OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qozoqboy Yo‘ldosh. Iste’dod va iroda (2011)

Ilk uchrashuv

Suratdagi toshiqib ketgan qalin qora sochlari boshiga sig‘may, tutash qoshlar tagidagi ko‘zlaridan o‘t chaqnab turgan yo‘l-yo‘l ko‘ylakli dehqonbichim yigitni, shundoqqina qo‘shni tumanlarda yashagan bo‘lishimizga qaramay, oldin ko‘rish u yoqda tursin, eshitmagan ham ekanman. Lekin almanaxning ilk betidagi “Jiyronim” degan she’rning nomi va unda aks etgan tuyg‘ular dilimga juda tanish hamda yaqin edi. U paytlar o‘zim ham xuddi shu shoir yigit kabi tizgin bilmas orzular qanotida uchib, qachon, qaysi qo‘nalg‘ada, qay yo‘sin qo‘nim topishimni bilmay yurardim. 1977 yilning ko‘klamida chiqqan “Yoshlik” almanaxining men ko‘rib turgan 2- soni Muso Abdurazzoq degan sirdaryolik shoir yigitning surati va she’rlari bilan ochilgan bo‘lib, undan shu viloyatlik uch nafar yosh ijodkorning asarlari ham joy olgan ekan.

Aniq esimda, avvalo, o‘sha she’rning ta’siri, so‘ng shu almanaxda g‘azallari chiqqan jonday jiga­rim Xayrulla Sulaymonning dilbar bi­tiklari ba­hona “Yoshlik ohanglari” nomi bilan olti qog‘ozlik taqriz yozdim. Maqola qurmag‘ur uch oy intizor qila-qila, har tomondan cho‘qilanib, muallifning nima demoqchiligini anglab bo‘lmaydigan holda “Sirdaryo haqiqati”ning 1977 yil 20 avgust sonida bulbulning ko‘ziday bo‘lib chiqdi. Undan aniq tushunsa bo‘ladigan narsa uch yosh shoir va maqola muallifining ismu familiyasi edi. Nima bo‘lganda ham, men Abduxoliq Abdurazzoq bilan ilk bor shunday uchrashgan va uning bitiklari to‘g‘rida shu tariqa yozgan edim.

Ko‘rinadiki, ko‘pchilik ijodkorlarning ko‘pchilik muxlislari kabi men ham shoir va publitsist, “O‘z­bekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” Abduholiq Abdurazzoqning o‘zini ko‘rishdan, shaxsiyatini bilish­dan oldin shoir sifatida taniganman. Zero, ijod­korning bitgani o‘zidan oldinroq yuradi va bu ta­biiydir. Oradan yigirma yillar o‘tgandan keyin o‘zini ko‘rdim. Uni shaxs sifatida bir qadar tanishim uchun esa yana besh-olti yil kerak bo‘ldi. Lekin yozuv­chining bitiklari hech qanday vositachilarsiz uning tabiatini tushunishimga kalit bo‘ldi.

Bugungi odam ijtimoiy muno­sabatlar og‘ushida yashaydi. Haqi­qiy yozuvchi faol inson va ha­qiqatni aytishga mas’ul oydin sifatida o‘z yara­tiqlarida ana shu munosabatlarni aks ettirishga mah­kum. Bu jihat adiblar fikriga salmoq, qarashlariga e’tibor, bi­tiklariga ijtimoiy-ma’rifiy yuk bag‘ish­laydi. Is­te’dodli shoir va jurnalist Abduxoliq Ab­du­raz­zoq shoirning publitsistikasi pub­litsistning she’r­­­­la­ri bilan bir­galikda kelgan “Kuzdagi ko‘klam” ki­to­bida bir o‘zbek oydi­nining hayot yo‘li misolida millatning kechasi, buguni hamda ertasi haqidagi ku­­zatish va o‘ylarlarini bayon etgan. Kitobga o‘zi, yur­ti va yurtdoshlarining ijtimoiy o‘rni haqida fikr­laydigan odamning o‘ziga xos bir hisoboti, bosib o‘til­gan tiriklik yo‘li haqidagi o‘ylari tarzida tartib berilgan. Asarning arxitektonikasi shunga muvofiq qurilgani uning o‘qishli bo‘lishini ta’minlagan.

Kitobni istiqlolda yashayotgan, uni mustahkamlash haqda tinimsiz o‘ylayotgan kishining dil izhorlari deyish mumkin. Muallif bugunga quruq maddohlik qil­magani kabi, kechagi kunni ham yoppasiga inkor qilish yo‘lini tutmaydi. U egamanlik tuyg‘usining bir odam, bir avlod, bir millat qalbida qanday paydo bo‘lib ulg‘aygani, qay tarzda reallikka aylagani va u berayotgan mevalarni o‘z hayoti misolida ko‘rsatishga harakat qilgan.

Ma’lumki, har qanday yozuvchi qachon, kim to‘g‘­risida qalam surmasin, aslida o‘zini yozadi. “Kuz­dagi ko‘klam” kitobida ham muallifning bolalik, talabalik, yi­gitlik chog‘larida ko‘rgan-kechirganlari bugunning fo­­­nida jonli tasvirlangani uchun ko‘p­chillikka qi­ziq hamda o‘qishli chiqqan. Chunki bu bitiklarda yurt ahlining taqdiri bir kishi hayoti misolida ko‘r­sa­tilgani kabi bir kishi qismatiga yurt taqdiri qanday tamg‘a bosgani ham aks etadi. Kitobga kirgan barcha bitiklar muallifning o‘ziga xos shaxsiyati va yorqin iste’dodidan dalolat beradi.

