o‘ylarim!
1890

KUYLARIM

Kuylarim! Nega siz chaqmoqday bo‘lib, 
Janglarda yonuvchi po‘lat emassiz? 
Yo dushman boshini beshafqat uzib 
Tashlovchi shamshiri qasos emassiz? 

Ey mening toblangan tig‘im — kuylarim, 
Sizni qiningizdan olsam sug‘urib, 
Faqat oqizasiz dildan xunlarim, 
Yov bag‘rin teshmaysiz yashinday urib!..

Bag‘ishlab barcha kuch, bilim, san’atni, 
Men po‘lat shamshirni charxlayman jangga, 
Yarqirab devorning bo‘lib ziynati 
Turgan bu po‘latdan ne foyda menga?

Ey mening kurashga tayyor kuylarim, 
Biz halok bo‘lmasmiz behuda hech bir. 
Balki siz notanish jasur do‘stlarim 
Qo‘lida bo‘lersiz dushmanga shamshir. 

Kishanga tekkan tig‘ chiqargan sado 
Dushman qo‘rg‘onini qo‘porib tashlar. 
Ozod qardoshlarning dardiga davo 
Bo‘lib kurash sari, jang sari boshlar. 

Qasoskor hech qachon jangda yengilmas, 
Hujumga kirarkan qo‘shiq-la hamdam. 
Kuylarim! Bu zaif qo‘llarga emas, 
Jasur kurashchiga yor bo‘ling har dam!
1896

MARVARID YOSHLAR

Oh, o‘lkam... bepoyon dalalar yurti, 
Nechun hamma yoqqa cho‘kmish sukunat? 
Nechun guldurakni kutganday xuddi 
Mung‘aygan o‘rmonda chirqirab faqat 
Qushlar jim bo‘ladi... tuman hukmron?
Holimiz yomon!.. 

Sen qayda, ey ko‘kning yulduzi — hurlik, 
Osmoningdan pastga tushmaysan nechuk? 
Erkni nonday kutib bizning yer sho‘rlik 
Qiynaldi... va hamon quyuqlashib tun,
Haqiqat-la yakkash riyo qilar jang, 
Ahvolimiz tang!..

Butun xalq, oilam, onam va inim
Zanjirda ingraydi suyagi qaqshab,
Ukrainam tani tilim va tilim,
Yallig‘lab yonadi olovga o‘xshab.
Zanjirni uzishga madad berar kim! 
Bilmayman, tangrim!..

Tokay shunday bo‘lur, yo kular taqdir?
Bu zaif qo‘llarga ming va ming la’nat!
Nega qabr ichra tug‘ildik axir,
Nahot qullik bordir qismatda faqat?
Gar shunday bo‘lsa biz o‘lmakka hozir... 
Naqadar og‘ir!..
1897

Zulfiya tarjimalari


ERK HAQIDA QO’SHIQ

Odamlar boradi, bayroqlar cho‘g‘day 
Lovullab hilpirab. Qalin olomon — 
Tutunday o‘rmalar, chayqalar saflar, 
«Erk qo‘shig‘i» yangrar bosh uzra hamon.

Dahshatli kunlarda yashagandik biz, 
Jangga ko‘tarildik tongotar chog‘da. 
«Yo‘q, yorug‘ kunlarga yetolmaysiz!» deb, 
Takrorlanar edi bir kuy quloqda.

Siz o‘zga avlodsiz. navqiron avlod, 
Sizga boshqa qo‘shiq munosib bu chog‘. 
Ko‘ksingiz to‘ldirib olasiz nafas,
 Marsiya kuylashga hali ertaroq.

Umringiz gullarga burkansin butkul, 
Mungli kuy quymasin dillarga zahar. 
Ohu voh yarashmas sizlarga aslo, 
Yangi qo‘shiq to‘qing, qadrdon do‘stlar!

Shunday bir qo‘shiqki, nur sochsin ko‘kda, 
U bilan izma-iz osmonga o‘rlab, 
Ezgu qizil bayroq tovlanib nurda, 
Mo‘jiza yaratsin mag‘rur hilpirab!
1905

Uyg’un tarjimasi


TUSH

Quyosh qizdirmoqda... Nahot bu Misr? 
Ha, Misr... Naq o‘zi... Osmoni baland, 
Osmon chodiri ham moviy va yorqin, 
Nechog‘liq yuksak-a! Osuda, shodmon. 
Naq Misr o‘zi...

Yoqimtoy erkalash... Ukrainamisan? 
Ha, mening sevikli Ukraikam bu, 
Yog‘och uy va chorbog‘, yashil chamanzor, 
Chakalak ortida o‘t bosgan hovuz... 
Bu — Ukraina...

Yetar darbadarlik.... Yo‘ldan ozish bas... 
Hayot yorug‘ bo‘lgay.. Tug‘ilgan o‘lkam. 
Men bilan azobdan qutulding sen ham. 
Osmon yig‘lamaydi, odamlar xushvaqt. 
Uxlasamu doim shu tushni ko‘rsam... 
Hayot yorug‘ bo‘lgay... 
1910

Mirtemir tarjimasi
 
UKRAINA

Nozik deya, kim aytdi mani, –
Qismat bilan kurashmadi deb?
Nahot titrar qo‘llarim, tanim,
Tovushim ham nahotki zaif?

Garchi unda bordir gohida
Shikoyat va to‘lqinli nafas.
Bu bir toshqin – bahor chog‘ida,
Zerikarli kuz yomg‘irimas.

Kuz bo‘lsa ham...
 yo‘qdir zarari.
Kimdir yashnar, kim esa so‘lar.
Hovuz bo‘yi tollarning bari,
So‘nggi damda shafaqrang bo‘lar.

O‘rmonlarni etib ship-shiydam,
Kafan bilan yopganida qish.
Gullar qabri uzra o‘zi ham,
Rangdor barglar sochar boyaqish.

Nima bo‘pti, yashayman go‘yo –
Sukunatga g‘arq bo‘lgan dengiz –
Suv yuzasi garchi tinch, ammo
Yaqinlashar to‘lqinlar bu kez.

Rus tilidan Nosir Muhammad tarjimasi
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.