OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ahmad. Dard (hikoya)

O‘tirish ayni avjiga chiqqanida xona eshigi qiya ochilib, dastyor yigit Shoyimqulni imladi. Qo‘lidagi ryumkani dasturxonga qo‘yib, tashqariga chiqqan edi, yo‘lakda qo‘shnisi Sobirjonga duch keldi. Rangi quv uchib ketgan.
— Tinchlikmi? — xavotirlanib so‘radi Shoyimqul.
— Kennoyimning tobi qochib qoldi, tezroq bormasangiz bo‘lmaydi. Qo‘l telefoningiz o‘chirilgan ekan, tusmollab shu yerga kelaverdim...
Shoyimqulni titroq bosdi. Tobi qochib qolgani yo‘q, anchadan beri kasal, ammo... beparvo. Bugun ertalab ham: “Dadasi, ertaroq qaytarsiz”, deganiga qaramay, ulfatlari bilan kayfu safo qilib yuribdi. Dorixonadan dori olishni ham unutgan...
Ko‘z oldiga sochlari to‘zg‘igan, kuchli og‘riqqa dosh bera olmay ingrayotgan xotini Nazira keldi. “Dadasi, yaxshi keldingizmi, dori ichsam o‘tib ketar”, deganday bo‘ldi.
Mana, ikki yildirki sho‘rlik azob chekadi. Uning bu ahvolga tushishiga... Shoyimqulning o‘zi sababchi. Biroq Nazira bu to‘g‘rida og‘iz ochmaydi. Dardini ichiga yutadi.
...Qish-qirovli kunlar edi. Shoyimqul uch-to‘rtta ulfatlari bilan choyxonada miriqib dam oldi. Tarqalishayotganida ulfatlaridan biri sal nordonroq gap qilgan edi, Shoyimqul kayf ustida: “Xotinidan qo‘rqmaydigan mana biz-da, marhamat, uyga”, deb hamma jo‘ralarini yarim kechada uyiga taklif qildi.
Nazira bolalarini yotqizib, ko‘zi endi ilingan edi, shovqin-surondan cho‘chib uyg‘ondi. Mast-alast ulfatlarning almoyi-aljoyi gap-so‘zlari g‘ashini keltirayotgan bo‘lsa-da, bildirmay, ularni ostonada kutib oldi.
— Onasi, qozonni os, — dedi Shoyimqul.
Bunday buyruqlarga ko‘nikib qolgan Nazira indamay o‘choqqa olov yoqdi. Ovqat pishirdi. Ulfatchilik tonggacha davom etdi. Ammo...
Ertasiga ertalab xotini behush yiqildi. Aroqqa to‘ygan Shoyimqulni uyg‘otib bo‘lmadi. Nazira qo‘shnilarni chaqirdi. Keksa momo dam soldi, qandaydir giyohning ildizini maydalab, choyga qo‘shib ichirdi. Og‘riq pasayganday bo‘ldi.
Bu holat yana bir necha bor takrorlandi. Ammo Shoyimqul: “Xotin, vahima qilaverma, ozroq o‘ralib yotsang, o‘tib ketadi”, degan gapdan nariga o‘tmadi. Keyinroq vrachlar Naziraning dardi ancha zo‘rayib ketganligini aytishdi. Mana endi...
Shularni o‘ylar ekan, Shoyimqulni vahima bosdi. Xudo ko‘rsatmasin, Naziraga bir nima bo‘lsa, ahvoli nima kechadi. Ming xayol bilan kasalxonaga yetib keldi. Ikki kishilik xonada Naziraning bir o‘zi yotibdi, rangi dokaday oqarib ketgan.
— Tuzukmisan?
Nazira bu gapni eshitmadi chog‘i, javob qilmadi.
Shoyimqul o‘ng‘aysizlanib turib qoldi.
— Tuzukmisan deyapman, hozir duxturlar bilan gaplashdim, xudo xohlasa yaxshi bo‘lib ketarkansan, — dedi ovozi sal qaltirab. Ammo o‘zining ovozini Nazira tugul o‘zi ham eshitmadi, ishonmadi ham. Chunki hech kim bilan gaplashgani yo‘q. Koridorda duch kelib qolgan vrach unga shunday qaradiki, hammasi tushunarli bo‘ldi...
Ich-ichidan yig‘i keldi. Karavotning bir chetiga o‘tirib, unsiz yig‘lay boshladi. Palataga kirib kelgan hamshira qiz kimga qarashini bilmay, turgan yerida turib qoldi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.