Iste’dod

Shoir Muso Abdurazzoq va publitsist Abduxoliq Abdurazzoqni yaqindan taniganim va bir qadar bil­ganim natijasida u g‘oyat iste’dodli odam de­gan to‘x­tamga keldim. Uning iste’dodi hayotining bos­qich­lari bo‘lmish: o‘quvchiligi, talabaligi, shoir­li­gi, jurnalistligi, rahbarligi, otaligi va hatto... ul­fatligi kabi ko‘p jihatlarda namoyon bo‘ladi.

Abduxoliq maktabni oltin medal bilan bitir­gan. Jurfakning kunduzgi bo‘limiga kirguncha, o‘zbek filologiyasi fakultetining sirtqi, meditsina ins­ti­tutining kunduzgi, jurnalistika fakultetining sirt­qi bo‘limlariga qayta-qayta o‘qishga kirgan va azaliy orzusiga erishmaguncha, ya’ni shoirlar tayyor­laydigan jurnalistika fakultetining kunduzgi bo‘li­miga kir­maguncha, urinishlardan charchamagan.

Uning shoirlik iste’dodi “Kuzdagi ko‘klam” va “Siz otamni taniysiz” kitoblariga kirgan she’rlarida yaq­qol ko‘rinadi. Uning publitsistik iqtidori ham shu kitoblardan joy olgan maqolalarda aks etadi. Bundan ikki-uch yil oldin taniqli yozuvchi Abdusaid Ko‘chim “El suv ichgan daryolar” otlig‘ yangi kitobiga so‘zboshi zarurligini aytib, kimga yozdirganim tuzuk, deb so‘rab qoldi. Men: “Abduxoliq akaga aytib ko‘rsak-chi?” – deb taklif kiritdim. Shunday deyishga dedimu, ammo gapning chini biroz cho‘chidim. Sababi, bilardimki, yaxshi so‘zboshi kitobning darajasini ko‘targani kabi, uncha chiqmagan so‘zboshi uni tushirib yuborishi ham mumkin. Buning ustiga, vaqt masalasi ham doimgiday tig‘iz. A. Abdurazzoq tomonidan bir haftaga yetar-etmas vaqt ichida yozilgan so‘zboshi Abdusaid Ko‘chimning kitobini nurlantirib yuborganiga hammamiz ham qo­yil qoldik.

Ikkinchi voqea, shu yilning fevralida hazrat Ali­sher Navoiy tug‘ilgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda qatnashish uchun Omon Muxtor, Abduxoliq Abdurazzoq uchovmiz Sirdaryoga borganda yuz berdi. Viloyat teatrida o‘tkazilgan tantanali yig‘indan so‘ng A. Abdurazzoq Sayxunobod va Guliston tumanlarida ko‘chat ekish qanday borayotganligi bilan qiziqdi. Bizni ham ergashtirib, bu ikki tumandagi uch-to‘rt qishloqqa, bir necha maktab va kollejga, bir qancha odamlarning uylariga kirdi. Safardan horib-charchab, yarim kechasi qaytdik.

Ko‘nglimdan shu ishlarni birorta muxbiriga top­shirsa bo‘lardi-ku, deganga o‘xshash o‘y ham o‘tdi. O‘sha kuni seshanba edi. “Ishonch” gazetasining payshanba so­nida esa Mirzacho‘lni bog‘-roqqa aylantirish va viloyat hayotiga doir bir qator dolzarb masalalar ko‘tarib chiqilgan ikki betlik juda qiziqarli maqola chop etildi. Orada yarim kungina vaqt bor edi, xolos. Chuqur tahlillarga to‘la shunday kerakli va qiziqarli maqolani qisqa vaqt ichida yoza bilish uchun iste’dod kerak bo‘ladi odamga...

Iroda

Lekin, agar kishida iroda va qat’iyat bo‘lmasa, har qanday iste’dod ishga solinmay qolib ketaverishi ham mumkin bo‘lgan shunchaki bir imkoniyatdir. Abduxoliq Abdurazzoq imkoniyat sifatida berilgan iste’dod olovini o‘chirmay, alangalatishga o‘zida kuch, qat’iyat va iroda topa bilgan shaxsdir. Iroda va qat’iyat olti yoshga ham to‘lmay maktabga borgan, shu bois nomi jurnalga tirkalmagan bolakayning yaxshi o‘qib ketishi va o‘quv yili oxiriga borib, jurnalga yozilishiga sabab bo‘ldi. Ayni shu qat’iyat va iroda to‘rtinchi sinfni bitirgan, lekin hali o‘n yoshga ham kirmagan bolakayning o‘zlari yashayotgan Farmonqo‘rg‘ondan yetti chaqirim naridagi maktabga goh yayov, goh velosipedda qatnab saboq olishini ta’minladi. Xuddi shu sifatlar oltinchi sinfga o‘tgan o‘smirga ota-ona bag‘ridan uzilib chiqib, Boyovut tumaniga qarashli “Taraqqiyot” qishlog‘idagi yotoqmaktab (internatmaktab)da yotib o‘qishga kuch berdi.

Abduxoliq ham hamma bolalarga o‘xshagan bola edi. Ayni vaqtda hammaga o‘xshamasdi ham. Chunonchi, ko‘pchilik bolalar bir narsaga berilsa, bolaligiga borib, butun dunyoni unutib qo‘yardi. Uning esa bo­lalikdan vaqti qat’iy taqsimlangandi. Dars qiladi­gan vaqt kelishi bilan u hamma narsani, hatto, o‘yinni ham yig‘ishtirib, dars tayyorlashga o‘tirar, boshqa har qanday yumush ikkinchi darajali hisoblanar va kutib turardi. Bolalikdan shakllangan mana shu intizom va qat’iyat Abduxoliqqa bir umr yo‘ldosh hamda uning hayotdagi barcha zafarlariga asosiy omil bo‘ldi.

Respublikaning turli joylaridan kelgan cho‘l­qu­varlarning bolalariga mo‘ljallab ochilgan “Ta­raq­qiyot” qishlog‘idagi yotoqmaktab shunisi bi­lan e’­ti­bor qozongandiki, unga Toshkent oliy mak­tab­la­rini endigina bitirgan yosh muallimlar jo‘na­tilardi. Ularning chuqur bilimi, boshkentda o‘qigan yosh­larga xos dunyoqarash va hayotbaxsh jo‘shqinliklari o‘quvchilar shaxsiyati shakl­lanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatardi. Abduxoliq 6-8-sinflarni shu yerda o‘qidi. Yotoqmaktabning yongi­nasidagi oddiy maktabda, undan uch sinf yuqorida bo‘lajak ulkan shoira Halima Xudoyberdieva o‘qirdi. Viloyat gazetalarida she’r­lari chiqib turadigan bu qiz o‘quvchilar orasida juda mashhur edi. Yotoqmaktabda ishlaydigan qo‘sh­qandlik shoirtabiat Mirzabek mual­lim yosh qalam­kashlar to‘garagini tashkil etgan va unga Halima ham qatnashar, kichkina Abduxoliq esa, shu to‘­garakning faollaridan edi.

A. Abdurazzoq yotoqmaktabning 8- sinfini bitirgan paytga kelib, o‘zlarining qishlog‘i Farmonqo‘rg‘onda o‘rta maktab ochildi. Yigitchadagi iroda va qat’iyat shu bilim maskanini oltin medal bilan bitirishga omil bo‘ldi. Suyukli muallimi Olimjon akadan o‘tgan bilimga chanqoqlik, Toshboy o‘tinchidan ko‘chgan kitobga muhabbat, onasidan yuqqan ko‘rkam so‘zga oshuftalik kabi sifatlar yigit tabiatidagi qat’iyat va iroda tufayli sayqal topib bordi hamda Abduxoliqning shaxsiyatiga joziba, insoniy taqdiriga esa ma’no bag‘ishladi. U shoir bo‘lmoqchi edi va buning uchun, o‘sha paytdagi tushunchasiga ko‘ra, albatta, jurfakda o‘qishim kerak deb o‘ylardi. Hali o‘smirligida “Lenin uchquni” gazetasida she’ri chiqqandi. Maqolalar ham yozib turardi. Lekin umri turli qishloqlardagi turli maktablarga sochilgan yigitchaning maqolalari jurfakka kirishga yetadigan darajada ko‘p emasdi. Shu bois o‘rta maktabni bitirgan 1967 yilda uning hujjatlarini ToshDUning jurfagiga olishmadi. Nega­ki, jurfakka hujjat topshirish uchun oltita maqola kerak bo‘lib, uniki to‘rttagina edi. Shu bois Abduxoliq o‘zbek filologiyasi fakultetiga hujjat topshirdi. Imtihonlarning ikkitasidan “besh”, ikkitasidan “to‘rt” olsada, tojikistonlik bo‘lgani uchun kunduzgi bo‘limga o‘tolmadi, sirtqiga qabul qilindi. Ularning qishlog‘i Tojikistonga o‘tkazib yuborilgan ekan. U diplom emas, bilim olmoqchi edi. Shu bois faqat kunduzgi bo‘limda o‘qishga intilardi.

Keyingi yili Tojikistonda o‘qimoqchi bo‘ldi. Huj­jatlarini tayyorlab, Dushanbe shahriga bordi. U yerda matematikadan Moskva davlat universitetiga ikkita odam qabul qilinishi to‘g‘risidagi e’longa tasodifan ko‘zi tushib qoldi. Maktabni oltin medalga bitirgan romantik yigitchaning endi Moskvada o‘qigisi kelib qoldi. MDUga qabul imtihonlari 25 iyulda tugaydi, mabodo, u yerga o‘tolmasam ham, bosh­qasiga topshirishga ulguraman deb ham o‘yladi. Opasi Sharofat uning eng yaqin maslahatchisi edi. Dushanbedan qishlog‘iga telefon qildi. Pochtadagi kamutatorlar Sharofatni uyidan aytib kelishdi. Ini Moskvaga ketsam ma’qul bo‘larmikin, deganga o‘xshash gap qildi. Undan ikki yoshgina katta bo‘lsada, juda mulohazali opa: “O‘zing kunini zo‘rg‘a ko‘rayotgan suvchining o‘g‘li bo‘lsang, Mosk­vada qanday o‘qiysan, yeyish-ichishing, kiyiming nima bo‘ladi?” – dedi.

Abduxoliq qat’iyatli va qaysar edi, ammo jo‘yali gapni tan olishga o‘zida kuch topdi. Shunday qilib, u hujjatni meditsina institutiga topshirdi. Medali bo‘lgani uchun bitta imtihondan o‘tishi kerak edi. O‘sha bitta imtihon u azaldan eng yaxshi biladigan, har qanday murakkab masalalarni ko‘z ochib-yumguncha ishlab tashlaydigan fizika fanidan ekan. O‘ziga tushgan chiptadagi ikkita savolni ham yaxshi bilardi, masalani-ku o‘ylanib ham o‘tirmay, birpasda yechib qo‘ydi. Abduxoliq: “Tayyorman!” – degach, imtihon olayot­gan domlalar uning oldiga kelishdi. Ulardan birni yigitning qo‘lidagi masala va misollar ishlangan qog‘ozga ko‘z tashlab, quvonib ketdi:

– Ie, juda zo‘r-ku, chiroyli ishlabsan. Medaling bormi? – dedi.

– Ha! – javob berdi Abduxoliq.

Imtihonchi domla komissiya raisini chaqirtirdi. Rais kelib, Yerning Oyga ta’siri nimaga tengligi to‘g‘risida savol berdi. Abduxoliq biroz o‘ylanib turib, agar 90 gradusli burchak ostida bo‘lsa, nolga teng bo‘lishini aytdi. Rais imtihon varag‘iga shartta “5” baho qo‘yib:

– Tabriklayman, siz o‘qishga kirdingiz, – dedi.

Shu tariqa Abduxoliq Dushanbe medinstituti ta­labasiga aylandi. Meditsina institutlarida mu­taxassislik fanlari faqat rus tilida o‘tilar, birgina tarix fani o‘zbekcha o‘qitilardi. Birinchi semestrni a’lochilar safida bitirdi. Lekin ichi qizib ketardi. O‘zbekcha so‘zlashgisi kelardi. Tilni sog‘inardi. She’r yozgisi, o‘qigisi, eshitgisi kelardi. Ikkinchi yarim yilga kelib, o‘qishdan sovidi. Shunga qaramay, birinchi kursni yaxshi bitirdi.

Yaxshi bitirdi-yu, kursdoshlari ta’tilga ketish­ganda, u hech kim bilan maslahat ham qilib o‘tirmay, hujjatlarini qaytarib olib, Toshkentga, orzusi bo‘l­mish jurfakka jo‘nadi. Imtihonlardan yana ikkita “besh” va ikkita “to‘rt” oldi. Mandat bo‘lay deb turganda opasi Sharofatning o‘limi haqida xabar kelib qoldi. Hech narsaga qaramay, qishlog‘iga yo‘l oldi. Opasini tuproqqa topshirib qaytib kelsa, mandat o‘tib bo‘l­gan ekan. Olgan baholariga qarab, uni sirtqiga qa­bul qilishdi. O‘qishga kirganligi to‘g‘risidagi ma’­lu­motnoma bilan Boyovut tuman gazetasiga adabiy xodim bo‘lib ishga joylashdi.

Shu yilning kuzida harbiy xizmatga chaqirildi. Bir vaqtlar meditsina institutida o‘qigani uchun ik­ki yil davomida Qozog‘iston cho‘llari va Murmansk o‘rmonlarida saninstruktor bo‘lib xizmat qildi. Xiz­matni bitirib, to‘g‘ri Boyovutga “Lenin yo‘li” ga­ze­tasi redaktsiyasiga kelsa, o‘zi ishlagan adabiy xo­dimlik o‘rni band, mas’ul kotiblik bo‘sh ekan. Har­biyda chi­niqqan qat’iyatli yigit mas’uliyatidan qo‘rqib o‘tir­may, mas’ul kotib sifatida ishga tushib ketdi.

1972 yilning yozida sirtqidagi hujjatlarini qay­tarib olib, yana jurfakning kunduzgi bo‘limiga topshirdi. Huj­jatini qabul qilayotgan do‘mboqqina domla: “Hoy yigit, mas’ul kotib ekansiz, kunduz o‘qib nima qilasiz? Bitirganingizdan so‘ng mas’ul kotib bo‘lasizmi-yo‘qmi, Xudo biladi”, – dedi. “Men bilim olmoqchiman, domla. Katta mo‘ljallarim bor. Ularga yetishim kerak”, – javob qildi Abduxoliq. Yigit yana o‘zining doimiy baholari: ikkita “5”, ikkita “4”ni oldi. Lekin endi u harbiy xizmatni o‘tab kelgan odam sifatida jurfakning kunduzgi bo‘limiga qa­bul qilindi. Yigitning bukilmas qat’iyati uni, nihoyat, orzusiga yetkazdi. Bu vaqtda Abduxoliqning teng­dosh­lari allaqachon institutlarni bitirib, ishga ham joylashib bo‘lishgandi.

Jurfakda o‘qish bilan birga radioda ishlay bosh­ladi. Bitirgach, Sirdaryoga ketdi. Bu orada ota­dan ajralishgan, oila amakilar yoniga, Sirdaryo vi­loyatiga ko‘chib kelgandi. Boyovut tuman gazetasida, yil o‘tmay, Jizzax viloyat radiosida ishladi. Yurt kezdi, cho‘lquvarlarni o‘rgandi. Ajoyib kunlarning birida Respublika radiosining qishloq xo‘jaligi bo‘­limi mudiri Ortiqboy Tilovberdiev “Bizga keling, sizbop ish bor”, – deb qoldi. Boyovutdan Jizzaxga qatnab ishlayotgan yigit yo‘lni Toshkentga burdi.

Mustaqillik arafasida yurtimizda Prezidentlik boshqaruvi joriy etilgach, fidoyi mutaxassislarga ehtiyoj paydo bo‘ldi. A. Abdurazzoq Prezident devoniga ishga chaqirildi. So‘ng respublika prokuraturasi qo­shidagi “Huquq” gazetasi va “Qonun himoyasida” jur­naliga asos solib, qator yillar bu qo‘shaloq nashrni boshqardi. Keyinchalik respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi muassisligidagi “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalariga Bosh muharrir bo‘lib o‘tdi. Mana besh muchal kechdi hamki, xayoliga adoqsiz rejalar, qo‘liga qalam, ruhiga qat’iyat va iroda yor.

Tuyg‘ular yolqini

Shaxsiyatidagi o‘ziga xoslik ijodiga ham ko‘chgani uchun Abduxoliq Abdurazzoqning she’rlari ifoda yo‘sini va tuyg‘ular samimiyati bilan ko‘ngilni rom etadi. Ularda muallifning poetik iqtidori yorqin namoyon bo‘lgan deyish mumkin. Kitobdagi “Qalbing yashnatmasa rayhonning isi, Dardkashlik kel­maydi sening qo‘lingdan”, “Parishon hayotga isyon­mi chora?! Olovli vujudga chorami gavron?!” singari misralar muallifning olamni she’riy id­rok etish salohiyati nechog‘lik ekanidan dalolatdir. U she’rlaridan birida: “Yuragimda sog‘inch otlig‘ daryo oqar”, – deydi. Sog‘inchday mavhum tuyg‘uni shu qadar mahorat bilan moddiylashtira olish uchun kishida tiyrak poetik nazar bo‘lishi zarur.

Abduxoliq Abdurazzoqning she’riy iqtidori, ay­niqsa, “Havas qilib oy tutardi jom, To‘kilardi undan nur – boda”, “Oyning ipak nurlaridan Senga sirtmoq yasarman. Saodatli bir kuningda shu sirtmoqqa osarman”, “Opajonim, ayriliqning ay­risiga osilay”, “Qullik tirik qolsa, Men o‘ldim” singari poetik kashfiyotlarida to‘liq namoyon bo‘lgan. Abduxoliq Abdurazzoq bir she’rida : “Yillarga yo‘l bilan qayta bilmadim, Faqat xotiralar unga qaytardi”, – deydi. Chindan ham odamzot kechagi kuni va ajdodlari bilan faqat xotiralar orqaligina bog‘lanadi. Xotirasiz kishi insonlik qiyofasidan mah­rum bo‘lgani kabi kechagi kunini o‘ylamagan kimsa ertangi kuni qanday bo‘lishi to‘g‘risida bosh qotirishga ham qodir emas. Demak, kelajagi – qorong‘u. Shu ma’­no­da A. Abdurazzoqning asarlarini kechagi kun yuk­sakliklaridan ertaning konturlarini belgilash yo‘­li­dagi qadamlar deyish mumkin.

Ma’lumki, milliy she’riyatimizda inson umrini yil fasllariga o‘xshatib atash tajribasi bor. Shundan ulgi olib bo‘lsa kerak, Abduxoliq Abdurazzoq ham o‘z umrining elliginchi dovonini, shoirona tarzda, kuzga, uning istiqloldan keyingi yashnoq yillarini esa, kuz o‘rniga kelgan ko‘klamga qiyos qiladi va bir kitobini “Kuzdagi ko‘klam” deb nomlaydi. O‘z tirikligini millat hayotidan ayri ko‘rmagan shaxsning tazarru va badiiy iqrorlari millat ahli uchun ham qiziqarlidir. Ushbu kitobga kirgan bitiklar chindan ham insoniy umrining kuzida ijtimoiy ko‘klamga duch kelgan odamning ko‘ngil bo‘stonida ochilgan chechaklardir. Umid borki, bu che­chaklar ifori o‘qirmanni uzoq vaqt tark etmagay.

Publitsistikada ikki jihat bor: u adabiyotga jur­nalistik xususiyat, jurnalistikaga esa badiiylik si­fati bag‘ishlay oladi. Shuning uchun yaqingacha ham publitsistika jurnalistika bilan adabiyotga birday tegishli sanalar edi. Zero, badiiy adabiyotga deyarli hamisha ijtimoiy yuk ortilganidan u, tabiiy ravishda, publitsistik yo‘nalishga ham ega bo‘ladi. Eng qadim zamonlarda paydo bo‘lgan ertagu qo‘shiqlar ham shunchaki badiiy ta’bni qondirishdan ko‘ra, ijodkor insonning dardini bo‘lishish niyatida yaratilgan. Ochiq-oshkora targ‘ibiy yo‘nalishdagi «Qisasi Rabg‘uziy», «Ibrohim Adham», «Shoh Mashrab» kabi bitiklar-ku aslan publitsistikaga yovuqdir. Ma’rifatchilar, ayniqsa, ja­didlarning asarlari, avvalo, publitsistik ruhi bilan e’tiborni tortardi.

Keyingi yigirma yil ichida azaldan adabiyot bilan jurnalistikani bir-biriga bog‘lab turadigan publitsistika adabiyotdan bir qadar yiroqlashib, unga sof jurnalistik janr sifatida qaraladigan bo‘ldi. Ma’lumki, sho‘ro adabiyotiga sinfiy tarafkashlik xos edi. Sho‘ro mafkurasi har qanday asarning ochiq publitsistik yo‘nalishda bo‘lishini talab etardi. Mafkuraviy adabiyot alohida bir odamning ruhiyatini tuymoqchi bo‘lgan o‘quvchiga yalang‘och ijtimoiy g‘oyani tiqishtirar, badiiyatdan ko‘ra siyosiy-publitsistik ruhning kuchli bo‘lishi ana shu talabning natijasi edi. Bu hol o‘qirmanni publitsistikadan bezdirib, odamlarni ijtimoiy yo‘nalishdagi bitiklarni o‘qi­maydigan qilib qo‘ygandi. Shu tariqa publitsistika badiiy adabiyotdan yiroqlashib, sof jurnalistik janrga aylanib bordi. Ammo har qanday hodisaning asl bahosini beradigan hakam bo‘lmish vaqt bugunning odami ham ijtimoiy yondashuvni qo‘msab qolishini ko‘rsatdi va publitsistik bitiklar asta-sekinlik bilan yana badiiylik xususiyatlarini kasb etib bormoqda. Negaki, odamning asl tuyg‘ulari ijtimoiy muammo-munosabatlar og‘ushida ham yaqqol namoyon bo‘lishi mumkinligi anglab yetildi.

Abduxoliq Abdurazzoqning «Siz otamni taniy­siz» nomli kitobi badiiylik belgilariga ega bo‘l­gan ana shunday yangicha maqolanavislikning na­mu­nasi bo‘ldi. Gap ushbu asardagi har bir maqola, xalq dostonlaridagi kabi she’r bilan birga kel­ganidagina emas. Garchi, bunday tasviriy uslubni shakllantirish o‘z holicha ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu o‘rinda asosiy gap muallifning ijtimoiy hodisalar zamiridagi estetik mohiyatni to‘g‘ri topa olgani va badiiy ta’sirli ifoda eta bilganidadir. A. Abdurazzoq publitsistik asarlarining yo boshi, yo oxiri, yoki o‘r­tasida, albatta, she’r keladi. Bu hol maqolalarga o‘zgacha joziba baxsh etadi. She’rlar maqolalardagi fikriy to‘lg‘amlarga hissiy tus berib, tasvirga rang kiritadi. Ayrim holatlarda she’riy misralar hikmat kabi jaranglaydi. «Vatan menimdir» maqolasidagi «Yo‘llar qurgan yo‘lda qolmas» misrasi ifodani chaqiriq emas, ko‘ngil izhoriga aylantiradi.

«Ona vatan, onajon Vatan» maqolasida yurtga ko‘r-ko‘rona va mutaasiblarcha fidoyilik hali chin muhabbat emasligi, uni chinakamiga sevish uchun bilish zarurligi, vatanga manqurtning sodiqligidan uning o‘tmishi va hozirini biladigan ongli fuqaroning sevgisi bir necha baravar yuksak ekani ta’sirli yo‘sinda bayon etiladi.

Bitiklariga joziba baxsh etish uchun muallif ma­qolalarda ta’sirli obrazlar, esda qoladigan si­fatlashlar qo‘llaydi. «Tilak» maqolasidagi: «Yonil­­g‘i-energiya mustaqilligidan, avtomobilsozlik, mashinasozlik mustaqilligidan fikr, tafakkur mustaqilligi sari ulkan evrilish yuz bermoqda» tarzidagi fikr publitsistning niyatini yodda qoladigan tarzda ifodalash namunasidir. Unda millatning iqtisodi, ruhiyati va ijtimoiy tafakkurida yuz berayotgan o‘zgarishlar nozik ilg‘ab olingan hamda ta’sirli aks ettirilgan.

Har qanday publitsistik asarga qo‘yiladigan aso­siy talab unda muallif niyatining ochiq va tu­shunarli aks etishidir. Maqolada muallifning maq­sadi to‘la tushunarli bo‘lishi, o‘zgacha talqinga imkon bermasligi kerak. Sof badiiy asar o‘quvchi tomonidan istagancha talqin qilinishi mumkin. Ammo publitsist o‘qirmanga o‘z nuqtai nazarini o‘tkazishi shart. Zotan, publitsistik asar shu niyatda yoziladi. Abduxoliq Abdurazzoq ko‘pgina maqolalarida kitobxonga o‘z pozitsiyasini o‘tkazishga erishadi. Ko‘pchilik pub­li­tsistlar «xalqning tili uchida turgan» gapni xalq­ning nomidan gapirishga urinishadi. Holbuki, ularga xalq nomidan gapirish vakolati berilgan emas. Abduxoliq og‘aning maqolanavis yozuvchi sifatidagi o‘ziga xosligi shundaki, u o‘z ko‘nglini bezovta qilgan narsa-hodisalar to‘g‘risida, faqat o‘zining nomidan yozadi. Ammo davrining ilg‘or odami, millatning oydini sifatida uning ko‘ngli xalqiniki bilan payvasta bo‘lib ketadi.

Shuning uchun ham «Mustaqillik odimlari» ma­qolasida yurtimizda qurilayotgan yo‘llarning aha­miyatini tasvirlagan, «Qadim yo‘lga oyoq cho‘zsa ildizlar, Qalb osmonga boshin tirab yo‘l izlar» misralari o‘qirman yuragiga egamanlik tuyg‘ularidan to‘liqqan shaxs ko‘nglining chin izhori o‘laroq ta’sir qiladi. Bu satrlardagi poetik obrazlar kutilmagan teranligi bilan kitobxon shuurini rom qiladi. Yangi qurilayotgan temir yo‘l xuddi ildizday bo‘lib tomir yoymoqda, lekin u shunchaki yerga emas, balki «qadim yo‘lga oyoq cho‘zmoq»da, chunki millat uzoq o‘tmishda ham o‘z yo‘liga ega bo‘lib kelgan. O‘tmishdagi shonning tiklanishi muallif qalbini osmon qadar yuksaltib, boshini ko‘kka tirash imkonini beradi.

Hamisha bahs ruhiga egalik ham publitsistik asarlarga xos jihatdir. Publitsist doim qandaydir muxolif bilan tortishayotgan yo‘sinda qalam suradi. Bu ijodkorning sun’iy tarafkashligi tufayli emas, balki janrning talabidir. Publitsist xo­lis bo‘lolmaydi. U nimanidir yoqlab, nima yoxud kim­gadir qarshi turishga majbur. Shuning uchun ham A. Abdurazzoqning nafaqat har bir maqolasi, balki ko‘p­chilik she’rlarida qandaydir opponent bilan bahslashish, uning qarashlarini rad etishga urinish bor. Ko‘p o‘rinlarda muallif o‘quvchini o‘z fikriga ishontirib, uni o‘ziga tarafdor qilib oladi, ya’ni bahsni o‘z foydasiga hal etadi.

Chunonchi, Abduxoliq Abdurazzoq «O‘zbekistonni tinch qo‘ying» maqolasida qamrovni kengroq olib, chetdan turib yurtimizga tosh otayotgan, tuhmat qilayotgan muxoliflar bilan bahsga kirishadi. Jurnalistika nazariyotchisi D. Rendallning: «Yomon jurnalistika voqealarni noxolislik bilan biron-bir qora niyatni ko‘zlab» yoritishi borasidagi qarashiga tayanib: «Dunyoning hamma nuqtalarida vijdon jurnalistikasi uchun eshiklar keng ochib qo‘yiladi deb isho­namiz», – deydi. U «vijdon jurnalistikasi» atamasi bilan jurnalistik faoliyatning ma’naviy jihati borasida yangi tushunchani iste’molga kiritdi. Maqola so‘ngida keltirilgan she’rning

Dunyo juda torayib qolgan, Hech qaerga sig‘maysan bugun. Kengfe’lliging qayga yo‘qolgan? Yuragingda yurakday tugun.

satrlari O‘zbekistonning yutug‘ini ko‘rolmaydigan noxolis kimsalarga berilgan keskin savolday yang­raydi.

Muallif «Niyat» maqolasini «Zangor qirlarda bir to‘p bola varrak uchirmoqda. Ularning sho‘x­liklari osmonga sig‘maydi. Ularning quvonchi hatto osmonni ham gullatib yuborgan» tarzidagi shoirona tasvir bilan boshlaydi. Bunday sokin va jozibali muqaddimadan so‘ng gapning Andijon voqealariga ko‘chishi ifoda maromining o‘zi bilan dolg‘ali ko‘ngilsizlikning butun ko‘lamini o‘quvchiga sezdiradi.

«Huquqiy tafakkur ko‘klami» maqolasida har bir fuqaro o‘z erkini o‘zi qozonishga o‘rganishi lozimligi yig‘ilishda so‘zga chiqib, tuman kattalarini muammoni hal qilishga majbur etgan ayol misolida juda ta’sirli aks ettirilgan. «Hayot» maqolasida esa muallif axborot globallashgan zamonda mamlakat chegaralaridan yot va zararli g‘oyalarni o‘tkazmaslik qiyinligini qayd etar ekan, «ko‘ngil chegaralarini mustahkamlash»ga chaqiradi. Maqolada u biqiqlikka da’vat etmaydi, lekin o‘zlikni anglash hamda qa­dimiy milliy qadriyatlarga tayanish yot g‘oya va qad­riyatlardan saqlanishning eng samarali yo‘li eka­nini ta’kidlaydi.

A. Abdurazzoqning publitsistik uslubiga xos aso­siy jihat shundaki, u maqolalarida turli hodisa va holatlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib, o‘zaro chog‘ishtirib tasvirlaydi. Har qanday odam va hodisa mohiyati solishtirilganda yorqin ochilishiga ishongan muallif tasvirda shu usuldan unumli foydalanadi.

Kitob bejizga «Siz otamni taniysiz» deb nom­lanmagan. Ma’lumki, o‘zbekda otaning maqomi yuksak, mas’uliyati ulkan. Bizda otaning kimligi va qandayligi, ko‘pincha, bola kelajagini belgilaydi, taq­dirini tayin etadi. Muallif nazarida, otaning qandayligi nafaqat oilaning, balki butun jamiyatning qiyofasini belgilaydi. To‘plamdan joy olgan har bir maqolada otaning bola shaxsi va jamiyat oldidagi burch va majburiyatlari haqida mulohaza yuritiladi. Ular shunchaki mulohazalar emas, balki sinchkov yozuvchining katta-kichik hayotiy lavhalardan chiqargan xulosalaridir.

«Ota ibrati haqida so‘z» maqolasida og‘ir ka­salga yo‘liqqan o‘g‘liga jonini baxshida qilib sham kabi so‘ngan yigit yoshidagi Bobur hamda o‘t ichida qolgan uydagi qizini qutqaraman deb yonib ketgan zamondoshimiz bilan shirinlik Abdujabbor hoji va ochunga mashhur qamaylik professor Jumanazar Beknazarlar o‘rtasida o‘xshashlik ko‘radi. Garchi, keyingi ikki shaxs favqulodda qahramonlik qilmagan bo‘lsalarda, ularning chin otalarcha odamiy tutumlari bolalari uchun namuna maktabi bo‘lgani juda ishonarli ko‘rsatiladi. Sinchkov nigohga ega muallif kichik tafsildan katta ma’no topa oladi. Nomi kitobga chiqarilgan ma­qolasida yozuvchi suhbatdoshiga faxr bilan: «Siz otamni taniysiz», – deb ayta oladigan odam bilan birovga bunday deyolmaydigan farzand ruhiy holatini solishtirish asnosida bugungi o‘zbek hayotidagi ulkan bir muammo – oilada otalarning mavqei pasayib, hatto, yo‘qolib borayotganiga e’tibor qaratadi.

Abduxoliq Abdurazzoqning maqolalarida his­siy­lik kuchli. Bu tabiiy ham. Chunki publitsist o‘quv­chini o‘z fikriga ishontirish, pozitsiyasiga og‘dirish uchun uning nafaqat tafakkuri, balki tuyg‘ulariga ham ta’sir ko‘rsatishi kerak. «Siz otamni taniysiz» maqolasidan keyin berilgan va muallifning o‘z otasiga bag‘ishlangan she’r hissiyotning kuchli ifodasi bo‘lganligi bilan yodda qoladi. Shoir she’rda otaning o‘ziga emas, balki u yaratgan anorzorga murojaat qilib, ko‘nglini bo‘shatadi:

Ey anorzor, bog‘boning qani? Izlab keldim atay ko‘rgani. O‘ksik ko‘nglim borar o‘rtanib, Ey anorzor, bog‘boning qani?

Shoir obrazli fikrlaydi. Shu bois ota yaratgan anor­zorda kezinib, og‘ochlarga qilgan: «Tuyatishlar, qoraqayinlar, Shoxi tikon, bag‘ri mayinlar», – mu­rojaatida ham anorga xos eng muhim jihatlar, ham otaning sohibkorligi aks etgan. Tasvirning samimiyati she’riy murojaatning ayrim o‘rinlarini poetik munojot darajasiga chiqaradi:

Dunyo asli munkillagan chol, Izlari – gul, manzili – zavol. Har bir daraxt – javobsiz savol, Oh, anorzor, bog‘boning qani?

Bu satrlar ifoda emotsionalligi, har bir poetik obraz va tashbehning o‘rinli qo‘llanilganligi, har bir tasvirga salmoqli badiiy yuk ortilganligi bilan e’tiborni tortadi. Hatto, «ey» undovining «oh»ga aylanishida ham poetik ma’no borligi muallifning shoirlik iste’dodini ko‘rsatadi.

«Divandagi er» maqolasida jonining tinchini o‘ylab, erkaklik ori, yigitlik sha’nidan kechib, xotiniga boqimanda bo‘lib o‘tirgan, bolalar ta’­minoti va tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan kimsalar haqida alam bilan qalam suriladi. O‘g‘il bolalarda yigitlik, erkaklik, erlik tuyg‘ularini shakllantirish uchun maktabda ta’lim-tarbiya tizi­mini takomillashtirish, erkak o‘qituvchilarni ko‘pay­tirish, harbiy xizmatni milliy mentalitetga mu­vofiq tashkil etish kabi muammolar ko‘tariladi.

Muallif aksar maqolalarida hikmat bilan so‘z­laydi. Chunonchi, «Pragmatiklar davri» maqo­la­sida yozadi: «…hadeb yozg‘iraverish kishini mis­kin va hokisorgina emas, balki alamzada va battolga aylantirishi hech gap emas», – deydi. So‘ng o‘z fikrini: «Zero, miskinlik inson qonidagi shiddat va g‘ayratni qirqadi. Alamzada odam fe’lida esa o‘r-qirni bilmaydigan betizgin sel yoki vahshiy hayvonning telba to‘lg‘anishi yashaydi», – xulosasi bilan asoslaydi. «Yaxshilik» maqolasidagi «Yaxshilikni yo‘llarga ekkil, Birov bilmas, birov biladi. Yaxshilikni dillarga ekkil, Erta bir kun meva qiladi» kabi satrlarda cho‘ng hayotiy hikmat ta’sirli yo‘sinda ifoda etiladi.

«Jahon o‘zbekcha kuylamoqda» suhbat-maqolasida mashhur bastakor Anor Nazarovning shaxsiyati, ko‘ngil kechinmalari, ruhiy to‘lg‘amlari teran ochilgan. Ay­niqsa, kompozitorga bag‘ishlab yozilgan she’r qahramon ruhiyatini yorqin aks ettirganligi bilan e’tirofga loyiqdir:

Tashqarida yog‘ayotir qor, Qah-qah urib qish qasirlaydi. «Qaylardasan, azizim, bahor?» Tutqich bermay ohanglar daydir.

Bu satrlarda qasirlagan qish qo‘ynidan ko‘klamiy ohang qidirgan bastakorning ko‘ngil holati ta’sirli ifoda etilgan. Uning bahoriy go‘zallikni o‘z ko‘ng­lidan topganligi «Ko‘chalardan topilmay makon, Sohir hislar qalbga quvilar» misralarida aks etadi.

Go‘zallik yarata oladigan san’atkorning ta’sirchan va himoyasiz qalbi «Yuragimni g‘ijimlamang, bas, Yo‘qotishlar yo‘qolib ketsin» kabi inja satrlarda yaqqol ko‘rinadi. She’rning «Gulga to‘lib borar hamma yoq, Gullab ketar, hatto, qahraton» shaklidagi so‘nggi misralari o‘zida turli temirdagi bir qancha tovushni go‘zal yo‘sinda uyg‘unlashtirgan musiqiy-ruhiy akkord bo‘lib yangragan. Unda yaratgan musiqasi bilan qahratonnida gullatgan bastakor ru­hiyati o‘z ifodasini topgan.

«Rahmat senga, yurak!» maqolasida kelgan «Qor­xat» she’ridagi «Qorxat – elchi, bilamizki, el­chi­­­larga o‘lim yo‘qdir, Izhori ishq aylagali bundan boshqa yo‘lim yo‘qdir» yoki «Qo‘shiqning eng qaynog‘ini, jaranglagan torni sevdim» satrlari olamning go‘zalligini, odamning azizligini tuyib tepayotgan yurakka xos sifatlarni mahorat ila aks ettirish namunalaridir.

Abduxoliq Abdurazzoqning istiqlolni mustah­kamlayotgan zamondoshlar faoliyati tasvir etilgan haroratli publitsistik maqolalar bilan tafakkur mustaqilligiga intilayotgan bugungi odam kayfiyati va ruhiyati ifodasi bo‘lmish she’rlar ajib yo‘sinda uyg‘unlashtirilgan asarlari, shubhasiz, adabiy hayo­timiz ravnaqi va milliy ma’naviyatimiz rivojida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘ladi..

“Yoshlik” jurnali, 2011 yil, 9-son.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.